XXI asr she'riyati: Mahmud Toir  ( 9891 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


shoir  31 Iyul 2008, 13:38:40

XXI asr she'riyati:

Mahmud Toir


OSHIQ OHI
Doston

Qo‘limga bir daftar tushdi. Ko‘nglimga bir oh tushdi. Bu daftar bitiklarining har satrida sim-sim dard bor edi. Nolalari jonbaxsh edi. Daftar egasi sevgan dil, sevilgan dil edi. Ammo baxtsiz edi. U baxtsizligidan shikoyat qilmas edi. U Ollohni tanirdi...
Ushbu daftarni varaqlab men bu oshiqning ohiga ergashdim. O‘tligim, olovligim yodimga tushdi. Kuyganlar, kuydirganlar haqida kuylagim keldi. Zero, uxlagan bulbul, o‘lgan bulbul, dedi ichimdagi ohim...

Tongda shabnam sharbatin ichib,
Bulbul sarxush g‘unchani quchib,
Mening ham bir kuylagim keldi,
Sog‘inchimning ko‘kida uchib.

Osmon yaqin keladi tongda,
Ko‘zda chaqin kuladi tongda,
Oshiq oqin, bechora oqin,
Kuylamasa o‘ladi tongda.

Sevib qolsang guldaysan, ukam,
To‘kilasan, to‘lmaysan, ukam,
Alpomishdek Barchining bo‘lsa,
Nomardga el bo‘lmaysan, ukam.

Kel, qalamning qonin to‘kamiz,
Tosh dillarning jonin to‘kamiz,
Kuygan ko‘ngil daftari to‘la,
Bittasining chokin so‘kamiz.

Bo‘zlayversin keyin o‘zlari,
So‘zlayversin keyin o‘zlari.
Bizni nogoh sog‘inib qolsa,
Izlayversin keyin o‘zlari.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:38:50

Sevgim...Sog‘inch qo‘rg‘onida samovot sultoniga salovat aytib, dunyoning bevafoligidan o‘kingan sevgim. Seni sog‘indim. Seni axtargim keldi. Ayt, kimdan, qaylardan so‘roqlayin seni?!.
Bevafo yorga deb uzgan gullarimning uvollari¬danmi?..
Yolg‘on orzularga yolvorgan ko‘nglimning javobsiz savollaridanmi?
Bulbullar bayotidan iymangan g‘unchalar yuzidan to‘kilguvchi shabnamlar ayting...
Rayhonlar bisotidan har tong sochilguvchi atri nasimlar ayting, ayting qaylardan so‘roqlay?
Umidim ummonida suzib borayotgan oq kemam, xayolim ko‘kida bulutlar ko‘ksini tilib qanot qoqayotgan oqqushlarim, oqar suvlarga orzularini kokil qilib tashlab qo‘ygan ma’suma majnuntollar ayting, munojotlarim sizga yetib borgaymi?
Dunyoda javobsiz qolgan so‘roqdan og‘irroq tosh yo‘q. Men ko‘ksimdagi shu toshni gullatgim keladi. Gullagan toshlar...Naqadar go‘zal...
Ey, bevafo dunyoning ko‘rguliklaridan zerikkan yulduzlar... Chimdim nuringizni adashgan oshiqdan darig‘ tutmang. Agar bilsangiz, tun ko‘ksini kuydirguvchi bir oh bor. Bu oshiqlar ohi...

Bir oh bor totli biram,
Chekkuvchidan jon olgan.
Bu oh asli dunyoga,
Majnundan meros qolgan.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:39:01

Mening sevgim, sen qanday oh uradirsan? Har ohingdan bir gul ochilgaymi? Ko‘nglim vafo gulining rasmini chizishni istaydi.Agar qo‘rqsang sevishni bilmagan odamlardan qo‘rq, ko‘nglim. Sen esa sevishni bilasan!

Gul nima, gulzor nima,
Ko‘ziga ilmaganga.
Sevgi sovuq so‘z erur,
Sevishni bilmaganga.

Majnun kim, kimdir Layli,
Ular nur ishq tufayli.
Achinsang achin, mayli,
Sevishni bilmaganga.

Shabnamlarda shakl yo‘q,
Kapalakda jahl yo‘q,
Chumolida aql yo‘q,
Sevishni bilmaganga.

Gulning ishi pardozdir,
Bulbullar ishratbozdir,
To‘rt fasl birday yozdir,
Sevishni bilmaganga.

Yomg‘irlarda yig‘i yo‘q,
Maysalarning tig‘i yo‘q,
Ko‘ngilning hech cho‘g‘i yo‘q,
Sevishni bilmaganga.

Oy nima, bir parcha dog‘,
Quyoshmi, bitta chiroq,
Yulduzlar bizdan yiroq,
Sevishni bilmaganga.

Diydor nima, to‘qnashuv,
Ishq nima, ishratlashuv,
Ko‘z yoshmi, yuzdagi suv,
Sevishni bilmaganga.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:39:10

Men yig‘layapman, sevgim. Yig‘lashni bilmaganlar uchun yig‘layapman. Agar bilsang, menga yig‘lashni shabnamlar o‘rgatgan. Shabnamlar...ular yerdagi poklik tumorlari. Shabnamlar qanday hosil bo‘ladi, kuzatganlar bormikan? Bo‘lsa ular baxtli odamlar. Odamzot qilgan gunohlarini yuvishni tongda shabnamlar boshlab beradi. Ular muhabbatdan yiroq, oqibatdan yiroq kaslar uchun tonggacha yig‘lab chiqadilar. Keyin... keyin quyosh chiqadi. Agar quyoshning tilini biladigan odam bo‘lsa, uning ilk xitobi «Shabnamlarimga tegmang», degan  so‘zdan boshlansa kerak. Chunki quyoshning yer yuzida qilgan birinchi ishi ham shabnamlarni bitta-bitta terib olishdan boshlanadi.
Men yig‘layapman, sevgim, menga yig‘lashni shabnamlar o‘rgatgan. Dunyoni sevgi asraydi deydilar. Sevgini kim asraydi? Sevgini nima asraydi? «Poklik, poklik», degan hayqiriq otilib chiqadi dilimdan. Shabnamlardek poklik...
Aslida ham pok odam gunoh qilishdan qo‘rqadi. Har bitta maysaning, har bitta gulning, har bitta yaproqning yuzini yuvish...Naqadar go‘zal, naqadar ilohiy hikmat bor shabnamlarning qisqa umrida. Qaniydi, kirlangan dillarni ham maysalarning yuzlarini yuvgan kabi yuvib bo‘lsa. Har tong odamlar ko‘chaga tozarib, yosharib chiqardilar. Tozaxayol insonlar muhabbatga xiyonat qilmaydilar. Sevgiga sadoqat ko‘ngildagi toza tilakdan boshlanadi.
Men olamni, odamlarni ana shunday toza, beg‘ubor tasavvur qilishim bilanoq, ko‘ksimda gullar chapak chaladilar. Ko‘zlarimdan shabnamlar tomchilay boshlaydi. Ammo, Xudoyimga yig‘lash  alamdanmi u, quvonchdanmi u,  ko‘ngilni tozartiradi. Menga Xudoyimga yig‘lashni shabnamlar o‘rgatgan, sevgim! Bilsang, shabnamlarda shifo bor.

Inson ko‘ksin tog‘ qilgan,
Dilning dilga vafosi.
Ko‘ngillarni chog‘ qilgan,
Shabnamlarning shifosi.

Tongning toza marjoni,
Ishq ahlining darmoni,
Ishqsizlarning armoni,
Shabnamlarning shifosi.

To‘kilsa bulbul bo‘zi,
G‘unchaning xummor ko‘zi,
Diydamdagi dur o‘zi,
Shabnamlarning shifosi.

Gul yuzida ziynati,
Tongning toza sharbati,
Xudoyimning himmati,
Shabnamlarning shifosi.

Samoviy salom berar,
Mast dillarga jom berar,
Oshiqqa orom berar,
Shabnamlarning shifosi.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:39:20

Hammaning qo‘li ham osmonga yetmaydi. Juda g‘alati-ku, kimning qo‘li yetadi o‘zi osmonga? Hech kimning desam yuragim qinidan chiqib ketadigandek. Yo‘q, yo‘q! Oshiqlar osmonga ko‘ngil bilan yetadilar. Ko‘ngil ko‘zi yetgan manzil esa go‘zal bo‘ladi. Chunki, oshiqqa xarobada joy yo‘q. Xaroba— zog‘larniki. Dunyoda zog‘lar borligini eslash ham tovonida tikan bilan yurgan odamdek kishini bezovta qiladi.
Odamlar timsolidagi zog‘lar ag‘yorlardir. O‘ylab qolasan, qaysi zamonda oshiqqa oson bo‘lgan. Nazdimda bunday zamon endi kelmasa, shundek zamonda yashadim deb ko‘kragiga urgan oshiqni topib bo‘lmas. Zero, to‘rtta qarg‘a bir joyga jam bo‘lsa, bulbulning hazin nolasini yutib yuborishi tayin.
Bulbul bo‘lib tug‘ilish va bulbul bo‘lib o‘lish Olloh xush ko‘rgan oshiqlikning oliy maqomidir.

Sevmoq go‘zal, sevilmoqlik xush,
Sevmagan dil osmon bo‘lmagan.
Ey sen ko‘ngil, osmoningdan tush,
Oshiqlarga oson bo‘lmagan.

Tarix guvoh, taqdirlar guvoh,
Har oshiqqa tutmaslar chiroq,
Olloh o‘zi bo‘lguncha panoh,
Oshiqlarga oson bo‘lmagan.

Qays qayg‘usi qarimaydi hech,
Layli dardi arimaydi hech,
Ag‘yor deydi: bir-biringdan kech,
Oshiqlarga oson bo‘lmagan.

Ko‘ngil ko‘zi qo‘l yetmas chiroq,
Faqat uni so‘ndirur firoq,
Oshiq ohi ko‘kdagi chaqmoq,
Oshiqlarga oson bo‘lmagan.

Lovullagan lolalar aytar,
Ko‘zlardagi jolalar aytar,
Yulduz bo‘lgan nolalar aytar,
Oshiqlarga oson bo‘lmagan.

Bolish baxtdin balqib yotguncha,
Ikki ko‘ngil qalqib yotguncha,
Diydori dur tonglar otguncha,
Oshiqlarga oson bo‘lmagan.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:39:30

Ayt, shoir, kimga oson bo‘lgan o‘zi bu dunyoda yashash? Buncha lovullaysan, ohimda olov bor deysan... Sevgining go‘zal suvrati sukunatda emasmi? Qancha ko‘p shang‘illagan odam shuncha samimiyatdan yiroq emasmikan... Hech kimdan sukut sabog‘ini olganing yo‘qmi?..
Darvoqe, rahmatli padari buzrukvoringni biror marta bo‘lsa ham sevgi, sadoqat, muhabbat haqida jo‘sh urib gapirganini eshitganmisan?.. Nazdingda volidangni, siz o‘g‘il-qizlarini sukuti ichra sen junbushga kelganingdan ko‘ra ortiqroq sevmasmidi.
Zotan, ko‘zdagi muhabbat, dildagi muhabbat shovqinli so‘zlarga sig‘adimi o‘zi? Sevishni, sevilishni o‘rgatadigan muallim bormikan, bu dunyoda aslida? Aytishlaricha, Parvardigor inoyati ila yog‘ayotgan yomg‘irning har bir tomchisi shakli nuqtai nazardan bir-birini takrorlamas ekan. Xo‘sh, bir qalbning sevgisi o‘zining quvonchu tashvishlari, alamu armonlari bilan o‘zga inson qalbida takrorlanishi mumkinmi?..
Savol berib javobini o‘zi topgan odamga Tangrining nazari tushgan bo‘lsa ajabmas. Sevaman deb ayuhannos solmasdan turib ham sevishga jur’ating yetadimi o‘zi?.. Ayt-chi, maysalar birovdan so‘rab nish uradilarmi, g‘unchalar kimning ruxsati ila lab ochadilar?.. Suv so‘rab oqmaydi, shamol so‘rab esmaydi. Axir qaldirg‘ochlar sening izningsiz ayvoning peshtoqiga in qo‘ymaydilarmi?
Sen sevishni odamlardan emas, qaldirg‘ochlardan o‘rgansang yaxshi bo‘lar. Chimdim loydan beshik belayotgan qaldirg‘ochlar balki bir-birlarini sendan kam sevmaslar. Ularni Momo yerga, Yaratganga bo‘lgan muhabbati ham balki senikidan ziyodroqdir.

Biz sevishni o‘rgansak arzir,
Qaytib kelgan qaldirg‘ochlardan.
Muhabbatning ko‘hna qo‘shig‘in,
Aytib kelgan qaldirg‘ochlardan.

Momo yer ham bir malak asli,
Unga oshiq bu falak asli,
Sabot o‘rgan odamzot nasli,
Qoyadek cho‘ng qayrag‘ochlardan.

Ildizini uvol qilmagan,
Minnatini savol qilmagan,
Bir—biridan sira kulmagan,
Hurmat o‘rgan gul, og‘ochlardan.

Vafo jomi to‘kilar, to‘lmas,
Ishqli uyda chechaklar so‘lmas,
Lek sevishni o‘rganib bo‘lmas,
O‘zi to‘q-u, ko‘zi ochlardan.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:39:38

Cho‘qqiga chiqmagan odam ulug‘likni xayolida kashf etadi. Cho‘qqiga chiqqach esa undan-da yuksakroq parvoz qilish orzusi jo‘sh uradi, qalbida. Chunki tirik odamning orzusi arimaydi. Shuningdek, muhabbat gulshaniga kirgan odamning  hayrati cheksiz. Oshiq dilga olam benihoya go‘zal ko‘rinadi. Go‘yoki, xasda ham hayot bordek, xazonlar xirgoyisida baxtning bayotini tuyadi, oshiq. Uning ko‘ziga toshlar ham tilovat qilayotgandek...
Oshiq xayolida yuz ochgan sanamning oq harir ro‘moli hayodan to‘qilgan bo‘ladi. Oshiq dil suqlikdan yiroq yuradi. Majnun uchun Laylidan, Farhod uchun Shirindan, Tohir uchun Zuhrodan bo‘lak dildor yo‘q, dunyoda. Oshiqning kirgan bog‘i Vafo, suyangan tog‘i Sadoqat. Chin oshiqni yordan ayirishdan ko‘ra jonidan ayirish oson.
Oshiq Olloh xush ko‘rgan banda.  Sevgan odamni yashagisi keladi. Sevilgan ko‘ngil baxtdan balqib ketadi. Yoriga gul ko‘tarib ketayotgan yigitning ko‘zlariga qarang. Ishq mayidan, kutilayotgan diydor mayidan sarxush bu ko‘zlar. Uni shu tobda yo‘lini to‘sib, dunyoning boyligini va’da qiling, boylikka qo‘shib dunyosiga o‘t qo‘yib yuboradi oshiq. Oshiq ko‘ngil ozoda ko‘ngil. Oshiq ko‘ngil—dunyodagi eng boy ko‘ngil. Asil oshiq o‘zini olam hoqonlari taxtidan balandroqda his qiladi. Uni faqat hijron tushirishi mumkin, bu taxtdan.

Ayo do‘st, gar ko‘ngling ozoda erur,
O‘zga dil uchun ham andoza erur.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:39:44

Ey do‘st, oshiq bo‘l, oshiqqa havas qil. Yosharib yashaysan, yashnab yashaysan! Qalbingda totli dard yuz ochadi. Bu dardning darmoni—shirin diydor. Ikki dil diydoridan to‘kilgan nur qadlarni qalqitadi, qalblarni balqitadi. Diydor ostonasi bu baxtning ostonasidir. Baxtli oshiq bo‘lish—sadoqat qo‘rg‘oniga bek bo‘lishdir. Yorga sadoqat— Haqqa sadoqatdir.

Sevib yashaganlar sultondek yashar,
Yulduzlarning guli Cho‘lpondek yashar.

Tun ko‘ksin yorurlar bo‘lib nur talab,
Oy dog‘in terurlar bitta-bittalab.

Oromni osmonga otib yasharlar,
Xayolida baxtga botib yasharlar.

O‘z ko‘ksini o‘zi etar lolazor,
Jonini chimchilar bir shirin ozor.

Yomg‘irlar ularning yodiga yog‘ar,
Diydor tilaganda dodiga yog‘ar.

Kelar ohlarini toshga o‘ygisi,
Zog‘lar zaboniga shakar qo‘ygisi.

Kurtaklar ko‘zidan kulgu terarlar,
Shabnamlar yuzidan yog‘du terarlar.

Sevib yashaganlar shundek yasharlar,
Osmonga sig‘magan kundek yasharlar.

Yashar, kelar baxtning bog‘boni bo‘lib,
O‘n sakkiz ming olam sultoni bo‘lib.

Oshiqlar qandayin yosh to‘kar demang,
Oshiqlar qandayin oh chekar demang.

Oshiqlar Ollohni olqishlab yashar,
Oshiqlar tilida gul tishlab yashar.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:40:08

* * *
O‘lsang arzir dunyoda bir bor,
O‘z yeringga ko‘milmoq uchun.
Lekin avval yashaylik dildor,
Sevmoq uchun, sevilmoq uchun.

Majnuntollar o‘sar muloyim,
Suv qoshida egilmoq uchun.
Umr bergan bizga Xudoyim,
Sevmoq uchun, sevilmoq uchun.

Qo‘shiqdan ham qon oqar ekan,
Dil tubiga quyilmoq uchun.
Oshiq qalbda o‘t yoqar ekan,
Sevmoq uchun, sevilmoq uchun.

Biz ag‘yorni inkor etmaymiz,
Yashar qo‘rni kul qilmoq uchun.
Biz ko‘ngilni ko‘kda tutgaymiz,
Sevmoq uchun, sevilmoq uchun.

Avval dilni tozalab oling,
Shabnamlarda yuz yuvmoq uchun.
Qalbingizni ko‘zguga soling,
Sevmoq uchun, sevilmoq uchun.

Uzilgan gul egasin topsin,
Xazonlar ko‘p o‘kinmoq uchun.
Xiyonatning eshigin yopsin,
Sevmoq uchun, sevilmoq uchun.

Yaxshilarning yodi ham chiroq,
Shaxdi yetar tosh tilmoq uchun.
Ey do‘st, bo‘lsin jonimiz chaqmoq,
Sevmoq uchun, sevilmoq uchun.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:40:22

Sevgim... mening qoraqosh, qorako‘z, oq atirgullardan ham oppoq sevgim. Men seni sog‘indim... Ayt, men sukutga, sukunatga sig‘masam ne qilay? Nasihatlarga, nadomatlarga sig‘masam ne qilay? Majnunlikdan or qilgan oshiq tulpor tuyog‘idagi xasdan ham pastdir. Muhabbatin yashirgan oshiq, gunohini yashirgan bandadan ham gunohkorroqdir.
Sevgim... Dilim yig‘la desa, g‘ururim yigit kishi ham yig‘laydimi deya osmondan keladi. Xudoyimdan visol tilab, Xudoyimga yig‘lay bilgan oshiqdan ham baxtli inson bormikan o‘zi? Tutdek to‘kilgan yuragimga kaftlarimni tutgandim qon tomdi... Shu qon bilan oppoq daftarga ohlarimni bitmoq istadim, sevgim.
Atirgullarga tikilsam, tikonlarini ori keldi... Rayhonga barmoqlarimni tekkizsam, sabolar siltab tashladi. Bu dunyoda hamma narsaning, hatto xasning ham, xazonlarning ham o‘z egasi bor, sevgim. Mening sendan boshqa kimim bor? Kuygan ko‘nglim va kuydirgan sevgim. Seni sog‘indim... Sening ismingni bu tun tonggacha ko‘ksimga bosib yotdim. Kuydi ko‘ksim, kul bo‘ldi ko‘ksim...
Agar bilsang oshiqlar tongdan uyaladi, Ollohdan uyalgandek. Odamzot gunohkor ko‘z bilan shabnamlarga, maysalarga, gullarning yuziga qandoq qararkin? Gunohkorligini bilsa tog‘lar ham qalqib ketsa kerak, nechundir ayrim kimsalar tepsa ham tebranmaydilar. Chunki ular sevgidan yiroq, muhabbatdan, vafodan yiroq... Sen dilbarsan, sen dildorsan, mening sevgim. Seni sog‘indim...

Yaqin kelma, mayli uzoq yur,
Olislardan ko‘rsat bo‘yingni.
Kecha menga maqtadi bir sur,
Otang qilib bergan to‘yingni.

Bo‘yning to‘la oppoq marjonlar,
Jismu joning oq harir ekan.
Bilarmikan sendek jononlar,
Odam rashkdin tez qarir ekan.

Yuzlaringga sig‘magan kulgu,
Bugun endi kimlarga tortiq.
Qaqshar dilda tosh tekkan tuyg‘u,
Nega sevdim jonimdan ortiq?

Oh, bag‘rimda bahordek balqib,
Turganlaring oy ko‘rgan edi.
Shamshod qadding ketganda qalqib,
Toshlar titrab soy ko‘rgan edi.

Chehramdagi shodlik shodasin,
Marjon qilib taqqan kunlaring.
Labingdagi lazzat bodasin,
Yodingdami tutgan tunlaring.

Bugun endi gunohing quchib,
Qandoq kirding o‘zga og‘ushga.
Jonim ketdi qoshingga uchib,
Vijdonimdan qolib qarg‘ishga.

Qandoq senga baxtli bo‘l deyman,
Baxt tilamay qaytib yashayman.
Gunohini hech yuvolmagan,
Suvda yotgan toshga o‘xshayman.

Qayd etilgan