Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391494 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 ... 62 B


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:12:53

Ibn Jubayrning hamma qiroatlarni bilishi unga Qur’on tafsirini oson fahmlashiga yordam bergan. Ammo Ibn Jubayr ra’y va ijtihod bilan tafsir qilishdan juda taqvo qilgan. Ibn Xalliqonning rivoyat qilishicha: "Bir odam Said ibn Jubayrdan Qur’on tafsirini yozib berishini iltimos qilgan. Ibn Jubayr g‘azablanib: "Sen aytganni qilganimdan ko‘ra, bir tomonim uzilib tushgani afzalroqdir",— deb javob bergan". (Vafayotul-a’yon, 1-j. 364-b.)

Said ibn Jubayr tobi’iy ashoblarining hamma ilmini o‘zida jamlagan edi. Bu haqda Xasiyf shunday deydi: "Tobi’iylarning orasida taloqni Said ibn Musayyab, hajni Ato, halol va haromni Tovus, tafsirni Mujohid ibn Jabr eng yaxshi biladi. Bu ilmlarning hammasini jamlagan kishi esa Said ibn Jubayrdir". (Vafayotul-a’yon, 1-j.. 365-b)

Ibn Abbos (r.a.).shogirdlari Ibn Jubayrning ilmiga ishonganlari uchun, ahpi Kufadan birortasi masala so‘rashga kelsa, unga: "Axir oralaringizda Ibn Ummi Addahmo ( Said ibn Jubayr) borku!"— deb tanbeh berar ekanlar. Ana shunday mufassir, muhaddis va faqih olim qirq to‘qqiz yoshida hijriy sananing to‘qson beshinchi yilida Hajjoj zolim tomonidan o‘ldirildi.( Tahzibut-tahzib, 4-j. 13—14 —betlar)  Alloh Ta’olo u kishidan rozi bo‘lsin!   



Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:15:19

Mujohid ibn Jabrning tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Abul Hajjoj Mujohid ibn Jabr Al-Makkiy Al-Muqri’ Al-Mufassir Al-Maxzumiy mavlo As-Soib ibn Abis Soib bo‘lib, hijriy sananing yigirma birinchi yilida, Xazrat Umar ibn Xattobning xalifalik davrlarida dunyoga keldi. U Makkada bir yuz to‘rtinchi yidda sakson uch yoshida sajda qilib turgan holida vafot etdi. Mujohid Ibn Abbosning shogirdlari orasida ustozidan eng kam tafsir rivoyat qilgan olim hisoblanadi, lekin eng ishonchlirog‘idir. (Fajrul-Islom, 251-b.) Imom Shofe’iy va imom Buxoriy Mujohiddan juda ko‘p tafsir rivoyat qilganlar. Imom Buxoriyning "Jome’us-sahih" kitobida Mujohiddan ko‘p rivoyat qilinganligi, bu roviyning naqadar ishonchga molik ekanligini ko‘rsatadi.

Al-Fazl ibn Maymun Mujohiddan: "Men Qur’onni Ibn Abbosdan o‘ttiz marta o‘tkazdim"— deganini  eshitgan. (Mezon-ul-e’tidol. 3-j. 9-b)

Ibn Habbon aytadi: "Mujohid faqih, taqvoli, obid va ixlosli edi".

Abu Bakr Al-Hanafiy aytadi: "Men Sufyon As-Savriydan eshitgan edim: "Agar senga Mujohiddan tafsir kelsa, boshqasining   zarurati yo‘q". (Tafsiri Ibn Jarir, 1-j. 30-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:16:41

Imom Az-Zahabiy "Mezon" da aytishicha: "Hamma ulamolar Mujohidning imomligiga va uning rivoyati hujjat bo‘lishiga ittifoq qilganlar".

Lekin Mujohidning ilm darajasi shunchalik yuqori bo‘lishiga qaramay, ba’zi olimlar uning tafsirini tan olmaganlar. Imom Az-Zahabiy "Mezon"da keltirishicha, Abu Bakr ibn Iyosh Al-A’mashdan: "Nima uchun mufassirlar Mujohidning tafsiridan qochadilar?"— deb so‘radi. Al-A’mash unga: "Mujohid ahli kitoblardan ham so‘raganligi uchun", — deb javob berdi.

Shunga qaramasdan Mujohidning ishonchli va adolatli ekanligiga hech kim ta’na yetkazmagan. U ahli kitoblardan ma’lumot so‘ragan bo‘lsa ham, zarurini olgan, nozarurini tark etgan. Chunki, u ummatning faxri va ilmning dengizi bo‘lgan Ibn Abbos (r.a.) ning shogirdidir. Ibn Abbos (r.a.) esa ahli kitoblarning xabarlarini sinchkovlik bilan tekshiradigan, munkarini qattiq rad etadigan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning ahli kitoblar haqida aytgan so‘zlarini tasdiq etadigan zotdirlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:18:18

Mujohid ibn Jabr Qur’on oyatlarining ma’nolarini tushunishda aqlga juda katta erk berib yuborgan edi. Buning oqibatida mo‘tazila oqimi tarafdorlarining e’tiborini tortgan va ular Mujohidning aqliy tafsirlarini e’tirof qila boshlagan edilar. Masalan: Mujohidning tafsirida "Baqara" surasining 65-oyati

وَلَقَدْ عَلِمْتُمُ الَّذِينَ اعْتَدَوْا مِنْكُمْ فِي السَّبْتِ فَقُلْنَا لَهُمْ كُونُوا قِرَدَةً خَاسِئِينَ

"Orangizdan shanba kunida haddan oshgan kimsalarni bildingiz. Bas, Biz ularga: "Badbaxt maymunlarga aylaningiz"— dedik" ning tafsirida Mujohid: "Ularning qalblari maymunga aylantirilgan, suratlari emas. Buning misoli, amalsiz olimni kitob ortilgan eshakka o‘xshatilganidek", — deb tafsir qiladi. Bunday tafsirning xato ekanligi Ibn Jarir tomonidan dalillar bilan isbotlab berilgan.

Ehtimolki, Mujohidning tafsirda shunday yo‘l tutishi Qur’onni ra’y bilan tafsir qilishni ayb deb hisoblaydigan ba’zi taqvodor mufassirlarni uning tafsirini tark etishlariga sabab bo‘lgandir. Ammo Mujohidning o‘g‘li shohidlik berishicha, bir odam Mujohiddan: "Sen Qur’onni o‘z ra’ying bilan tafsir qilasanmi?"— deb so‘raganda, Mujohid qattiq yig‘lagan va: "Men Qur’onga tajovuz qilamanmi? Axir men tafsirni Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning o‘ndan ortiq sahobiylaridan olganman-ku!"— deb e’tiroz bildirgan. Qanday bo‘lganda ham, Mujohid tafsir imomidir. U o‘zining aqliga qanchalik erk bergan bo‘lmasin, olimlik qiymati va darajasita putur yetmagan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:20:37

Ikrimaning tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Abu Abdulloh Ikrima Al-Barbariy Al-Madaniy, Ibn Abbosning mavlosi, asli millati barbar, Mag‘rib diyoridandir. Ikrima xojasi Ibn Abbos (r.a.) Ali ibn Abu Tolib (r.a.), Abu Hurayra (r.a.) va boshqa sahobiylardan rivoyat qilgan. Ikrimaning haqiga ba’zi mufassirlar va roviylar ta’na yetkazganlar, uning rivoyatlarini va tafsirlarini kizb (yolg‘onga)ga chiqazganlar. Ammo Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Ahmaddek muhaddis va mufassirlar Ikrimaning rivoyatini tasdiq etganlar. Demak, Ikrimaning sha’niga aytilgan barcha ta’nalar yolg‘ondir. Ibn Mu’in aytadiki: "Ikrimaga o‘xshab ta’naga qolgan boshqa odam ham bormikin, axir unga Islomi uchun tuhmat qilinyapti-ku!".

Yahyo ibn Ayyub Al-Misriy aytadi: "Ibn Jurayj mendan: "Ikrimaning rivoyatlaridan yozdingmi?"— deb so‘radi. Men: "Yo‘q!"— dedim. Ibn Jurayj: "Unday bo‘lsa ilmning uchdan ikki qismi zoe bo‘lipti", — dedi.

Ikrima ilmda muqaddam, rivoyati ishonchli, fahmi o‘tkir, bir so‘z bilan aytganda Ibn Abbosning ilm vorisi edi. Hijriy sananing bir yuz to‘rtinchi yilida vafot etgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:21:52

Tovus ibn Kaysonning tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Abu Abdurrohman Tovus ibn Kayson Al-Yamaniy Al-Humayriy Al-Jandiy mavlo Najir ibn Raysondir. Tovus Abdulloh ibn Mas’ud, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Zubayr va Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilgan. Uning o‘z so‘ziga qaraganda sahobiylarning elliktasidan ilm o‘rgangan. Tovus e’tiqodli olim, Allohning kalomi ma’nolarini yaxshi biluvchi, sahobiylarning majlis va suhbatlariga to‘ymaydigan haris edi. Sahobiylardan bilmaganini o‘rganar, bilganini ularga rivoyat qilib berar edi. Ammo aksar suhbati Ibn Abbos (r.a.) bilan bo‘lar, Ibn Abbos (r.a.)dan boshqalardan o‘rganganiga qaraganda ko‘proq tafsir ilmini o‘rganar edi. Shuning uchun ham Tovusni Ibn Abbos (r.a.)ning shogirdlaridan hisoblab, Makka tafsir maktabining ulug‘lari qatorida nomi tilga olindi. Tovus taqvoda bemisl bo‘lgani uchun ustozi Ibn Abbos (r.a.) ham shohidlik berib deganlarki: "Men Tovusni jannat ahlidan deb o‘ylayman".

Tovus qirq marta haj qilgan, mustajobud-da’vat kishi edi. Az-Zahabiyning aytishicha: "Tovus Yaman ahlining ulug‘i edi, hajni ko‘p qilgan edi. Hijriy sananing bir yuz oltinchi yilida Makkada vafot etdi (Tahzib at-tahzib, 5-j. 8-10-b)

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:24:53

Ato ibn Abu Rabohning tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Abu Muhammad Ato ibn Abu Raboh Al-Makkiy Al-Qurashiy bo‘lib, hijriy sananing yigirma yettinchi yilida tug‘ilgan, bir yuz o‘n to‘rtinchi yilida vafot etgan. Ato Ibn Abbos (r.a.) Ibn Umar (r.a.), Ibn Amr ibn Os (r.a.) va boshqa sahobalardan rivoyat qilgan. Atoning faxrlanib aytishicha, u ikki yuz sahobaning suhbatini topgan. Roviylar ichida ishonchli, faqih, olim, ko‘p hadis biluvchi edi. Makka ahlining muftisi edi.

Ibn Abbos(r.a.) Makka ahliga: "Mening oldimga nima uchun yig‘ilasizlar, axir ichingizda Ato borku!"— deganlar.

Abu Hanifa Ato haqida shunday deganlar: "Men uchrashgan odamlar orasida Atodan afzalrog‘ini ko‘rmadim va Jobir Al-Ja’fiydan kazzobrog‘ini ko‘rmadim".
Abdulaziz ibn Rafi’ aytadi: "Atodan bir masala so‘raldi. U "bilmayman" dedi. Bu masalaga o‘z ra’yingizni ayting, deyilganda, Ato: "Men yer yuzida o‘z ra’yim bilan dindorlik da’vosini qilishga Allohdan hayo qilaman",— deb javob berdi.


Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:27:19

b) Madina tafsir maktabi.

Madinai Munavvarada juda ko‘p sahobalar istiqomat qilardilar. Ular o‘zlarining yaqinlariga Allohning kalomi va Payg‘ambar(s.a.v.)ning sunnatlaridan ta’lim berar edilar. Natijada, mashhur sahobalardan ta’lim oladigan tobi’iylarning soni ham ko‘payib bordi va Madinada alohida tafsir maktabi vujudga keldi. Bu maktab asosan Madina ahlining eng ulug‘laridan va tafsir ilmining bilimdonlaridan Ubay ibn Ka’b (r.a.)ga qarashli edi. Ubay ibn Ka’bning shogirdlari behisob edi. Ularning orasida tobi’iylardan chiqqan uch shogird tafsir bobida alohida e’tiborga molik olimlar sanalib, ular — Zayd ibn Aslam, Abul Oliya va Muhammad ibn Al-Quraziylar edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:29:12

Abul Oliyaning tarjimai holi

Uning to‘liq nomi Abul Oliya Rafi’ ibn Mahron Ar-Riyohiydir. Abul Oliya johiliyat davrida yashagan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning vafotlaridan ikki yil keyin Islomni qabul qilgan. U tobi’iylarning eng ishonchli va mashhur roviysi bo‘lib, Ali (r.a.), Ibn Mas’ud (r.a.), Ibn Abbos (r.a.), Ibn Umar (r.a.), Ubay ibn Ka’b (r.a.) va boshqa sahobalardan rivoyat qilgan. Abul Oliyaning ishonchli roviy ekanligiga "Olti sahih kitob"ning mualliflari ham ittifoq qilganlar. Uning o‘zi: "Men Qur’onni Umar (r.a.)ning davrlarida uch bor o‘qib berdim",— deb e’tirof etgan. U haqda Abu Dovud: "Sahobalardan keyin qiroatda Abul Oliyaning oldiga tushadigani yo‘q edi",— deb ta’riflaydi. Abul Oliya hijriy sananing to‘qsoninchi yilida vafot etdi.


Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:30:59

Muhammad   ibn Ka’b Al-Quraziyning tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Abu Hamza yoki Abu Abdulloh Muhammad ibn Ka’b ibn Salim ibn Asad Al-Quraziy Al-Madaniy bo‘lib, Avs qabilasi ittifoqchilaridan edi. U asosan Ali (r.a.), Ibn Abbos (r.a.), Ibn Mas’ud (r.a.)lardan rivoyat qilgan. Ubay ibn Ka’b (r.a.)dan esa vosita bilan rivoyat qilgan. Al-Quraziy o‘ta taqvodor, adolatli, ko‘p hadis biluvchi va ta’vilga usta kishi edi. Uning ishonchli roviy ekanligiga "olti sahih"ning mualliflari ham ittifoq qilishgan. Ibn Habbon aytadi: "Muhammad ibn Ka’b Al-Quraziy Madina ahlining ilmu fiqhda eng fozili edi. Bir kuni masjidda odamlarga va’z qilib turganda masjidning tomi qulab, o‘tirgan kishilar ustiga tushdi va jamoat bilan birga yetmish sakkiz yoshli Al-Quraziy ham halok bo‘ldi. Bu falokatning sodir bo‘lishi hijriy sananing bir yuz o‘n sakkizinchi yiliga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilgan