XXI asr she'riyati: Dilfuza Shermatova  ( 5580 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  31 Iyul 2008, 14:27:15

XXI asr she'riyati:

Dilfuza Shermatova




QAYTISHINGDAN QO‘RQAMAN

Muhabbatim, seni sajdagoh bildim,
Ishonib qalbimda saqladim faqat.
Sevgiga: "œUmrbod panohsan",  dedim,
Suyanchim sanadim seni, muhabbat.

Lek hozir sen haqda chiqarolmam un,
Yurakni tirnaydi g‘amgin bir qo‘shiq.
Nahot sen qalbimda qolmading butkul,
Nahotki o‘tkinchi edi bu ishq?!

Yo‘q, men yig‘lolmadim aylabon faryod,
Qalbim hanuz yig‘lar, yig‘laydi beun.
Qismat alamlarga qilarman sabot,
Lekin qaytishingdan qo‘rqaman bir kun.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:27:24

* * *

Gullardan yo‘lingga to‘shab poyondoz,
Qorong‘i kunlarda chiroqlar tutdim.
Barchasin unutdim,
Men seni kutdim.

Ma’yus nigohlaring sog‘inib, toldim,
Sening yo‘llaringga intizor qoldim.
Sevgim, alamlarim ichimga yutdim,
Men seni kutdim.

O‘zgalar qo‘lida gul qilay, dedi,
Men sening yo‘lingda qul bo‘lay, dedim.
Ular so‘zlaridan voz kechdim,
Ketdim!
Lekin seni hamisha kutdim...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:27:33

* * *

Mayli, meni alda bir so‘zing ila,
Ishonib yashayin sening o‘zingga.
Kelmasang kelma hech yonimga zinhor,
Intiq bo‘lib yashay qora ko‘zingga.

Intizor kutishdan mabodo ko‘zim
Nursiz bo‘lib qolsa, menligimni bil.
Nogahon ajinlar ichida yuzim,
Sarg‘aysa u menman, men tomon kelgil.

Silay desang oppoq bo‘lsa sochlarim,
Qo‘rqmagil, qarosin olgandir kutish.
Men pinhon muhabbat uchun yonaman,
Menga butkul yotdir seni unutish.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:27:41

* * *

Ba’zida yomg‘irning tomchilari-la
Sening yuzlaringda oqqim keladi.
Ko‘kdagi hilol-la yonma-yon turib,
Sening yuzlaringga boqqim keladi.

Shamol bo‘lib sening quchoqlaringda
Erkalab-erkalab uchgim keladi.
Maysaday sochlaring muattar hidin
Tuyaman, men seni quchgim keladi.

Armonlar yurakni chulg‘aganida
O‘zimdan voz kechib qochgim keladi.
Sel bo‘lib quyaver, yomg‘ir  yo‘ldoshim,
Men seni sipqorib ichgim keladi...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:27:53

SOG‘INCH

Yodimga onamning ko‘zlari tushdi,
G‘animatim yuzi shunchalar munis.
Yodimga onamning so‘zlari tushdi,
Qulog‘im ostida yangraydi hanuz.

Onam-a, qalbimning qo‘shig‘i edi,
Umrimga baxsh etgan zebu ziynatni.
Hayotim shodlikka burkagan Onam,
Rohatim deb bildi bitmas mehnatni.

Diydorim intiqib kutgan Onam-a,
Sizga shoshgan sari ko‘paydi ishim.
Yuragida mehr toshgan Onam-a,
Sizdan so‘ng ham o‘sha-o‘sha yumushim.

Sizni, Onajonim, suyib yashagum,
Xotiralar aslo berolmas taskin.
Yuragim to‘riga qo‘yib yashagum,
Sizni desam, to‘lib ketar yuragim.

Onamning ko‘zlari shunchalar teran,
Shunchalar mehrli edi ko‘zlari.
Onamni sog‘inib yashayveraman ,
Qulog‘im ostida uning so‘zlari...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:28:09

UNUTDING

Bog‘dan saralab tergan gullaringni unutding,
Dildan jo‘shib kuylagan she’rlaringni unutding.
Qo‘lim taftida kuygan qo‘llaringni unutding,
Muhabbating unutding, sen o‘zga yorni kutding.

Nigohlar endi boshqa qora ko‘zga tikilar,
Sevgiga to‘liq quvonch bo‘lmas, chok-chok so‘kilar.
Yo‘llarimga gullarmas, xazon barglar to‘kilar,
Muhabbating unutding, boshqa bir yorni kutding.

Yuragimga tutashgan orzularim uzildi,
Biz baxt sari borardik, u yo‘llar ham buzildi.
Muhabbat deb atalgan manzilimiz cho‘zildi,
Bu yo‘llarni unutding, sen boshqa yorni kutding.

Izhori dil qilsang sen, ishq o‘tingda kuygandim,
Pokiza muhabbat deb qalb to‘riga qo‘ygandim.
Sevgidan charaqlagan nigohlaring suygandim,
Sen barchasin unutding, boshqa dildorni kutding.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:28:21

                               * * *       

Andijonga yetib keldi to‘yingizning sadosi,
Bora olmay qiynaldi-ya, ishqingizning gadosi.
Bir ko‘rsaydim...
Bir ko‘rsaydim, yarashdimi kuyovlikning sarposi,
Bo‘yingizga sadqa bo‘lay men  muhabbat adosi.

Endi mag‘rur bo‘lolmasman, yoshga to‘lgandir ko‘zim,
Sizni birovga berib, afsuslangan o‘zim.
Yana bir bor iltijoim, siz menga tilang to‘zim,
Qalb osmonim tark etgan ushalmagan orzuyim.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan