Sha’biy aytadi: «Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning zamonlarida Qur’onni olti kishi jam qilgan edi: Ubay, Zayd, Muoz, Sa’d ibn Ubayd, Abu Zayd va Mujammi’ bin Joriya». (To‘liq nomlari Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit, Mu’oz ibn Jabal, Sa’d ibn Ubayd, Abu Zayd Qays bin As-Sakan, Mujammi’ ibn Joriya.)
Muhojirlardan Usmon (r.a.), Ali ibn Abu Tolib (r.a.), Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.), Solim mavlo Huzayfa(r.a.), Abdulloh ibn Umar (r.a.) va Amr ibn Os(r.a.)lar qam Qur’onni jam qilganliklari haqida rivoyatlar bor. Masalan: Ibn Sirinning rivoyat qilishicha, Hazrat Ali (r.a.) shunday degan ekanlar: «Rasululloh (s.a.v.) vafot etganlarida, to Qur’onni jam qilmagunimcha jum’a namozidan boshqa namozlarda rido (ustki kiyim)imni kiymayman, deb qasam ichdim. Shunday qilib uni jam qildim(yod oldim)».
Qur’onni to‘plam holida jam qilganlar orasida Miqdod ibn Amr va Abu Muso Al-Ash’ariylar ham bor edi. Al-Ash’ariy keyinchalik o‘zlarining to‘plamlarini «Lubobul-qulub» deb ataganlar (Shayx Ismoil Maxdum. Usmon Mushafining tarixi. T.: «Movarounnaxr», 1995. 11-b.)
Yuqorida rivoyat qilingan hadislarning ma’nolaridan kelib chiqadiki, Qur’oni Karim Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hayotlik paytlaridayoq sahifalarga jamlanib mushaf qilinmagan bo‘lsa ham, qorilarning dilida to‘liq yodlangan va turli ashyolarga to‘liq yozilgan edi.