AMUDARYO
Amudaryo, to‘lib oqqil, Amudaryo,
Qirg‘oqlaring o‘pib oqqil, Amudaryo,
Olisdagi manzilingga yetay desang,
Bulutlarday uchib oqqil, Amudaryo.
Dasht ko‘ngilda maysa, giyoh unarmidi,
Tomchi suvsiz gulu-g‘uncha kularmidi,
Sohillaring qoplab olsa butazorlar,
Mavjlaringni chang-to‘zondan to‘sarmidi.
Aslo sening yo‘llaringni to‘sib bo‘lmas,
To‘lqiningga to‘siq yo‘qdir o‘tib bo‘lmas,
Manzilingni izlab chekkan dardlaringni
Na dostonu, na ash’orda bitib bo‘lmas.
Oqqan daryo, oqmay qolmas, naqli bordir,
Har daryoning o‘z o‘zani, shahdi bordir,
Qum barxanlar to‘lqinida kemalarning
Yelkanida chidab bo‘lmas sabri bordir.
Amudaryo, to‘lib oqqil, Amudaryo,
Qirg‘oqlaring o‘pib oqqil, Amudaryo,
Olisdagi manzilingga yetay desang,
Bulutlarday uchib oqqil, Amudaryo.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.