XXI asr she'riyati: Shohruh Joʻrayev  ( 3804 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  31 Iyul 2008, 14:37:19

XXI asr she'riyati:

Shohruh Jo‘rayev


JONDAN HAM AZIZIM VATAN


Mayli, tuproq bo‘lay, bitta tosh bo‘lay,
Sir aytsang, bir umr chin sirdosh bo‘lay.
Senga yoqmasam gar umr so‘rayman,
Mayli, dard anglamas bir bebosh bo‘lay,
Ne bo‘lsam bag‘ringda bo‘layin, Vatan!

Mayli, yolg‘iz o‘tay yorsiz bir o‘zim,
Huv tog‘u toshlaring aylab boshpana.
Mayli, do‘stlar meni aylasin unut,
Men bir g‘arib bo‘lay, men bir devona,
Ne bo‘lsam bag‘ringda bo‘layin, Vatan!

Garchand sezmasang-da borligim sira,
Suyib tuprog‘ingni o‘paman har on.
Men uchun dunyoda azizdan aziz,
Hammadan yaqinim o‘zing, qadrdon,
Ne bo‘lsam bag‘ringda bo‘layin, Vatan!

Istasang yuragim ochay, shu zahot,
Qonimdan bitta gul unsin sen uchun.
Sen borsanki, mehring qalbimga mador,
Sen bor sevgimsiz ham bil, bag‘rim butun,
Ne bo‘lsam bag‘ringda bo‘layin, Vatan!

Hurlikka erishding, hur yasha, elim,
Munavvar oylarga iz tashla, elim.
O‘g‘lim deb atasang bo‘ldi bir bora,
Bir kun poyoniga yetsa-da yo‘lim,
Ne bo‘lsam bag‘ringda bo‘layin, Vatan!

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:37:32

*  *  *

G‘am to‘la yuragim poyandoz,
Yulduzlar boshingdan bo‘lsin zar.
Istasang jonimni ol, mana,
Sen meni aldama, Nilufar.

O‘zing ham bilasan, dunyoda
Do‘st yo‘qdir yarimta ko‘nglimga.
Kutdim men, kelmading, so‘ngra jim,
Zor yig‘lab ketdim-da uyimga.

Aldangan oshiqning dardini
Tangri bilar, bilsa bir faqat.
Endi meni hatto bog‘dagi
Rayhonlar ham kular ermaklab.

Nimadir bilmadim gunohim,
Yuzimga ayt, aybim bo‘lsa gar.
Jondan ham azizim o‘zingsan
Sen meni aldama, Nilufar.

Bir kuni dunyoga qo‘l siltab,
Ketsam gar kelganda har bahor.
Qabrimdan ungan gul, lolalar
Aytsinlar: sevaman, Nilufar,
Men seni sevaman, Nilufar!

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:37:46


SUVRAT

Cho‘ntagimda sarg‘aygan suvrat,
Ko‘zlarimga qaraysan kulib.
Indamaysan, bir so‘z demaysan,
Dardlarimni tursang-da bilib.

Cho‘ntagimda sarg‘aygan suvrat!

Kechir, sarg‘aytirdi yuzingni,
Yuzlarimdan oqqan ko‘z yoshi.
Uchradi-da dunyoda menga,
Suluvlarning eng bag‘ritoshi!

Sen borsan deb, o‘kinmagandim,
Men qolib yor, yotga tekkanda.
Alam qildi, tanimadi-da,
Egang yonginamdan o‘tganda.

Bir kun kelar bizga ham yetib,
Jannatlarga ketmoqqa fursat.
Birga olib ketaman seni —
Cho‘ntagimda sarg‘aygan suvrat.

Kechmoqlikka yo‘q menda jur’at
Cho‘ntagimda sarg‘aygan suvrat.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:38:02

*  *  *

Bilaman, turibdi yuragim,
Ko‘ksimda zo‘r-bazo‘r ilinib.
Goh, g‘amlar ko‘lida bo‘kkancha,
Goh, zarra mehrga sevinib.

Ilinib turibdi, ilinib.

Tun bo‘yi, titraydi bo‘g‘zimda,
Kun bo‘yi, titraydi bo‘g‘zimda.
Sho‘rlikni shu kunga solgan kim?
So‘ramang, bor ayb o‘zimda.

Ilinib turibdi, ilinib.

Birgina sitam ham, bilaman,
Shamolday hislarim uchirib.
Bu hayot atalmish kitobdan,
Ketadi ismimni o‘chirib.

Ilinib turibdi, ilinib.

Yana ne yuking bor, ey falak,
Ayt, bormi azobing adog‘i?
Buncha ko‘p dardlaring yelkamda,
Qoldi-ku chiqmayin ovozim.

Bilaman, turibdi yuragim,
Ko‘ksimda zo‘r-bazo‘r ilinib.
Azobing bas, yetar, ey, falak,
Oh cheksam ketasan uzilib!..

Ilinib turibdi, ilinib.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan