Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391361 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 62 B


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 08:51:59

Ta’vil esa bir lafzning ehtimoli bo‘lgan ikki ma’nosidan birini dalillar orqali quvvatlashdir. Bunday quvvatlash ijtihod qilish bilan, har bir so‘zning lug‘aviy ma’nolarini, uning madlulini, gapning oqimiga qaysi ma’no mos tushishini, so‘zdan foydalanishda arablarning uslublarini yaxshi tushunish bilan bo‘ladi.

Ta’vilda aniq dalillar bo‘lmasa, lafzlardan murod qilingan haqiqiy   mazmun chiqmay qolishi mumkin.

Az-Zarkashiy aytadi: "Olimlar istilohida tafsir bilan ta’vilning o‘rtasining farklanishiga sabab manqul bilan mustanbatni ajratish uchundir" (Imom As-Suyutiy, Al-Itqon. 2-j. 183-bet), ya’ni manqul — Payg‘ambarimiz (s.a.v.) va sahobiylardan naql qilingan ma’nolar, mustanbat esa asl matndan ijtihod bilan chiqarib olingan ma’nolardir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 08:53:50

Tayanch iboralar: Qur’oni Karim Allohning muqaddas kalomi. Qur’on oyatlarining tafsiri va ta’vili. Qur’onning tarjimasi, so‘z-maso‘z tarjima, "œbilmisl" tarjima, "œbig‘ayril misl" tarjima, Qur’onning ma’naviy tarjimasi. Ma’naviy tarjima shartlari. Odamzodning butun ma’naviyruhiy ehtiyojlari. Rasuli akramga Qur’onni keltirgan elchi — farishta Jabroil (a.s.) edilar. Qur’on, Furqon, Zikr, Kitob. Makkadagi "Nur" tog‘ining "Hiro" g‘ori. Xalifa Abu Bakr As-Siddiq (r.a.) bir mushafga(muqovali kitobga) jamladilar, Xalifa Usmon (r.a.) davrlarida esa Mushafni yetti nusxaga ko‘paytirilib, biri Madinada qoldirildi. Qur’onni o‘qish oson bo‘lishi uchun Abul Asvad Ad-Dualiy va Nasr ibn Osim unga harakat alomatlarini qo‘yishdi, Al-Hasan Al-Basriy nuqtalar qo‘yishni ijod etdi. Qur’on — isloh kitobidir. Qur’on butun insoniyatga yuborilgan, Qur’oni Karim Alloh tomonidan muhofaza qilingan, Qur’on — ilohiy so‘z mo‘‘jizasi, Qur’on mo‘minlarga shifo va rahmat, nur va hidoyatdir. "Ibodatning eng afzali Qur’onni tilovat qilmoqdir". Mujtahid olimlar, Qur’on matni tili, shariati Islomiya, juz’iy masalalar, kulliy(umumiy) qoidalar, qoidalarning yig‘indisidan hosil bo‘luvchi malaka.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 08:55:24

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar

1. Qur’oni Karim qachon nozil bo‘lgan, qanday jamlangan, harakat alomatlarini kim qo‘ygan?
2. Qur’onning qanday nomlari va qanday xususiyatlari mavjud?
3. Qur’onning so‘zma-so‘z tarjimasi bilan ma’naviy tarjimasining qanday farqi bor?
4. Qur’on oyatlarini tafsir qilish qachondan boshlangan, tafsir so‘zining ma’nosi nima?
5. Tafsir bilan ta’vilning farqi nima, ta’vilning nechta sharti bor?


Tavsiya etilgan va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T. 2001.
2. Shayx Abdulaziz Mansur. Musulmonlikdan ilk saboqlar. T. Kamalak. 1992. 32-b.
3. Shayx Ismoil Mahdum. Toshkentdagi Usmon Mushafining tarixi. T. "Movarounnahr".1995.
4. Obidov R.Q. Ilohiy kitoblar. TDShI. 2000.
5 . Imom As-Suyutiy. Al-Itqon. 1-2-j.

Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Avgust 2008, 06:44:39

10-MAVZU. PAYG’AMBAR (S.A.V.) ZAMONLARIDA QUR’ONI KARIM TAFSIRI

Dars rejasi:

1.  Payg‘ambar zamonlarida Qur’on tafsiri.
2.  Sahobalarning Qur’oni Karimni tafsir qilishdagi   usullari:
a)  Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilish;
b)  Qur’onni hadis bilan tafsir qilish;
v)  Qur’onni ijtihod bilan tafsir qilish;
g)  Tafsirda ahli kitoblardan foydalanish.

Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Avgust 2008, 06:47:53

1. Qur’oni Karim johiliyat davrida ilmsiz, qoloq bir qavmga nozil bo‘ldi. Bu qavmning o‘zi ham, ularning orasidan payg‘ambar qilib yuborilgan Zot ham ilmsiz — "ummiy" edilar. Faqatgina ular orasida so‘zamollik — suxandonlik avj olgan bo‘lib, ko‘pchmlik arablarni o‘z og‘zilariga qaratish bilan faxrlanardilar. Ammo ularning so‘zamolligi maqtanish, boshqalarni madh etish yoki hajv qilish, turli yolg‘on-yashiq xabarlar tarqatish, hasabu nasablari bilan tafoxur qilish, ba’zan esa ilmu hikmatdan ham so‘z ochib qo‘yishdan iborat edi. Bunday san’atni namoyish qilishda haqiqatu majoz, oshkoraligu kinoya, ijozu itnob singari balog‘at usullaridan foydalanar edilar.

Alloh Ta’olo o‘z irodasini amalga oshirish uchun avval yuborgan payg‘ambarlar singari Muhammad (s.a.a)ni payg‘ambar qilib yubordi. U Zotga berilgan mo‘‘jizalardan biri sifatida Qur’oni Karimni arab tilida nozil qildi.

وَمَا أَرْسَلْنَا مِنْ رَسُولٍ إِلا بِلِسَانِ قَوْمِهِ لِيُبَيِّنَ لَهُمْ

"Biz har bir payg‘ambarni (hukmlarimizni) o‘z tillarida bayon qilib berishlari uchun shu qavmning ichidan tanlab yuborganmiz". (Ibrohim, 4.)

Qur’onda esa o‘sha zamon odatlariga muvofiq so‘zamollikda ishlatiladigan balog‘at va fasohat usullari yanada mukammalroq, go‘zalroq holatda, ya’ni insonlar ojiz qoladigan ko‘rinishda aks ettirildikim, bu narsa Qur’onning Alloh yuborgan mo‘‘jizasi ekanini tasdiqlaydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Avgust 2008, 06:53:59

Qur’onning ma’nolarini Payg‘ambarimiz (s.a.v.) mufassal va mukammal tushunganlar. U Zotga Qur’onni yodlatish va ma’nolarini tushuntirish kafoyulatini  Alloh Ta’olo o‘z zimmasiga olgan:

إِنَّ عَلَيْنَا جَمْعَهُ وَقُرْآنَهُ (١٧) فَإِذَا قَرَأْنَاهُ فَاتَّبِعْ قُرْآنَهُ (١٨) ثُمَّ إِنَّ عَلَيْنَا بَيَانَهُ

"Uni dilingizga jamlash ham, tilingizga qiroat qildirish ham bizning zimmamizdadir. Qachon biz uni o‘qib to‘xtaganimizda siz ham uni o‘qishga ergashing! Keyin uni bayon qilib berish ham bizning zimmamizdadir". ( Qiyomat, 17-19.)

Ibn Xaldun o‘z tafsirining muqaddimasida shunday yozadi: "Shubhasiz Qur’oni Karim arab tilida, arablarning balog‘at usullariga mos ravishda nozil bo‘lgan. Shuning uchun arablarning hammasi ham Qur’onning kalimalari va jumlalari ma’nolarini yaxshi tushunardilar". (Ibn Xaldun, 489-b)

Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Avgust 2008, 06:56:51

To‘g‘ri, Qur’on arab tilida nozil bo‘lgani uchun uning zohiriy ma’nolarini sahobai kiromlar ham tushunganlar. Ammo mufassal botiniy ma’nolarini faqat arab tilini bilish bilan anglash mumkin emas. Uni anglash uchun munozaralar, bahslar, hatto ba’zi mushkulotlarni tushunishda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga murojaatlar qilganlar. Agar yanada kengroq tushuntiradigan bo‘lsak, Qur’oni Karim ma’nolarini tushunishda sahobai kiromlarning fikrlash darajalari ham, o‘z tillari hikmatlarini ajrata bilish qobiliyatlari ham, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bilan mulozamatda bo‘lib, oyatlarning sababi nuzulini idrok qilish muddatlari ham turlicha bo‘lgan. Buning ustiga sahobalarning hammalari ham olimlar emas, johiliyat davrining "ummiy" tijoratchilari ekanligini, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) singari ularga Qur’on ilmini o‘rgatishni Alloh o‘z zimmasiga olmaganini nazarda tutsak, ularning barchasi ham Qur’on ma’nolarini to‘liq tushunmaganlariga amin bo‘lamiz. Ibn Qutayba bu haqda shunday deydi: "Sahobalar g‘arib kalimalar, mutashobih oyatlarning ma’nolarini mukammal bilmaganlar, balki ularning orasida birbirlaridan fazilatda, fahmu-farosatda ortiqroklari bo‘lgan". (Muqaddimatu Ibn Xaldun, 489-b)

Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: "Hazrat Umar ibn Xattob (r.a.) minbarda

وَفَاكِهَةً وَأَبًّا

"va fakihatan va abban" oyatini qiroat qilib, shunday dedilar: "Fokiha" so‘zi "mevalar" deganidir, uni bilamiz, ammo "abban" so‘zidan murod nima ekan?". Keyin o‘zlarini o‘nglab: "Ey Umar, axir bu o‘zini mashaqqatga solish-ku?" (Abasa, 31) — dedilar. Yana bir kun minbarda: "av ya’xuzahum ala taxavvuf" oyatini qiroat qildilar va o‘tirganlardan: "taxavvufning ma’nosi nima?" ,— deb so‘radilar. Bir odam: "taxavvufning ma’nosi tanaqqus (ayblash)", — deb javob berdi.( Al-Itqon. 2-j, 113-b)

Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Avgust 2008, 06:58:50

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: "Fotiris-samavati" oyatining ma’nosini tushunmas edim. Bir kuni quduqni talashayotgan ikki kishi kelib, mendan hal qilib berishimni so‘radilar. Ulardan biri: "Ana fatartuha", ya’ni quduqni men kovlashni boshlagan edim", — , dedi. (Al-Itqon. 2-j. 113-b)

Hazrat Umardek zotga "abban" so‘zi bilan "taxovvuf" so‘zining ma’nosi zohir bo‘lmasa, "Qur’on tarjimoni" degan maqtovga sazovor bo‘lgan Ibn Abbs (r.a.) "fotir" so‘zining ma’nosini oddiy odamlar dan bilib olgan bo‘lsalar, boshqa sahobalar Qur’on ma’nolarini bekamu ko‘st bilishlari mumkinmi?

Saharliqda og‘izni berkitish vaqti bayon qilingan

وَكُلُوا وَاشْرَبُوا حَتَّى يَتَبَيَّنَ لَكُمُ الْخَيْطُ الأبْيَضُ مِنَ الْخَيْطِ الأسْوَدِ مِنَ الْفَجْرِ

oyati karimasi nozil bo‘lganda, sahobalardan Adiy ibn Hotam nomli kishi tunda oq va qora rangli iplarni olib, unga tikilib o‘tirgan. Subhdan keyin ham iplarning rangini ajratolmagan. Tongda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning huzurlariga kelib voqeani bayon qilganda, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uning farosati kamligini aytib, oyatdan ko‘zlangan murod nima ekanligini tushuntirganlar. ( Al-Buxoriy, "œBobut-tafsir". 8-j. 127-b)

Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Avgust 2008, 07:01:18

Umar ibn Xattob (r.a.) xalifalik davrlarida Qudoma ibn Maz’unni Bahraynga amir qilib yubordilar. Uning oldidan Hazrat Umar (r.a.) huzurlariga kelgan Jorud shikoyat qilib: "Qudoma ichib mast bo‘ldi", — dedi. Hazrat Umar (r.a.) Qudomani chaqirtirdilar va unga: "Ey Qudoma, sen ichib mast bo‘libsan, senga darra uraman", — dedilar. Qudoma bu gapga javoban: "Agar men haqiqatan ichgan bo‘lsam ham, siz menga darra urolmaysiz. Chunki Alloh Kalomi sharifda:

لَيْسَ عَلَى الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ جُنَاحٌ فِيمَا طَعِمُوا إِذَا مَا اتَّقَوْا وَآمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ ثُمَّ اتَّقَوْا وَآمَنُوا ثُمَّ اتَّقَوْا وَأَحْسَنُوا وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ

"œImon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun — agar harom narsalardan saqlanib, imon va yaxshi amallarida sobit bo‘lsalar, so‘ngra o‘zlarini saqlab (u narsalarning haromligiga) imon keltirsalar, so‘ngra Allohdan qo‘rqib, chiroyli amallar qilsalar — yeb-ichgan narsalarida gunoh yo‘qdur" ("œMoida", 93-oyat) — degan. Men o‘sha aytilgan mo‘minlardan bo‘laman. Men Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bilan Badrda, Uhudda, Xandaqda va boshqa g‘azotlarda birga bo‘lganman", — dedi. Shu yerda hozir bo‘lgan Ibn Abbos: "Ey Qudoma, bu oyati karima avval gunoh qilganlar haqida nozil bo‘lgan. Keyingilariga esa ochiq hujjatdir", — dedilar. Keyin mast qiluvchi ichimliklarning harom qilinganligi haqidagi (Moida, 3) oyatni eslatdilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  25 Avgust 2008, 07:03:11

Makkaning Arafot vodiysida "Moida" surasining 3-oyatidan

الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ الإسْلامَ دِينًا

"œAlyavma akmaltu lakum diynakum va atmamtu alaykum ni’matiy va roziytu lakumul-islama diynan" jumlasi nozil bo‘lganda barcha sahobalar: "œDinimiz mukammal bo‘ldi",— deb xursandchilik qilishdi. Ammo Umar ibn Al-Xattob (r.a.): "Bu xabar xursandchilikka emas, musibatga, ya’ni, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ning vafotlariga ishora", — deb yig‘ladilar. Haqiqatan ham ushbu voqeadan so‘ng Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bor-yo‘g‘i 81 kun yashadilar. Yuqorida zikr etilgan voqea-hodisalar sahobai kiromlarning Qur’on oyatlarini turlicha fikr qilganliklari va o‘z iqtidorlariga muvofiq tushunganliklarini bildiradi.

Demak, sahobai kiromlar Alloh Ta’olo nozil qilgan oyatlarni o‘zlaricha tushunganlar, tushunmagan joylarini boshqa ulug‘roq sahobalardan so‘rab bilganlar yoki o‘z ehtiyojlariga muvofiq tushuntirib berish uchun Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ga murojaat qilib turganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) oyatlarning hikmatlarini, ulardan hosil bo‘ladigan mafhumlarni bayon qilib berganlar.

Qayd etilgan