XXI asr she'riyati: Toʻlan Nizom  ( 7723 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


shoir  31 Iyul 2008, 14:16:56

NAVRO‘Z QIZI

Navro‘z qizi bog‘imga keldi bugun tong chog‘i,
Alvon-alvon gullarga to‘la ekan quchog‘i,
Yuragida ishq o‘ti, yonar ikki yonog‘i,
Xino bog‘labdi oqshom, lola edi barmog‘i,
Gullar bilan bezanmish boshidan to oyog‘i.

Savatin yerga qo‘ydi, ichi to‘la chuchmoma,
Quyosh tuhfasi edi chuchmoma  kiygan joma,
Sahar cho‘miltiribdi oydan nur  toma-toma,
Qiz qo‘limga tutqazdi navbahordan bir noma,
Shu on yengil  shabboda ko‘rsatdi zo‘r hangoma.

Silkinib qoldi bog‘da Binafshayu Na’matak,
Tojixo‘roz Majnundek egnida qonli  yaktak,
Lablandi Gulisafsar, zebolandi Boychechak,
Orolanib Gulsumbul, Sallagul, shum Marmarak,
Karnaygulga qayrildi, hasad qilsalar kerak.

Gul qatma-qat tebrandi, jilmaydi Gulibeor,
Atirgul titrab qoldi, Gulxayrida bir sir bor.
Kampirchopon, Boyxalcha yaprog‘i tumor-tumor,
Rayhonga sariq Sadbarg termular xumor-xumor,
Lek Chinnigul negadir xayol surar beozor...

Navro‘z qizi bir kulib, gullarga imo etdi,
Gullar ochilib ketdi, hidlar sochilib ketdi.
Bu xushxabar butun el, butun olamga yetdi!
Boshlandi ulug‘ Bayram, quvonch borliqni  tutdi,
Bahor kutgan  ko‘ngillar g‘am-qayg‘uni unutdi!

Dasturxonga tortildi: sumalak, ko‘k chuchvara,
Ko‘k somsa ham ko‘k manti, halimiga bir qara,
Qiz-juvonlar raqs etur, kokillari sharshara,
Tabassumi jon olar, biri-biridan sara,
Do‘stlar, mening bog‘imda bo‘ldi shunday manzara!

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan