Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391563 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 B


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 07:42:44

Qozi Abduljabbor Qur’on oyatlarida uchraydigan, zohiriy ma’nosida g‘arobat mavjud bo‘lgan oyatlarga haqiqiy ma’no berishdan bosh tortib, ularni majoz va tashbehga ta’vil qiladi. Masalan: «Al-Arof» surasining 172-oyati

وَإِذْ أَخَذَ رَبُّكَ مِنْ بَنِي آدَمَ مِنْ ظُهُورِهِمْ ذُرِّيَّتَهُمْ وَأَشْهَدَهُمْ عَلَى أَنْفُسِهِمْ أَلَسْتُ بِرَبِّكُمْ قَالُوا بَلَى شَهِدْنَا

«Rabbingiz Odam o‘g‘illarining bellari (pushti kamarlari) dan zurriyotlari (ruhlari)ni olib, ularni o‘zlariga guvoh qilib turib: «Men Rabbingiz emasmanmi?»  dedi. (Ular): «Yo‘g‘-e! (Rabbimizsan) Guvohlik berdik!»  dedilar» (A’rof, 172) tafsirida shunday savol-javob bor.

Savol: «Xabarda kelishicha, Odam belidagi barcha inson farzandlaridan ahdlashuv olingan. Shu narsa mumkinmi?»

Javob: «Qavm rivoyatda xato qilganlar. Odam zurriyotlaridan ahdlashuv olish muhol ishdir. Ular aqlsiz va hayotsiz zarralardir. Ahdlashuv oqillardan olinadi, ya’ni Alloh Ta’olo ularning aqllariga ularga lozim bo‘lgan vazifalarni joylashtiradi, ular dunyoga kelganlaridan so‘ng dunyo va oxirat haqida o‘ylay boshlaydilar.
Oyatning ma’nosi ular qilgan rivoyatning aksini ko‘rsatib turibdi. Alloh Odam pushti kamaridan emas, zurriyotlarining pushti kamaridan ahdlashuv olgan».

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 07:45:16

«Ar-Ra’d» surasining 13-oyati

وَيُسَبِّحُ الرَّعْدُ بِحَمْدِهِ

«Momaqaldirod ham unga tasbeh aytur» (Ra’d, 13.) tafsirida ushbu: «Momaqaldiroq Allohga qanday tasbeh aytadi?» — degan savolga Abduljabbor shunday javob beradi: «Oyatdan murod momaqaldiroqning dalolatidir, ya’ni uning dahshatli ovozi Allohning qudrati, ulug‘ligi va pokligiga dalolat qiladi».

Biz mo‘‘tazila firqasining ashaddiy mutaassib olimi Qozi Abduljabborning o‘z mazhabi aqidasini himoya qilish maqsadida Qur’oni Karim oyatlarining ma’nolariga qanday daxl qilganini, zarurat joylarda hatto Qur’on nazmini, uning e’joz va balog‘atini o‘z yo‘nalishiga ustalik bilan qanday qilib burib yuborganini ba’zi masalalarda ko‘rib o‘tdik.

Birinchidan, mo‘‘tazila firqasining aqidasi «ahli sunna» aqidasiga muvofiq kelmagan joylarda ular vaziyatdan qanday qilib chiqib ketayotganini bilib qo‘yish, ikkinchidan Qozi Abduljabborning aqliy quvvati va ilmiy darajasi qay darajada yuksak ekanligini fahmlash, uchinchidan, ana shunday ustomonliklarga aldanib qolmaslik maqsadida uning tafsirini mutolaa qilish foydadan xoli emas.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 07:48:57

4. Az-Zamaxshariyning to‘liq nomi Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Al-Xorazmiy Al-Imom Al-Hanafiy Al-Mo‘‘taziliy bo‘lib, laqabi «Jorulloh», to‘rt yuz oltmish yettinchi hijriyda Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida tug‘ilgan. Bag‘dodga kelib, ustozlar huzurida ta’lim olgan. Xurosonga bir necha marta borgan. Qaerga bormasin, atrofiga odamlar yig‘ilib, unga shogird bo‘lishgan. Kim bilan munozara qilmasin, u taslim bo‘lib, Zamaxshariyndng ilmini e’tirof etgan. Shunday qilib, uning ovozasi butun olamga yoyildi va zamonasining yagona allomasiga aylandi.

Az-Zamaxshariyning turli ilm sohalarida o‘ta hassoslik bilan ta’lif etgan asarlari bor. Ularning birinchisi «Al-Kashshof» tafsiridir. Allomaning nahv haqida «Al- Muhojot», «Al-Mufassal», arab tilida «Al-mufrad val-murakkab», hadis tafsirida «Al-Foiq», lug‘atda «Asosul-balog‘a», fiqhda esa «Ruusul-masoil» nomli kitoblari mavjud.

«Vafayotul a’yon» kitobining muallifi shunday yozadi: «Az-Zamaxshariyning e’tiqodi mo‘‘taziliydir. U o‘zining e’tiqodini yashirmasdan, aksincha faxrlanib yurgan. Aytishlaricha, u biror kishining huzuriga borsa, eshik qorovuliga: «Abul Qosim mo‘‘taziliy kelib, eshik oldida kirishga izn so‘rayapti, deb aytgin», — deb buyurar ekan. U «Al-Kashshof»ni yozish asnosida hamdu sano xutbasini: «Qur’onni yaratgan Allohga hamd bo‘lsin!» — deb boshlagan ekan. Odamlar undan butunlay yuz o‘girishgan, ziyoratiga kelmay qo‘yishgan. Keyin u «xolaqo»(yaratdi) so‘zini «ja’ala»(qildi) so‘ziga almashtirgan. Holbuki, mo‘‘taziliylarning nazdida bu so‘z ham «yaratdi» ma’nosidadir. Ammo «Al-Kashshof»ning barcha nusxalarida tafsir: «Qur’oni Karimni nozil qilgan Allohga hamd bo‘lsid!»  deb, «anzala»(nozil qildi) so‘zi ishlatilgan. «Al-Kashshof»dagi bu isloh musannifning emas, balki muharrirning islohidir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 07:52:10

Al-Feruzobodiyning guvoxdik berishicha, Az-Zamaxshariy o‘zining mo‘‘taziliy e’tiqodida shunchaki bo‘lgan emas, balki u shu e’tiqodda bo‘lganidan faxrlanib yurgan. Shuning uchun uning o‘zi «xolaqo» yoki «ja’ala» fe’lini «anzala»ga o‘zgartirishi mumkin emas. Ehtimolki, uning shogirdlaridan biri ustozining obro‘sini saklash maqsadida o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin. Al-Feruzobodiy «As-Salom» shahriga ziyorat uchun borganda, u yerda Az-Zamaxshariyning o‘z qo‘li bilan yozgan, isloh qilinmagan tafsir nusxasini ko‘rganligini aytadi. (Kashfuz-zunun, 2-j. 176-b.)

Az-Zamaxshariy Makkadan qaytib kelganidan so‘ng, besh yuz o‘ttiz sakkizinchi hijriyda Xorazmning Jurjoniyya qishlog‘ida vafot etadi.

Az-Zamaxshariy o‘zining «Al-Kashshof» nomli tafsirini yozishdan avval biroz ikkilanadi. Bu haqda muallif tafsirning muqaddimasida yozgan. Tafsirning yozilish sabablari haqidagi ma’lumotni uning muqaddimasidan olishni tolibga tavsiya qilgan holda, asosiy maqsadga o‘tamiz.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 07:53:57

5. «Al-Kashshof» garchi e’tizoliy aqidaga muvofiq yozilgan bo‘lsa ham, bundan qat’iy nazar juda yuqori qimmatga ega bo‘lgan tafsirdir. Qur’oni Karimning mo‘‘jizlik siri, nazmining go‘zalligi va balog‘atdagi yuksak darajasi muallif tomonidan ochib berilgan. Buning sababi Az-Zamaxshariyning juda ko‘p ilm sohalarini, xususan arab lug‘atining jozibakorligi, ash’orlar, balog‘at, bayon, e’rob, adab ilmlarini mukammal bilganligidir. Az-Zamaxshariy oyatlardagi jozibani darhol ilg‘ab olardi. O’zining bunday fazilat egasi ekanligiga «Al-Kashshof»ning muqaddimasida ishora etadi: «Ilmlarning eng nozigi, har qanday aqlni hayron qiladigani tafsir ilmi bo‘lib, unga har qanday olim jur’at qilavermaydi. AlJohiz «Nazmul Qur’on» kitobida yozganidek, Faqih agar hukm va fatvoda barcha tengdoshlaridan g‘olib bo‘lsa ham, mutakallim garchi kalom san’atida ahli dunyolarni lol etsa ham, tarixchi va hofiz Qirriyyaning o‘g‘li (Uning ismi Ayyub, arab suxandonlaridan biri. Qirriyya esa uning onasi)dan zehni o‘tkirroq, vo’iz agar Al-Hasan Al-Basriydan gapdonroq, An-Nahviy agar Sibavayhdan bilimdonroq bo‘lsa ham, lug‘at olimi lug‘atlarni saqichdek chaynab tashlasa ham, ammo ular Qur’on yo‘li oldida ojiz, haqiqatini idrok etishdan gungdir. Ammo Qur’onga xos bo‘lgan ikki ilm: ma’oniy va bayonda o‘tkir ilm sohibi bo‘lgan odam bu ishning uddasidan chiqishi mumkin». (Az-Zamaxshariy. Al-Kashshof, 1-j. 12-15-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 07:55:04

Haqiqatan ham Az-Zamaxshariy mufassirga zarur bo‘lgan barcha vasilalarni jamlab, o‘zining ulug‘ tafsirini yozib tugatib, odamlar e’tiboriga havola qildi. Az-Zamaxshariy o‘zining bu tafsiri barcha fazilatlarni jamlagan asar bo‘lganini, barcha olimlar huzurida husni qabulga munosib ko‘rilganini bilgach, Allohning bunday ne’mati va inoyatiga shukrona keltirib ushbu g‘azalni yozdi:

Dunyoda tafsirlar sonu sanoqsiz,
Ular orasida Kashshof safodir.
Agar sen hidoyat qidirsang, o‘qi!
Jahl bir kasallik, Kashshof shifodir.

Agar Az-Zamaxshariy o‘zining tafsiri bilan faxrlanib, ujub darajasiga yetsa ham, biz uni ma’zur tutsak arziydi, chunki uning tafsiri boshqa tafsirlar orasida yagona, ustozlar va shogirdlar orasida ham mo‘‘tabardir. Hatto uning xusumatchilari ham tafsirning kamchiligiga to‘xtalishdan avval, uning fazilatini, ta’lif etgan allomaning san’atini e’tirof etadilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 07:57:07

1. Ash-Shayx Haydar Al-Haraviy «Al-Kashshof» haqida o‘zining fikr-mulohazalarini bayon etib, bu tafsir nihoyatda yuqori saviyada yozilganini ta’kidlaydi. Uning yozishicha, Az-Zamaxshariy Qur’onning biror oyatini tafsir qilishga kirishsa, agar oyatning mazmuni uning xohishiga muvofiq bo‘lmasa, oyatning madluli uning murodini ifoda qilmasa, u oyatning zohiriy ma’nosini shoshilmasdan, qizishmasdan, ortiqcha balog‘iy nuktalarsiz o‘z maqsadi yo‘liga shunday buradiki, u Allohning kalomini tahrif qilayotgan bo‘lsa ham, hech kim undan gumon qilmaydi. Gapni uzoqdan olib keladi, bildirmasdan ustalik bilan e’tizoliy aqidani singdiradi, natijada tolib uning fikr tuzog‘iga ilinadi, «haqiqat bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas», degan qarorga keladi. Bu juda katta ofat va musibatdir.

Az-Zamaxshariy tasavvuf lazzatidan bebahraligi tufayli Allohning valiylarini ham qattiq tanqid qiladi. «Al-Moida» surasining 54-oyati:

يُحِبُّهُمْ وَيُحِبُّونَهُ

«Ularni Alloh sevadi va ular ham Allohni sevadilar» (Moida, 54) tafsirida Az-Zamaxshariy Allohning valiylari haqiga loyiq bo‘lmagan, aqlli odam tafsirda emas, fahsh kitoblarida ham yozishdan uyaladigan ta’nalar, bo‘htonlarni yozadi. Allohning valiylarini ayblashga shunday jur’at qilgan odam, Allohning kalomiga tajovuz qilishga shubhasiz jur’at qiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 07:58:02

Muallif tafsirida shunday baytlarni keltirganki, ular hazil-mutoyiba, masxara uchun yozilgan. Bunday she’rlarni tafsirda keltirish shar’an va aqlan joiz emas, xususan adl va tavhid ahli uchun.

Az-Zamaxshariy Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning bashoratlari bilan «firqai nojiya» deb ataluvchi «ahli sunna val-jamoa» haqida juda fahsh gaplarni gapiradi. Ularga hatto «mulhid», «kofir»lik nisbatlarini beradi. Bunday jur’at qalbi pok, imoni bebok ulamolarning emas, balki beadab, esi past odamlarning ishidir. (Haydar Al-Haraviyning ta’liqi qisqartirib berildi.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 07:58:43

2. Abu Hayyon ham o‘zining «Al-Bahrul muhit» nomli tafsirida «An-Naml» surasining 49-oyatini tafsir qilib, keyin shu oyatga Az-Zamaxshariy qanday ma’no berganini tahlil qiladi va shunday deydi: «Bu odam (Az-Zamaxshariy)ga Alloh Ta’olo Qur’on ilmidan, so‘zamollik va zakovatdan komil nasiba bergan bo‘lsa ham, tafsir kitobida ba’zi kamchiliklar borki, men ularni qasidamda bayon etgan edim. Unda avval «Al-Kashshof»ning fazilatini, uning yutuqlarini aytib, keyin tolibni undagi kamchiliklardan ogohlantirdim. Ana shu qasidamning madh qismini emas, tanbeh qismini e’tiboringizga havola qilmoqchiman: (Qasidaning matni nasrda tarjima qilindi)

«Lekin bu tafsirda tanqidiy nazar bilan qarash lozim bo‘lgan xato-kamchiliklar mavjud. Muallif mavzu’ hadislarni johillardek rivoyat qiladi va shubhali roviylarga nisbat beradi. Ulug‘ imomlarni haqorat qiladi. Qisqacha ibora bilan tushuntirish mumkin bo‘lgan fikrni «quruq aravani olib qochgandek» uzoq va behuda gaplar bilan sudraydi. Alloh aytmagan (Allohning murodi bo‘lmagan) gaplarni aytib, muqaddas kalomni tahrif qiladi. Oyatlarning tarkibini tahlil qilishda ham nahv qoidalaridan chiqib ketadi. Ba’zi fikrlarni boshqa olim va mufassirlardan o‘g‘irlagan bo‘lsa ham, o‘zining fikridek gapiradi. Oyatlardan ma’no chiqarishda, nahv qoidasini rioya qilmasdan qasddan xato qiladi. Qur’on lafzlarini o‘zgartirib, ma’noni o‘z mazhabiga buradi. Shuning uchun, Ey Alloh! Bu Shayxning nomini o‘zing Mashriqu Mag‘ribdan o‘chirgin! Agar unga Allohning rahmati yetmasa, u kofirlarga hamroh bo‘lib qoladi».(Muhammad Husayn Az-Zahabiy. "œAt-tafsir val-mufassirun". Qohira. 1381-hijriy. 1-juz’.438-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 07:59:40

3. Alloma Ibn Xaldun Az-Zamaxshariyning tafsirini shunday ta’riflaydi: «Tafsirlarning balog‘at, fasohat va til sohasida eng go‘zal yozilgani Xorazm elidan bo‘lgan Az-Zamaxshariyning «Al-Kashshof» tafsiridir. Muallif aqidada e’tizoliydir. Qur’on oyatlariga fikr bildirayotganda o‘zining ana shu fosid aqidasi nuqtai nazaridan hujjatlashadi, shuning uchun «ahli sunna» ulamolari jumhurni doim uning tuzog‘idan ehtiyot bo‘lishga chaqiradilar. Lekin til va balog‘at ilmini yaxshi bilishiga e’tiroz yo‘q. Agar tolib mazohibi saniyyadan voqif bo‘lib, e’tiqodi mustahkam bo‘lsa, u holda unga qarshiligimiz yo‘q, «Al-Kashshof»ni mutolaa qilib, muallifning til sohasidagi san’atini, uning benazirligini ko‘rib ibrat olsin.

Iroq ajamlaridan bo‘lgan Sharafiddin At-Toyyibiy «Al-Kashshof»ga sharh yozgan. U sharhida, Qur’on oyatlarining balog‘ati mo‘‘taziliylarning aqidasiga emas, «ahli sunna» aqidasiga muvofiq ekanligini isbotlagan. (Muqaddimatu Ibn Xaldun. 491-b.)

Qayd etilgan