XXI asr she'riyati: Murtoz Ahatov  ( 4078 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  31 Iyul 2008, 16:41:33

XXI asr she'riyati:

Murtoz Ahatov

* * *
Kunlar o‘tayapti faqat ranginmas,
Oylar chiqayapdi - tungi bir nido.
Kamalak oq rangdir, sening ismingmas,
Yetti rang oqlikka aylangan sado!

Vujuding og‘irdir - ko‘zingga malol,
Yomg‘ir suvlariga tashna lablaring
Sochlaring asiri bo‘ladi shamol,
Ruhimda tovlanar samo ranglari.

Tunlari ko‘zingda oqaradi tong,
Faqat ilg‘amaymiz sirli shu’lani.
Samo eshiklari ochiladi lang,
To‘kib yuboradi chiroqlarini.

Kipriklar-ko‘zingga sodiq soqchilar
Saboh nurlariga ochib berar yo‘l.
Ayozli kunlarni bo‘g‘ib o‘ldirar,
Sochingga burkanib titrayotgan qo‘l!

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 10:55:55

*  *  *

Menga faqat ishqdan so‘zlama,
Qaramagin, bundayin yomon.
Bas qil, cholg‘u, ortiq bo‘zlama,
To‘rtta devor xo‘mrayar hayron.

Olislarda qolgan xotirot,
Ko‘kragimda yashar og‘rinib.
Menga taskin berguvchi suvrat,
Ko‘zlarimga bormoqda singib.

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 10:56:10

XAYRLASHUV

Hayratga sig‘inib yashayman hamon,
Sirli ko‘rinadi ufqning rangi.
Xayolchang ko‘zimda aylanar jahon,
Qalqiydi tunlarning sirli jarangi.

Qarshingda tovlanib yotar so‘qmoqlar,
Tuya o‘rkachini eslatar adir.
Og‘ir chayqaladi qalin o‘tloqzor,
Yashil manzaralar ochadi bag‘ir.

Jamoling ko‘rkiga kimlar mahliyo -
Sevasan shu haqda xayol surishni.
Beparvo, beg‘amsan, yulduzlar aro,
Istaysan yorqinroq yulduz ko‘rishni.

Beparvo ketasan ortga boqmayin,
Sokinlik ko‘ksingga urilar sinib.
Hayratga qoqilib ketmog‘ing tayin,
Kimnidir qumsaysan yig‘lab, sog‘inib...

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 10:56:37

*  *  *

Muhabbatdan o‘ladi gullar...
                                     F.G.Lorka.


Samo uzra tentirar yulduz,
Kengliklarda xayolim kezar.
Tush keladi, chekinar kunduz -
Ko‘kragimdan tosh bosar, ezar.
Samo uzra tentirar yulduz.

Ko‘zlarimdan yog‘ilar hayrat...
So‘qmoqlar toptalgan shudring,
Muhabbatdan o‘lgandi faqat
Oppoq gullar bo‘lib qizil rang.
Ko‘zlarimdan yog‘ilar hayrat.

Tuyg‘ulardan sizib chiqaman -
Xayolatga boraman kirib.
To‘lqinlarda behis oqaman,
Bo‘shliqlarda qolaman turib.
Tuyg‘ulardan sizib chiqaman.

Gullar isin unutaman goh
Yong‘oqzorlar, oydin sohilda,
Olmazorlar qishdagi arvoh,
Qishlab qolar yong‘oqlar yo‘lda.
Gullar isin unutaman goh...
 
"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan