Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391266 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 ... 62 B


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:32:40

Zayd ibn Aslamning tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Abu Usoma yoki Abu Abdulloh Zayd ibn Aslam Al-Adaviy Al-Madaniy bo‘lib Umar ibn Xattob (r.a.)ning mavlolaridir.

Zayd ibn Aslam haqida, uning Qur’onni ra’y bilan tafsir qilishi borasida ba’zi olimlarning ta’nasi bor. Lekin bu ta’nalar asossizdir. Zayd ibn Aslamdan Madina ahlining ko‘pchiligi, xususan uning o‘g‘li Abdurrahmon ibn Zayd va Madina imomi Molik ibn Anas ilm o‘rgangan. "Uning vafot etgan yili hijriy sananing bir yuz o‘ttiz oltinchi yilidir". (Tahzib at-tahzib. 3-j. 395-397-b)

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:33:38

v) Iroq tafsir maktabi

Iroqning Kufa shahrida bir necha sahobalar istiqomat qilib, odamlarga Qur’on va Hadisdan ta’lim berayotgan bo‘lsalarda, Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)ning huzurlariga jam bo‘lib, ilm o‘rganuvchilar behisob edi. Chunki, Abdulloh ibn Mas’ud(r.a.)ning hurmat va shuhratlari yuqori edi.

Umar ibn Xattob (r.a.) Kufaga Ammor ibn Yosirni voliy qilib yuborganlarida, u kishi bilan birga Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)ni muallim va vazir qilib yuborgan edilar. Xalifa yuborgan muallimdan Kufa ahli ilm o‘rganar va bundan faxrlanar edilar.

Iroq tafsir maktabining Makka va Madina tafsir maktablaridan ajralib turadigan jihati shuki, Qur’oni Karimni tafsir qilishda Ibn Mas’ud (r.a.) Qur’on va Hadisdan tashqari ijtihod va ra’y bilan ham tafsir qilishga, xususan, ulamolar orasida ixtilofli bo‘lgan masalalarni ijtihod yordamida hal qilib berishga uringan edilar. Shuning uchun ulamolar: "Ibn Mas’ud ixtilofli masalalarda ijtihod va ra’y bilan hukm qilish yo‘liga asos solgan, keyinchalik bu yo‘l Iroq ulamolari o‘rtasida ommalashib ketgan",— deydilar. Shubha yo‘qki, ixtilofli masalalarda ijtihod va ra’y bilan hukm qilinadigan bunday yo‘l keyinchalik tafsirga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi, natijada ijtihod va ra’y bilan tafsir qilish ham kuchayib ketdi.

Iroqlik tobi’iylar orasidan ham juda ko‘p mashhur mufassirlar chiqqanlar. Ulardan Alqama ibn Qays, Masruq, Al-Asvad ibn Yazid, Murra Al-Hamadoniy, Omir Ash-Sha’biy, Al-Hasan Al-Basriy, Qatoda ibn Di’oma As-Sudusiylar eng mashhurlari sanaladilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:34:52

Alqama ibn Qaysning tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Alqama ibn Qays ibn Abdulloh ibn Molik An-Naxa’iy Al-Kufiy bo‘lib, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hayotlik vaqtlarida tug‘ilgan. Alqama hazrat Umar (r.a.), Usmon (r.a.), Ali (r.a.), Ibn Mas’ud (r.a.) va boshqalardan rivoyat qilgan bo‘lsa ham, asosan Ibn Mas’ud (r.a.)ning eng mashhur va eng bilimdon shogirdlaridan sanaladi. Alqama bilan zamondosh bo‘lgan barcha olimlar uning haqida yaxshi fikrlar bildirganlar.

Usmon ibn Sa’id aytadi: "Men Ibn Mu’indan: "Senga Alqama yaxshiroqmi yoki Ubayda?" — deb so‘radim. U ikkovidan birini ham afzal demadi. Men: "Ikkovi ham eng ishonchli roviy, biroq Alqama Abdullohning shogirdlari orasida olimroq",— dedim.

Abul Musanno aytadi: "Agar sen Alqamani ko‘rgan bo‘lsang, Abdullohni ko‘rmaganing zarar qilmaydi. Chunki, Alqama qiyofada ham, ilmda ham Ibn Mas’udning o‘zginasidir".

Abdurrahmon ibn Yazid aytadi: "Abdulloh shuvday e’tirof qilardi: "Men nimani o‘qisam va nimani bilsam, Alqama ham shuni o‘qiydi va biladi".
Alqama "olti sahih" mualliflari huzurida tan olingan roviydir.

Abu Na’imning aytishicha, Alqama hijriy sananing oltmish birinchi yilida to‘qson yoshida vafot etgan. (Tahzibut-tahzib. 7-j. 276-278-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:35:45

Masruqning tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Abu Oisha Masruq ibn Al-Ajda’ ibn Molik ibn Umayya Al-Hamadoniy Al-Kufiy Al-Obiddir. Hazrat Umar (r.a.) bir kuni Masruqdan: "Isming nima?"— deb so‘radilar. U: "Masruq ibn Al-Ajda’",— deb javob berdi. Hazrat Umar (r.a.) unga: "Al-Ajda’ Shaytondir. Sening isming bugundan boshlab Masruq ibn Abdurrahmon bo‘lsin!"— dedilar.

Masruq to‘rt xalifadan, Ibn Mas’ud, Ubay ibn Ka’b va boshqalardan rivoyat qilgan. Ibn Mas’ud (r.a.) ning shogirdlari orasida eng bilimdoni bo‘lib, taqvosi, chuqur ilmi va adolati bilan ajralib turadi. Masruqning bemisl iste’dod sohibi ekanligi zamondosh ulamolar tomonidan e’tirof etilgan.

Molik ibn Mag‘ul aytadi: "Men Abu As-Safarning bir necha marta: "Hamadonlik biror ayol Masruqdek bolani tug‘olmasa kerak",—deb takrorlaganini eshitdim".

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:37:23

Masruqning o‘zi e’tirof etishicha, u Muhammad (s.a.v.) ning ko‘plab sahobalari bilan suhbat qurgan. Ularning manba (ilm xazinasi) ekanligini tan olgan. Ammo manbalarning quvvatlari har xil bo‘lib, ba’zilari bir, ba’zilari ikki odamga, ba’zilari o‘n, ba’zilari yuzlab odamlarga rivoyat qiladigan roviylar, yana ba’zilari esa, yer yuzidagi hamma odam kelsa ham ularga kifoya qiluvchilar edilar. Ustozi Ibn Mas’ud (r.a.) haqlarida shunday deydi: "Men Ibn Mas’ud (r.a.)dan tafsir sohasida ko‘p ilm oldim. Ustozimiz bizga avval Qur’on suralaridan qiroat qilib berardilar. Keyin uning ma’nolarini tushuntirib, tafsir qilib berardilar".

Masruqning ana shunday zabardast sahobiy olimlarga, va ayniqsa, Ibn Mas’ud (r.a.)dek ustozga shogird bo‘lishi Allohning kalomi ma’nolarini chuqur bilish va uni tafsir qilishda peshvolik martabasini topishiga sabab bo‘ldi. Masruqning e’tiqodi kuchliligi haqida Abu Ishoq shunday rivoyat qilgan: "Masruq hajga borganda yotib uxlashdan voz kechgan, uxlasa ham sajdaga bosh qo‘yib uxlardi. U hijriy sananing oltmish uchinchi yilida vafot etgan". (Tahzibut-tahzib, 10-j. 109-111-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:38:35

Al-Asvad ibn Yazidning tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Abu Abdurrahmon Al-Asvad ibn Yazid ibn Qays An-Naxa’iy bo‘lib, tobi’iylarning ulug‘laridan va Ibn Mas’ud (r.a.)ning roviylaridan sanaladi. Al-Asvad Abu Bakr As-Siddiq (r.a.), Umar (r.a.), Ali (r.a.), Huzayfa(r.a) va boshqalardan ham rivoyat qilgan. Uning haqida Al-Imom Ahmad, Yahyo ibn Mu’in, Ibn Sa’d singari ulamolar yaxshi fikr aytganlar, "Olti sahih" mualliflari huzurida ham e’tirof etilgan roviydir.

Ibrohim An-Naxa’iyning ta’kidlashicha, Ibn Mas’ud (r.a.)ning fatvosi qabul qilinadigan shogirdlaridan biri sanalgan.

Al-Asvad ibn Yazid hijriy sananing yetmish to‘rtinchi yoki yetmish beshinchi yilida Kufa shahrida vafot etgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:39:38

Murra Al-Hamadoniyning tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Abu Ismoil Murra (Murra — achchiq demakdir) ibn Sharohil Al-Hamadoniy Al-Kufiy Al-Obid bo‘lib, xalq orasida seribodatligi, taqvosining kuchliligi tufayli "Murra at-toyyib" (yoqimli achchiq), "Murra al-xoyr" (yaxshi achchiq) deb mashhur bo‘lgan. Horis Al-G’anaviyning ta’riflashicha, Murra sajdada shu qadar uzoq yotar ekanki, uning yuzi shilinib ketar ekan. Bir kunda yetti yuz rakat namoz o‘qir ekan. Ustozlari Abu Bakr As-Siddiq (r.a.), Umar (r.a.), Ali (r.a.), Ibn Mas’ud (r.a.) va boshqalar edilar. Imom Ash-Sha’biy esa Murradan ilm o‘rgangan shogirdlardan biridir. Murra hijriy sananing yetmish oltinchi yilida vafot etgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:41:37

Omir Ash-Sha’biyning tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Abu Amr Omir ibn Sharohil Ash-Sha’biy Al-Humayriy Al-Kufiy At-Tobi’iy Al-Jalil bo‘lib, Kufa shahrining qozisi edi. Hazrat Umar (r.a), Ali (r.a.), Ibn Mas’ud (r.a.)larning o‘zlaridan eshitmagan holda ulardan hadis rivoyat qilgan, Abu Hurayra (r.a.), Oisha (r.a.), Ibn Abbos (r.a.), Abu Muso Al-Ash’ariy (r.a.) va boshqalardan eshitib rivoyat qilgan. Ash-Sha’biyning e’tirof etishicha, besh yuz sahobani ko‘rgan, ammo ularning qirq sakkiztasidan rivoyat qilgan. Ash-Sha’biy ilmda yuksak daraja sohibi bo‘lgan. Ibn Sirin aytadi: "Men Kufaga kelganimda sahobalar ko‘p bo‘lishiga qaramay, Ash-Sha’biyning alohida xalqasi bo‘lib, ularga dars aytar edi".

Juda ko‘p zamondosh olimlarning tasdiqlashicha, Ash-Sha’biy turli ilmlarni a’lo darajada egallagan bo‘lishiga qaramay, tafsirda ra’y bilan ma’no aytishga butunlay qarshi ekan. O’zining e’tiroficha, u shunday degan: "Uch narsa, ya’ni Qur’on, ruh va ra’y haqida men o‘lgunimcha ham hech narsa demayman". (Muqaddimatu tafsiri Ibn Jarir. 1-j. 28-b.)

Omir Ash-Sha’biyning tug‘ilishi va vafoti haqida turli ixtiloflar mavjud bo‘lib, mashhurrog‘i shuki, u hijriy sananing yigirmanchi yilida tug‘ilgan, bir yuz to‘qqizinchi yilida esa vafot etgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:42:30

Al-Hasan Al-Basriyning tarjimai holi

Uning to‘liq ismi Abu Said Al-Hasan ibn Abil Hasan Yasor Al-Basriy bo‘lib, onasi Xayra Ummu Salamaning xizmatkori edi. Al-Hasan Al-Basriy Hazrat Umar (r.a.) xalifaligining oxirgi ikki yili qolganda tug‘ilgan, Vodil Quro degan qishloqda o‘sgan. Fasih, taqvoli kishi bo‘lib, u va’z qilganda ta’sirlanmagan odam topilmas edi. Hazrat Ali (r.a.), Ibn Umar(r.a.), Anas (r.a.) va boshqa ko‘pgina sahobalar hamda tobi’iylardan rivoyatlar qilgan. Bir necha ahli ilmlar Al-Hasan Al-Basriyning Qur’oni Karim, Payg‘ambar sunnatlari va halol-harom masalalarni yaxshi bilishiga, salohi, taqvosi, va’zining ta’sirchanligi bemisl ekanligiga guvohlik berganlar.

Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: "Al-Hasandan masala so‘ranglar, chunki, bizlar esdan chiqarayotgan paytimizda u yodlagan".

Matar Al-Varroq aytadi: "Jobir ibn Zayd Basra axlining peshvosi edi. Al-Hasan chiqqandan keyin, go‘yoki u oxiratda bo‘lib kelgandek, har bir narsani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandek ochiq-ravshan gapiradi".

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Sentyabr 2008, 06:43:30

Bakrul Muzniy aytadi: "Kimni, zamonasining biz bilgan eng ulug‘ olimini ko‘rish xursand etadigan bo‘lsa, Al-Hasan Al-Basriyga qarasin. Biz undan ko‘ra olimroqni topganimiz yo‘q".
   
Abu Ja’far Al-Boqir aytar edi: "Bu odam (Al-Hasan)ning gaplari payg‘ambarlarning gaplariga o‘xshaydi".

Ibn Sa’d aytadi: "Al-Hasan barcha fazilatlarni jam qiluvchi: olim, obro‘li, faqih, ishonchli, omonatli, obid, fasih, go‘zal qomatli va yuzli, salobatli edi".

Rivoyat qilgan hadislari "Olti sahih" mualliflari orasida ham mo‘‘tabardir.

Al-Hasan Al-Basriy hijriy sananing bir yuz o‘ninchi yilida sakson sakkiz yoshida vafot etdi.

Qayd etilgan