XXI asr she'riyati: Tursunboy Adashboyev  ( 4269 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  01 Avgust 2008, 11:06:25

XXI asr she'riyati:

Tursunboy Adashboyev




BARCHASI YODIMDA

Barchasi yodimda, esimda,
Hali tug‘ilmagan kezimda,
Bobomning yilqisin boqardim,
Xarsang toshga qoziq qoqardim.
Barchasi yodimda, esimda,
Hali tug‘ilmagan kezimda
Kelardim otlarni  qaytarib
Qarasam, yo‘q to‘riq baytalim.
Uni bog‘dan, tog‘dan qidirdim,
Yayov hamma yog‘dan qidirdim.
U paytlarda oy ham yotmasdi,
Quyosh esa sira botmasdi.
Bulut bo‘lmasa ham do‘l yog‘ardi,
Momom qisir echkini sog‘ardi.
Foyda bormi gapni cho‘zgandan,
Baytalimni topdim O‘zgandan.
Oyna ko‘lning shundoq yonida,
Juman uloqchining tomida,
Qulunlab yotibdi, qaranglar,
Toychoq meni tanib, alanglar.
Harakatni boshladim shomdan,
Olib tushgach, ularni tomdan,
Otni minib, qulunni ortsam,
Cho‘x, deb unga qamchinni tortsam,
Turolmadi baytal bechora,
Yurolmadi baytal bechora.
So‘ngra, toyga otni o‘ngarib,
Egarini bog‘lab-to‘nkarib -
Qamchi ursam, qanoti borday,
Qulun chopib ketdi shunqorday...

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 11:07:09

BESHTA SANOCH*

Lof gaplarga Latifboyning
Suyagi yo‘q.
Sal maqtanchoq, ozg‘ini-ku,
Jiyagi yo‘q.
Yoshligidan o‘ta abjir,
Chaqqon edi,
Bo‘rdoqiga beshta chivin
Boqqan edi.
Charxlattirib bolta, pichoq,
Asboblarni,
Ishga soldi guzardagi
Qassoblarni.
Bir chivinni ayirguncha
Jo‘rasidan,
Tushov solib chiqarguncha
Qo‘rasidan,
Ikki qassob tushib ketdi
Qora terga,
Eplab-seplab yotqizishib,
Uni yerga,
Shodi qassob, tavakkal, deb,
Tortdi pichoq,
Terisidan beshta sanoch
Tikdi shu choq.
Men ularni cho‘ponlarga sovg‘a qildim.
— Yog‘larini berayotsak
Sovurgarga,
Go‘shtlarini olib qochdi
Bir to‘p qarg‘a.

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 11:07:20

POYGA ZAVQI

Poyga zavqin surgani,
Taqalatdim Burgani.
Ko‘nikmagan siyog‘i,
Biroz oqsar tuyog‘i.
Oq qand berib ovutdim,
Terlarini sovutdim.
Yaxshi boqdim, tinmadim,
Behudaga minmadim.
Unga o‘tgan shanbadan,
Arpo solib damba-dam,
Parvarishni do‘ndirdim,
Yo‘rg‘alashga ko‘ndirdim,
Demak, tayyor poygaga,
Sovrin qolar foydaga.
Silab-siypab erkalab,
Minib chiqdim ertalab.
Hay’at qur’a tashladi,
Poygani ham boshladi.
O‘n gaz yerga bir hatlab,
Tuyog‘idan o‘t chatnab,
O‘nta qulun-tulporni,
Unga mingan shunqorni,
Toliqtirib, toldirib,
Boplab ortda qoldirib,
Yetdik marra-finishga,
Arzir ko‘z-ko‘z qilishga.
Shunday qilib, Sichqonboy,
Surdi ovning gashtini.
Men esa, mazza qildim,
Kezib ovul dashtini.

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 11:07:46

MAYMUNNING SHUKRONASI

Yeru ko‘kka ishonmasdan,
Ko‘zining oq-qorasini.
Ona maymun yuvintirar,
Shum kenjatoy bolasini.
Sovun surkab,
Suvdan purkab,
Erkalatib silab-siypab,
Dilda borin ayon etdi.
Yelkasini ishqar ekan,
Maqsadini bayon etdi:
— Ming bor qulluq, quyosh nurin,
Olamga teng taratganga.
Ming bor shukur, bizni esa,
Maymun qilib yaratganga.
— Shukronangiz nima axir?
So‘roqlaydi bola faqir.
— Tipratikon bo‘lsang agar,
Bo‘tam, nima qilar edim,
Igna bosgan yelkangni men,
Qanday qilib, silar edim...

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 11:07:57

JASORAT

Yo‘lbarsdayin bir mushuk,
Xurrak otib yotibdi.
Yo musallas ichganmi,
Go‘yo toshdek qotibdi.

Uxlashlari xon taxlit,
Par yostiqqa qapishgan.
Mo‘ylabiga, lab-lunjiga,
Gurunch, sabzi yopishgan.

Yaqinlashdim ohista,
Qarab so‘lu sog‘imga.
Devzirali gurunchdan,
Palov yegan chog‘imda.

Bu ishimni o‘zimcha,
Botirlikka yo‘ydim man.
Tushlik juda soz bo‘ldi,
Oshga rosa to‘ydim man.

Lunjidagi yog‘in ham,
Yaxshilab yalab qo‘ydim.
Hatto paxmoq mo‘ylabin,
Ohista tarab qo‘ydim.

Teng-tushlari tamshanib,
Unga boqar angrayib.
Ota sichqon, - balli, -deb,
O‘pib qo‘ydi manglayin.


"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan