XXI asr she'riyati: Mahmud Toir  ( 13737 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


shoir  31 Iyul 2008, 13:40:30

Sevgim... Mening g‘aribgina sevgim... agar bilsang shu toshlar ham bizlardan baxtliga o‘xshaydi. Toshda baxt nima qiladi, deysanmi?.. Baxt nima o‘zi? Birovni baxtli qilishmi? O‘zgani baxtini tortib olish-chi? Toshlar nima uchun baxtli? Ularga o‘zganing baxti kerakmas, hech kimga ozor yetkazmaydi. Faqat ularga qoqilib ketmasang, beozor toshni olib o‘zgaga otmasang bo‘ldi... ularning sen bilan ishi yo‘q.
Bilasanmi, toshlar yana nima uchun baxtli. Odamlar haqiqiy oshiqlarni o‘ldirib qo‘yadilar-da, keyin qabrlariga toshlardan haykallar qo‘yadilar. Ag‘yorlar gunglarni, soqovlarni yaxshi ko‘radilar. Shu bois ular toshlardan OShIQ yasaydilar.

Oq toshlardan, qora toshlardan,
Ko‘k toshlardan, oshiq yasarlar.
Tosh haykallar poyiga cho‘kib,
Ko‘z yoshlardan oshiq yasarlar.

Gapirmasa, bo‘zlamasa bas,
Quchoq-quchoq gullar to‘sharlar.
Oshiq toshni, oshiq haykalni,
Muhabbatga ko‘mib tasharlar.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:40:38

Toshlarni qo‘y, mening sevgim. Ular bilganicha yashashsin. Bizlar  tili, dili bor oshiqlarmiz. Bizning ohimiz ularni kuydiradi, kul qiladi. Qachon zog‘lar bulbulning nolasini xush ko‘ribdi? Mayli, biz zog‘larni toshlarga, toshlarni zog‘larga berdik. Bizlar zabonimizdan olov sachratib oh chekamiz. Bu bir ohki, unda bizning murodimiz bor. Bu bir ohki, uning olovida gullar ochilgay. Bu oh toshlarni ham odam qilsa ajabmas.

Bir ohki ozori o‘zgaga tegmas,
Bir ohki qaddini nomardga egmas.

Bu ohning nurlari dil qatin ochar,
Yuraklar yuziga boychechak sochar.

Bir ohki bodomlar gulidayin xush,
Tosh yurak kasni ham qiladi sarxush.

Bir ohki til bilan qilmaydi janglar,
Banda anglamas Xudoyim anglar.

Bu ohning rozlari mehrobga yetgay,
Tunda oy, kunduzi oftobga yetgay.

Bir ohki xiyonat hukmidan yiroq,
Ishq ahlin qo‘liga tutadi chiroq.

Bir ohki yuz karra totib to‘ymaysan,
Bir cheksang dilingdan sira qo‘ymaysan.

Bu ohni gado ham, sulton ham suyar,
Bu ohning oromi o‘ldirib qo‘yar.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:40:53

* * *

O‘n to‘rt kunlik oy eding sen,
Men ming yillik oshiq edim.
Mingta bulbul ming oh chekib,
Kuylolmagan qo‘shiq edim.

Asrlarning ori yashar,
Haqiqatning hikmatida.
Qalampirning guli bo‘lding,
Bevafolar bekatida.

Boshim olib ketay desam,
Tiriklarga borar joy yo‘q.
Yer qa’rida otash bo‘lsam,
Mayitlardan chiqmaydi cho‘g‘.

Osmonlarda yashaymiz biz,
Sevgimizning ohi bilan.
Bunda toshlar yashayversin,
Yerning sendek mohi bilan.

Yerga tushsak gul ekurmiz,
Oshiqlarning mozoriga.
Ruhimiz ham qiyo boqmas,
Muhabbatning bozoriga.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:41:00

Mening sevgim... Sen ko‘nglim qulog‘iga shivirlading: «Jahl qilma, uning ismini aytma, biz uning o‘zini asrolmadik, endi ismini yomon ko‘zlardan asraylik», deding.Eh sevgim, shunchalar pok xayollar og‘ushidasanki, seni ranjitish gunoh. Ushbu bitiklarimni o‘qib turib bizga xayolan «uning ismi kim?» deya so‘roqlayotganlarga javobimiz shu:

Uning ismi tilni gul qilar,
Biz ismidan ifor tergaymiz.
Hatto ismi o‘zga qul qilar,
Biz ismini yelga bermaymiz.

Uning ismi kelmagan bahor,
Yo‘llarida qahraton qoya.
Yot tillarda topmasin ozor,
Hasad, ig‘vo solmasin soya.

Uning ismi ko‘ngil qatida,
Sog‘inganda bir jilmaysa bas.
Ohlar olov bo‘lgan paytida,
Ismin aytib olamiz nafas.

Uning ismin Xudoyim qo‘ygan,
Oyatlarday oromi bordir.
Bizga yotdir yomonga yo‘ygan,
Uning ismi dildagi ordir.

Uning ismi yurakka ko‘chgan,
U jonimiz jamolidek xush.
U ko‘ksimiz ko‘kidan uchgan,
Endi sira qaytib kelmas qush.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:41:13

Mening daryo ko‘nglim, bilsang, muhabbat osmonining farishtalari, vafo malikalari Layli, Shirinlarning ismlaridan ham nur taralib turadi. Ular asrlar osha pokiza ismlari bilan yuraklarda yashaydilar. Ayol zotini sadoqatga, vafoga chorlaydilar. Bu ismlarni dilda, tilda takrorlagan oshiqning ko‘nglida vafo yuz ochadi. Yigitki bor, o‘z yorlaridan shunday diyonat, sadoqat ko‘rishni istaydi. Vale baxtning oftobi hammaning boshiga birday tushmaganidek, vafo ko‘rsatib yashash, vafo ko‘rib yashash har kimga ham nasib qilavermas ekan.
Biz ismi go‘zal yordan vafo ko‘rmadik. Ayb kimda?! Kim kimni asrolmadi? Biz rashkning quli bo‘ldik, biz gumonning quli bo‘ldik, sevgim... Bilmadikki, jahl aqldan, gumon iymondan ayirmish. Bizning qalblarga gumon solgan, qarolik istagan qora botirlar allaqachon Yaratgandan o‘z jazolarini olib, yuzlari ham qaro bo‘lgan. Biz-chi, kech ochilgan ko‘zlar, ko‘nglimiz ko‘kidan qaytmas bo‘lib uchib ketgan oqqushlarimizni sog‘inib yashamoqdamiz, o‘rtanib yashamoqdamiz. Ishq ahlining yo‘llariga, dillariga hamisha tuzoq tashlaguvchi qora botirlarga ham umr tilaguvchilar bormikin, sevgim?! Birovga o‘lim tilamoq gunoh. Ammo qora niyatli qora botirlarga umr ham tilab bo‘lmaydi...

Ishq bog‘ida ungan tikonlar,
Tovoningni poylab yoturlar.
Ular abad ozori jonlar,
Qora yurak, qora botirlar.

Baxti borni ko‘rolmaganlar,
Tosh otmayin turolmaganlar,
Yomonliksiz yurolmaganlar,
Qora yurak, qora botirlar.

Qo‘llaridan tushmaydi tuzoq,
Ikki dilning arosinda tog‘,
Gul shoxida qishlaydigan zog‘,
Qora yurak, qora botirlar.

Yuzlarining qarosi ketmas,
Ko‘chasidan ilon ham o‘tmas,
Ko‘nglida hech oppoq tong otmas,
Qora yurak, qora botirlar.

Ko‘zga tushgan cho‘pdayin yomon,
Boshga tekkan toshdir har gumon,
Ayting, qandoq yurursiz omon,
Qora yurak, qora botirlar.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:41:26

Sevgim... meni sog‘intirgan, meni sog‘ingan sevgim. Biz kimdan gina qilayapmiz o‘zi? Ayt-chi, biz kinlardan, ginalardan, hasadlardan ustun emasmizmi? Biz oshiqmiz, biz Olloh bandasi. Olloh oshiqlarni xush ko‘rur. Demak biz Ollohniki, Olloh bizniki. Bizga yarashgani oshiq qilib yaratgani uchun Xudoyimga shukrona aytish. Zero, oshiqlik go‘zal qalbga sohib bo‘lish. Bunday sohiblar vafoga sultondir. Bizning ohimizni hurlar eshitmasa, parilar tinglamasa, guloyimlar qaramasa... ularning barchasini yaratib qo‘ygan eshitguvchi, tinglaguvchi, nazar qilguvchi Olloh bor. Biz baxtlimiz. Oshiq bo‘lganimiz uchun baxtlimiz. Tosh emasmiz, tuproq emasmiz. Biz insonmiz! Biz non tilab, bol so‘rab qornimiz qayg‘usida oh chekayotganimiz yo‘q!
Biz ko‘nglimiz bog‘idagi gullar so‘lishini istamaymiz. Biz ularni diydamiz shabnamlari bilan jonlantiramiz. Zero, oshiq tirik ekan, oh chekib orom oladi.

Doston bitdim, bilguncha yozdim,
Ko‘ngil chimdim to‘lguncha yozdim.

Yo‘qdan sira bor qilganim yo‘q,
Oshiqlikdan or qilganim yo‘q.

Oydan tushmas oshiqlar o‘zi,
Oshiq ohi—ko‘ngilning bo‘zi.

Shabnamlardan shifo tiladim,
Men toshlardan vafo tiladim.

Tikonlarning tig‘ida o‘sdim,
Qaldirg‘ochlar—ming yillik do‘stim.

Men ohimni bir mohga aytdim,
U bilmadi, Ollohga aytdim.

Har bandaga Haqning hukmi bor,
Oshiqlarga o‘zi bo‘lsin yor!

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan