XXI asr she'riyati: Shohista Soatova  ( 4289 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  01 Avgust 2008, 11:08:47

XXI asr she'riyati:

Shohista Soatova



KUZ QO‘SHIG‘I

Xazon yoqqan bog‘larni kezdim,
Dov-daraxtga  termuldim uzoq.
Sovuq shamol nafasin sezdim,
Vujudimga yoyildi titroq.

So‘ngsiz sog‘inch ila to‘kildi,
Boshim uzra qon talosh yaproq.
Afsus menmas, bag‘rini ochdi,
Uning uchun manguga tuproq.

Daydi shamol kular holimga,
Osmon esa o‘kirib yig‘lar.
Asrolmadim men bitta bargni,
Hasrat, armon qalbimni tig‘lar:
Asrolmadim men bitta bargni..

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 11:09:01

ILTIJO

Ey, osmon, men uchun imkoning bormi,
Yulduzga yetgulik narvoning bormi.
Kerakmas, bu yerdan olib ket meni,
Oylarda yurguvchi karvoning bormi.

Olib ket, mayliga yulduz bo‘layin,
Xohlasang quyoshga kunduz bo‘layin.
Faqat qoldirmagin, yolg‘on dunyoda,
Rostlik bo‘lsa menda, ildiz bo‘layin.

Ko‘z yoshim qo‘shilib, yomg‘irlar yog‘sin,
G‘uborli dunyoga qorlarim og‘sin.
Bulutlar boshimga yostiq bo‘lsa gar,
Do‘stu dushmanlarim havas-la boqsin.

Yolg‘on bu dunyoni endi netarman,
Ruhimni vujuddan yechib ketarman.
Ey, osmon! Chorlagin yoningga bir zum,
Borligu yo‘qlikdan kechib ketarman.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan