Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Zakot sirlari kitobi)  ( 43451 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:06:08

Hozir bu ma’nolarni tushungan bo‘lsang, bilgilki bu to‘g‘rida naql qilingan odamlarning ixtilofi bu masaladagi ixtilof emas, balki holdagi ixtilofdir. Bundagi pardani ko‘tarish shuki, biz har qanday holda maxfiylik afzal yoki oshkoralik afzal deya qat’iy hukm qilmaymiz. Balki bu niyatlar ixtilofiga qarab farqlanadi, niyatlar esa hollar va shaxslarga qarab farqlanadi. Ixlosli kishi o‘z nafsidan xabardor bo‘lib turishi lozimki, toki u g‘urur arqoniga osilib qolmasin, tabiat firibi va shayton makriga aldanib qolmasin. Makr va aldov maxfiylik ma’nosida oshkoralikdan ko‘ra ko‘proqdir. Ayni chog‘da ularning har biriga bu illatlarning daxli bordir. Maxfiylikdagi aldov daxliga kelsak, u obro‘ va darajaning tushishi, odamlar ko‘z o‘ngida qadrning pasayishi, xalqning unga taxqirlash ko‘zi bilan qarashi va beruvchiga esa valine’mat hamda muhsin ko‘zi bilan boqishidan iborat holatlar mavjudligi uchun tabiatning unga moyil bo‘lishidir. Bu tuzalmas darddir. Nafsda yaxshilab o‘rnashib, shayton uning vositasida yaxshi ma’nolarni yuzaga chiqaradiki, hattoki u maxfiylik haqida zikr qilingan besh ma’no bilan kasallanadi.

Barchasining me’yor va toshi bir narsadir. U ham bo‘lsa, sadaqa olishi ochilib qolish sababidan ozorlanishi ba’zi tengqur va o‘ziga o‘xshashlarning olgan sadaqasi ochilib qolgandagi ozorlanishiga o‘xshamog‘idir. Chunki u odamlarni g‘urbat, hasad, yomon gumondan muhofaza etishdan yoki parda yirtilmog‘idan saqlamog‘i yoki maxfiy qilishda beruvchiga ionatni yoxud ilmni isrof bo‘lishdan asrashni istasa, bularning barchasi birodari sadaqasining ochilib qolishi bilan hosil bo‘ladigan ishlardandir. Agar uning ishini ochilib qolishi boshqa birovniki ochilib qolishidan og‘irroq tuyulsa, unda taxmini shaytonning makr va hiylasidan bo‘lgan chalkash va botil ushbu ma’nolardan qochish bo‘lmog‘i kerak. Chunki ilmni xorlash man etilgandir. Bu Zaydning ilmi yoki Amrning ilmi ekanidan emas, balki ilm bo‘lgani uchundir. G’iybat ham muhofazalangan sha’nga tekkani uchun ta’qiqlangandir. Alalxusus, Zaydning sha’nini obro‘sizlantirgani uchun emas. Kim shunga o‘xshagan narsalarning mulohazasini yaxshilab qilsa, shayton undan ojiz qoladi. Illo, amaj ko‘p, nasibasi kam bo‘yicha qoladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:06:18

Oshkor etish tomoniga kelsak, beruvchining qalbi xush bo‘lgani uchun shunday qilishga boshqalarni undash borligi uchun va boshqalarning oldida oluvchini shukr etishda mubolag‘a qilishini ko‘rsatish borligi uchun ta’b unga moyil bo‘ladi. Bu ham botinga ko‘milgan tuzalmas darddir. Shayton diyonatli kishiga mana shu razolatni sunnat ko‘rinishida targ‘ib qilish bilangina kuchi yetadi. Unga: «Shukur sunnatdandir, maxfiylik esa riyodandir», deydi. Unga zikr qilgan ma’nolarimizni oshkor berishga majburlash uchun tizib tashlaydi.

Buning me’yori va toshi-tashakkur aytishga nafsining mayli qandayligiga boqmog‘idir. Bu beruvchiga va berishga rag‘bati bor kishiga xabar yetmagan holatda, hamda tuhfani oshkor qilishni yomon ko‘radigan va maxfiylikka qiziqadigan jamoat oldida bo‘lmog‘i lozimdir. Ularning odatlari maxfiy etib, rahmat aytmaydiganlarga berish edi. Agar bu holatlar uning nazdida barobar bo‘lsa bilsinki, demak, uning niyati tashakkur va ne’matni so‘zlashdagi sunnatni qoyim qilishdir. Aks holda, u mag‘rur - aldangandir.

So‘ng niyati tashakkur etishdagi sunnat ekan beruvchining haqqini ado etishdan g‘aflatda qolmasin. Boqsinki, agar u tashakkurni va ovoza bo‘lishni yoqtiradiganlardan sanalsa, u bergan sadaqayi-maxfiy etmog‘i va rahmat aytmasligi lozim bo‘ladi. Chunki uning haqqini ado etish unga zulmga yordam bermaslik edi. Uning tashakkur istashi zulmdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:06:30

Agar uning holidan tashakkurni sevmasligi va uni maqsad qilmasligi ma’lum bo‘lsa, shunda tashakkur aytadi va sadaqasini oshkor qiladi. Shuning uchun ham Rasululloh (s.a.v.) ham oldilarida maqtalgan kishi to‘g‘risida: «Uning bo‘yniga urdinglar, agar buni u eshitganda najot topmasdi», dedilar (Muttafaqun alayh). Shu bilan birga u zot (s.a.v.) bir qavmni iymonlariga ishonganlari va bu hol ularga zarar bermasligi, balki yaxshilik yo‘lidagi rag‘batlari yanada ziyoda bo‘lishini bilganlari uchun yuzlariga maqtardilar. Ulardan biri haqida: «U badaviylarning sayyididir», desalar (Anbariy va Tabaroniylar rivoyati), boshqa o‘rinda: «Agar sizlarga bir qavmning ulug‘i kelsa, uni ikrom qilinglar» (Sha’biy sahih sanad bilan mursal holda rivoyat qildilar), deydilar. Bir odamning gapini eshitib hayratlanganlarida: «Albatta bayonda sehr bordir» (Buxoriy rivoyati), dedilar. Yana aytadilar: «Agar biringizga bir birodarining yaxshiligi ma’lum bo‘lsa, buning xabarini unga bersin, chunki bu uning yaxshilikka rag‘batini ziyoda qiladi» (Doriqutniy rivoyati), «Agar mo‘min maqtalsa, qalbida iymon o‘ladi» (Tabaroniy zaif sanad bilan rivoyat qilgan). Savriy aytadilar: «Kim o‘zini bilsa odamlarning maqtovi zarar bermaydi».

Bu ma’nolarning daqiqidir. Qalbining rioyasini qilgan kishi bularni mulohaza etadi. Bu noziklikka beparvo bo‘lib qilingan a’zolarning amallari shaytonga kulgidir. Chunki bunda mashaqqat ko‘p bo‘lib, foyda kamdir. «Bir masalani bilmog‘im bir yillik ibodatdan afzaldir», degan ma’no mana shunga o‘xshash ilm haqida aytilgandir. Zero, bu ilm bilan umr ibodati jonlanadi. Va jaholat bilan o‘lib, ishdan chiqadi.

Xullas, ko‘pchilik ichida olib, yashirin holda qaytarib berish yo‘llarning eng yaxshisi va tinchidir. Kishi naqshu-bezaklarga qiziqmasligi kerak. Illo, ich va tash barobar bo‘ladigan darajaga yetishguncha ma’rifatni kamolga yetkazish lozim. Bu esa gapirilaveradi-yu, lekin ko‘zga ko‘rinmas falsafa toshidir. (U - o‘rta asr alximiklariga ko‘ra, har qanday ma’danni oltinga aylantira oladigan tosh). Allohdan chiroyli yordam va muvaffaqiyat so‘raymiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:07:35

Sadaqa yoki zakot olishdan afzalining bayoni

Ibrohim Al-Xavvos, Junayd va boshqa bir jamoat sadaqani olishni afzal sanaydilar. Chunki zakotni olishda miskinlarga zahmat va qiyinchilik bor. Zero, ko‘pincha olish uchun Qur’oni karimda tavsiflangan haqdorlik sifatlari yetarli bo‘lmasligi mumkin. Sadaqada esa ish ancha kengdir.

Sadaqani emas, zakotni oladi, deganlar aytishadi: «Chunki bu vojibga madad berishdir. Agar miskinlar hammalari zakot olishni tark qilishsa, barobar gunohkor bo‘lishadi. Chunki zakotda minnat yo‘qdir». Va u Alloh subhanahuning muhtoj bandalariga rizq o‘laroq qilgan vojib haqqidir. Chunki u ehtiyoj yuzasidan olmoqda. Inson o‘z hojatini aniq biladi. Sadaqani olish qarzga olishdir. Chunki ko‘pincha sadaqa beruvchi bu to‘g‘rida yaxshi deb e’tiqod qilgan kishisiga beradi. Chunki miskinlarga oshnolik zillat va tavozega kirgizadi. Mutakabbirlikdan uzoq qiladi. Zero, inson sadaqani hadya ko‘rinishida oladi. Shundan uni ajratib bo‘lmaydi. Bu oluvchining xorligi va muhtojligini anglatadi. Bu to‘g‘ridagi haq so‘z shuki, bu narsalar shaxsning holatlariga va unda g‘ojb bo‘lgan sifatga va ko‘ngliga tukkan niyatiga qarab o‘zgaradi. Agar u haqdorlik sifati bilan vasflanmagan bo‘lsa, unga zakot olish durust bo‘lmaydi. Agar yaxshilikka sarflangan qarzi bo‘lib, uni to‘lashga imkoniyati yo‘q kishi kabi o‘zini zakot olishga to‘la haqli hisoblasa, demak, u qat’iyan haqlidir. Agar bu inson zakot olish va sadaqa o‘rtasida ixtiyorli bo‘lsa, sadaqa egasining molini olmasa, sadaqa etmasligini bilib qolsa, uni olsin. Chunki vojib zakotni egasi haqdor kishiga shundoq ham beraveradi. Agar shunday qilinsa yaxshilik ko‘payadi, miskinlarga kenglik bo‘ladi. Agar mol sadaqaga atab qo‘yilgan bo‘lsa, zakotni olish miskinlarga qiyinchilik tug‘darmasa, bu holda u ixtiyoriydir. Bu to‘g‘ridagi ishlar tafovutlidir. Zakotni olish ko‘p hollarda nafsni sindirish, xorlashdir, vallohu a’lam.

Allohga hamd bo‘lsinki, yordami va go‘zal muvaffaqiyati bilan «Zakot sirlari» kitobi bitdi. Buning ortidan, inshaalloh, «Ro‘za sirlari» kitobi keladi. Sayyidimiz Muhammadga barcha payg‘ambar va rasullarga, ahli samo va yerdan bo‘lgan farishta va muqarrablarga va oli ashobga qiyomatga qadar ko‘p va doimiy salovot va salomlar bo‘lsin. Hamd tanho Allohgadir. Alloh bizga kifoyadir. U qanday ham yaxshi vakildir!

Qayd etilgan



AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:15:22

Ihyou ulumid-din. Zakot sirlari kitobi



Muallif: Imom G'azzoliy
Hajmi: 158 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan