Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391534 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 62 B


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 05:54:11

Ibn Abbos o‘z tafsir va ta’villarida zarurat bo‘lganda ahli kitoblarning rivoyat va naqliyotlaridan foydalanardilar. Qur’on oyatlarida kelgan ba’zi g‘arib (kamyob) so‘zlarning ma’nosini ochishda johiliyat shoirlarining she’rlaridan ham juda ko‘p o‘rinda foydalanganlar. Chunki, she’r xalq shevasini, urf-odatini, so‘z qochiriqlarini o‘zida mujassam etgan ifoda usulidir. Qur’oni Karimni esa Alloh Ta’olo ana shu xalq tilida, ular oson tushunsinlar, deb nozil qildi. Qur’on oyatida:

إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ قُرْآنًا عَرَبِيًّا لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ

"Biz Qur’onni arab tilida nozil qildik, shoyad uni tushunib, fikr qilsangizlar" (Yusuf, 2) — deyilgan. Shuning uchun Qur’on oyatlarining tafsirida Ibn Abbos she’rlarga ko‘p murojaat qilganliklari bejiz emas, qachon u kishidan biror oyatning tafsiri so‘ralsa, u kishi o‘sha ondayoq biror she’rni xonish qilar ekanlar. Ibn Abbosning tafsirni she’r yordamida bayon qilib berish hollari ikki yuz martadan ortiqroq rivoyat qilingan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 05:58:26

Ibn Al-Anboriy o‘zining "Al-vaqf val-ibtido" nomli kitobida, Tabaroniy "Al-mo‘‘jam al-kabir" kitobida, Imom Suyutiy "Al-Itqon" kitobida Ibn Abbosning Nofi’ ibn Al-Azraq bilan bo‘lgan ana shunday suhbatlarini batafsil keltirgan:

"Bir kuni Abdulloh ibn Abbos Ka’banint soyasida o‘tirib, odamlarning savollariga javob berayotgan edilar. Shu yerda aylanib yurgan Nofi’ ibn Al-Azraq sherigi Najda ibn Uvaymirga: "Ey Uvaymir, yur men bilan, o‘zini tafsirchi olim qilib ko‘rsatib maqtanayotgan Ibn Abbosning oldiga boramiz, uni savollar bilan sharmanda qilamiz", — dedi. Ikkovi Ibn Abbosning yonlariga kelishdi va: "Ey Ibn Abbos, biz senga Qur’ondan savol beramiz. Sen uni tafsir qilish bilan birga   she’rlardan misol keltirib, so‘zingni tasdiqlaysan", — deyishdi. Ibn Abbos xotirjam ohangda: "Nimani xohlasang shuni so‘ra!" — dedilar. Nofi’ dedi: "Allohning

عَنِ الْيَمِينِ وَعَنِ الشِّمَالِ عِزِينَ

Ular o‘ng va so‘ldan to‘dato‘da bo‘lib, siz tomonga chopurlar(Maorij, 37) degan oyatini tafsir qilib, unga muvofiq arab she’ridan ham keltir!", — dedi. Shu ondayoq Ibn Abbos (r.a.): "Ubayd ibn Al-Abrasning ushbu —

فَجَاؤُا يَهْرِعُونَ إِلَيْهِ حَتَّي يَكُونُوا حَوْلَ مِنْبَرِهِ عِزِينًا

 "Odamlar uning yoniga chopib keldilar va minbari atrofida to‘dalashdilar" — degan she’rini eshitmaganmisan? — dedilar. Nofi’ yana:

وَابْتَغُوا إِلَيْهِ الْوَسِيلَةَ

"Unga yaqin bo‘lish yo‘lini izlangiz"(Moida, 35) oyatining tafsirini ayt", — dedi. Ibn Abbos (r.a.): "Vasila ehtiyoj deganidir. Antaraning ushbu she’riga quloq sol:

إِنَّ الرِّجَالَ لَهُمْ إِلَيْكَ وَسِيلَةٌ    إِنْ يَأْخُذُوكَ تَكحَلي وَ تَخْضَبي

 "Odamlarning senga ehtiyoji bor, agar huzuringga borsalar munosib qarshila", — deb javob berdilar". (Al-Itqon, 1-j. 120-b)

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:00:33

Yuqorida keltirilgan rivoyatlar Ibn Abbosning Qur’onni qancha bilsalar, xalq tilini, xalq merosini ham shuncha yaxshi bilganliklarini, nihoyatda zabardast mufassir olim ekanliklarini ko‘rsatadi.

Ibn Abbos (r.a.)dan tafsir to‘g‘risida juda katta meros qolgan. Bu meros Misrda "Tanvirul miqbos min tafsiri Ibn Abbos" nomi bilan bir necha bor nashr qilingan. Uni jamlab, nashrga tayyorlovchi "Qomus Al-Muhit"ning sohibi Abu Tohir Muhammad ibn Ya’qub Al-Feruzobodiy Ash-Shofi’iydir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:02:15

b)Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)ning tarjimai holi.

Ibn Mas’udning to‘liq nomlari Abdulloh ibn Mas’ud ibn G’ofil ibn Habib ibn Sammah bo‘lib, Abu Abdurrohman Al-Huzaliy kunyalaridir, nasablari Muzarga yetadi. Onalari Ummu Abd binti Abdul Huzayl qabilasidan bo‘lib, ba’zida Abdullohning nomlarini onalariga nisbatan Ibnu Ummi Abd ham deyiladi. Ibn Mas’ud (r.a.) ozg‘in, bo‘ylari past, bug‘doy rangli edilar. Ancha avval Islomni qabul qilgan edilar. O’zlarining shohidlik berishlaricha, Yer yuzida hali hech kim musulmon bo‘lmaganda, yettinchi bo‘lib Islomni qabul qilganlar. Qur’oni Karimni Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan keyin Makkada birinchi bo‘lib oshkora tilovat qilganlar va shu sababdan ham Quraysh kofirlaridan ko‘p aziyatlar chekkanlar. Ibn Mas’ud Islomni qabul qilganlaridan keyin Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uni o‘zlariga xizmatga oldilar. Ibn Mas’ud jonu-dil bilan xizmat qilib Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ga tahorat suvi tayyorlab berardilar, misvoklarini va kovushlarini avaylab saqlar edilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) agar o‘rinlaridan tursalar, kavushlarini kiydirib qo‘yardilar, agar o‘tirsalar kavushlarini yechib, qo‘ltiqlarida saqlar edilar, agar yursalar Ibn Mas’ud oldinda yurardilar, agar g‘usl qilsalar, Ibn Mas’ud parda bilan to‘sib turardilar. Agar uxlab qolsalar, uyg‘otar edilar. Ibn Mas’ud onalarimiz huzurlarida ham behijob yurardilar, hatto Abu Muso Al-Ash’ariy Ibn Mas’udni Payg‘ambar oila a’zolaridan biri, deb gumon qilgan edi.

Abu Muso Al-Ash’ariy aytadilar: "Men birodarim bilan Yamandan kelib, Payg‘ambar xonadonlarida biroz turganimda Ibn Mas’ud va onalarini Payg‘ambar huzurlariga ko‘p kirib-chiqqanligidan shu xonadon ahli bo‘lsa kerak, deb o‘yladim". (Buxoriy va Muslim)

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:12:22

Ibn Mas’ud (r.a.) avval Habashistonga keyin Madinaga hijrat qildilar. Payg‘ambar bilan birga bir namozni (Asr namozini) ikki qiblaga qarab o‘qidilar. Badr, Uhud, Xandaq, Bay’atur-rizvon va boshqa g‘azotlarda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bilan birga bo‘ldilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning vafotlaridan so‘ng Yarmuk g‘azotida ham ishtirok etdilar. Badr jangida Abu Jahlni o‘ldirgan kishi ham Ibn Mas’ud (r.a.)edilar. Payg‘ambarimiz(s.a.v.) Ibn Mas’udga dunyoda fazl va yuksak hurmat egasi bo‘lish, oxiratda esa jannat egasi bo‘lish bashoratini bergan edilar.

Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar:

"Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dedilar: "Agar mo‘minlarning mashvaratisiz biror kishini amir qilmoqchi bo‘lsam, albatta Ibn Ummi Abd (Ibn Mas’ud)ni amir qilgan bo‘lardim". (Imom Ahmad)

Ibn Mas’ud (r.a.) Hazrat Umar va Hazrat Usmonning xalifalik davrlarida Kufada xazinabon bo‘ldilar. Umrlarining oxirida Madinaga qaytib keldilar va shu yerda o‘ttiz ikkinchi hijriy sanada oltmish yoshda vafot etdilar. U kishining jasadlari Baqi’ qabristoniga dafn etilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:15:22

Ibn Mas’ud (r.a.) sahobai kiromlar orasida hofizi Qur’onlarning eng ulug‘laridan biri edilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham Ibn Mas’ud qiroatlarini yaxshi ko‘rardilar. Ibn Mas’udning o‘zlari shohidlik berishlaricha, bir kuni Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Ey Ibn Mas’ud, menga Niso surasini qiroat qilib ber", —dedilar. Men: "Ey Allohning rasuli, Qur’on sizga nozil bo‘lgan bo‘lsa, men qiroat qilib berayinmi?"—  dedim. Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Men Qur’onni o‘zimdan boshqa odamdan eshitishni sevaman",— dedilar. Men qiroat qilib:

فَكَيْفَ إِذَا جِئْنَا مِنْ كُلِّ أُمَّةٍ بِشَهِيدٍ وَجِئْنَا بِكَ عَلَى هَؤُلاءِ شَهِيدًا

"Ey Muhammad, biz har bir ummatdan guvoh keltirganimizda va Sizni ana ularga qarshi guvoh qilganimizda ularning holi ne kechur?"(Niso, 41) deyilgan oyatga kelganimda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning ikki ko‘zlaridan yosh quyildi".

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytar edilarki: "Qur’oni Karim qanday nozil etilgan bo‘lsa, nami ketmagan holda o‘shanday ohang bilan o‘qishni kim yoqtirsa, Ibn Ummi Abd qiroati bilan o‘qisin".

Masruq ibn Al-Ajda’ Al-Hamadoniy (Ibn Mas’udning shogirdlari)(r.a.) aytadilar: "Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ashoblarining ilmi olti kishida to‘xtadi. Ular Hazrat Umar, Hazrat Ali, Abdulloh ibn Mas’ud, Ubay ibn Ka’b, Abud-Dardo va Zayd ibn Sobitdirlar. Bu olti kishining ilmi esa Ali bilan Abdulloh ibn Mas’udda qoldi".

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:16:49

Ibn Mas’uddan rivoyat qilish yo‘llari bir nechta bo‘lib, ularning eng maqbullari to‘rttadir:

1. Al-A’mash Abuz-zuho  Masruq  Ibn Mas’ud.

2. Mujohid  Abu Muammar  Ibn Mas’ud.

3. Al-A’mash Abu Voil Ibn Mas’ud.

4. As-Sadiy Al-Kabir  Murra Al-Hamadoniy  Ibn Mas’ud.

Bu to‘rt yo‘lning avvalgi uchtasidan foydalanib, Imom Al-Buxoriy o‘z sahihida, to‘rtinchi yo‘l bilan esa Al-Hokim "Mustadrak" nomli kitobida Ibn Mas’uddan  rivoyatlar keltirgan.

Ali ibn Abu Tolib (r.a.) Kufaga kelganlarida bir necha kishi ziyoratga kelishdi. Ular Abdulloh ibn Mas’ud xulqlarining go‘zalligi, ta’limdagi muloyimliklari, jamoat bilan o‘tirishda suhbatlarining shirinligi    va qattiq taqvolari haqida juda yaxshi so‘zlarni aytishdi. Hazrat Ali ulardan: "Samimiy aytyapsizlarmi?" — deb so‘radilar. Ularning javoblaridan so‘ng: "Yo Alloh, guvoh bo‘lginki, Abdulloh haqida men ham shu gaplarni aytaman", — dedilar. Abdulloh ibn Mas’ud ana shunday fazl va ilm sohibi edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:23:22

v) Ali   ibn Abu Tolib (r.a.)ning tarjimai holi.

Hazrat Alining to‘liq ismlari Abul Hasan Ali ibn Abu Tolib ibn Abdulmuttolib Al-Qurashiy Al-Hoshimiy bo‘lib, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning amakivachchalari va kuyovlaridirlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning kenja qizlari Fotimaga uylanganlar, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ning zurriyotlari Ali va Fotimadan tarqalgan. Alining onalari Fotima binti Asad ibn Hoshimdir. Hazrat Ali Hoshimiylardan tug‘ilgan birinchi o‘g‘ildirlar, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) vafotlaridan keyingi to‘rtinchi roshid xalifadirlar. Juda yosh bo‘lishlariga qaramay, Islomni birinchilardan bo‘lib qabul qilganlar va Payg‘ambar risolatini tasdiq etganlar. Madinaga hijrat qilganlar. Qur’oni Karimning ushbu

وَمِنَ النَّاسِ مَنْ يَشْرِي نَفْسَهُ ابْتِغَاءَ مَرْضَاةِ اللَّهِ وَاللَّهُ رَءُوفٌ بِالْعِبَادِ

"Odamlar orasida Alloh rizoligi yo‘lida o‘z jonini beradigan zotlar ham bor",(Baqara, 207) degan oyati karimasi Hazrat Ali haqlarida nozil bo‘lgan.

Tabuk g‘azotidan boshqa hamma g‘azotlarda Payg‘ambarimiz(s.a.v.) bilan birga bo‘lganlar. Tabuk g‘azoti vaqtida esa Payg‘ambarning o‘zlari Hazrat Alini Madinaga xalifa qilib qoldirgan edilar. Hazrati Alining boshlaridan juda ko‘p sinovlar o‘tgan. Ko‘plab g‘azotlarda Payg‘ambarning o‘zlari Alining qo‘llariga bayroq tutqazganlar. Xaybar g‘azoti kuni Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Men bugun bayroqni Alloh va Rasulini sevadigan va Alloh va Rasuli ham uni sevadigan kishiga beraman, Alloh uning qo‘li bilan Xaybar qo‘rg‘onini fath qiladi", — deb bashorat qildilar va bayroqni Hazrat Aliga tutqazdilar. Madinada muhojirlar bilan anrorlar o‘rtasini birodarlik bilan tutintirganlarida o‘zlari Hazrat Ali bilan birodar tutindilar va: "Siz mening dunyoda ham oxiratda ham birodarimsiz", — deb lutf qildilar. U Zot jannat bashorati berilgan o‘n kishining biri edilar. Hazrat Ali (r.a.) hijriy sananing qirqinchi yili Ramazon oyida oltmish uch yoshlarida xorijiylardan biri bo‘lgan Abdurrahmon ibn Muljim qo‘lida shahid bo‘ldilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:26:41

Hazrat Ali (r.a.) ilmda dengiz misol edilar. Chunki, yoshliqdan Payg‘ambarning qo‘llarida tarbiya olgan, har bir vahiy, har bir hadisga guvoh bo‘lgan, buning ustiga Payg‘ambar (s.a.v.) Yamanga yuborayotgan vaqtlarida Uning haqiga:
"Yo Alloh, Alining tilini burro, qalbini hidoyatga burgin!" — degan duolariga musharraf bo‘lgan edilar. Alining zehn-farosatlari, qoziliqdagi sezgirliklari arablar o‘rtasida, hatto "Bu hukmni yechadigan Ali qaerda?" — degan zarbul masalga aylangan edi. Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: "Bizga Ali yechgan biror masala tushib qolsa, unga hech qachon boshqasini teng qilmas edik".

Ibn Abbos (r.a.) yana bir so‘zlarida: "Men Qur’on tafsirida boshqa odamdan biror narsa olgan bo‘lsam, faqat Alidan olganman", — deb e’tirof qilganlar.

Hazrat Ali (r.a.) Qur’oni Karimning tafsirini bilishda ham benazir edilar. Har bir oyatning qaerda, qachon va nima uchun tushganini boshqalardan yaxshiroq bilardilar. Abu Na’im rivoyat qilgan hadisda Hazrat Ali shunday dedilar: "Allohga qasamki, qaysi oyat bo‘lmasin, nima haqda, qaerda nozil bo‘lganini men bilaman. Rabbim menga fikrlovchi qalbni va ko‘p so‘rovchi tilni berib qo‘ygan".

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:27:42

Abut Tufayl aytadi: "Men Hazrat Alining xutbalarini eshitdim. U Zot odamlarga shunday deb murojaat qildilar:

"Mendan so‘ranglar, Allohga qasamki, nima haqda so‘rasanglar, men hammasiga javob beraman. Mendan Allohning kalomi haqida so‘ranglar. Allohga qasamki, men har bir oyatning kechasi nozil bo‘lganmi, kunduzimi, yerda nozil bo‘lganmi, tog‘dami, yaxshiroq bilaman".

Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: "Qur’oni Karim yetti harfda(etti ma’noda) nozil bo‘lgan. Har bir harfning botin(ichki) va zohir (tashqi) ma’nolari bor. Ali ibn Abu Tolib zohirni ham, botinni ham yaxshi biladi".

Qayd etilgan