Ilm va ziyo > She'riyat

XXI asr she'riyati: Iroda Umarova

(1/3) > >>

shoir:
XXI asr she'riyati:
Iroda Umarova

TASKIN

Bag‘rimda xarsangga aylangan sabr,
Sug‘orsa armongul o‘sgan guliman
Yolg‘iz ovunchog‘im - hech kimda yo‘q ShYe’R,
Demak, men Xudoning erka quliman...

Ko‘zyoshimni qandday shimadi qog‘oz,
Tabassumning qadri ulug‘dan-ulug‘.
Nima qipti baxtim picha bo‘lsa oz,
Xudo, berib qo‘ygan kuningga qulluq!

Bir qarang: ilohiy ishqqa to‘libdi -
Yuragimday to‘kis, boy emas dunyo.
Meni sevmasangiz nima qilibdi,
Axir meni yaxshi ko‘radi  Xudo!..

Qilko‘prik ostidan oqadi umr,
Qayiqday tebranib borar imonim.
Shukur, siylab bergan dardingga shukur,
Suygan bandangman-da, ay Xudojonim...

shoir:
ROZIMAN

Oqqushlar sho‘ng‘iydi osmoningizga,
Oy tig‘ urar qosh-kamoningizga,
Yetib borolmaydi vijdoningizga,
Ko‘ksimda yig‘lagan dilning ovozi.

Siz o‘pmagan sochim o‘pdi taqimni,
Yo‘qotdim-a baxtdan olgan haqqimni.
Topib kelolmaydi zavqu shavqimni
Erkatoy gullarning chiroyli nozi.

Ichgan qasamlarim zavolga yaqin,
Ezdim, yirtolmadim ko‘ngil varag‘in.
Kechaman, qarg‘ayman, sevaman tag‘in,
Yuragimga bo‘la olmadim qozi.

Shafaq aksi tushgan tog‘lar lojuvard,
Sizdan ayrilishga ko‘ndim bo‘lib mard.
Hatto, meni ko‘rib tuymang, deya dard.
O‘limga roziman, o‘limga rozi!

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

albatros:

 U shoir emas!
 
 Nazmidan kelmasa gulning mazasi,
 Yonmasa, kul sochib tursa har nafas.
 She'rim deb ko'rsatgan mingta misrasi -
 U arzon matohdir,
 U shoir emas!
 
 She'rlar aytsinki u, ruhni elitsin,
 She'rlar aytsinki u, muzni ilitsin.
 Ohangi bulutni paxtaday titsin -
 Yo'qsa u gumrohdir,
 U shoir emas!
 
 Qarang, sodda shumtol qushga dil yozar,
 Gul hidlab kapalak aqldan ozar.
 Tuyg'g'u ko'zi bilan solmasa nazar -
 Shunchaki guvohdir,
 U shoir emas!
 
 Ko'ngliga o'zgalar dardin yuqtirib,
 Yurmasa hammaga baxtni uqtirib.
 Qo'yadi so'z qadrin faqat cho'ktirib -
 U aqli gustohdir,
 U shoir emas!
 
 Rab bermasa, suyak surmasa nazm,
 Chiranib umrini o'tkazsa abas.
 Qo'liga qalammas, aso tutqazing -
 U oddiy maddohdir,
 U shoir emas!
 
 Iroda Umarova.

albatros:
SIZ MENING...

Sog‘indingiz,
Lekin ko‘rsatmadim ro‘y,
Onajon, siz mening sabrgulimsiz...
Mehringiz to‘kilgan maktublar xushbo‘y,
Onajon, siz mening atirgulimsiz...

Keldingiz,Ketdingiz diydorga qonmay,
Yuragim ergashdi izlaringizdan.
Yolg‘on taskinlarga  qo‘ydim ishonmay,
Toshbag‘ir chiqdimmi qizlaringizdan?

Kutdingiz...
Bormadim bayramlarda ham,
Va bayramlar kutdim mahzun, ko‘ngilsiz.
Siz uchun o‘zimdan arazlaganman,
Onajon, siz mening qadrgulimsiz...

Sog‘indim...
Ko‘zimga qadaldi yo‘llar,
Og‘riqlar osildi tomirlarimga.
Rangi kamalakda ham yo‘q tuyg‘ular
Darz soldi muzlagan sabrlarimga.

Yig‘ladim...
Ismimdan yuzim o‘girib —
Gunohim qoshida cho‘kkaladim tiz.
Bag‘ringizga botay bir shabnam bo‘lib,
Onajon, siz mening atirgulimsiz...   
                                           
Iroda Umarova.
2007 yil, mart

albatros:
Yurak

Ilk bora suyangan qutlug' ostona,
Bolaligim isi ufurgan xona,
Otamning, onamning mehriga qona -
Faqat muhabbatdan tikilgan yo'rgak,
Vatan! - deb,
Vatan! - deb urgil, ey, yurak!

Tolengdan fol ochgan yulduzing shu yurt,
Sen gulsan, chechaksan - ildizing shu yurt.
Sadoqat islarin hovuchingda tut,
G'uruni simirib ochilgan kurtak,
Vatan! - deb,
Vatan! - deb urgil, ey, yurak!

U shunday javharki, bebaho nodir,
Ayrilsang, alami o'limga qodir.
Sarhadlari mushtday bag'ringga jodir,
Behisht bog'laridan suylangan ertak,
Vatan! - deb,
Vatan! - deb urgil, ey, yurak!

Bir tong otgaydir-ki, farahbaxsh, feruz,
Farzandlik burchingdan ochiladi so'z.
U uchun shart bo'lsa, jon tomiring uz.
Men uchun, sen uchun eng ulug' beshak,
Vatan! - deb,
Vatan! - deb urgil, ey, yurak!

Iroda Umarova

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version