XXI asr she'riyati: Xurshida  ( 3772 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  31 Iyul 2008, 14:30:59

XXI asr she'riyati:

Xurshida




ISHQ

Meni  demaganni demasman,
Meni sevmaganni sevmasman!
Dardli sasman, o‘tli nafasman,
Lek sevmasang, men ham sevmasman?!.

Mening bog‘im shunchalar mahzun,
Gulim ma’sum, g‘unchalar mahzun,
Kechir, eta olmasam mamnun,
Men notavon va noshud kasman!..

Ko‘p qiynaldim gulzorlarimda,
Ko‘p qiynalding ozorlarimdan.
Netay ishqning bozorlarida
Sotilmagan oltin qafasman!..

Yuragimda ishqim sof edi,
Orzularim Ko‘hiqof edi.
Nadomatdan qanday naf endi —
Xazonlarga ko‘milgan xasman!..

Ololmasam ham dardlaringni,
Ko‘tarolmam hech radlaringni...
...Netay, sevdim jo‘mardlaringni -
Dunyo, men bir mehrparastman!?

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:31:15

*  *  *

Atrofga boqaman — g‘arib bu dunyo
Ichra ishq gavharin izlayveraman.
Ko‘nglim ezaverar telba bir savdo —
Vasling ilinjida bo‘zlayveraman.

Nogoh g‘urur otlig‘ bir xilqat kelib,
Ravon yo‘llarimni burar so‘qmoqqa.
Noumid hislarim senga intilib,
Tinmay tutaverar meni so‘roqqa?!.

...Bilaman, barchasi behuda!
Aslo
Tuban qilmishingni kechirolmas dil!..
Yurak o‘rtanadi nafratdan, ammo
Sensiz dayri dunga berolmam ko‘ngil...

Ming olam, dunyodan sen deya o‘tmoq,
Garchi bilmasang ham sadoqat qadrin,
Garchi olmasang ham gullarim tutmoq —
O‘zga ko‘ngillarga socholmay atrin...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:31:22

*  *  *

Dunyo xiyonatga to‘lib yotibdi,
Dunyo riyolarga to‘liq, o‘ksima,
Porloq nigohingda ko‘z yosh qotibdi,
Bir kul, azizam!

Mana, quyosh chiqdi, yuzing erkalab,
Mana, makr uyin tark etding oxir!
O‘zing aqllisan, bag‘ring nimtalab,
Yig‘lama, axir!

Ma’suma gullarga chirmashmas ilon,
Oyni burgut etolmas dahr.
Hur yashaysan, endi hech inson
Qilolmas tahqir!

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:31:34

MAVHUMOT

Sen na gulsan, sen na dursan,
Sen na yog‘du.
Sen — ro‘yo!
Sen na shodlik va na qayg‘u,
Na oxir, na ibtido!

Senda shafqat, senda hayrat
Topilmas xush fazilat.
Senda jam’i sehru qudrat,
Jam’i zohiriy ziynat.

Sen sabab xor yuraklardan,
Chekingay g‘am-alamlar,
Sen tufayli dildan sitam,
Ko‘zdan arimas namlar...

Sen na bulbul va na zog‘san,
Sen na visol, na hajr...
Sen muallaq manzilgohsan,
Senga yer-ko‘k muntazir...

Senga ishqu hurmatim ham,
Senga qasdu nafratim.
Senga Haqdan yetganda g‘am,
Zikr etgaysan otim!..

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:31:48

MUHABBAT

Dilni ko‘p qiynama, muhabbat,
Jonimni olaqol, yaxshisi.
Yo‘lingda xorligim yetmasmi,
Qo‘y meni, ey, ko‘ngil baxshisi!

Visoldan o‘zga bu olamda
Garchi yo‘q oromu farog‘at,
Mayliga kechayin baridan,
Faqat bas, qiynama, muhabbat!

Mayliga sochimni supurgi,
Ko‘nglimni poyandoz qila qol,
O‘tinchim: bu dardkash yurakni
O‘rtamay, jonimni ola qol!

Qo‘y, mendek ojizni, muhabbat,
Taslimman, etmasman qasd-gina.
Beayov  jangingda bil, faqat,
Behislar qilgaylar tantana!

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan