UNUTDING
Bog‘dan saralab tergan gullaringni unutding,
Dildan jo‘shib kuylagan she’rlaringni unutding.
Qo‘lim taftida kuygan qo‘llaringni unutding,
Muhabbating unutding, sen o‘zga yorni kutding.
Nigohlar endi boshqa qora ko‘zga tikilar,
Sevgiga to‘liq quvonch bo‘lmas, chok-chok so‘kilar.
Yo‘llarimga gullarmas, xazon barglar to‘kilar,
Muhabbating unutding, boshqa bir yorni kutding.
Yuragimga tutashgan orzularim uzildi,
Biz baxt sari borardik, u yo‘llar ham buzildi.
Muhabbat deb atalgan manzilimiz cho‘zildi,
Bu yo‘llarni unutding, sen boshqa yorni kutding.
Izhori dil qilsang sen, ishq o‘tingda kuygandim,
Pokiza muhabbat deb qalb to‘riga qo‘ygandim.
Sevgidan charaqlagan nigohlaring suygandim,
Sen barchasin unutding, boshqa dildorni kutding.