XXI asr she'riyati: Humoyun  ( 3738 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  31 Iyul 2008, 14:21:26

XXI asr she'riyati:

Humoyun




SANGZORDA

Gullab yotar Sangzor lovullab,
Kuylab oqar Sangzor shovullab,
Ulkan-ulkan tog‘lar kaftida,
Toshlar gullab yotibdi, gullab.

Shamol oqib o‘tadi bundan,
Dilni yoqib o‘tadi bundan,
Archazorlar aro shivirlab,
Sirlar aytib o‘tadi bundan.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:21:40

AFRODITA

Sen qanchalar beshafqat, sanam,
Sevgi deya og‘u berursan.
Shodlik deya ato etgung g‘am,
Sen makkora, manman erursan.

Sen go‘zalsan, Dunyo sevgisi,
Qadamingga bo‘lur poyondoz.
Doim taqdir senga kulgusi,
Oltinlanib yurishlaring soz.

Sen tog‘larning ma’budi emas,
Yoki shamol va na daryosan,
Senga hech Kim kelaolmas bas,
Sen yurakka hukmdordirsan.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:22:07

YUNON YURTI

Afrodita podshoh xart dilga,
May tutadir Dionis sarxush,
Orfey navo solsa ko‘ngulga,
Poseydonning hukmida dengiz.

Ma’budlarga makon bu ochun,
Goh dengizdan, goho sarin yel,
Gohi kunduz, gohi qaro tun,
Goh o‘rmondan panoh topar el.

Ajab, bari qaytmish samoga,
Faqat g‘olib qoldi odamzot.
Ma’budlar sig‘magan dunyoga
U hokimlik istaydi, hayhot.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:22:22

TAQDIR MA’BUDLARI

Taqdir ilohlari, bir sizga ayon,
Hattoki Zevsning yozug‘i nedir.
Nimalar kechmaydi, bir lahza, bir on
Kunduzlarni zulmat qilmoqqa qodir.

Beshafqat ma’budlar mamlakatida,
Jazolar turfa xil, ayovsiz.
Hattoki, Nargisning muhabbati-da
So‘qir g‘ururi-la qoldi-ku yolg‘iz.

Dunyoni tark etdimi ular,
Balki yashayotir borliqda botin.
Ajab, ko‘nglimizga solib tuyg‘ular,
Taqdir yo‘llarimiz kuzatar sokin.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:22:40

AMUDARYO

Amudaryo, to‘lib oqqil, Amudaryo,
Qirg‘oqlaring o‘pib oqqil, Amudaryo,
Olisdagi manzilingga yetay desang,
Bulutlarday uchib oqqil, Amudaryo.

Dasht ko‘ngilda maysa, giyoh unarmidi,
Tomchi suvsiz gulu-g‘uncha kularmidi,
Sohillaring qoplab olsa butazorlar,
Mavjlaringni chang-to‘zondan to‘sarmidi.

Aslo sening yo‘llaringni to‘sib bo‘lmas,
To‘lqiningga to‘siq yo‘qdir o‘tib bo‘lmas,
Manzilingni izlab chekkan dardlaringni
Na dostonu, na ash’orda bitib bo‘lmas.

Oqqan daryo, oqmay qolmas, naqli bordir,
Har daryoning o‘z o‘zani, shahdi bordir,
Qum barxanlar to‘lqinida kemalarning
Yelkanida chidab bo‘lmas sabri bordir.

Amudaryo, to‘lib oqqil, Amudaryo,
Qirg‘oqlaring o‘pib oqqil, Amudaryo,
Olisdagi manzilingga yetay desang,
Bulutlarday uchib oqqil, Amudaryo.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan