Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391932 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 62 B


Musannif Adham  06 Sentyabr 2008, 04:57:42

v) Az-Zarkashiy "Burhon" kitobida shunday fikr aytadi: "Bilingki, Qur’on ikki qismdir: tafsiri naql bilan kelgan qism, tafsirsiz qism. Avvalgisi yo Payg‘ambardan naql qilingan, yo sahobadan naql qilingan, yoki tobi’iylarning avvalidan naql qilingan bo‘ladi. Payg‘ambardan naql qilinganida sanad tekshiriladi. Sahobadan naql qilinganida tafsir tekshiriladi. Sahoba agar oyatni lug‘at nuqtai nazaridan tafsir qilgan bo‘lsa, u ahli lug‘at, shuning uchun uning tafsiriga shubhasiz e’timod qilinadi. Sahoba agar sababi nuzul yoki qarina nuqtai nazaridan tafsir qilgan bo‘lsa, unga ham e’timod qilish vojib...". (Al-Itqon, 2-j, 183-b)

Hofiz Ibn Kasir o‘z tafsirining muqaddimasida: "Agar biror oyatning tafsirini Qur’ondan yoki Sunnatdan topmasak, sahobalarning tafsiriga murojaat qilamiz, chunki, ular oyat nozil bo‘lgan vaqtdagi maxsus ahvollar va qarinalarga shohid bo‘lgan kishilardir. Ularning farosatlari o‘tkir, ilmlari sog‘lom, amallari solih kishilardir. Xususan, ular orasida to‘rt imom, roshid xalifalar, hidoyat topgan imomlar, Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) singari ulamolari, ulug‘lari bor",— degan. (Al-Itqon, 1-j. 3-b)

Hofiz Ibn Kasir bayon etgan eng oxirgi fikr haqiqatga yaqinroq va inson qalbiga maqbulroq fikrdir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Sentyabr 2008, 05:01:27

2. Sahobalar tafsirinig alomatlari.

Sahobalar tafsirini boshqa tafsirlardan ajratishning bir necha alomatlari bor:

a) Qur’onning hammasi emas, ma’nosida biroz maxfiylik bo‘lgan ba’zi oyatlargina tafsir qilingan bo‘ladi. Qur’on ma’nolaridagi maxfiylik odamlar Payg‘ambarimiz (s.a.v.) va sahobalarning zamonlaridan uzoqlashgan sari kuchayib boradi. Maxfiylik kuchaygan sari tafsir qilish hajmi ham ko‘payib boradi va Qur’onni to‘la tafsir qilishgacha yetadi.

b) Sahobalar tafsirida ixtilof juda kam bo‘ladi. Sahobalar ijmoliy tafsir bilan kifoyalanadilar, oyatlar ma’nolarini mufassal bayon qilib o‘tirmaydilar. Masalan: "Va fokihatan va abban" (Abasa, 31. Fokiha—meva, abban—maysa ) oyatining tafsirini "Alloh Ta’olo bandalarga beradigan   ne’matlarining ko‘pligini aytmoqchi" deyish bilan kifoyalanadilar.

Ba’zi so‘zlarning lug‘aviy ma’nosini qisqa so‘zlar bilan tushuntiradilar. Masalan: "g‘oyra mutajonifin li-ismin", ya’ni "g‘oyra mutaarrizin li-ma’siyatin". (Moida, 3. Gunohga ro‘baro‘ bo‘lmagan holda. )

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Sentyabr 2008, 05:02:33

v) Qur’on oyatlaridan fiqh masalalari bo‘yicha nodir hukmlar chiqarganlar, lekin bu hukmlar biror mazhabga bog‘lanmagan, chunki, mazhablar sahobalarning davridan ancha keyin paydo bo‘lgan.

g) Sahobalar davrida  biror tafsir devonga jamlanmagan, balki devon ikkinchi asrdan boshlab tuzilgan. Ba’zi sahobiylar o‘z tafsirlarini mushaflariga yozib qo‘yganliklari keltiriladi, lekin ularni ba’zi mutaaxxir olimlar: "Alloh nozil qilgan oyatlarning turli ko‘rinishlari",— deb talqin etganlar.

Bu davrdagi tafsir hadis ko‘rinishida edi, balki hadisning bir bo‘lagi edi, mukammal tafsir shaklini olmagan edi. Bu tafsirlar turli oyatlarning tarqoq rivoyatlari edi. Ammo devon shakli berilgan Ibn Abbos tafsirlari Ibn Abbos (r.a.) tomonlaridan emas, Feruzobodiy tomonidan jamlangan va Ibn Abbosga nisbat berilgan. Undagi rivoyatlar esa "Muhammad ibn Marvon As-Sadiy — Al-Kalbiy — Abu Solih — Ibn Abbos (r.a.) silsilasi bo‘yicha keltirilgan bo‘lib, bu silsila  mavzu’ (yolg‘on) silsiladir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Sentyabr 2008, 05:03:33

Tayanch iboralar: Oyatning tushishiga shohid bo‘lgan sahobiyning tafsiri, marfu hukmi, musnad hadis, sahobalar ham ijtihod masalasida boshqa mujtahidlar kabidirlar, qarinalarga shohid bo‘lgan kishi, "g‘oyra mutajonifin li-ismin", ya’ni "g‘oyra mutaarrizin li-ma’siyatin", "Alloh nozil qilgan oyatlarning turli ko‘rinishlari", Bu davrdagi tafsir hadis ko‘rinishida edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Sentyabr 2008, 05:04:48

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar

1. Sahobai kiromlarning tafsirlari haqida din ulamolari qanday fikr bildiradilar?
2. Rivoyatlarga berilgan "mavquf", "marfu’", "musnad" va "sahih" sifatlarning o‘zaro farqlari nimada?
3. Az-Zarkashiy "Al-Burhon" kitobida tafsir haqida qanday fikr bildirgan?
4. Sahobalar tafsirining qanday alomatlari bor?
5. Ibn Abbosning tafsiri borasida Feruzobodiy qanday ishlar qilgan

Tavsiya etilgan va foydalanilgan adabiyotlar ro‘ixati

1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T. 2001.
2. Doktor Mahmud At-Tahhon. Taysiru Mustalahil hadis. Riyoz. 1996. 9-nashr.
3. Zakoi Ko‘nrapa. Payg‘ambarimiz va Asharai mubashshara. Toshkent. 1995.
4. Tafsiru ibn Kasir. Bayrut. 1969. 1-j.
5. Sog‘uniy Alixonto‘ra. Tarixi Muhammadiy.Toshkent. «Movarounnahr», 1997. 640 bet.
6. Termiziy. Sunani Termiziy. 1-j. Toshkent: «Adolat», 1999. 688 bet.                                             
7   Muhammad Tohir Ibn Ashur. At-tahrir vat-tanvir. Tunis. 1-j.
8   Imom As-Suyutiy. Al-Itqon fiy ulumil Qur’on.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:00:26

13-MAVZU. TOBI’IYLAR ZAMONIDA QUR’ONI KARIM TAFSIRI

Dars rejasi:

1.  Tobi’iylar zamonida Qur’oni Karim tafsiri.
2.  Tobi’iylar davrida tafsir maktablari:
a)  Makka tafsir maktabi;
b)  Madina tafsir maktabi;
v)  Iroq tafsir maktabi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:01:58

1. Sahobai kiromlarga shogird bo‘lib, ulardan ko‘plab ilmiy ma’lumotlarni olgan tobi’iylarning davrida tafsirning ikkinchi bosqichi boshlandi. Sahobalar orasidan ulug‘ mufassirlar chiqib, Qur’on ma’nolarini boshqalardan yaxshiroq tushunishlari bilan shuhrat topganlaridek, tobi’iylar orasidan ham Qur’onni yaxshi bilishda   mashhur   bo‘lgan olimlar yetishib chiqdilar. Bu olimlarning Qur’on ma’nolarini tushunishda e’timod qilgan manbalari, avvalo, Qur’onning o‘zi, ikkinchi, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan sahobalar rivoyat qilgan hadis, uchinchi, sahobalarning o‘zlaridan keltirilgan tafsir, to‘rtinchi, sahobalar tomonidan ahli kitoblardan olingan rivoyatlar, beshinchi, o‘zlarining ijtihodlari edi. Shuning uchun,  tafsir kitoblariga nazar solinsa, tobi’iylarning ra’y va ijtihodlari bilan aytilgan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan ham, sahobiylardan ham rivoyat qilinmagan tafsirlar juda ko‘p uchraydi. Biroq mufassirlar dolzarb vaziyatdan kelib chiqib, ommaning manfaati yo‘lida ijtihod va ra’y bilan tafsir qilishga majbur bo‘lganlar (Alloh ularni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin).

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:06:37

2. Tobi’iylar davrida tafsir maktablari. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hayotlik davrlari va xulafoi roshidinlarning zamonlarida turli mamlakatlar fath qilindi. Sahobai kiromlar voliylar, amirlar, vazirlar, qoziylar va muallimlar sifatida dunyoning turli burchaklariga yo‘l oldilar. Ularning barchalari ham o‘zlari bilan hadis, tafsir va boshqa ilmlarni eltdilar. Ularning atroflariga tobi’iylar yig‘ilishib, ilm o‘rganishib, keyin o‘zlaridan keyingilarga yetkazdilar. Natijada, turli shaharlarda ilmiy maktablar yuzaga keldi. Bu maktablarning ustozlari sahobai kiromlar, shogirdlari esa tobi’iylar edilar. Ilmiy maktablarning ba’zilari tafsir bilan shuhrat topdi. Shunday qilib, Makka tafsir maktabi, Madina tafsir maktabi va Iroq tafsir maktabi vujudga keldi. Ushbu uch tafsir maktabi boshqa shaharlardagi tafsir maktablarining eng kattasi va mashhuri edi.

Ibn Taymiyya aytadi: "Tafsir sohasida odamlarning eng bilimdonlari Makka ahli edi, chunki, ular Ibn Abbosning Mujohid, Ato ibn Abu Raboh, Ikrima — Ibn Abbosning mavlosi, Tovus, Abush Sha’so, Said ibn Jubayr singari ashoblaridan iborat edilar.

Iroqda Ibn Mas’udning ashoblaridan iborat ahli Kufa ham makkaliklardan qolishmas edilar.

Madinada tafsir ulamolaridan Zayd ibn Aslam maktabi bo‘lib, u olimdan Imom Molik, Abdulloh ibn Vahb singari mufassirlar ta’lim olganlar". (Muqaddimatu Ibn Taymiyya fiy usul at-tafsir, 15-b )

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:08:32

a) Makka tafsir maktabi Abdulloh ibn Abbos (r.a.) huzurlarida tashkil bo‘ldi. Ibn Abbos (r.a.) tobi’iy shogirdlariga Allohning Kitobini tafsir qilib, ba’zi oyatlardagi mushkul mafhumni ravshanlashtirib berardilar. Shogirdlar Ibn Abbos (r.a.)dan o‘rgangan tafsirlarni boshqalarga tushuntirib berardilar. Ibn Abbos (r.a.)ning makkalik shogirdlari orasida Said ibn Jubayr, Mujohid, Ikrima — Ibn Abbosning mavlosi, Tovus ibn Kayson Al-Yamaniy va Ato ibn Abu Raboh eng mashhurlari edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:10:37

Said ibn Jubayrning   tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Abu Muhammad yoki Abu Abdulloh Said ibn Jubayr ibn Hishom Al-Asadiy Al-Volibiydir. Millati habash, rangi qop-qora, xislatlari oppoq edi. Sahobiy imomlarning ko‘pidan tafsir eshitgan, Ibn Abbosdan, Ibn Mas’uddan rivoyatlar qilar edi. O’zi tafsir, hadis, fiqh ilmlarida tobi’iylarning muqaddamlaridan bo‘lib, qiroatni Ibn Abbosdan yuzma-yuz olgan, tafsirini ham Ibn Abbosdan eshitgan va rivoyatlarining ko‘pi shu Zotdan edi. Said ibn Jubayr sahobalardan hamma qiroatni o‘rgangan edi.

Ismoil ibn Abdulmalik aytadi: "Said ibn Jubayr Ramazonda bizga imom bo‘lib, bir kecha Abdulloh ibn Mas’ud qiroati bilan, yana bir kecha Zayd ibn Sobit qiroati bilan, uchinchi kechada esa boshqa bir sahobiyning qiroati bilan namoz o‘qib berar edi". (Vafayotul-a’yon, 1-j. 364-b. )

Qayd etilgan