Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391981 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 62 B


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 07:44:23

Imom Muslim rivoyatlarida Ubay ibn Ka’b shunday deydilar: «Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Makkaning bir mavze’ida edilar. Huzurlariga Jabroil (a.s.) kelib: «Rabbingiz sizga Qur’oni Karimni ummatingizga bir harfda o‘qib berishingizni buyurdi», —dedilar. Rasululloh (s.a.v.): «Men Parvardigorimning afv va mag‘firatini so‘rayman. Ummatim Qur’onni bir harfda o‘qishga qodir emas»,  dedilar. Ikkinchi marta kelganlarida: «Rabbingiz sizga Qur’oni Karimni ummatingizga ikki harfda o‘qib berishingizni buyurdi», — dedilar. Rasululloh (s.a.v.): «Men Parvardigorimning afv va mag‘firatini so‘rayman. Ummatim Qur’onni ikki harfda o‘qishga ham qodir emas», —dedilar. Uchinchi marta kelganlarida: «Rabbingiz sizga Qur’oni Karimni ummatingizga uch harfda o‘qib berishingizni buyurdi», — dedilar. Rasululloh (s.a.v.): «Men Parvardigorimning afv va mag‘firatini so‘rayman. Ummatim Qur’onni uch harfda o‘qishga ham qodir emas», — dedilar. Jabroil (a.s.) to‘rtinchi marta kelganlarida: «Rabbingiz sizga Qur’oni Karimni ummatingizga yetti harfda o‘qib berishingizni buyurdi. Yetti harfdan haysi birida o‘qisalar ham to‘g‘ri o‘qigan bo‘ladilar»,  dedilar. (Qurtubiy. Al-Jomi’ li-ahkomil-Qur’on. Bayrut. 1-j. 41-42-bet.)

Qur’oni Karimning «yetti harf»da nozil bo‘lganligiga dalolat qiluvchi hadislar mutavotir darajasida bo‘lib, barcha sahih kitoblar, jumladan: Buxoriy, Muslim, Molik, Abu Dovud, Nasaiy, Termiziy va boshqa muhaddislarning «Sahih» va «Sunan»larida ulug‘ sahobalar Abu Hurayra, Ubay ibn Ka’b, Abdulloh ibn Mas’ud, Umar ibn Xattob, Ibn Abbos (r.a.) va boshqalardan rivoyat qilingan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 07:48:43

Ammo «yetti harf»dan murod nima ekanligi haqida ulamolar turli fikrlar bildirganlar. Abu Hotim Muhammad ibn Habbon al-Bustiyning yozishicha, bu borada o‘ttiz beshta fikr bildirilgan. Imom Qurtubiy «Al-Jomi’ li-ahkomil Qur’on» nomli tafsirida eng mashhur bo‘lgan beshta fikrni aytib o‘tgan:

1. Sufyon ibn Uyayna, Abdulloh ibn Vahb, Ibn Jarir at-Tabariy, At-Tahoviy va boshqa olimlarning fikrlariga qaraganda, «Yetti harf»dan murod lafzi boshqa, ma’nosi bir xil bo‘lgan so‘zlardir. Masalan, «kel» ma’nosidagi «aqbil», «izta’ola», «lahalumma» kabi.

At-Tahoviy aytadi: «Bu fikrni Abu Bakra rivoyat qilgan quyidagi hadis tasdiklaydi: «Jabroil (a.s.) Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning huzurlariga kelib: «Qur’onni bir harf bilan o‘qing!» — dedilar. Mikoil (a.s.) esa: «Ziyoda etishni talab qiling!» — dedilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) talab qildilar. Jabroil (a.s.u. «Qur’onni ikki harf bilan o‘qing!» — deb buyurdilar. Mikoil (a.s.) esa: «Yana ziyoda etishni talab qiling!» — dedilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) talab qildilar. Shu tariqa Qur’oni Karim yetti harfda o‘qiladigan bo‘ldi. Keyin Jabroil (a.s.) dedilar: «Yetti qiroatning hammasi ham to‘g‘ri, ya’ni «halumma», «ta’ola», «aqbil» (uchchalovi ham «kel» ma’nosida) yoki «izhab», «asri’», «ajjil» (uchchalovi ham «ket» ma’nosida) so‘zlari kabi, illo «rahmat» oyati o‘rniga «azob» oyati yoki «azob» oyati o‘rniga «rahmat» oyatini aralashtirib o‘qib yubormasa bo‘ldi».

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 07:56:38

Ubay ibn Ka’b Qur’oni Karimning «Hadid» surasidagi

يَوْمَ يَقُولُ الْمُنَافِقُونَ وَالْمُنَافِقَاتُ لِلَّذِينَ آمَنُوا انْظُرُونَا نَقْتَبِسْ مِنْ نُورِكُمْ قِيلَ ارْجِعُوا وَرَاءَكُمْ فَالْتَمِسُوا نُورًا فَضُرِبَ بَيْنَهُمْ بِسُورٍ لَهُ بَابٌ بَاطِنُهُ فِيهِ الرَّحْمَةُ وَظَاهِرُهُ مِنْ قِبَلِهِ الْعَذَابُ

oyatida «unzuruna» so‘zi o‘rniga «amhiluna», «axxiruna», «urqubuna» so‘zlarini, «Baqara» surasidagi

oyatida «mashav» so‘zi o‘rniga «marru», «sa’av» so‘zlarini qo‘yib o‘qiganlar. Bularning barchasi lafzi boshqa, ammo ma’nosi bir xil so‘zlardir». (Qurtubiy. Al-Jomi’ li-ahkomil-Qur’on. Bayrut. 1-J. 42-bet)

At-Tahoviy aytadilar: «Qur’oni Karimning tilovatiga bunchalik kenglik berilganiga sabab shuki, Qur’on nozil bo‘lgan qavm o‘qishni ham, yozishni ham bilmaydigan «ummiy» odamlar edi. Agar ular o‘z lahjalaridagi gapni yaxshi eslab qolmasalar, boshqa qabila laxjalarini yodlash, tushunish va esda saqlashlari qiyin edi».

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 08:16:52

2. Qoziy Ibn At-Toyyib, Ibn Abdulbir, Ibn Atiyya, Al-Xitobiy, Abu Ubayd al-Qosim ibn Sallom singari olimlarning fikrlaricha, Qur’oni Karim oyatlari orasida arablarning yetti qabila gaplashadigan lug‘atlar mavjud. Masalan, ba’zi Quraysh qabilasiga, ba’zi so‘zlar Huzayl qabilasiga, ba’zilari Havozinga, ba’zilari esa Yaman qabilasiga mansub so‘zlardir. (Qurtubiy.Al-Jomi’ li-aqkomil-Qur’on. Bayrut)

Qoziy Ibn At-Toyyib aytadilar: «Hazrat Usmon (r.a.) Qur’oni Karimni yozayotgan vaqtda kotiblarga: «Agar biror so‘zda Zayd bilan ixtilof qilsalaringiz Quraysh lug‘ati bo‘yicha yozinglar, chunki Qur’oni Karim Quraysh lug‘ati bo‘yicha nozil bo‘lgan», — deganlarida, «Qur’onning ko‘p qismi Quraysh lug‘atida nozil bo‘lgan» ini nazarda tutganlar. Holbuki, Qur’onda Quraysh lug‘atidan bo‘lmagan so‘zlar talaygina. Buning ustiga Alloh Ta’olo:

إِنَّا جَعَلْنَاهُ قُرْآنًا عَرَبِيًّا لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ

«Albatta, Biz Kur’onni arab tilida (nozil)qildik» ( Zuxruf surasi, 3-oyat) — dedi, «Quraysh tilida» demadi. Shunga qaraganda, Qur’oni Karim turli arab qabilalarining lahjalarida nozil bo‘lganini ta’kidlashimiz mumkin. Umar ibn Xattob, Ibn Abbos singari Quraysh qabilasidan chiqqan zabardast olim sahobalarning ba’zi so‘zlar ma’nosini tushunmasdan, sarosimada qolishlari ham ushbu toifa olimlarning fikrlarini tasdiqlaydi»

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 08:26:38

3. Uchinchi toifa ulamolar shunday deydilar: «Qur’oni Karim Muzor qabilasi lug‘atida nozil bo‘lgan. Hazrat Usmon ham: «Qur’oni Karim Muzor lug‘atida nozil bo‘lgan», — deganlar. Chunki, Muzor qabilasi Quraysh, Kinona, Asad, Huzayl, Taym, Zabba va Qays deb nomlangan yetti qabilani o‘z ichiga olgan bo‘lib, Qur’on ichidagi so‘zlar ham mazkur yetti qabilada ishlatiladigan lahjalarning yig‘indisidir».

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 08:38:27

4.  «Ad-daloil» kitobining muallifi va Al-Qoziy Ibn At-Toyyib shunday deydilar: «Men tadabbur qilib, qiroatdagi ixtiloflarni tekshirdim va bu ixtiloflar yettita ekanligiga amin bo‘ldim:

1) Harakat o‘zgarganda shakli ham, ma’nosi ham o‘zgarmaydigan holat. Masalan: «Hunna atharu (athara)lakum»( Cho‘rilar sizlarga begona ayollardan pokroqdir.) «Va yaziyqu (va yaziyka) sodrii (Yuragim siqiladi, ya’ni yuragim torroq.)

2)  Harakat o‘zgarganda shakli o‘zgarmaydigan, ammo ma’nosi o‘zgaradigan holat. Masalan: «Robbana bo’id (bo’ada)bayna asforina» (Rabbimiz, safarlarimiz orasini uzoq qilgin!).

3)  Harflar o‘zgarganda shakli o‘zgarmaydigan, ammo ma’nosi o‘zgaradigan holat. Masalan: «Nunshizuxa (Uni harakatlantiramiz)— (nunshiruha) (Uni tarqatib yuboramiz)».

4)  Harflar o‘zgarganda shakli o‘zgaradigan, ammo ma’nosi o‘zgarmaydigan holat. Masalan: «Kal’ihnil manfush(kassufil manfush)» (Savalgan yung kabi).

5)  Shakli ham ma’nosi ham o‘zgaradigan holat. Masalan: «Va tolhin manzud (Tizilgan bananzorlar) (va tol’in manzud)» (Uyulgan xurmo mevasi).

6)  Kalimalarning o‘rni almashgan holat. Masalan: «Va jaat sakarotul mavti bilxaqqi (Mana o‘lim mastligi haqiqatan yetib keldi) (va jaat sakarotul xaqqi bilmavti) (Mana haqiqiy mastlik o‘lim bilan yetib keldi)».

7)  Jumlalarda ziyoda va nuqson bo‘lgan holat. Masalan: «Va ammal g‘ulomu fakana abavahu mu’minayni" (Ammo o‘ldirilgan bolaning ota-onasi mo‘min edilar) — (va ammal g‘ulomu fakana kofiran va kana abavahu mu’minayni) (Ammo o‘ldirilgan bola kofir edi va ota-onasi mo‘min edilar)».

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 08:40:47

5. Ulamolarning ba’zilari: «Yetti harf»dan murod Qur’ondagi yetti ma’no, ya’ni amr, nahiy, va’da, va’id, qissalar, mujodala va masallardir, deydilar.

Ibn Atiyya aytadi: «Bu fikr juda zaif. Chunki, ular harf deyilmaydi. Shuningdek, ulamolar Qur’ondagi halol, harom va boshqa ma’nolarga ham «yetti harf»ning aloqasi yo‘q, deb ittifoq qilganlar. Zero bunday qat’iy masalalarda haddan tashqari kengchilikka yo‘l qo‘yilmaydi».

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 08:49:13

Ko‘pchilik ulamolarning, jumladan: Ad-Dovudiy va Ibn Abu Sufralarning fikrlariga qaraganda, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytgan «yetti harf»ning yetti qori qiroatlariga hech qanday aloqasi yo‘q. Chunki, bu qiroatlar Hazrat Usmon (r.a.) Mushafni «bir harf»likka aylantirganlaridan so‘ng qorilar tomonidan o‘zlariga go‘zal ko‘ringan qiroat tanlab olingan. Shuning uchun ham yetti qiroat sahobalarga emas, balki qorilarning o‘zlariga, masalan: Kisoiy qiroati, Nofi’ qiroati, Ibn Kasir qiroati, Osim qiroati, Abu Amr qiroati, Hamza qiroati va Ibn Omir qiroati deb nisbat beriladi. Ko‘p asrlardan buyon ana shu yetti qiroat musulmonlar orasida tarqalgan. Islom mamlakatlaridagi Tahfizul Qur’on madrasalarida yetti qiroat bo‘yicha ma’lumotlar chuqur o‘rgatiladi. Hozirda esa butun dunyoda ikki qiroat yo‘nalishi mashhur bo‘lib, bittasi Imom Hafs rivoyati bilan Imom Osim qiroati (Diyorimizda Imom Hafs rivoyati bilan Imom Osim qiroati tarqalgan), ikkinchisi esa Imom Varsh rivoyati bilan Imom Nofi’ qiroati tarqalgan.

Xulosa qilib aytganda, Qur’onni o‘qish oson bo‘lsin uchun «yetti harf», ya’ni yetti lahjada o‘qishga ruxsat berilgan edi. Rasululloh (s.a.v.) har bir qabila axliga o‘z laxjasida qiroat qilishni o‘rgatgan va sahobalarga shu yetti harfning qaysi birida o‘qishni xohlasalar, shunga ijozat bergan edilar. Agar ixtilof qilsalar va Rasululloh (s.a.v.)dan boshqa qiroatlar xususida so‘rasalar, Rasululloh (s.a.v.) ularga: «Hammasi to‘g‘ri va Alloh tomonidan ruxsat berilgan, Qur’on xususida ixtilof va janjal qilmanglar», — deb javob berar edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 08:59:46

2. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning vafotlaridan so‘ng ko‘p joylar fath etilib, Islom xududi kengaydi. O’sha joylarga borgan qori sahobalar musulmonlarga o‘z qabilalari lahjasida Qur’on o‘qishni o‘rgata boshladilar. Masalan Shom ahli Ubay ibn Ka’b qiroatini, Kufa ahli Abdulloh ibn Mas’ud qiroatini, yana boshqalar Abu Muso Ash’ariy qiroatini o‘rgandilar va shu qiroatni to‘g‘ri deb tushundilar. Sahobalarning qiroatlari bir-biridan farq qilgani uchun, musulmonlarning qiroatlari ham farq qilishi tabiiy edi. Ana shu farq musulmonlar o‘rtasida ixtilofni kelib chiqardi. Ixtilof shu darajaga yetdiki, musulmonlar birbirlarini «xato o‘quvchi musulmon» emas, balki ochiq kofir deb atay boshladilar. Xuddi shunday voqe’a, Huzayfa ibn Yamonning Ozarbayjonga qilgan g‘azotlari paytida sodir bo‘ldi.

Imom Buxoriy shunday rivoyat qiladilar: «Huzayfa ibn Yamon Hazrat Usmon (r.a.)ning huzurlariga keldilar. Bu paytda Huzayfa Shom axliga bosh bo‘lgan holda Iroqliklar bilan birga Armaniston va Ozarbayjon g‘azotida ishtirok qilayotgan edilar. Shom va Iroq ahli o‘rtasidagi Qur’on tilovati borasida sodir bo‘layotgan ixtilof Huzayfani dahshatga soldi. Darhol Madinaga kelib Hazrat Usmon (r.a.)ga uchrashdilar va dedilar: «Odamlardan xabar oling!» Hazrat Usmon: «Nima bo‘ldi?» — deb so‘radilar. Huzayfa aytdilar: «Armanistonda g‘azotda edim, Shom va Iroq ahllari bilan birga edik. Qarasam, Shom ahli Ubay ibn Ka’b yo‘lida qiroat qilyapti. Qiroatlarida Iroq ahli eshitmagan narsa chiqib qolsa, Iroq ahli ularni kofirga chiqaryaptilar yoki Iroq ahli Abdulloh ibn Mas’ud yo‘lida qiroat qilib, Shom ahli eshitmagan biror narsa chiqib qolsa, ular Iroq ahlini kofirga chiqaryaptilar».(Qurtubiy. Al-Jomi’ li-ahkomil-Qur’on. Bayrut.  1-j. 51-bet.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 09:00:34

Huzayfa Armaniston g‘azotidan qaytib kelayotganda, unga hamroh bo‘lgan Said ibn Osga aytdilar: «Ushbu safarim chog‘ida shu narsaga amin bo‘ldimki, agar bunga chora ko‘rilmasa, Qur’on to‘g‘risida keyinchalik hech tuzatib bo‘lmaydigan bir ixtilof chiqadi. Said so‘radi: «Qanaqa ixtilof ekan u?». «Hums shahridan bo‘lgan odamlarni ko‘rdim, ular o‘zlarining qiroatlarini boshqa qiroatlardan yaxshi deb, Qur’onni Miqdoddan o‘rganganliklarini aytar edilar. Kufadan bo‘lgan odamlarni ko‘rdim, ular ham shunga o‘xshash gaplarni aytib, qiroatni Ibn Mas’uddan olganmiz, der edilar. Basra ahli ham ayni shu da’voni qilib, ustozlari Abu Muso al-Ash’ariy ekanligini aytardilar va uning mushafini «Lubobul qulub» deb ataydilar,  deb javob berdi Huzayfa.

Usmon (r.a.) sahobalarni yig‘dilar va ularga voqeani aytib berdilar. Ular bu voqeani katta xavf deb, hammalari Huzayfaning fikrini to‘g‘ri deb topdilar.( «Al-Komil». 2-j. 55-bet.)

Qayd etilgan