Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391466 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 62 B


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:28:59

Afsuski, hazrati Ali (r.a.)ning tafsir va hadis sohasidagi ilmlari juda yuksak, benazir va juda mo‘l-ko‘l bo‘lishiga qaramay, u zotning madhlarini haddan oshirish maqsadida shia mazhabidagi olimlar tomonidan yolg‘on gaplar, ayniqsa, tafsir bobida ham Ali aytmagan gaplarni aytdi deb to‘qilgan mavzu’otlar shunday ko‘payib ketganki, rost bilan yolg‘onni taqqoslab ko‘rilsa, yolg‘on ko‘plik va kuchlilik qiladi. Buning natijasida mufassir olimlar huzurida Ali (r.a.)dan rivoyat qilingan tafsirlarga e’timod susaygan. Faqat "Ahli bayt" orqali yoki Abdulloh ibn Mas’udning shogirdlari — Ubayda As-Salmoniy va Shurayh orqali qilingan rivoyatlargina Alining tafsiri sifatida qabul qilinadi. Ali ibn Abu Tolib (r.a.) dan uch yo‘l bilan rivoyat kelgan:

1. Hishom — Muhammad ibn Sirin — Ubayda As-Salmoniy — Ali (r.a.).

2  Ibn Abul Husayn — Abut Tufayl — Ali (r.a.).

3  Az-Zuhriy — Zaynul-obidin — Al-Husayn — Ali (r.a.).

Bu uch yo‘ldan avvalgi ikkitasi olimlar tan olgan mashhur sahih rivoyat yo‘lidir. Uchinchisi ham benihoya sahih yo‘l, ammo mashhur emas. Chunki, ko‘plab kazzob rivoyatchilar Zaynul-obidin nomlariga nisbat berib, mavzu’ rivoyatlarni ko‘paytirganlar, natijada u Zotning nomlari aralashgan rivoyatlar ham e’tibordan qolgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:31:27

g) Ubay ibn Ka’b (r.a.)ning tarjimai hollari.

Ubay ibn Ka’bning to‘liq ismlari Abul Munzir yoki Abut Tufayl Ubay ibn Ka’b ibn Qays ibn Ubayd ibn Zayd ibn Muoviya ibn Amr ibn Molik ibn Najjor Al-Ansoriy Al-Xazrajiydir. Ubay ibn Ka’b Payg‘ambarimiz (s.a.v.) huzurlarida vahiy yozuvchi kotiblardan biri bo‘lganlari uchun, Allohning kalomini eng yaxshi biluvchilardan sanaladilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v) ga birinchi bo‘lib maktub yozib, unda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni Madinaga taklif etganlar. Hazrat Umar(r.a.) Ubay ibn Ka’b haqlarida: "Ubay musulmonlarning sayyididir", — degan maqtov so‘zni aytganlar. Ubay ibn Ka’bning vafotlari haqida ulamolar turli fikr bildirganlar. Eng to‘g‘rirog‘i, u kishi Hazrat Umar(r.a.)ning xalifalik davrlarida vafot etganlar.

Ubay ibn Ka’b (r.a.) qorilarning sayyidi edilar. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Ubay ibn Ka’b qorilarning eng zo‘ridir", — deganlar.

Ubay ibn Ka’b (r.a.) qiroatlarining go‘zalligi va bexatoligi shundan ham ma’lumki, Payg‘ambar (s.a.v.) ham u kishidan qiroat o‘tkazganlar. Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar: "Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Ubay ibn Ka’bga dedilar: "Alloh Ta’olo senga "Lam Yakun" surasini o‘qib berishimni menga buyurdi". Ubay taajjublanib: "Alloh sizga mening nomimni aytdimi?" — deb so‘radilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) — Ha! — deganlarida, Ubay yig‘ladi". (Imom At-Termiziy rivoyati)

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:33:18

Ubay ibn Ka’b Qur’oni Karimni eng yaxshi biluvchi sahobalardan edilar. O’zlari yahudiylarning olimlaridan biri edilar. Qadimiy kitoblar axborlarini yaxshi bilar edilar. Buning ustiga vahiy yozuvchi kotib bo‘lganlari sababli, sura va oyatlarning sababi nuzullari, muqaddam va muaxxarligi, nosix va mansuxligi, sura va oyatlarning joylashishi singari muhim ma’lumotlarni hech kim Ubay ibn Ka’bchalik bilishi mumkin emas edi. Shunga qaramay boshqa mufassir sahobalar singari Ubay ibn Ka’b nomlaridan ham buzg‘unchilar juda ko‘plab rivoyatlarni to‘qib, rosti bilan yolg‘onni aralashtirib yuborishgan. Olimlar Ubay ibn Ka’bdan rivoyat qilingan yo‘llarni tadqiq qilishib, u kishidan ikki yo‘lni to‘g‘ri deb topishgan:

1. Abu Ja’far Ar-Roziy — Ar-Rabi’ ibn Anas — Abul Oliyah — Ubay ibn Ka’b.

2. Vaki’ — Sufyon — Abdulloh ibn Muhammad ibn Uqayl — Tufayl ibn Ubay ibn Ka’b — Ubay ibn Ka’b.

Ushbu ikki yo‘l bilan Hokim "Mustadrak" kitobida, Imom Ahmad "Musnad"ida, Imom Termiziy "Sunan"ida Ubay ibn Ka’bdan tafsirlar rivoyat qilganlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:34:31

Tayanch iboralar: Muhammad ibn Hanafiya: "Bugun bu ummatning donishmandi vafot etdi", — dedi, "Ibn Abbos Qur’oni Karimning qanday ajoyib tarjimoni!", Badr jangi, Umar(r.a.): "Bu bola yosh bo‘lsa ham barchangizdan olimroqdir", — dedilar, "Vasila — ehtiyoj degani", Ibn Abbosning Qur’onni qancha bilsalar, xalq tilini, xalq merosini ham shuncha yaxshi bilganliklari, "Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dedilar: "Agar mo‘minlarning mashvaratisiz biror kishini amir qilmoqchi bo‘lsam, albatta, Ibn Ummi Abd (Ibn Mas’ud)ni amir qilgan bo‘lardim", Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytar edilarki: "Qur’oni Karim qanday nozil etilgan bo‘lsa, nami ketmagan holda o‘shanday ohang bilan o‘qishni kim yoqtirsa, Ibn Ummi Abd qiroati bilan o‘qisin", Tabuk g‘azoti, "Men bugun bayroqni Alloh va Rasulini sevadigan va Alloh va Rasuli ham uni sevadigan kishiga beraman, Alloh uning qo‘li bilan Xaybar qo‘rg‘onini fath qiladi", muhojirlar bilan ansorlar, "Siz mening dunyoda ham, oxiratda ham birodarimsiz", "Bu hukmni yechadigan Ali qaerda?", "Rabbim menga fikrlovchi qalbni va ko‘p so‘rovchi tilni berib qo‘ygan", "Qur’oni Karim yetti harfda (etti ma’noda) nozil bo‘lgan, Har bir harfning botin (ichki) va zohir (tashqi) ma’nolari bor, Ali ibn Abu Tolib zohirni ham, botinni ham yaxshi biladi", "Ahli bayt", Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Ubay ibn Ka’b qorilarning eng zo‘ridir", — deganlar

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Sentyabr 2008, 06:35:56

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar

1. Sahobalardan chiqqan mufassirlardan kimlarni bilasiz?
2. Abdulloh ibn Abbos (r.a.) haqlarida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qanday duo qilganlar?
3. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) "Ibn ummi Abd" deb nomlagan mufassir sahoba kim?
4. Nima sababdan din ilmida dengiz misol bo‘lgan Ali ibn Abu Tolib (r.a.) nomlaridan qilingan rivoyatlar e’tiborga olinmaydi?
5. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning huzurlarida Ubay ibn Ka’b (r.a.) qanday maqomga ega edilar?

Tavsiya etilgan va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T. 2001.
2. Zakoi Ko‘nrapa. Alvido, dunyo! Assalom, oxirat! Toshkent. 1996. 192 bet.
3. Zakoi Ko‘nrapa. Payg‘ambarimiz va Asharai mubashshara. Toshkent. 1995.
4. Shayx Ismoil Maxdum. Toshkentdagi Usmon Mushafining tarixi. T. "Movarounnahr". 1995.
5. Sog‘uniy Alixonto‘ra. Tarixi Muhammadiy. Toshkent. Movarounnahr. 1997. 640 bet.
6. Termiziy. Sunani Termiziy. 1-j. Toshkent. Adolat. 1999. 688 bet.
7. Muhammad  Tohir Ibn Ashur. At-tahrir vat-tanvir. Tunis. 1-j.
8. Imom As-Suyutiy. Al-Itqon fiy ulumil Qur’on.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Sentyabr 2008, 04:41:49

12—MAVZU. SAHOBALAR TAFSIRINING QIYMATI

Dars rejasi:

1. Sahobai kiromlarning tafsirlari haqida din ulamolarining fikrlari:
a) Musnad, sahih, mavquf, marfu’ hadislar. Imom As-Suyutiyning «At-Tadrib» kitobi. Marfu’ hukmining sahobiylar tafsiriga berilish qoidalari. Mavquf hukmining berilishi;
b) Tafsir va ijtihod. Payg‘ambardan naql qilinganida sanadning tekshirilishi. Sahobiydan naql qilinganida tafsirning tekshirilishi;
v)  Az-Zarkashiyning «Burhon» kitobi. Hofiz ibn Kasirning tafsirlari.
2. Sahobalar tafsirining alomatlari:
 a) Sahobalar tafsirlarining boshqa tafsirlardan farqlari. Qur’oni Karim ma’nolaridagi maxfiylik;
b) Sahobalar tafsirida ixtilof. Tafsirda so‘zlar lug‘aviy ma’nosining qisqa so‘zlar bilan tushuntirilishi;
v) Qur’oni Karim oyatlarida fiqh masalalari;
g) Sahobalar tafsirlari va ularning yozilishi. Sahobalar davridagi tafsir ko‘rinishi. Ibn Abbosning tafsiri borasida Feruzobodiyning qilgan ishlari.


Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Sentyabr 2008, 04:44:15

1. Sahobai kiromlardan rivoyat qilingan tafsirlarning mufassirlar tomonidan qabul qilinish darajasida ulamolarning fikrlari turlichadir. Al-Hokim "Mustadrak"   nomli kitobida: "Vahiyga shohid bo‘lgan sahobiyning tafsiriga marfu’ hukmi beriladi. Go‘yoki u sahobiy bevosita Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dan rivoyat qilgandek",— deydi. Keyin mazkur kitobda Ikki Shayx (Imom Buxoriy va Imom Muslim)ning fikrini ham keltiradi: "Tolibi hadis shuni bilsinki, vahiy va oyatning tushishiga shohid bo‘lgan sahobiyning tafsiri musnad hadisdir". (Tadribur-roviy, 64-b)

Ammo Ibn Saloh, Imom An-Navaviy va boshqa olimlarning qayd etishlaricha, bunday hukm oyatlarning sababi nuzuliga, ra’y bilan tafsir qilish mumkin bo‘lmagan oyatlarga joizdir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Sentyabr 2008, 04:47:22

Ibn Saloh o‘zining "Muqaddima" kitobi   24-sahifasida shunday yozadi:

a) "Sahobaning tafsiri musnad hadisdir, degan gap, sahoba xabar bergan oyatlarning nozil bo‘lish sabablari haqidagi hadis yoki ra’y bilan tafsir qilish mumkin bo‘lmagan va   Payg‘ambar (s.a.v.)dan boshqadan o‘rganish mumkin bo‘lmagan tafsir haqidadir. Jobir ibn Abdullohning

نِسَاؤُكُمْ حَرْثٌ لَكُمْ

"Nisaaukum harsun lakum""œXotinlaringiz ziroatgohingizdir"(Baqara, 223)  oyatining sababi nuzulida qilgan tafsiri bunga misol bo‘ladi (Bu oyatning izohini A.Mansur tarjimasidan bilish mumkin: "œI z o h . Bu so‘zlar bilan Qur’on er-xotinning yaqinlashuvidan birinchi muddao — farzand talab qilish ekaniga ishora qilmoqda"). Ammo sahobalarning boshqa tafsirlari, agar Payg‘ambar (s.a.v.) dan o‘rganilganiga biror ishora bo‘lmasa, bu tafsirlarni mafquf (Roviylarning sanadi Payg‘ambar (s.a.v.)ga yetmay uzilib qolishiga mavquf deyiladi)lardan sanaladi". Ibn Salohning bu ta’rifini Hokim "Ma’rifatu ulumul hadis" kitobida quvvatlaydi, ya’ni "Mustadrak"da mutlaq qo‘yilgan narsa "Ma’rifatu ulumul hadis"da muqayyad qilinadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Sentyabr 2008, 04:50:58

Imom As-Suyutiy "At-tadrib" kitobida Al-Hokimning mutlaqini: "Al-Hokim "œMustadrak"da ko‘proq sahih hadislarni jam qilishga harislik qilgan. Shuning uchun u yerda marfu’ hadisning shartlaridan hisoblanmagan narsalarni ham keltirgan", — deb sabab ko‘rsatadi. Ammo Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisni mavquf deganligi uchun Al-Hokimga e’tiroz bildiradi va: "Haqiqatda bunday emas, chunki Abu Hurayra rivoyat qilgan hadis oxiratning zikriga aloqador bo‘lib, uni ra’y bilan tushuntirish mumkin emas. Demak, bu hadis marfu’ hadisdir", (Sanadi Payg‘ambarga yetkazilgan hadis marfu’ deyiladi) — deydi.

Yuqorida aytilgan turli fikrlardan shunday xulosaga kelish mumkin:

Birinchi, sahobaning tafsiri agar asbobi nuzulga aloqador bo‘lib, uni ra’y bilan tushuntirish mumkin bo‘lmasa, unga marfu’ hukmi beriladi. Agar ra’y bilan tushuntirish mumkin bo‘lsa va Payg‘ambar (s.a.v)ga sanad yetmasa, unday oyatlar tafsiriga mavquf hukmi beriladi.

Ikkinchi, marfu’ hukmi berilgan tafsirni rad etish umuman  mumkin emas, balki mufassir uni oladi va undan boshqasiga o‘tmaydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Sentyabr 2008, 04:54:01

b) Mavquf hukmi berilgan tafsir haqida ulamolarning turli qarashlari mavjud:

Ba’zi olimlar   aytadi: "Sahobada mavquf bo‘lgan tafsirni olish vojib emas, chunki, sahoba sanadni Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga yetkazmadimi, demak tafsir o‘zining ijtihodi ekan. Mujtahid esa ijtihodda to‘g‘ri topishi ham mumkin, xato qilishi ham mumkin. Sahobalar ham ijtihod masalasida boshqa mujtahidlar kabidirlar.

Ba’zilar esa: "Sahobada mavquf bo‘lgan tafsirni olish vojibdir. Chunki, sahobaning Payg‘ambardan eshitganlik ehtimoli mavjud. Agar sahoba o‘z ra’yi bilan tafsir qilgan bo‘lsa ham, uning ra’yi sahoba bo‘lmagan kishi ra’yidan afzalroqdir. Sahoba Allohning kalomini boshqa odamlardan yaxshiroq biladi. Chunki, u Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning suhbatlarini topgan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning xulqlari bilan bezangan, o‘sha zamon til shevasini yaxshi bilgan, o‘sha zamonga xos bo‘lgan holatlarni yaxshi tushungan, sog‘lom fikrli, kamoli ilm sohibi bo‘lgan kishidir. Xususan, sahobiylarning to‘rt xalifa, Abdulloh ibn Abbos va Abdulloh ibn Mas’ud singari ulamolari, ulug‘larining ijtihod bilan qilgan tafsirlarini olmaslik mumkin emasdir.

Qayd etilgan