XXI asr she'riyati:
Sayyora Ergasheva
ONAJONSog‘inib olisda yashayman Sizdan,
Intizor kutasiz, ko‘nglingiz ilhaq.
Nima ham ko‘ribsiz mendayin qizdan,
Endi olmoqdaman barini ilg‘ab.
Fikru shuurimni so‘zlarga bog‘lab,
Bitgan she’rlarimga bo‘libman shaydo.
Ishqqa baytlar atab, vaqtimni chog‘lab,
Bitta tandirga o‘t qo‘ymabman hatto.
Yugurib-elibman ertadan to kech,
Ko‘proq kunim o‘tdi tahririyatda.
Goho tayziqlarga kelib qoldim duch,
Goho qarshilashdi samimiyat-la.
Ba’zan to‘yga shoshdim, ba’zan majlisga,
Chap berib qoldim ko‘p muammolarga.
Rahmlar qilmasdan mendayin qizga,
Ko‘nglimni to‘ldiring iddaolarga.
Do‘stlar davrasiga oshiqqanim rost,
Rost ustun qo‘yganim hammadan o‘zni.
Bugun tinchlik bermas bir istak, xolos,
Onajon, avf eting mendayin qizni.
Shunda yengilgina nafas olaman,
Shunda taskin topar hilviragan jon.
Bilsam buyuk She’rim o‘zingiz ekan,
Qoshingizga uchib boryapman, Onajon!