XXI asr she'riyati: Asror Moʻmin  ( 4375 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  01 Avgust 2008, 11:02:00

XXI asr she'riyati:

Asror Mo‘min




MAVJUDLIK

Muhabbat bor ekan mavjuddir falak,
Shukur, bu his jami mavjudotga xos.
Ibrat ol, chamanda qonsiz kapalak,
Guldan gulga qo‘nib aytganida roz.

Uchqunlar sochadi toshga tegsa tosh,
Yaproqlar urilsa chalishar qarsak.
Oyni ko‘rmoq uchun chiqadi Quyosh,
Yorqin sevgisidan yorishar falak.

Yaxshiyam dunyoda sen borsan, jonon,
Yaxshiyam o‘zingni topdim so‘roqlab.
Shirin visol damlar yodimda hamon,
Hatto kapalaklar uchdi o‘ynoqlab.

Toshlar yo‘limizga tashlar poyandoz,
Yaproqlar quvonib chalishdi qarsak.
Baxtimizga bo‘ldi Oy-Quyosh hamroz,
Visol shavqimizda yashnadi falak.

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 11:02:11

MUNISGINAM

Yodimdadir ma’yus ko‘zlaring,
Yodimdadir hazin so‘zlaring,
Yodimdadir ilhaq kezlaring,
Munisginam, mushtiparginam.

Bilar edim, aldamas tushim,
Bilar edim, qonlar yutishim,
Bilar edim, motam tutishim,
Munisginam, mushtiparginam.

Yolg‘izlatib qayga ketardim,
Yolg‘iz ketib qayga yetardim,
Borib kimga rozim aytardim,
Munisginam, mushtiparginam.

Hayot go‘zal, ajal beshafqat,
Qoldi shirin orzular faqat.
Suyanch tog‘im sabru  sadoqat,
Munisginam, mushtiparginam.

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 11:02:21

SO‘NGGI URINISH

Bu balandlik kelajak!
Shu lahzada ko‘rsat kuch.
Ehtimol, zabt bo‘lajak,
Olamshumul ko‘rsatgich.

Oldda so‘nggi imtihon,
Qolgan so‘nggi urinish.
Bundan boshqa yo‘l imkon,
Baxting bersin ko‘rinish.

Shu urinish hal etar,
Yo quchasan sharaf-shon.
Yo izmingdan baxt ketar,
G‘arq qiladi g‘am-armon.

Men ham so‘nggi dovonda,
Qolgan so‘nggi urinish.
Ishq bor bo‘lsa jahonda,
Yorim berar ko‘rinish.

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 11:02:34

*  *  *

Tushundim, boshqa yo‘l qolmadi menga:
Oshiqlik, shoirlik sig‘mas bir dilga.
Jonimni baxsh etdim sevgiga, senga,
Dildagi bor kuyim berdim bulbulga.

Yor, endi chin oshiq tanlaging kelsa,
Nazar sol, sen uchun yukungan qulga.
Agar shirin ohang tinglaging kelsa,
Quloq sol, kuyimni olgan bulbulga.

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 11:02:48

TOG‘DA

Rosa sog‘inibmiz bir-birimizni,
Quchoqlashib ko‘rishdik azim tog‘ bilan,
elka urishtirdik cho‘ng toshlar bilan,
rosa tashna bo‘libman,
o‘pishib ko‘rishdim buloqlar bilan.
Dov-daraxt cho‘zishib novdalarini,
Yuz-ko‘zim siladi yaproqlar bilan.
Salomlashdim,
Hurkak jonivorlar bilan.
Bari mendan kutishib mujda,
Tikilishdi jim.
Birdan ozor berib qo‘ymaslik uchun,
Yurak cho‘ntagimdan surating olib,
Boshim uzra ko‘tardim azot,
Hayrat dunyosiga cho‘mdi koinot.
Shirin visol kunlarimiz so‘zladim,
Sevgingdan yuksaldi tog‘,
Qilt etmay tingladi har bitta tosh.
Biqirlab qaynadi buloqlar,
Quvongandan qarsak chaldi yaproqlar.
Hurkak jonivorlar tortishdi yovvosh.
O‘shanda toqqa tushgan edi shom,
Tepamda ota-onam ruhi ham
Oldi orom.
So‘ng ma’yus tikildim olis shaharga,
Birdan ko‘zlarimdan tirqiradi yosh.
Achchiq ayriliqni aytib bo‘zladim,
Birdan cho‘kib qoldi tog‘,
Toshlar qotdi tosh,
Yig‘lab yuborishdi buloqlar.
Birdan dov-daraxtda sarg‘aydi yaproq,
Hurkak jonivorlar
qarab qoldi javdirab.
Tepamda ota-onam ruhi tortdi oh.
To‘ymasdan qaradim
Toqqa,
toshlarga,
buloqlarga,
dov-daraxtga,
jonivorlarga,
yulduzli osmonga.
Ular so‘z aytolmay tikilishdi jim.
"œAlvido"  deyishga bormadi tilim,
Sekingina "œXayr"  dedim.
Shirin xayollarim chorladi yo‘lga,
Ich-ichimda ho‘ngrab,
jigarxun,
Yo‘lga tushdim,
Achchiq qismat bilan yuzlashishi uchun.
Mung‘ayib kuzatdi tog‘,
Yelkamdan ohista suyadi toshlar,
Buloqlar ko‘zidan sharilladi yosh.
Dov-daraxt yo‘limga,
Yaproq yozdi
sarg‘ish poyondoz.
Ortimdan ergashdi jonivorlar.
Ota-onam ruhi
Yulduzlar nuri bilan,
Yuz-ko‘zim siladi avaylab.
Ich-ichimda ho‘ngrab,
jigarxun,
Shahar tomon
og‘ir qadam tashladim.
So‘ngi bor
ortimga ma’yus qaradim.
Baribir,
"œAlvido" deyishga bormadi tilim,
Sekingina "œXayr" dedim.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan