Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391561 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 62 B


Musannif Adham  06 Avgust 2008, 19:26:49

Tayanch iboralar: Tavhid — Allohning yakkayu-yagonaligi, g‘oyaviy bog‘liqlik va izchillik, «Xudodan ilhomlanib», «Tora»—«qonun, shari’at», deganidir, «Qadimiy axd», jumlalar iqtibos qilingan, iloxiy kitoblar mohiyati Qur’onda mujassam, Azroning yunoncha kitobi, Bani Isroil qavmi, «Zabur» so‘zi lug‘atda bir necha ma’noni ifodalaydi, Lavhul-mahfuz (takdir lavhi), diniy she’riyat usuli, sanolar madhiyalar hamda Allohning savob va iqoblari vasfi, amr va nahiylar, halol-harom to‘g‘risidagi ahkomlar va ibodatlarga da’vatlar, «Yevangelie» - xushxabar, «rohmatan lil-’alamiyn», Injilning Barnabo nusxasi, «ahli kitoblar», «ruhul haq» va "œForqlit" Otam yuboradigan Muqaddas Ruh, «rajm oyati», samoviy kitob, sahobai kiromlar, «Iyso—Xudodir» desa ba’zilari «Iyso—Xudoning o‘g‘lidir», Diokletian podshohlikka o‘tirgan davr, Konstantinni nasroniylikni qabul qilishi.   

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Avgust 2008, 19:29:12

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar

1 .Ilohiy kitoblar qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak?
2.Tavrotning ma’nosi nima va u qanday kitoblar sirasiga kiradi?
3. Zabur haqida nima bilasiz?
4.Ilohiy Injilning taqdiri haqida qanday ma’lumotlar bor?
5.Nasroniylarning ommaviy qatag‘on qilingan yillarini bilasizmi?

Tavsiya etilgan va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1.Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T., 2001.
2.Obidov R. Q. Ilohiy kitoblar. TDShI., 2000.
3. Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira.
4. Afif Abdul Fattoh. Ma’al-anbiyo fil Qur’on. Lubnon. 2266.
5. «Ilohiy mo‘‘jizalar».Toshkent.1995 yil.
6. Tafsiri Ibn Kasir. Bayrut. 1969. 1-4-tomlar.
7. Al-Qomus Al-Jadid. 1985 yil, Tunis. Axtari kabir, 1913.
8. M. A. Jo‘shon. «Islom: sevgi va tasavvuf».
9. Fathul Boriy. 5-j, 292-b.
10. Barnabo injili.
11. Yahudiy qomusi, 5-tom, 322-b.


Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Avgust 2008, 07:44:47

3-MAVZU. QUR'ONI KARIM — ALLOHNING MUQADDAS KALOMI

Dars rejasi:

1.  Qur’oni Karimning nozil bo‘lishi.
2.   Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning vahiy yozuvchi kotiblari.
3.  Abu Bakr Siddiq davrlarida Qur’oni Karimning sahifalarga jamlanishi.


Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Avgust 2008, 06:02:34

1. Islomdan oldingi barcha dinlar tarixan buzilgan bo‘lib, o‘sha davrning o‘zidayoq bir-biridan mazmunan farq qilibgina qolmay, balki bir-biriga qarama-qarshi, zid fikrlarni ham ifodalay boshlagan edi. Chunki ilohiy kitoblarga inson aqli bilan o‘zgartirishlar kiritilib, mohiyati buzilgan edi. Qadimgi kitoblar qoniqarli bo‘lmay, insoniyatning diniy extiyojiga javob berishga ojizlik qilib qolgan edi. Odamzodning butun ma’naviy-ruhiy ehtiyojlarini qondiradigan yagona ilohiy kitob nuzuli zaruriyatga aylangan edi.

Oldingi payg‘ambarlar o‘zlari yetkazgan xabarni eng oxirgi, qatiy, uzil-kesil xabar deb e’lon qilmaganlar, ular to‘xtovsiz ruhiy-ma’naviy kamolotga — taraqqiyotga ishongan edilar. Va doimiy ravishda o‘z qavmlariga barcha insonlarni birlashtiradigan va ularni so‘nggi yuksak manzil sari eltadigan payg‘ambar — Muhammad(s.a.v.) keladilar, deb xushxabar bergan edilar. Bular hayotiy zaruriyatlardir. Ammo buning ham bosh sababi ulug‘ Allohning xohish-irodasi edi. Alloh Ta’olo dastavval payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning nurlarini yaratdi va ul zotning o‘zlarini insoniyatga eng oxirgi payg‘ambar — «xotam un-nabiyyin» qilib yubordi. Bu ulug‘ payg‘ambarning payg‘ambarlik mo‘‘jizalari va ummatlariga dasturulamal sifatida, muqaddas kitoblarning oxirgisi va mukammali Qur’oni Karimni nozil qildi.

Payg‘ambarimiz qirq yoshga to‘lganlarida Makkadagi boshqa «zohidlar» (Zohidlar yahudiy va nasroniylar e’tiqodida bo‘lgan, dunyodan yuz o‘girgan rohiblardir. Islomda rohiblik man etilgan, biroq «taqvo» ma’nosidagi zuhd, ya’ni dunyoga hirs qo‘ymaslik maqtaladi) va «haniflar» (Haniflar esa, botil dinlarning birortasiga e’tiqodda bo‘lmagan, butunlay dunyodan yuz o‘girmasdan faqat o‘z aqli bilan olamlar yaratuvchisining mavjudligiga ishonib, xoliy joylarda tafakkur bilan mashg‘ul bo‘lgan kishilardir)singari Hiro g‘orida (Makkadan besh chaqirim) bir go‘sha topib chuqur tafakkurga berilardilar. Katta bobolari Ibrohim payg‘ambarning to payg‘ambarlik kelguncha qilgan ibodatlari ham shu yo‘sinda boshlangan edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Avgust 2008, 06:11:55

Rasululloh (s.a.v) 610 yili Ramazoni sharif oyida dushanba kuni odatdagidek mazkur go‘shada — Hiro g‘orida ibodat qilayotgan paytlarida Alloh Ta’olo Jabroil farishta orqali payg‘ambarlik bashoratini yubordi. Jabroil farishta kelib: «Ey Muhammad, men Jabroilman, sen esa Allohning elchisisan», — dedilar. Keyin Allohning huzuridan olib kelgan besh oyatni Payg‘ambarimizga o‘qib berdilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v)ga birinchi nozil bo‘lgan oyatlar Qur’oni Karimning «Iqro’» surasidan besh oyat, 18 kalima edi. Unda Alloh shunday xitob qilgan:

اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ (١)خَلَقَ الإنْسَانَ مِنْ عَلَقٍ (٢)اقْرَأْ وَرَبُّكَ الأكْرَمُ (٣)الَّذِي عَلَّمَ بِالْقَلَمِ (٤)عَلَّمَ الإنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَمْ

«Ey Muhammad, barcha mavjudotni yaratgan zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing! U insonni laxta qondan yaratgan zotdir. O’qing! Sizning Parvardigoringiz insoniyatga qalam bilan yozishni o‘rgatgan zotdir. U Zot insonga bilmagan narsalarini o‘rgatdi».

Eng oxiri nozil bo‘lgan oyat haqida Ibn Ishoq Barro (r.a.)dan rivoyat qilib shunday deydi: «Qur’oni Karimning eng oxirgi nozil bo‘lgan oyati karimasi «Niso» surasining 176-oyatidir:

يَسْتَفْتُونَكَ قُلِ اللَّهُ يُفْتِيكُمْ فِي الْكَلالَةِ إِنِ امْرُؤٌ هَلَكَ لَيْسَ لَهُ وَلَدٌ

«Sizdan fatvo so‘raydilar. Ayting(Ey Muhammad): «Alloh sizlarga otasi ham, farzandi ham bo‘lmagan odam to‘g‘risida (shunday) fatvo beradi». ( Niso, 176-oyat).

Abu Bakr ibn Iyosh shunday deydi: «Ibn Ishoq xato gapni aytgan. Chunki, Muhammad ibn As-Soibning rivoyat etishicha, Ibn Abbos (r.a.): «Qur’oni Karimning eng oxirgi nozil bo‘lgan oyati:

وَاتَّقُوا يَوْمًا تُرْجَعُونَ فِيهِ إِلَى اللَّهِ ثُمَّ تُوَفَّى كُلُّ نَفْسٍ مَا كَسَبَتْ وَهُمْ لا يُظْلَمُونَ

«Barchangiz Allohga qaytadigan va har bir kishi zulm qilinmasdan amaliga yarasha evaz oladigan kundan qo‘rqinglar!» (Baqara, 281.) — degan oyatdir. Bu oyatni Jabroil (a.s.) olib kelib: «Ey Muhammad, ushbu oyatni «Baqara» surasining ikki yuz saksoninchi oyatidan so‘ng qo‘ying!» — deb buyurdilar.( Qurtubiy. Al-Jomi’ li-ahkomil Qur’on .Bayrut, 1-j. 60-61-bet.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Avgust 2008, 06:18:01

«Ilk nozil bo‘lgan oyatlar «Alaq» surasining ilk besh oyati edi. Eng oxirda kelgan oyat esa «Baqara» surasining 281oyati bo‘ldi. Bu oyati karima hayitning birinchi kuni nozil bo‘lgan edi. Vado’ hajida Arafotda nozil bo‘lgan «Moida» surasining uchinchi:
الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ

«Bugun men sizlarga diningizni mukammal qildim»,— oyati esa, Qur’oni Karimdagi ahkom oyatlarining eng so‘nggisidir».

Sura nuqtai nazaridan esa, Qur’oni Karimning «Fotiha» surasi butun sura holida birinchi nozil bo‘lgan, chunki, «Alaq», «Qalam» va «Muddassir» suralarining to‘la nozil bo‘lishidan avval «Fotiha» to‘la sura shaklida nozil qilingan edi. (Zakoi Ko‘nrapa. Payg‘ambarimiz va Asharai mubashshara. 1-j. 1995. 88-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Avgust 2008, 06:23:03

Qur’oni Karim o‘zidan avvalgi nozil qilingan muqaddas kitoblar singari butun kitob shaklida tushirilgan emas, balki insonlarning ehtiyojlariga muvofiq ba’zida bir necha oyat, ba’zida to‘la suralar holatida turli paytda nozil bo‘lar edi. Bu haqda Qur’onda shunday deyiladi:

وَقُرْآنًا فَرَقْنَاهُ لِتَقْرَأَهُ عَلَى النَّاسِ عَلَى مُكْثٍ وَنَزَّلْنَاهُ تَنْزِيلا

«Siz Qur’onni odamlarga asta-sekin o‘qib berishingiz uchun Biz uni qismlarga ajratdik va bo‘lib-bo‘lib nozil qildik». (Isro, 106.)

وَقَالَ الَّذِينَ كَفَرُوا لَوْلا نُزِّلَ عَلَيْهِ الْقُرْآنُ جُمْلَةً وَاحِدَةً كَذَلِكَ لِنُثَبِّتَ بِهِ فُؤَادَكَ وَرَتَّلْنَاهُ تَرْتِيلا

«Kofir bo‘lgan kimsalar: «Nega bu Qur’on unga (payg‘ambar (a.s.)ga) bitta to‘plam holida nozil qilinmadi?» — deydilar. (Ey Muhammad), Biz u (Qur’on) bilan dilingizni ustuvor qilish uchun mana shunday (parcha-parcha holda nozil qildik) va uni bo‘lib-bo‘lib bayon qildik».( Furqon, 32)

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Avgust 2008, 19:26:30

2. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) esa Parvardigordan vahiyni qabul qilib olganlaridan so‘ng, nozil bo‘lgan sura va oyatlarni huzurlarida bo‘lgan sahobalarga tilovat qilib berar va vahiy kotiblariga oyatning joyini ko‘rsatib: «Bu oyatni falon suraning falon joyiga qo‘yinglar!»  deb buyurar edilar. Ular Rasululloh (s.a.v.) aytib turgan oyatlarni xurmo po‘stloqlariga, daraxt barglariga, terilarga, hayvonlarning kurak suyaklariga va yapaloq toshlarga yozib qo‘yardilar. Oyatlarni eshitgan sahobalar esa, ularni darhol yodlab olishar, bir-birlariga yetkazishar, ma’nolarini yaxshi fahmlash uchun takror qilishar edi.

Al-Hokim «Al-Mustadrak» kitobida shunday rivoyatni keltirganlar: «Zayd ibn Sobit (r.a.)aytadilar: «Rasululloh (s.a.v.)ning huzurlarida vahiyni yozib turar edim. Yozib tugatganimdan so‘ng menga: «O’qi!» — deb amr qilar edilar, men yangi yozganlarimni o‘qib berardim. Biror narsa tushib qolgan bo‘lsa, Ul zot to‘ldirar edilar».

Imom Buxoriy «Sahih»larida Al-Barro (r.a.)dan shunday rivoyat qiladilar: «Lo yastavil qo’idun» oyati nozil bo‘lganda Rasululloh (s.a.v.) menga: «Zaydni chaqir, lavhu qalam va kurak suyagini olib kelsin!» — dedilar. Zayd kelgandan so‘ng, unga: «Yoz, «Lo yastavil qo’idun» — deb amr qiddilar».

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Avgust 2008, 19:28:13

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Rasululloh (s.a.v.) ga biror oyat nozil bo‘lsa, vahiy kotiblariga: «Bu oyatni falon nomli suraning falon oyatidan keyin yozib ko‘yinglar!» — deb buyurardilar.

Ibn Vahb aytadilar: «Men Imom Moliqdan shunday gapni eshitganman: «Shubhasiz Qur’on Rasululloh (s.a.v.)dan sahobalar tomonidan qanday eshitilgan bo‘lsa, shunday yozilgan».

Abu Bakr Al-Anboriy «Ar-Rad» kitobida shunday yozadilar: «Alloh Ta’olo Qur’oni Karimni (Ramazon oyining Qadr kechasida) dunyo osmoniga butun holida tushirgan. («Baqara» surasining 185-oyati va «Qadr» surasining 1-oyati.) Keyin yigirma yil (Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning payg‘ambarlik muddatlari shamsiy-milodiy hisob bo‘yicha yigirma yil, qamariy hisob bo‘yicha yigirma uch yildir.) davomida bo‘linib-bo‘linib, ba’zi sura va oyatlar sodir bo‘layotgan voqe’alarga muvofiq, ba’zilari esa savollarga javob tarzida nozil etilgan. Har bir sura va oyatni Jabroil (a.s.) Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga olib kelar ekanlar, uning qo‘yilish joyini—sura va oyatlar tartibini ochiq ko‘rsatardilar».( Qurtubiy. Al-Jomi’ liahkomil-Qur’on. Bayrut.  1j.  60-bet)

Barcha ulamolar Qur’oni Karimning suralarga bo‘linishi va ularning har biriga nom berilishi Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning sunnatlari ekanligiga ittifoq qilganlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Avgust 2008, 19:30:50

Sahobalarning shohidlik berishlaricha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning ansorlardan va muhojirlardan bir necha vahiy kotiblari bo‘lib, ular Qur’oni Karimni uzluksiz yozib borishar va to‘la jam qilgan edilar. Imom Buxoriy Anas ibn Molik(r.a.)dan va Imom Muslim Hamom(r.a.)dan rivoyat qilishlaricha, Qur’onni to‘la jam qilgan sahobalar Ubay ibn Ka’b, Muoz ibn Jabal, Zayd ibn Sobit va Abu Zayd edilar.

Imom Buxoriyning Anas ibn Molik (r.a.)dan rivoyat qilgan yana bir hadisda shunday deyiladi: «Payg‘ambar vafot etgan vaqtlarida to‘rt kishidan boshqa hech kim Qur’onni jam qilmagan edi: Abud  Dardo, Muoz ibn Jabal, Zayd ibn Sobit va Abu Zayd». (Shayx Ismoil Maxdum. Usmon Mushafining tarixi. T.: «Movarounnahr». 1995.  9-b.)

Ibn Kasir aytadi: «Bu yerda Hazrat Anas to‘rt kishidan boshqa deganlarida faqat ansorlarni ko‘zda tutganlar. Chunki muhojirlardan ham jam qilganlar borligiga shubha yo‘q».

Imom Nasaiy sahih isnod bilan Abdulloh ibn Umar (r.a.)dan rivoyat qiladilar: «Qur’onni jam qildim va uni har bir kecha to‘la o‘qir edim. Buni eshitib Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Uni (Qur’onni) har oyda to‘la o‘qib chiq!» — dedilar.

Qayd etilgan