Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391755 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 62 B


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 09:01:49

Ibn Abu Dovud sahih isnod bilan Suvayd ibn G’afladan rivoyat qiladilar: Suvayd aytdi: «Hazrat Ali (r.a.): «Usmon to‘g‘risida yaxshi gapdan boshqa narsa gapirmanglar. Allohga qasamki, mushaflar xususida ishni u bizlarning barchamiz bilan maslahatlashib qilgan. Menga ba’zi birovlaringizning «Mening qiroatim sening qiroatingdan yaxshi», — degan gaplaringiz yetib keldi, bu esa salkam kufrning o‘zidir», — dedilar. Nima qilish kerak? — deb so‘radik biz, — deydi Suvayd. Ali (r.a.): «Ixtilof va tafriqa bo‘lmasligi uchun musulmonlarni bitta mushafga jamlash kerak, deb o‘ylayman», — deb javob berdilar. Biz: «Sizning fikringizni qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedik.( As-Suyutiy. Al-Itqon. 1-j. 59-6)

Abu Bakr al-Anboriy «Ar-Rad» kitobida Suvayd ibn G’afladan shunday hadisni rivoyat qilgan: «Ali (r.a.) dedilar: «Ey odamlar, Allohdan qo‘rqinglar! Usmonga nisbatan «mushaflarni yoquvchi» — deb nomaqbul so‘z aytishdan saqlaninglar! U mushaflarni Muhammad (s.a.v.) sahobalarining kengashi va qarori bilangina yoqishni buyurgan». (Qurtubiy.  Al-Jomi’ li-ahkomil-Qur’on. Bayrut. 1-j. 54-bet)

Shunday qilib, Hazrat Usmon (r.a.)ning davrlarida Qur’oni Karimni uchinchi marta jamlashga ehtiyoj tug‘ildi. Bunda asosan ikki muhim ish bajarildi. Birinchisi, Qur’on tilovatini yetti qiroatdan bir qiroatga keltirildi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 09:03:11

Ibn Abu Dovud shunday rivoyatni keltiradi: «Usmon (r.a.) qurayshiylar va ansorlardan o‘n ikki kishini tanlab, ularga: «Agar biror narsa to‘g‘risida ixtilof qilsanglar, uni Quraysh lahjasidagisini yozinglar!» — deb farmon berdilar. «Baqara» surasidagi «tobut»(sandiq) so‘zidan boshqa narsada ixtilof chiqmadi. Zayd «ho» bilan yozilishi kerak, dedilar. Boshqalar «to» bilan deyishdi va «to» bilan yozdilar». (Shayx Ismoil Maxdum. Usmon Mushafining tarixi. T. «Movarounnahr». 1995. 23-6. Qurtubiy. Al-Jomi’ li-ahkomil-Qur’on. Bayrut. 1-j. 54-b.)

Ibn at-Tin va boshqa olimlar aytadilar: «Abu Bakr Siddiq va Usmon (r.a.)ning Qur’onni jam qilishlari orasidagi farq shuki, Abu Bakr qorilar va sahobalarning o‘limi bilan Qur’ondan birorbir narsa yo‘qolib ketmasin, deb sahifalarga jam qilgan edilar. Shuning uchun Abu Bakr Payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘rgatganlaridek, Qur’onning sura va oyatlarini tartibi bilan jamladilar.

Hazrat Usmon (r.a.) esa qiroat xususida ixtilof ko‘payib ketganligi, har kim o‘z lahjasida o‘qiyverganligi, buning oqibatida fitna sodir bo‘lish ehtimoli kuchayganligi uchun mazkur sahifalardan Quraysh lahjasiga muvofiq bir qiroat yo‘lida, bir xil mushaf yozdirib, so‘ng undan nusxa oldirdilar».( Shayx Ismoil Mahdum. Usmon Mushafining tarixi. T. «Movarounnahr». 1995. 25-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 09:04:22

Hazrat Usmon (r.a.)ning qilgan muhim ishlaridan ikkinchisi, Qur’on suralarini tartibi bilan o‘z o‘rniga qo‘ydilar. Qur’on kotiblaridan Zayd ibn Sobit(r.a.)ning yordamida Qur’onni qaytadan jam qildilar va suralarning tartibiga ahamiyat berdilar. Avvalo shuni aytish lozimki, Qur’on suralarining ba’zilari, masalan: Qur’onning uzun suralari, «Ho mimlar», «Alif lomlar», «Fotiha» va boshqa ba’zi suralarning tartibi avvaldan ma’lum edi.

Hazrat Abu Bakr Siddiqning davrlarida, ya’ni Qur’on jamlanib, mushaf tuzilayotgan paytda, Qur’on suralarining soni va nomi ko‘pchilikka ma’lum edi.

Ammo suralarning tartibi haqida aytadigan bo‘lsak, ba’zi suralarning tartibi avvaldan ma’lum bo‘lsa ham, ba’zilarining o‘rni aniq ma’lum emas edi. Shuning uchun Rasululloh (s.a.v.)ning hayotlik davrlarida o‘zlari uchun Qur’on yozib olgan sahobalarning majmu’alariga e’tibor berilsa, suralarning joylashish tartibi bir-biriga mos kelmaydi. Hatto ulug‘ hofizlardan Abdulloh ibn Mas’ud, Ubay ibn Ka’b va Zayd ibn Sobitlarning majmu’alari ham bir-biriga mos tushmaydi. Ularning ba’zilari suralarni vahiyning nozil bo‘lishiga qarab tartiblagan bo‘lsalar, ba’zilari makkiy yoki madaniy ekanligiga qarab tartib bergan edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 09:04:45

Ba’zilar esa suralarning uzun-qisqaligiga qarab tartib berganlar.

Masalan Hazrat Ali(r.a.)ning majmu’alarida birinchi sura «Iqro’», ikkinchisi «Muddassir», uchinchisi «Muzzammil» va hokazo nozil bo‘lish tartibi asosida yozilgan edi.

Ubay ibn Ka’b va Abdulloh ibn Mas’udning majmu’alarida esa suralar uzun-qisqaligiga qarab, masalan, avval «Baqara», keyin «Niso», undan keyin «Oli Imron», va hokazo tartiblangan edi.

Ammo «Quyosh tutilishi» voqe’asi bilan bog‘liq bo‘lgan hadisda rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) namozda eng uzun ikki sura—«Baqara» va «Oli Imron» suralarini qiroat qilganlar. Qiroatni baland ovozda o‘qiganlari uchun, eshitganlarning birortasida shubha paydo bo‘lishi mumkin emas. Shundan ko‘rinadiki, Usmon (r.a.)ning mushaflarida «Baqara» surasidan keyin «Niso» surasini emas, balki «Oli Imron» surasini yozilishi Rasululloh (s.a.v.)ning qiroatlariga ergashishdan kelib chiqqan. Demak, Mushaf kotiblari ikki hadisdan birini tanlab, o‘z ijtihodlari vositasi bilan suralarni «Baqara», «Oli Imron», «Niso» tartibida joylashtirganlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 09:05:24

Rasululloh (s.a.v.)ning «Niso» surasidan avval «Oli Imron» surasini qiroat qilishlariga uchta sabab bo‘lishi mumkin:

1.  «Oli Imron» surasi «Niso» surasidan oldin nozil bo‘lgani uchun;

2. «Baqara» va «Oli Imron» suralari bir xil, ya’ni «alif. lom. mim. ») harflar bilan boshlangani uchun;

3.  Rasululloh (s.a.v.) bir hadislarida ikki surani bir xil sifatlaganlari uchun. Abu Umoma (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda, Janob Rasululloh (s.a.v.): «Zahrovaynni (Zahro so‘zi atirgul, yorqin ko‘zga tashlanuvchi ma’nolarini beradi), ya’ni Baqara va Oli Imron suralarini qiroat qilinglar!» dedilar va mazkur ikki suraning qiyomat kunidagi fazilatini gapirib berdilar.
Alqama(r.a.)ning aytishlaricha, Usmon Mushafining avvalgi yigirmata surasi Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)ning majmu’alarida yozilgan tartibda qayd etildi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 09:06:18

Hazrat Usmon(r.a.) va Zayd ibn Sobit(r.a.)lar suralarning tartibida o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ymadilar. Ular suralar tartibini boshqa sahobalardan ko‘proq bilardilar, ayniqsa, Zayd ibn Sobit Rasululloh (s.a.v.)ning vahiy yozuvchi kotiblaridan biri edilar. Biroq Qur’oni Karimning vahiy holatida yozilishi bir tartibda, davomli kitob holida emas, tarqoq holda turli ashyolarga yozilgani uchun, suralarning tartibida biroz ijtihod qilishga to‘g‘ri kelgan.

Imom Muslim o‘z «Sahih»ida Huzayfa(r.a.)dan shunday rivoyat keltiradi: «Payg‘ambar (a.s.) namozda avval «Baqara»ni, keyin «Niso»ni, undan keyin «Oli Imron»ni birinchi rakatga qiroat qildilar». Mazkur hadisdan xulosa chiqarib, Qozi Iyoz «Al-Ikmol» kitobida shunday deydi: «Mana shu hadis dalolat qiladiki, Mushafni yozayotgan paytda sahobalar Qur’on suralarining hozirgi tartibda joylashuvini ijtihod bilan qilganlar. Imom Molik va ulamolar jumhurining fikrlari ham shunday». (Muhammad Tohir ibn Oshur. At-Tahrir vat-Tanvir.Tunis. 1-j. 88-89-b)

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 09:06:43

Yuqorida aytilganlardan xulosa qiladigan bo‘lsak, Qur’oni Karim boshqa iloxiy kitoblar kabi aslida «Lavhul mahfuz»da to‘la kitob holida edi va shundayligicha Ramazon oyining Qadr kechasida dunyo osmoniga tushirildi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning payg‘ambarlik muddatlarida sura va oyatlarga bo‘lingan holda tushirildi. Shundan keyin Qur’oni Karim uch marta jam qilinib hozirgi holiga keltirildi:

1.  Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning ko‘rsatmalari bilan sura va oyatlar joy-joyiga qo‘yilib, asl holiga keltirildi, lekin mushaf qilinmadi;

2.  Abu Bakr Siddiqning sa’y-harakatlari bilan tarqoq holdagi Qur’on mushafga aylantirildi;

3.  Usmon ibn Affonning qat’iy talablari bilan Qur’oni Karim «etti harf»dan bir harfga, ya’ni eng mashhur bo‘lgan Quraysh lug‘ati bo‘yicha qiroat qilishga keltirildi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 09:07:31

Abu Bakr al-Anboriy aytadi: «Alloh Ta’olo nozil qilgan va yozishga amr etgan, mansux hamda tilovati marfu’ bo‘lmagan oyatlarning hammasini ikki muqova orasida o‘z ichiga olgan kitob bu Usmon Mushafidir. Undan biror narsa noqis bo‘lmagan, uning tartibi va nazmi Alloh tomonidan nozil qilinib, Rasululloh (s.a.v.) shunga binoan hech narsani oldinma-keyin qilmasdan, suralarning oyatlarini tartibga solganlar. Ummati Islom suralardagi oyatlar tartibini qandoq bo‘lsa shundayligicha Payg‘ambar (s.a.v.)dan olgan. Tilovat va qiroat usullari ham ul zotdan sobit bo‘lgandir».

Ibn Hisor: «Ushbu tartib Rasululloh (s.a.v.)ning tilovatlaridan uzluksiz naql etilib, sahobalarning ijmo’lari bilan Mushafga joriy qilindi», — deydilar. (Shayx Hasanayn Maxluf. Safvatul-bayon li-ma’onil Qur’on. 1-j. 86-b)

Hazrat Usmon (r.a.) Mushafni «bir harf»ga keltirish va uni bir necha nusxaga ko‘paytirib yozdirishda birinchi asos Abu Bakr Siddiqning mushaflari bo‘ldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 09:08:38

3. Qur’onni o‘zgartirmay qiyomatga qadar saqlashni Alloh Ta’olo o‘z zimmasiga olganligi uchun ham, uni qayta-qayta bekamu-ko‘st jamlash imkoniyatini sahobalarga berdi va bu amonatdorlikni Payg‘ambarimiz (s.a.v.) xam, sahobalar ham uddaladilar:

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ

«Qur’onni biz nozil qildik va uni biz saqlovchidurmiz». (Hijr, 9)

Hazrat Usmon (r.a.) Mushafni bir necha nusxaga ko‘paytirib, islom rivojlangan katta-katta shaharlarga yubordilar va Mushaf bilan birga bittadan olimni ham yuborib, butun Islom ahliga bir harfli qiroat ta’limini joriy etdilar.

Ibn Atiyya aytadi: «Hazrat Usmon (r.a.)qorilarning qo‘lida mavjud bo‘lgan va musulmonlarga ta’lim berilayotgan boshqa mushaflarni yoqib yuborishga yoki yirtib ko‘mib yuborishga amr qildilar». (Qurtubiy. Al-Jomi’ li-ahkomil-Qur’on. Bayrut. 1-j. 54-b)

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Avgust 2008, 09:10:00

Hazrat Usmon nusxa yozdirgan mushaflarning soni xususida ham ulamolar turli fikrlar aytganlar. Masalan, Hamza ibn Habib az-Zayyot mushaflarning soni to‘rtta ekanligini aytadi.

Abu Hotim as-Sijistoniy esa ularni yettita bo‘lgan deydi. Eng to‘g‘ri rivoyat oltitadir: Makkiy, Shomiy, Basriy, Kufiy, Madina ahli uchun umumiy bo‘lgan Madaniy va xalifaning o‘zlari uchun xos bo‘lgan Madaniy Mushaflardir.
Hozirgi kunda bizning diyorimizda saqlanayotgan Mushaf o‘sha Hazrat Usmon(r.a.) nusxa oldirgan va har xil yurtlarga yuborgan Mushaflarning biridir. (Shayx Ismoil Maxdum. Usmon Mushafining tarixi. T.  «Movarounnahr». 1995. 28-6)

Tarix ulamolari nazdida qurayshiylardan birinch bo‘lib xat yozishni o‘rgangan va boshqalarga o‘rgatgan kishi Harb ibn Umayya edi. O’sha paytdagi xat turi anboriy-himyariy deb atalgan. U Hijozda keng tarqalgandan so‘ng, hijoziy deb atala boshladi.


Qayd etilgan