TOG‘DA
Rosa sog‘inibmiz bir-birimizni,
Quchoqlashib ko‘rishdik azim tog‘ bilan,
elka urishtirdik cho‘ng toshlar bilan,
rosa tashna bo‘libman,
o‘pishib ko‘rishdim buloqlar bilan.
Dov-daraxt cho‘zishib novdalarini,
Yuz-ko‘zim siladi yaproqlar bilan.
Salomlashdim,
Hurkak jonivorlar bilan.
Bari mendan kutishib mujda,
Tikilishdi jim.
Birdan ozor berib qo‘ymaslik uchun,
Yurak cho‘ntagimdan surating olib,
Boshim uzra ko‘tardim azot,
Hayrat dunyosiga cho‘mdi koinot.
Shirin visol kunlarimiz so‘zladim,
Sevgingdan yuksaldi tog‘,
Qilt etmay tingladi har bitta tosh.
Biqirlab qaynadi buloqlar,
Quvongandan qarsak chaldi yaproqlar.
Hurkak jonivorlar tortishdi yovvosh.
O‘shanda toqqa tushgan edi shom,
Tepamda ota-onam ruhi ham
Oldi orom.
So‘ng ma’yus tikildim olis shaharga,
Birdan ko‘zlarimdan tirqiradi yosh.
Achchiq ayriliqni aytib bo‘zladim,
Birdan cho‘kib qoldi tog‘,
Toshlar qotdi tosh,
Yig‘lab yuborishdi buloqlar.
Birdan dov-daraxtda sarg‘aydi yaproq,
Hurkak jonivorlar
qarab qoldi javdirab.
Tepamda ota-onam ruhi tortdi oh.
To‘ymasdan qaradim
Toqqa,
toshlarga,
buloqlarga,
dov-daraxtga,
jonivorlarga,
yulduzli osmonga.
Ular so‘z aytolmay tikilishdi jim.
"œAlvido" deyishga bormadi tilim,
Sekingina "œXayr" dedim.
Shirin xayollarim chorladi yo‘lga,
Ich-ichimda ho‘ngrab,
jigarxun,
Yo‘lga tushdim,
Achchiq qismat bilan yuzlashishi uchun.
Mung‘ayib kuzatdi tog‘,
Yelkamdan ohista suyadi toshlar,
Buloqlar ko‘zidan sharilladi yosh.
Dov-daraxt yo‘limga,
Yaproq yozdi
sarg‘ish poyondoz.
Ortimdan ergashdi jonivorlar.
Ota-onam ruhi
Yulduzlar nuri bilan,
Yuz-ko‘zim siladi avaylab.
Ich-ichimda ho‘ngrab,
jigarxun,
Shahar tomon
og‘ir qadam tashladim.
So‘ngi bor
ortimga ma’yus qaradim.
Baribir,
"œAlvido" deyishga bormadi tilim,
Sekingina "œXayr" dedim.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.