Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391533 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 ... 62 B


Musannif Adham  09 Sentyabr 2008, 06:19:16

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar.

1. Tobi’iylar tafsirining hujjat bo‘lishida ulamolar qanday fikr bildirganlar?
2. Tobi’iylar tafsirini boshqa tafsirlardan qanday ajratish mumkin?
3. Tadvin (Qur’on oyatlari tafsirining oyatmaoyat tartibbilan mukammal yozilishi tadvin deyiladi) asri qachondan boshlandi?
4. Qur’onni mukammal tafsir qilgan birinchi mufassir kim?
5. Tafsirning qanday turlarini bilasiz?

Tavsiya etilgan va foydalanilgan   adabiyotlar ro‘yxati

1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T. 2001.
2. Doktor Mahmud At-Tahhon. Taysiru Mustalahil hadis. Riyoz. 1996. 9-nashr.
3. Zakoi Ko‘nrapa. Payg‘ambarimiz va Asharai mubashshara. Toshkent. 1995.
4. Tafsiru ibn Kasir. Bayrut. 1969. 1-j.
5. Tafsiri Tabariy. Bayrut. 1999. 3-nashr. 1-j.
6.  Sog‘uniy Alixonto‘ra. Tarixi Muhammadiy.Toshkent. Movarounnahr. 1997. 640 bet.
7.  Muhammad  Tohir Ibn Ashur. At-taxrir vat-tanvir. Tunis. 1-j.
8.  Imom Suyutiy. Al-Itqon fiy ulumil Qur’on.

Qayd etilgan


Musannif Adham  02 Oktyabr 2008, 07:45:49

15-MAVZU. RIVOYAT ASOSIDA YOZILGAN TAFSIR. "œAT-TAFSIYR AL-MA’SUR"

Dars rejasi:

1. Tafsiri ma’sur vujudga kelishining ikki davri. Tadvin davri. Qur’oni Karim tafsirining hadisning   bir bobi sifatida yozilishi. Hadisdan tafsirning   ajratilishi. Ali ibn Abu Talhaning kitoblari. Abu Ravq va Muhammad ibn Savr tafsirlari. Ibn Jarir tafsiri.
2. Tafsiri ma’surning zaiflik alomatlari:
a) tafsirda mavzu’ (rivoyatga asoslanmagan, to‘qilgan) gaplarning paydo bo‘lishi;
b) isroiliyotlarning kirib qolganligi;
3. Tobi’iylar davrida isroiliyotlarga berilish.


Qayd etilgan


Musannif Adham  02 Oktyabr 2008, 07:47:33

1. Tafsiri ma’sur deganda, biror oyatning ma’nosini boshqa oyat yoki Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislari bilan, sahobiy yoki tobi’iydan naql qilingan so‘z bilan bayon etishni tushuniladi. Bu yerda "tobi’iy" so‘zini — agar ulamolar o‘rtasida tobi’iyning fikri ra’y deyilishi yoki ma’sur deyilishi ixtilofli bo‘lsa ham — qo‘shib qo‘yildi, chunki, Ibn Jarir singari ba’zi mufassirlar tafsiri ma’surda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan va sahobalardan qilingan rivoyatlar bilangina kifoyalanmasdan, balki tobi’iylardan qilingan rivoyatlarni ham keltirganlar.

Tafsiri ma’surning vujudga kelish davri ikki bosqichdan iboratdir. Birinchisi rivoyat davri bo‘lib, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘z ashoblariga Qur’oni Karimning ba’zi oyatlari ma’nosidagi maxfiylikni ochib berganlar. Uni sahobai kiromlar zehnlarida saqlab, og‘izma-og‘iz bir-birlariga, keyinchalik tobi’iylarga yetkazganlar. O’z navbatida Qur’oni Karimning ba’zi oyatlari ma’nosini sahobalar ham Payg‘ambarimiz(s.a.v.)dan eshitganlariga qo‘shimcha ehtiyojga muvofiq ijtihod qilib tafsir qilganlar.

Tobi’iylar ham o‘z davrlarida oyatlardagi ba’zi maxfiylikni Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan va sahobalardan qilingan rivoyatlar ustiga o‘zlari ham ijtihod va ra’y bilan xalqqa tushuntirganlar.

Tafsirdagi shunday o‘zgarish va kengayish taba’a tobi’iylar (tobi’iylardan keyingi avlod)ning davrida ham davom etdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  02 Oktyabr 2008, 07:49:04

Ikkinchisi tadvin davridir. Bu davrda birinchi bo‘lib tafsiri ma’sur (rivoyatlar asosidagi tafsir) yozildi. Lekin bu davrda yozilgan tafsir alohida kitob bo‘lmasdan, balki rivoyat qilingan hadislar kitobining bir bobi sifatida yozilgan edi. Qur’on tafsirini bir bob sifatida bo‘lsa ham birinchi yozgan kishi Madina imomi Al-Imom Molik ibn Anas Al-Asbahiy (Al-mabodiun-nasriyyah. 26-b) edilar.

Keyinchalik Hadisdan Tafsir ajratildi va alohida kitob sifatida yozildi. Qur’oni Karim tafsirini alohida kitob shaklida birinchi bo‘lib yozgan kishi Ali ibn Abu Talha (Al-Itqon, 2-j. 88-b) bo‘lib, uni Ibn Abbos (r.a.)dan qilingan rivoyat asosida yozdi.
Keyin Qur’onning bir juz’iga tafsir yozildi, uning muallifi Abu Ravq (O’sha manba, 88-b) , undan keyin esa uch juz’iga Ibn Jurayjdan qilingan rivoyat asosida Muhammad ibn Savr (O’sha manba, 88-b) tafsir yozdi.

Ibn Jarirning yozgan tafsiri esa tafsiri ma’surning eng mukammali bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan tafsiri ma’surda ham isnodsiz rivoyatlar qilish boshlanib ketdi va 4-faslda bayon qilganimizdek, sahih rivoyat bilan nosahihini ajratib bo‘lmay qoldi, hatto bu narsa yolg‘on rivoyatlarning ko‘payishiga ham sabab bo‘ldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  02 Oktyabr 2008, 07:50:10

Yuqorida aytilganlardan ma’lumki, tafsiri ma’sur Qur’on oyatini Qur’on oyati, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning sunnatlari, sahoba yoki tobi’iylarning rivoyatlari bilan tafsir qilishdan iboratdir. Shunday ekan, Qur’onni Qur’on yoki Hadis bilan qilingan tafsiri shubhasiz qabul qilinadi.

Agar Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga nisbat berilgan rivoyatlarning isnodi yoki matni zaif bo‘lsa, uni qabul qilinmaydi, ya’ni marduddir.

Ammo sahobalar va tobi’iylardan rivoyat qilingan hadislar bilan tafsir qilingan bo‘lsa, ularga xalal aralashgan bo‘ladi va zaif sanaladi. Chunki, tafsir kitoblarida sahobiylar nomidan rivoyat qilingan ko‘plab hadislar borki, ular sahih emasdir. Ayniqsa, Ibn Abbos (r.a.) va Hazrat Ali (r.a.) nomlaridan juda ko‘p yolg‘on hadislar rivoyat qilingan. Shuning uchun Imom Shofe’iy (r.a.): "Ibn Abbosdan tafsir haqida yuztacha hadis rivoyat qilingan xolos" (Al-Itqon. 2-j. 189-b),— deganlar.

Demak, Ibn Abbos (r.a.) nomlariga nisbat berilib, kazzoblar tomonidan juda ko‘p hadislar to‘qilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  02 Oktyabr 2008, 07:51:25

2. Tafsiri ma’surning zaif sanalishiga uchta sabab bor:

a) Tafsirda mavzu’ (rivoyatga asoslanmagan, to‘qilgan) gaplarning paydo bo‘lishi.

Tafsirda mavzu’ gaplarning paydo bo‘lishi, ularning Hadisda paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda boshlandi. Chunki, tafsir bilan hadis bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib, ular bir-biridan mustaqil bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, Hadisda sahih, hasan, zaif, roviylari   orasida ishonchli, shubhali, yolg‘onchilari bo‘lganidek, Tafsirda ham, mufassirlar orasida ham shundaylari bor.

Mavzu’ hadis va tafsirlarning paydo bo‘lishi hijratning qirq birinchi yilidan boshlandi. Bu davrga kelib musulmonlar siyosiy jihatdan bir necha firqa (jumhur, shia va xavorij)ga bo‘linib ketgan edilar. Buning ustiga qalbi kufr bilan to‘la, ammo zohirda o‘zini musulmon va dinparvar qilib ko‘rsatuvchi kimsalar ko‘payib ketgan bo‘lib, bunday tafriqa zamoni ularning g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishga, dinda buzg‘unchilikni kuchaytirishga, din ahllarini yo‘ldan ozdirishga qulay imkoniyat yaratib berdi. Natijada ko‘plab botil rivoyatlar to‘qildi, bu rivoyatlarni Payg‘ambarimiz (s.a.v.) va sahoba (r. anhum)larga nisbat berildi. Masalan: Shialar o‘z mazhablarining afzal ekanligini tushuntirish va Hazrat Aliga nisbatan kishilar qalbida muhabbat paydo qilish, xavorijlar esa "ahli-sunna val-jamoa"ni ayblash maqsadida Qur’ondan biror oyatni dalil keltirishga zo‘r berib urinishar, buning uchun esa rivoyatlar to‘qishib, bu rivoyatlarning nisbatini ishonchli bo‘lsin uchun Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga yoki biror sahobiyga bog‘lab aytishar, maqsadlari esa bid’at va xurofot tarqatishdan boshqa narsa emas edi. Ayniqsa, mavzu’ rivoyatlarning juda ko‘pi Hazrat Ali (r.a.) va Ibn Abbos (r.a.)larga nisbat berilgan edi. Bu ikki ulug‘ sahoba Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning ahli baytlaridan bo‘lganlari uchun musulmonlar hech shubha qilmasdan ishonardilar. Ammo e’tibor berib qaralsa, Hazrat Ali (r.a.)ga faqat shialar, Ibn Abbos (r.a.) ga faqat abbosiylar shunday nisbat berganlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  02 Oktyabr 2008, 07:52:00

Islomga kuch ishlatish va urushlar qilish bilan tazyiq o‘tkazolmagan, ilmiy munozara va mujodaladan ojiz bo‘lgan boshqa toifa Islom dushmanlari ham juda ko‘p yolg‘on rivoyatlarni to‘qib, ularni sahobiylarga nisbat berishib, shu nopok yo‘l bilan Islomga zarba berishga uringanlar. Bunday harakatlarning ta’sirida juda ko‘p mufassirlarning ajoyib asarlari zoe bo‘ldi. Hamma yoqni shubha o‘rab olgandan so‘ng, ozgina zaiflik aralashgan rivoyatlar yoki asarlar butunlay mardud bo‘ldi, e’tibordan qoldi, yo‘qotildi. Boshqa tomondan esa, keyingi yozilgan asarlarda rivoyatlarning sahihi bilan zaifi aralashib ketdi, sahixlar zaif deb, zaiflar sahih deb, ba’zi muhaddis va mufassirlar nomiga tuhmat toshlari otildi.

Lekin, bunday zararlardan qat’i nazar, ilmiy nuqtai nazardan qaraganda g‘arazgo‘y kimsalarning harakati ham ilmiy qiymatga ega. Agarchi ularning ijtihodini isnod jihatidan mavzu’ (yolg‘on, to‘qima) deyilsa ham, tafsir, ta’vil, ijtihod va mustaqil fikr jihatidan qimmatli ilmiy yangilik deyish mumkin. Har bir mavzu’ rivoyat egasi qanday maqsadda tafsir qilgan bo‘lsa ham, bir ijodkorning shaxsiy fikri sifatida o‘rganishga loyiqdir, chunki, ehtimol boshqa mufassirlarning ra’ylari va ijtihodiy fikrlariga nisbatan eng to‘g‘ri fikr uning fikridir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  02 Oktyabr 2008, 07:53:10

b) Isroiliyotlarning kirib qolganligi.

"Isroiliyot" so‘zi, yahudiylardan rivoyat qilingan ma’lumotlarni bildirsa ham, biz bu yerda umumiyroq ma’noda, ya’ni yahudiy va nasroniylardan rivoyat qilingan asarlarni nazarda tutamiz. Chunki, Islomning avvalida yahudiylar ham, nasroniylar ham musulmonlar bilan doim birga aralashib yashaganlar, dunyoning turli chekkalaridan guruh-guruh bo‘lib, Madinaga kelib Islomni qabul qilganlar. Har ikki din ahllarining ham alohida diniy madaniyatlari mavjud edi. Buning ustiga Tavrot va Injilning ko‘p hukmlari Qur’on hukmlariga mos kelardi. Masalan: Tavrotdagi qasos hukmi Qur’ondagi qasos hukmining ayni o‘zi edi. Tavrotdagi qadimgi payg‘ambarlarning tarixi Qur’ondagi payg‘ambarlar tarixiga monand edi. Yahudiylar qo‘lida Tavrotdan tashqari Muso (a.s.)ning sunnatlari, ummatlariga qilgan nasihatlari, Musodan bo‘lmagan, balki boshqa yahudiy olimlarining sharhlari, donishmandlarning maqollari ham mavjud ediki, bu asotirlar vaqt o‘tishi bilan muqaddaslashtirilib, Tavrot sahifalari orasiga qo‘shib yuborilgan edi.

Nasroniylarning Iso (a.s.)ga nozil qilingan Injil ham mustaqil muqaddas bir kitob bo‘lib, (nasroniy dinining ham alohida madaniyati mavjud bo‘lsa-da), keyinchalik o‘z Injillarini "yangi ahd" deb atab, o‘zidan oldingi muqaddas Tavrot va Zaburni "qadimiy ahd" nomi bilan Injilga qo‘shib oldilar. Yahudiylar dini va nasroniylar dini aralashib ketdi. Yahudiy va nasroniy olimlardan ba’zilari Islomni qabul qilganlaridan keyin musulmon olimlari o‘z musulmon birodarlaridan eshitgan aralash rivoyatlarni (isroiliyotlarni) ham qabul qila boshladilar. Bu narsa albatta Qur’on tafsirida ham o‘z ta’sirini namoyon qilmasdan iloji yo‘q edi. Negaki, avvalgi muqaddas kitoblarda yozilgan ahkomlar, qissalar Qur’onda ham mavjud bo‘lib, faqat qisqacha bayon etilgan, ba’zi tarixiy voqealar aytilib, voqea sodir bo‘lgan shaharlar nomi zikr etilmagan edi. Bularning mufassal bayonini esa Islomni qabul qilgan yahudiy yoki nasroniylar bajonu dil so‘zlab berar edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  02 Oktyabr 2008, 07:54:46

Agar biz Qur’on va Tavrotda yoki Qur’on va Injilda kelgan bir xil mavzuni olib, ularni muqoyasa qilib ko‘rsak, maslakda (bayon qilish usulida) jiddiy ixtiloflar borligini ko‘ramiz.

Masalan: Odam (a.s.) qissasini olaylik; Bu qissa Tavrotda ham kelgan. Qur’onda esa juda ko‘p joyda kelgan bo‘lib, eng uzun va keng bayon etilgani "Baqara" va "A’rof" suralaridadir. Lekin bu suralarda ham jannatning qaerdaligi, Odam va Havvoga yeyish man etilgan daraxtning nomi, qaysi hayvon sabab   bo‘lib Shayton jannatga kirib olib, Odam va Havvoni xato qilishga imkon topgani, Odam va Havvo jannatdan chiqarilgandan so‘ng qaysi yerga tushganlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot yo‘q. Tavrotga nazar solgan odam esa, Odam va Havvo yaratilgan jannat Adan (Adan —Somali davlati, Qizil dengiz va Ammon dengizi oralig‘idagi yer)ning sharqida joylashganligini, Alloh ularga yeyishni man etgan daraxt jannatning o‘rtasida bo‘lib, uni "hayot daraxti yoki yaxshilik va yomonlikni bildiruvchi daraxt" deb nomlanishini, Shaytonning jannatga kirishiga ilon yordam berganligini, shuning uchun Alloh uni qorni bilan yuradigan va tuproq yalaydigan qilib jazolaganini, Havvoni va uning zurriyotini esa qornida bola ko‘tarib, mashaqqat bilan tug‘ish jazosiga mahkum etilganligini va boshqa shunga o‘xshash hodisalarni batafsil bilib oladi. (Al-ahdul-qadim. Takvin kitobining 1-jildi, 45-b.)

Shuningdek, Qur’oni Karimda Iso (a.s.)ning qissasi, uning mo‘‘jizalari haqida "Maryam", "Oli Imron" va "Moida" suralarida mo‘‘jazgina xabarlar mavjud bo‘lsa ham, bu suralarda Iso (a.s.)ning nasabi, qanday tug‘ilgani, qaerda tug‘ilgani, Maryamga tuhmat qilgan odamning nomi, Osmondan tushgan dasturxondagi taomning nav’i, Iso (a.s.) kasalni davolagan va o‘likni tiriltirgan vaqtdagi hodisalar haqida batafsil aytilmagan. Ammo bu ma’lumotlar Matto, Mark va Luka Injillarida mufassal bayon etilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  02 Oktyabr 2008, 07:55:34

Musulmonlar o‘z kitoblarida berilgan ma’lumotlarning mo‘‘jaz ekanligini, boshqa din ahllarining kitoblarida esa bu ma’lumotlar mufassal berilganini ko‘rib, o‘zlarining bilimlarini oshirish va mukammallashtirish maqsadida ulardan ba’zi rivoyatlarni iqtibos qilib olishlari mumkinmi yoki yo‘qmi? Qur’on tafsirlariga isroiliyotlar qachondan boshlab kirib kelgan? Isroiliyotlardan tafsirda foydalanishning chegarasi nima bilan belgilanadi? Ana shu savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Ma’lumki, Qur’oni Karim tafsiriga isroiliyotlarning kirib kelishi sahobalar davridan boshlangan edi. Buning birinchi sababi yuqorida aytib o‘tilganidek, Qur’onning juda ko‘p oyatlaridagi qissalarning Tavrot va Injilda keltirilgan qissalarga muvofaqati bo‘lsa, ikkinchi sababi Qur’onning mo‘jazligi, Tavrot va Injilning ayni xabarga mufassalligi edi. Uchinchi sababi esa sahobalar zamonida tafsir uchun asosiy masdarlardan biri ahli kitoblar edi. Mufassir sahoba Qur’oni Karimdagi biror qissaga kelganda, bu qissani batafsilroq tushuntirishga mayl qilardi va Islomni yangi qabul qilib, musulmonlar bilan birga yashayotgan yaxudiy yoki nasroniydan eshitishga majbur bo‘lardi. Chunki, sahobaning Qur’on oyatidagi qissalar haqidagi savoliga yahudiy yoki nasroniydan boshqa odam javob bera olmas edi.

Qayd etilgan