Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391312 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 ... 62 B


Musannif Adham  09 Sentyabr 2008, 04:56:46

3. Bu davrda ixtilofli mazhablarning namoyandalari tafsirlardan asosan o‘z mazhablarining boshqalardan afzal ekanligini, o‘z fikrlarining boshqalar fikridan ustun ekanligini isbotlashda foydalana boshladilar. Natijada, tafsirlar musulmonlarga Qur’on ma’nolarini tushuntirib beruvchi ilmiy manba bo‘lishdan ko‘ra, aksar hollarda ahli ilmlarning munozara maydoniga aylanib qolgan edi. Masalan: tobi’iy mufassirlardan Qatoda ibn Di’oma o‘z tafsirida Allohning qazo va qadarini tushuntirishga qattiq ruju’ qilgani uchun, uning haqida "qadariy" deb gumon qilingan. Natijada, uning tafsiri e’timoddan va e’tibordan qolgan.
Al-Hasan Al-Basriy ham o‘z tafsirida qadarni isbotlashga urinib, unga unamagan kishini kofirga nisbat bergan. Buning oqibatida Al-Hasanning tafsiridan qilingan rivoyat ham ba’zi olimlar nazdida qimmatga ega emas, deb sanaladi.

4. Tafsirda tobi’iylarning ixtiloflari sahobalarning ixtiloflaridan ko‘proqdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning zamonlarida Qur’oni Karim tafsirida ixtilof butunlay bo‘lgan emas. Sahobalar zamonida biroz ixtilof paydo bo‘ldi. Tobi’iylar davrida bu ixtiloflar kuchaydi. Ammo tobi’iylardan keyingi mufassirlar asrida, ya’ni yozma tafsirlar ko‘paygan sayin mufassirlar o‘rtasidagi bunday ixtiloflar qaddan oshib ketdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2008, 04:58:13

3. Tafsirda devon tuzish Umaviylar xalifaligining oxiri, Abbosiylar xalifaligining avvalida boshlandi. Bundan oldingi tafsirlar rivoyatlarga asoslanar edi. Sahobalar Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan yoki birlari ikkinchilaridan, tobi’iylar esa sahobalardan yoki bir tobi’iy ikkinchi tobi’iydan rivoyat qilar edilar. Tafsirdagi birinchi qadam shu tariqa qo‘yilgan.

Sahobalar va tobi’iylar asridan so‘ng tafsirda ikkinchi qadam qo‘yildi. Bunda asosan Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qilingak hadislar mazmunlariga qarab bobma-bob tartib berilgan, ular orasidan alohida bir bob ajratilib, bu bobda Qur’on oyatlari tafsiri rivoyat qilinar edi. Qur’oni Karimning boshidan oxirigacha surama-sura, oyatma-oyat yozilgan maxsus tafsiri yo‘q edi. Bu davrda ko‘plab ulamolar Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qilingan hadislarni jamlash maqsadida turli shaharlarni aylanar va Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ga, sahobalarga va tobi’iylarga nisbat berilgan hadislarni yig‘ar edilar. Yazid ibn Horun As-Sulamiy (117 hijriyda vafot etgan), Shu’ba ibn Al-Hajjoj (160 hijriyda vafot etgan), Vaki’ ibn Al-Jarroh (197 hijriyda vafot etgan), Sufyon ibn Uyayna (198 hijriyda vafot etgan), Ruh ibn Uboda Al-Basriy (205 hijriyda vafot etgan), Abdurrazzoq ibn Hammom (211 hijriyda vafot etgan), Odam ibn Abiy Iyos (220 hijriyda vafot etgan), Abd ibn Hamid (249 hijriyda vafot etgan) va boshqalar shular jumlasidan bo‘lib, bu ulamolar jamlagan oyatlarning tafsiri mustaqil tafsir kitobi sifatida emas, hadis kitobi boblari ichida tafsirga ajratilgan bir bob sifatida devon qilingan edi.

Afsuski, bu qimmatli asarlar bizgacha yetib kelmagan. Shuning‘ uchun ular haqida bir ijobiy yoki tanqidiy fikr aytish va qat’iy hukm chiqarish imkoniyatiga ega emasmiz.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2008, 04:59:52

4. Tafsirdagi uchinchi qo‘yilgan dadil qadam — bu tafsirni mustaqil ilm sifatida hadisdan ajratilishi bo‘ldi. Mushafning tartibiga muvofiq holda Qur’oni Karimning har bir oyatiga batafsil tafsir bayon qilindi. Bunday xayrli ishga qo‘l urganlar qatorida Ibn Mojja (273 hijriyda vafot etgan), Ibn Jarir At-Tabariy (310 hijriyda vafot etgan), Abu Bakr ibn Al-Munzir An-Naysoburiy (318 hijriyda vafot etgan), Ibn Abiy Hotim (327 hijriyda vafot etgan), Abu Ash-shayx ibn Habbon (329 hijriyda vafot etgan), Al-Hokim (405 hijriyda vafot etgan), Abu Bakr ibn Murdavayh (410 hijriyda vafot etgan) va boshqa o‘nlab ulamolar bor edilar.

Bu ulamolarning tafsirlari Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga, sahobalarga, tobi’iylarga va tabaa tobi’iylarga mansub rivoyatlardan iborat bo‘lib, "tafsiri ma’sur"dan deyarli farq qilmas edi. Faqatgina Ibn Jarir At-Tabariyning tafsiri boshqa tafsirlardan kengroq edi. Unda turli rivoyatlar aytilganidan so‘ng, kuchliroq rivoyatga alohida urg‘u berar, uni boshqalaridan quvvatliroq ekanini isbotlab, fikr bildirar, zarurat bo‘lganda e’robni ham bayon qilar edi. Hatto ba’zi hukmlarni chiqarishda oyatlardan istinbot ham olardi. Tafsir ilmi shu tariqa pog‘onama-pog‘ona rivojlantirildi.


Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2008, 05:00:29

Ammo Qur’oni Karimni oyatma-oyat tafsir qilgan va uni Mushaf tartibiga muvofiq tadvin qilgan birinchi mufassir kim ekanligi to‘g‘risida aniq fikr aytish qiyin.

Ibn An-Nadimning "Al-Fihrast" kitobi, 99-sahifasida Abul Abbos Sa’labning shunday so‘zi bor: "Imom Al-Farroning "Fil Ma’oniy" kitobining yozilishiga sabab shu ediki, Umar ibn Bakir Al-Farroning ashoblaridan edi. U Al-Hasan ibn Sahlning xizmatiga kirgani uchun ustozi Al-Farrodan uzoqlashib qolganligi sababli, bir kuni ustoziga xat yozib shunday dedi: "Amir Al-Hasan ibn Sahl mendan Qur’on oyatlari to‘g‘risida juda ko‘p savol so‘raydi. Men uning savollariga ba’zida javob berolmay qolyapman. Agar rozi bo‘lsangiz, men uchun shunday kitob yozib beringki, men unga murojaat qilib, barcha oyatlar xususida javob topayin".

Al-Farro rozi bo‘lib, barcha shogirdlariga bir kunda bir joyga yig‘ilishni buyurdi va dedi: "Yig‘ilinglar, men sizlarga Qur’on haqida bir kitob yozib beraman",— dedi. Hamma yig‘ilgandan so‘ng, masjid muazziniga qarab: "Sen menga "Fotiha" surasini o‘qib bergin, men tafsir qilib beraman",— dedi. Shu tariqa muazzin Qur’on suralarini o‘qib turdi, Al-Farro esa birin-ketin tartib bilan tafsir qilishga boshladi". Abul Abbos aytadiki: "Shu vaqtgacha biror kishi Al-Farro qilgan ishni, ya’ni tartib bilan tafsir qilishni o‘ylamagan edi. Keyin ham uning ishiga hech kim biror narsa qo‘sha olgani yo‘q".

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2008, 05:01:30

Lekin Ibn An-Nadimning bu rivoyati birinchi mukammal tafsir sohibi Al-Farro (207 hijriyda vafot etgan) ekan, degan xulosa chiqarishimizga dalil bo‘lolmaydi. Biroq, Al-Farro bu sohada dadil qadam qo‘ygan olimlardan biri edi, deyishimiz mumkin. Qur’oni Karimni sura-masura, oyatma-oyat tartib bilan tafsir qilishga kirishish jarayoni ikkinchi asrning oxiri va uchinchi asrning boshlarida ham nihoyasiga yetmagan edi.

Ibn Abu Mulayka rivoyat qilgan: "Men Mujohidning qo‘lida lavhlarini ko‘tarib olgan holda Ibn Abbos (r.a.)dan Qur’on oyatlari tafsirini so‘rab turganini ko‘rdim. Ibn Abbos (r.a.) esa har bir oyat tafsirini aytib, Mujohidga yoz!" deb buyurar edilar. Mujohid shu tariqa Qur’onning hamma oyatlari tafsirini birma-bir yozib olgan edi", (Ibn Jarir tafsiri. 1-j, 30-b.)— degan hadis Al-Farrodan ancha ilgariyoq Qur’on tafsiri tartib bilan yozilganini ko‘rsatadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2008, 06:08:00

Tafsirda qo‘yilgan to‘rtinchi qadam bu isnodda haddan oshish bo‘ldi.

Mufassirlar o‘zlaridan avval o‘tgan salaf olimlarining rivoyatlarini aytuvchiga nisbat bermasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri rivoyat qilishga o‘tdilar. Tafsirlarda vaz’ (yolg‘on rivoyatlar) paydo bo‘la boshladi. Rost bilan yolg‘on aralashib ketdi. Bunday tafsirlarga qaragan mutaaxxir olimlar undagi hamma rivoyatni rost deb tushunib, o‘zlarining tafsirlarida rivoyat qila boshladilar. Ulardagi isroiliyotlar ham rost voqe’alar sifatida talqin etila boshladi. Mufassirlar xayollariga nima kelsa, boshqa mufassirlardan farq qiladigan va tafsirxonni jalb qiladigan bo‘lsa shuni yozaveradigan bo‘ldilar. "Masalan: "Fotiha" surasidagi:

غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلا الضَّالِّينَ

oyati karimasidan (Fotiha, 7) murod yahudiylar va nasroniylar ekanligi Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan, sahobiylar va tobi’iylardan rivoyat qilingan bo‘lishiga qaramay, mufassirlar o‘z hollaricha o‘n xil ma’no aytganlar". (Al-Itqon. 2-j. 190-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2008, 06:11:26

5. Tafsirda qo‘yilgan beshinchi qadam uzoq davom etdi, hattoki Abbosiylar zamonidan bizning zamonimizgacha kelib, hozirda ham davom etmoqda. Bu qadamning mahsuli sifatida tafsirlarda naqliy tushuncha bilan aqliy tushuncha aralashtirib yuborildi. Buning sababi shu ediki, Abbosiylar davriga kelib, lug‘at ilmlari, nahv-sarf devon qilindi, fiqhiy mazhablar bo‘lindi, kalom ilmi kuchaydi, mutaassib mazhablar yuzaga chiqa boshladi, turli Islomiy firqalar o‘z yo‘nalishlarini va fikrlarini tarqata boshdadilar, falsafa kitoblari tarjima qilindi. Bu aqliy ilmlarning hammasi tafsirga ham aralashib, hatto naqliy dalillardan ustun qo‘yila boshlandi. Mufassir qaysi ilm yo‘nalishi bo‘yicha olim bo‘lsa, tafsirda ham asosiy e’tiborni o‘sha yo‘nalishga qaratdi. Masalan: Nahv-sarf olimlari Az-Zujoj, Al-Vohidiy "Al-Basit"da, Abu Hayyon "Al-Bahrul Muhit"da asosan nahv bo‘yicha e’roblar bayoniga ahamiyat bergan bo‘lsa, aqliy ilm egasi Al-Faxr Ar-Roziy "Mafotiyhul g‘oyb" tafsirida hukamolar fikri va falsafaga, fiqh ulamolari Al-Jassos va Al-Qurtubiy o‘z tafsirlarida fiqhiy hukmlarga, tarix olimlari As-Sa’labiy va Al-Xozin tarixiy qissalar va rivoyatlarga, mo‘taziliylardan Ar-Rummoniy, Al-Jubboiy, Al-Qoziy Abdul Jabbor, Mahmud Az-Zamaxshariy, imomiyyalardan At-Tabriziy, Mullo Muhsin Al-Koshiylar o‘z mazhablari da’vatiga, tasavvufning Ibn Arabiy va Abu Abdurrahmon singari olimlari tasavvufiy ishoratlarga qattiq urg‘u berganlar. Qur’oni Karim tafsirlaridagi bunday tug‘yonlarga qarshi zarba beradigan "Ad-durrul mansur" nomli tafsir ham yozilgan bo‘lib, uning muallifi As-Suyutiydir.

Ulamolar tarafidan Qur’oni Karimning turli mavzulariga doir maxsus asarlar ham ta’lif etilgan. Ibn Al-Qayyimning Qur’ondagi qasam iboralari haqidagi "At-tibyon fiy aqsomil-Qur’on", Abu Ubaydaning "Majozul Qur’on", Ar-Rog‘ib Al-Isfahoniyning "Mufradotul Qur’on", Abu Ja’far An-Nuhosning "Qur’onning nosix va mansux oyatlari", Abul Hasan Al-Vohidiyning "Qur’on oyatlarining nozil bo‘lish sabablari", Al-Jassosning "Qur’on ahkomlari" nomli asarlari shular jumlasidandir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2008, 06:13:57

Xulosa qilib aytganda, Qur’oni Karimning ko‘plab xilma-xil tafsirlari yuzaga kelganki, ularni sanab ko‘pligidan va nihoyatda kattaligidan kishi hayajonga tushadi. Ibn Xallikon "Vafayotul-a’yon" kitobida yozishicha, mo‘‘taziliylarning shayxi Amr ibn Ubayd Al-Hasan Al-Basriydan rivoyat qilib, Qur’onga juda katta tafsir yozgan.

"Tabyiynu kizbil muftariy" kitobi muallifining yozishiga qaraganda, Abul Hasan Al-Ash’ariy "Al-Muxtazan" nomli tafsir yozgan bo‘lib, uning hajmi yetmish mujalladdir. Ibn Arabiyning rivoyatiga ko‘ra, "Al-Muxtazan" besh yuz mujalladdir. (Al-Muqriziy, Tabyiynu kizbil muftariy. 133-136-b.)

Al-Juvayniyga nisbat berilgan tafsir ham juda katta hajmda bo‘lib, Qur’oni Karimning har bir oyatiga o‘n xildan ma’no berilgan. (Al-Muqriziy. Tabyiynu kizbil muftariy, 257-b)

Al-Qushayriy ham juda katta hajmli kitob yozgan. (Al-Muqriziy, Tabyiynu kizbil muftariy, 273-b.)

Ibn Al-Anboriyning bir yuz yigirma tafsirni isnodlari bilan yod bilganligi aytiladi. (At-tafsir. «Ma’olimi hayotihi», 15-b)

Abu Hilol Al-Askariy "Kitobul-mahosin" nomli tafsir yozgan, uning hajmi besh mujalladdir. (At-tafsir «Ma’olimi hayotihi», 15-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2008, 06:15:07

Qur’onga tafsir yozgan ulamolarning zamonlari va makonlari bir-biridan farq qilganiga qaramay, tafsir yozish uslublari bir-biriga mos kelgani kuzatiladi. Masalan: mutaqaddim olimlardan ba’zilari xossatan "tafsiri ma’sur"(rivoyatlarga asoslangan tafsir) yozgan bo‘lsalar, mutaaxxir ulamolarning ba’zilari ham shu usulda tafsir yozganlar. Agar mutaqaddim olimlar tasavvufiy ishoratlarga bag‘ishlab tafsir yozgan bo‘lsalar, mutaaxxir olimlarning ba’zilari ham shu mazmunda tafsir yozganlar. Agar mutaqaddim olimlarning ba’zilari o‘z mazhablarining ustunligini isbotlashga va uni da’vat qilishga o‘z tafsirlarida ko‘proq ahamiyat bergan bo‘lsalar, bunday usul mutaaxxir olimlarning tafsirlarida ham mavjuddir. Shuning uchun biz zamonidan qat’i nazar avval "tafsiri ma’sur"larning eng mashhurlari haqida, keyin ra’y bilan qilingan tafsirlarning mashhurlari, undan keyin turli firqalarning tafsirlari, undan so‘ng tasavvufiy tafsirlar haqida, undan so‘ngra falsafiy tafsirlar, fiqhiy tafsirlar va nihoyat ilmiy tafsirlar haqida fikr yuritamiz.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2008, 06:17:04

Tayanch iboralar: Tobi’iylarning adolati, Abu Hanifa (r.a.) shunday deganlar: "œPayg‘ambarimiz (s.a.v)dan kelgan xabarlarni bosh va ko‘zimiz ustiga qabul qilamiz. Sahobalardan kelgan xabarlarni qabul qilishda ixtiyorlimiz, xohlasak qabul qilamiz, xohlamasak yo‘q. Ammo tobi’iylardan kelgan xabarga kelsak, ular ham, biz ham ulamolarmiz", Tobi’iylarning so‘zini tafsirda hujjat sifatida olish joiz emas, xususan, ahli kitoblardan rivoyat qilingan bo‘lsa, unday so‘zlar tark qilinadi, tobi’iylar tafsiriga yahudiylar va nasroniylardan qilingan juda ko‘p rivoyatlar kirib qolgan, buning sababi ahli kitoblarning ko‘pchiligi Islom diniga kirganligidir, ularning zehniga shariat ahkomlariga aloqasi bo‘lmagan turli xabarlar, masalan: yaralishning boshlanishi, vujudning sirlari, koinotning yaratilishi va boshqa ko‘plab qissalar o‘rnashib qolgan, bu xabarlarni Qur’oni Karim mufassal emas, ijmolan bayonini yoki ishorasini qilib o‘tgan, ixtilofli mazhablarning namoyandalari, tobi’iy mufassirlardan Qatoda ibn Di’oma o‘z tafsirida Allohning qazo va qadarini tushuntirishga qattiq ruju’ qilgani uchun, uning haqida "qadariy" deb gumon qilingan, tafsirda tobi’iylarning ixtiloflari sahobalarning ixtiloflaridan ko‘proqdir, tafsirda devon tuzish, tafsirning mustaqil ilm sifatida hadisdan ajratilishi, Ammo Qur’oni Karimni oyatma-oyat tafsir qilgan va uni Mushaf tartibiga muvofiq tadvin qilgan birinchi mufassir kim ekanligi to‘g‘risida aniq fikr aytish qiyin, tafsirlarda naqpiy tushuncha bilan aqliy tushuncha aralashtirib yuborildi, mufassir qaysi ilm yo‘nalishi bo‘yicha olim bo‘lsa, tafsirda ham asosiy e’tiborni o‘sha yo‘nalishga qaratdi.

Qayd etilgan