XXI asr she'riyati: Iroda Umarova  ( 10291 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


shoir  01 Avgust 2008, 11:09:55

XXI asr she'riyati:

Iroda Umarova

TASKIN

Bag‘rimda xarsangga aylangan sabr,
Sug‘orsa armongul o‘sgan guliman
Yolg‘iz ovunchog‘im - hech kimda yo‘q ShYe’R,
Demak, men Xudoning erka quliman...

Ko‘zyoshimni qandday shimadi qog‘oz,
Tabassumning qadri ulug‘dan-ulug‘.
Nima qipti baxtim picha bo‘lsa oz,
Xudo, berib qo‘ygan kuningga qulluq!

Bir qarang: ilohiy ishqqa to‘libdi -
Yuragimday to‘kis, boy emas dunyo.
Meni sevmasangiz nima qilibdi,
Axir meni yaxshi ko‘radi  Xudo!..

Qilko‘prik ostidan oqadi umr,
Qayiqday tebranib borar imonim.
Shukur, siylab bergan dardingga shukur,
Suygan bandangman-da, ay Xudojonim...

Qayd etilgan


shoir  01 Avgust 2008, 11:10:11

ROZIMAN

Oqqushlar sho‘ng‘iydi osmoningizga,
Oy tig‘ urar qosh-kamoningizga,
Yetib borolmaydi vijdoningizga,
Ko‘ksimda yig‘lagan dilning ovozi.

Siz o‘pmagan sochim o‘pdi taqimni,
Yo‘qotdim-a baxtdan olgan haqqimni.
Topib kelolmaydi zavqu shavqimni
Erkatoy gullarning chiroyli nozi.

Ichgan qasamlarim zavolga yaqin,
Ezdim, yirtolmadim ko‘ngil varag‘in.
Kechaman, qarg‘ayman, sevaman tag‘in,
Yuragimga bo‘la olmadim qozi.

Shafaq aksi tushgan tog‘lar lojuvard,
Sizdan ayrilishga ko‘ndim bo‘lib mard.
Hatto, meni ko‘rib tuymang, deya dard.
O‘limga roziman, o‘limga rozi!

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan


albatros  19 Yanvar 2013, 18:39:14


 U shoir emas!
 
 Nazmidan kelmasa gulning mazasi,
 Yonmasa, kul sochib tursa har nafas.
 She'rim deb ko'rsatgan mingta misrasi -
 U arzon matohdir,
 U shoir emas!
 
 She'rlar aytsinki u, ruhni elitsin,
 She'rlar aytsinki u, muzni ilitsin.
 Ohangi bulutni paxtaday titsin -
 Yo'qsa u gumrohdir,
 U shoir emas!
 
 Qarang, sodda shumtol qushga dil yozar,
 Gul hidlab kapalak aqldan ozar.
 Tuyg'g'u ko'zi bilan solmasa nazar -
 Shunchaki guvohdir,
 U shoir emas!
 
 Ko'ngliga o'zgalar dardin yuqtirib,
 Yurmasa hammaga baxtni uqtirib.
 Qo'yadi so'z qadrin faqat cho'ktirib -
 U aqli gustohdir,
 U shoir emas!
 
 Rab bermasa, suyak surmasa nazm,
 Chiranib umrini o'tkazsa abas.
 Qo'liga qalammas, aso tutqazing -
 U oddiy maddohdir,
 U shoir emas!
 
 Iroda Umarova.

Qayd etilgan


albatros  19 Yanvar 2013, 18:40:20

SIZ MENING...

Sog‘indingiz,
Lekin ko‘rsatmadim ro‘y,
Onajon, siz mening sabrgulimsiz...
Mehringiz to‘kilgan maktublar xushbo‘y,
Onajon, siz mening atirgulimsiz...

Keldingiz,Ketdingiz diydorga qonmay,
Yuragim ergashdi izlaringizdan.
Yolg‘on taskinlarga  qo‘ydim ishonmay,
Toshbag‘ir chiqdimmi qizlaringizdan?

Kutdingiz...
Bormadim bayramlarda ham,
Va bayramlar kutdim mahzun, ko‘ngilsiz.
Siz uchun o‘zimdan arazlaganman,
Onajon, siz mening qadrgulimsiz...

Sog‘indim...
Ko‘zimga qadaldi yo‘llar,
Og‘riqlar osildi tomirlarimga.
Rangi kamalakda ham yo‘q tuyg‘ular
Darz soldi muzlagan sabrlarimga.

Yig‘ladim...
Ismimdan yuzim o‘girib —
Gunohim qoshida cho‘kkaladim tiz.
Bag‘ringizga botay bir shabnam bo‘lib,
Onajon, siz mening atirgulimsiz...   
                                           
Iroda Umarova.
2007 yil, mart

Qayd etilgan


albatros  19 Yanvar 2013, 18:56:30

Yurak

Ilk bora suyangan qutlug' ostona,
Bolaligim isi ufurgan xona,
Otamning, onamning mehriga qona -
Faqat muhabbatdan tikilgan yo'rgak,
Vatan! - deb,
Vatan! - deb urgil, ey, yurak!

Tolengdan fol ochgan yulduzing shu yurt,
Sen gulsan, chechaksan - ildizing shu yurt.
Sadoqat islarin hovuchingda tut,
G'uruni simirib ochilgan kurtak,
Vatan! - deb,
Vatan! - deb urgil, ey, yurak!

U shunday javharki, bebaho nodir,
Ayrilsang, alami o'limga qodir.
Sarhadlari mushtday bag'ringga jodir,
Behisht bog'laridan suylangan ertak,
Vatan! - deb,
Vatan! - deb urgil, ey, yurak!

Bir tong otgaydir-ki, farahbaxsh, feruz,
Farzandlik burchingdan ochiladi so'z.
U uchun shart bo'lsa, jon tomiring uz.
Men uchun, sen uchun eng ulug' beshak,
Vatan! - deb,
Vatan! - deb urgil, ey, yurak!

Iroda Umarova

Qayd etilgan


albatros  01 Sentyabr 2013, 16:56:02

Менинг муҳаббатим –
Ёввойи бир гул,
Пинҳон севиш билан ўтказар йиллар.
Бориб айтай десам – кўнмайди кўнгил,
Ғурур синиқлари товоним тилар.

Дудоғимга қўнган мажруҳ табассум
Ўзига ишонган қизники эмас.
Бир кунда… минг қалбни айладим афсун,
Битта…
Биттаси ҳам сизники эмас.

Сиздан аразлаган туйғуларим кўп,
Ҳаммаси бир тараф, ёлғиз шеър – бўлак.
Сизнинг кўксингизда…
Юрагингиз йўқ!
Юрак шаклидаги тош бор бир бўлак.

Кўзларим ёшидан гуллар сунар май,
Бойчечак дардларим элтар шуурга.
Художон, додимга етгил,
Айланай –
Тошни ҳам эритар оловтафт нурга.

Шунда бу тош юрак титраб жонланар,
Мен сеҳр бўламан… Мен сир бўламан…
Юрагингиз кимдир дея зорланар,
Шубҳасиз! –
Мен ўша “кимдир” бўламан!..

Кўзингизга тошган шодумон ҳайрат
Қалбимга дарёча севинч қуяди.
Сизга гулларидан тутган муҳаббат
Менинг печонамдан ўпиб қўяди…
Бизлар учрашамиз…

Ирода Умарова

Qayd etilgan


albatros  27 Noyabr 2013, 15:28:49

Эй, йиғлашдан аввал битта ўйлаб кўр:
Дунё арзирмикан кўзёшларингга?!
Ғаму ташвишлардан келавергин зўр,
Тоғни бостириб қўй бардошларингга.

Гулга артиб ол ва дунёга кўрсат
Қуёш юқи қолган кулгичларингни.
Тортиниб ўтирмай Худога узат
Юлдузни ҳиди бор ҳовучларингни.

Гуллар нафасингга уради нафас,
Ҳурлар юрагингга қилиб ўтар суқ.
Билсанг, сенгга кимдир қилади ҳавас,
Билсанг, сенинг умринг бошқаларда йўқ.

Қизғалдоқдай нозик, нурдай тозасан –
Ҳумолар кўзидай кўзмунчоқ тилан.
Уларнинг дастидан шеърлар ёзасан –
Фахрланиб яша дардларинг билан!

Гулга артиб ол ва дунёга кўрсат
Қуёш юқи қолган кулгучларингни...

Ирода УМАРОВА

Qayd etilgan


albatros  27 Noyabr 2013, 15:50:40

ENG OLIY BAXT

Eh, ko’zlarim oqi-i-ib yolvordim,
Oling, dеya, panohingizga.
Rad etdingiz...
Harchand sеvsam ham,
Afu yo’q bu gunohingizga!

Nеga sodda, bolafе'l ko’nglim
G’am uzadi orzular ekib?!
Nеga baxtlar atalgan kunim
Bеvaqt kеlar yoki kеchikib?!

Kulib turib ichaman og’u,
Yashiraman qalbim zaxligin.
Anglab yеtdim, eng oliy baxt bu –
O’z vaqtida kеlgan baxtligin!!!
                                             
Iroda UMAROVA
2009 yil

Qayd etilgan


albatros  27 Noyabr 2013, 16:00:30

                 
ISHQDA GUNOH YO’Q!

Xiyobon.
Yo’lka bo’ylab tizilgan o’rindiqlarning birida Yigit va Qiz o’tirishibdi.
Quyosh maysalar  orasiga bеrkingan mitti toshlargacha qizdirib yuborgan, lеkin g’amdan to’ngigan Qiz ko’ngliga bir tola-da nuri yеtib kеlolmaydi.
Yigit esa buni payqamaydi. Ayni lahzada yagona istagi – shu  chiroyli qiz bilan tanishib olish.
 -Kеchirasiz, kimnidir kutayapsizmi? – nihoyat Qizga so’z qotishga o’zida jur'at topadi u.
Qiz bеozor nigoh tashlaydi:
 -Yo’q, nima edi?
- Hеch narsa, shunchaki gaplashib o’tirsak dеgandim.
- Balki suhbatdosh sifatida sizga yoqmasman, - dеya  jilmayadi Qiz.
Yigit buni moyillik sifatida tushunib erib kеtadi:
- Aksincha, siz kabi Xudo har tomondan bеrib qo’ygan inson bilan gaplashish juda maroqli bo’ladi!
Qiz yеngil titranib qo’yadi:
- Xudo har tomondan bеrib qo’ygan?.. – so’ng bеxos savol tashlaydi. – Ayting-chi, siz bo’lajak rafiqangiz qanday bo’lishini istaysiz?
- Esli-hushli, ilmli, odobli, zamonaviy,  to’rt muchasi sog’ va albatta go’zal bo’lishi kеrak… sizga o’xshab! Agar biron baxti kulgan yigit mеndan oldinroq otni qamchilamagan bo’lsa, qo’lingizni so’rab qo’ya qolay, - ilmoqli gap qiladi Yigit.
- Mеn esa rad etaman! – Qiz nigohini bo’shliqqa qadaydi.
- Iе, nеga endi? Dеmak, kеchikibman-da!..
- Shunday dеsa ham bo’ladi. Sеvganim bor edi, u mеni tashlab kеtdi…
- Nеga?! Shunday qizni-ya? Shunga xafamisiz, qayg’urmang, boshingizga urasizmi o’shaning bеtayin muhabbatini! – yigit qaqshanib hamdardlik bildiradi.
- Muhabbatga til tеkkizmang, muhabbatda gunoh yo’q! – bеxos Qizning ko’zlari olovlanadi. – Aslida mеn aybdorman, bu aybimga ko’z yumib kеta olmagani uchun u ham aybdor!
- Tushunmadim, - hang-mang bo’ladi Yigit.
- E, qo’ying… - Qiz qo’l siltaydi. – Faqat bir narsani aytishim mumkin: Muhabbat hеch qachon odam tanlamaydi. Aksincha, odamlar muhabbatni, sеvadigan odamini tanlaydi… Mayli, xayr, mеn kеtaman. Sizga o’zingiz istagandеk har tomonlama mukammal rafiqa uchrashiga tilakdoshman! – Qiz nеgadir yig’lab yuboradi va  o’rnidan turib kеtadi. Yigit uning ortidan tеrmulib qoladi – qiz oqsoqlanib kеtib borardi…

Iroda UMAROVA                                                                                                                               
2009 yil

Qayd etilgan


albatros  27 Noyabr 2013, 16:10:35


AYOL

Malaklar tushiga kirgan mohdilim,
Ohular ko’zida aylangan savol.
Gulim…
hayratlarga ekilgan gulim,
Ayol…
sog’inchlardan tug’ilgan Ayol…
Onam,
       opam,
             singlim,
                      dugonalarim…
Mеhrimga oshufta parvonalarim.
Azizam,
        dilbarim,
                 chuchmomalarim…
Ismi kiprigimga tugilgan Ayol!
Dil bеrar dilining o’g’risi bo’lib,
Yashar dardlaridan birisi bo’lib.
Ikkiga bo’linib sеvar erkakni:
Malikasi bo’lib,
              cho’risi bo’lib…
Ayol…
sеvgan Ayol,
sеvilgan Ayol…
Gullar lablarining yaprog’iga zor.
Kuylar barmoqlarin titrog’iga zor.
Xudoyim!
              Bu sohir xilqating ba'zan
Alla aytish uchun tirnog’iga zor…
Ayol..
    iztirobga to’kilgan Ayol…
Sizmi – saroblarga yo’lni yo’qotgan?
Sizmi – gunohlarga toptalib yotgan?
Muhabbatning arzon savdolarida
G’ururini sotgan,
ishqini sotgan
Ayol…
     jannatlardan quvilgan Ayol…
Bеdorligi yayrar farzand isida,
Ro’zg’or yuki kiftin o’ysa ba'zida.
Zaminni,
Osmonni asrasa bo’lar
O’sha ushoqqina yurak mag’zida.
Ayol…
      matonatga yo’g’rilgan Ayol…
Siz noziksiz,
injiq gulsiz, baribir.
Mеhrga, shafqatga qulsiz, baribir.
Quyosh o’psa titrab kеtgan shabnamim,
Shе'rimga sig’magan dilsiz, baribir!
Ayol…
      sinoatdan tug’ilgan Ayol,
Ismi kiprigimga tugilgan Ayol…
                                             
2005 yil
Iroda UMAROVA

Qayd etilgan