XXI asr she'riyati:
Tursunboy AdashboyevBARCHASI YODIMDABarchasi yodimda, esimda,
Hali tug‘ilmagan kezimda,
Bobomning yilqisin boqardim,
Xarsang toshga qoziq qoqardim.
Barchasi yodimda, esimda,
Hali tug‘ilmagan kezimda
Kelardim otlarni qaytarib
Qarasam, yo‘q to‘riq baytalim.
Uni bog‘dan, tog‘dan qidirdim,
Yayov hamma yog‘dan qidirdim.
U paytlarda oy ham yotmasdi,
Quyosh esa sira botmasdi.
Bulut bo‘lmasa ham do‘l yog‘ardi,
Momom qisir echkini sog‘ardi.
Foyda bormi gapni cho‘zgandan,
Baytalimni topdim O‘zgandan.
Oyna ko‘lning shundoq yonida,
Juman uloqchining tomida,
Qulunlab yotibdi, qaranglar,
Toychoq meni tanib, alanglar.
Harakatni boshladim shomdan,
Olib tushgach, ularni tomdan,
Otni minib, qulunni ortsam,
Cho‘x, deb unga qamchinni tortsam,
Turolmadi baytal bechora,
Yurolmadi baytal bechora.
So‘ngra, toyga otni o‘ngarib,
Egarini bog‘lab-to‘nkarib -
Qamchi ursam, qanoti borday,
Qulun chopib ketdi shunqorday...