Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391360 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 ... 62 B


Musannif Adham  04 Oktyabr 2008, 07:41:32

1. Tafsiri ma’sur kitoblarini varaklagan kishi undagi isroiliyotlar asosan to‘rt kishidan rivoyat etilganiga guvoh bo‘ladilar. Ularning biri Abdulloh ibn Salom, ikkinchisi Ka’bulAhbor, uchinchisi Vahb ibn Munabbah, to‘rtinchi Abdulmalik ibn Abdulaziz ibn Jurayjdir. Bu roviylarning har biri haqida ulamolarning turli ixtiloflari mavjud bo‘lib, ba’zilari roviylarni yolg‘onchiga chiqarganlar, ba’zilari esa ulardan tuhmat tamg‘asini olib tashlashga harakat qilganlar. Shuning uchun, qaysi toifadagilarning gaplari haqiqatga yaqinroq ekanini aniqlash maqsadida mazkur roviylarning har biri ustida alohida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Oktyabr 2008, 07:42:27

a) Abdulloh ibn Salomning tarjimai holi.

Uning to‘liq ismi Abu Yusuf Abdulloh ibn Salom ibn Al-Horis Al-Isroiliy Al-Ansoriy bo‘lib, nasabi Yusuf ibn Ya’qub (a.s.)ning avlodlaridandir. Abdulloh ibn Salom Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Madinaga hijrat qilib kelganlaridan so‘ng Islomga kirgan. Imom Al-Buxoriy o‘z "Sahih"larining hijrat bobida Abdulloh ibn Salomning Islomga kirish voqeasini rivoyat qilganlar: "... Allohning payg‘ambari kelganlaridan so‘ng u kishining huzurlariga Abdulloh ibn Salom keldi va dedi: "Guvoxlik beramanki, albatta Siz Allohning elchisisiz. Albatta, Siz haqni keltirdingiz. Yahudiylar meni o‘zlarining ulug‘lari va ulug‘larining o‘g‘li, olimroqlari va olimroqlarining o‘g‘li, deb biladilar. Mening Islomga kirganimni eshitmaslaridan oldin, ularni chaqiring va men haqimda so‘rang. Agar Islomga kirganimni bilsalar, men haqimda yolg‘on gapni aytadilar". Payg‘ambarimiz (s.a.v.) odam yuborib, yahudiylarni chaqirtirdilar. Ular kelganda shunday dedilar: "Ey yahudiylar jamoasi, Allohdan qo‘rqinglar, yolg‘iz Alloh nomiga qasamki, sizlar shubhasiz men Allohning haq elchisi ekanimni va sizlarga haqni keltirganimni bilasizlar, shuning uchun Islomga kiringlar!"

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu so‘zni uch marta takrorladilar, ammo yahudiylar: "Biz hech narsa bilmaymiz",— deb inkor qilishdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ulardan: "Abdulloh ibn Salom oralaringizda qanday odam?" — deb so‘radilar. Ular barobariga: "Abdulloh ibn Salom bizning ulug‘imiz va ulug‘imizning o‘g‘li, olimrog‘imiz va olimrog‘imizning o‘g‘lidir",— deyishdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yana so‘radilar: "Agar Abdulloh ibn Salom Islomga kirsa nima deysizlar?". Ular barobariga: "Bundan xudo asrasin, Abdulloh Islomga kirmaydi!"— deyishdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Ey Abdulloh, chiq, bu yoqqa!"— dedilar. Abdulloh ibn Salom ichkaridan chiqib keldi va yahudiylarga dedi: "Ey yahudiylar jamoasi, Allohdan qo‘rqinglar, Yagona zot bo‘lgan Allohga qasamki, sizlar Uning payg‘ambar ekanligini va haqni olib kelganini yaxshi bilasizlar". Yaxudiylar barobariga: "Yolg‘on gapiryapsan",— deb Abdullohning so‘zini olishmadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ularni huzurlaridan chiqarib yubordilar (Al-Buxoriy. Bobul-hijrat, 5-j. 63-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Oktyabr 2008, 07:43:35

Abdullohning asli ismi Al-Hasiyn edi, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uni Abdulloh deb atadilar va uni jannati odam ekanligiga guvohlik berdilar.

Imom Al-Buxoriy Ansorlarning manoqiblari to‘g‘risida gapirganda Abdullohning manoqibiga alohida bob ajratganlar. Bu bobda Sa’d ibn Abiy Vaqqosdan shunday hadis rivoyat qilingan: "Men Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ning Abdulloh ibn Salomdan boshqa tirik yurgan biror kishi haqida: "U jannat ahlidandir", deganlarini eshitmaganman. Ammo Abdulloh haqida shunday gapni aytgan edilar. Allohning ushbu

قُلْ أَرَأَيْتُمْ إِنْ كَانَ مِنْ عِنْدِ اللَّهِ وَكَفَرْتُمْ بِهِ وَشَهِدَ شَاهِدٌ مِنْ بَنِي إِسْرَائِيلَ عَلَى مِثْلِهِ

"Baniy Isroil qavmidan bo‘lgan guvoh (Tavrot ilmini bilgani uchun oxirgi zamon payg‘ambariga) guvohlik berdi" (Ahqof, 10) oyati karimasi ayni Abdulloh ibn Salom xususida nozil qilingan". ( Al-Buxoriy, 5-j. 37-b)

Abdulloh ibn Salomning yaxshi inson ekanligi haqida rivoyat qilingan bir hadisda u kishi Hazrati Usmon (r.a.)ni dushmanlardan mudofaa qilib, avboshlarga tanbeh berganligi va ular oldida mav’iza qilganligi aytiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Oktyabr 2008, 07:45:28

Abdulmalik ibn Umayr Abdulloh ibn Salomning jiyanidan shunday rivoyat qiladi:"Hazrat Usmon (r.a.)ni o‘ldirmoqchi bo‘lganlarida u kishining oldiga Abdulloh ibn Salom keldi va: "Men sizga yordam berish uchun keldim",— dedi. Hazrat Usmon (r.a.): "Unday bo‘lsa, odamlar yoniga chiqing, ularni mendan uzoqlating. Sizni tashqarida bo‘lmog‘ingiz men uchun yonimda bo‘lganinggizdan foydaliroqdir", — dedilar. Abdulloh ibn Salom Hazrat Usmonni o‘ldirishga qasd qilgan  odamlar oldiga chiqib, ularga shunday deb nasihat qildi: "Ey odamlar, johiliyat davrida mening ismim falonchi edi. Rasululloh (s.a.v.) meni "Abdulloh" deb atadilar. Mening haqimda Allohning kitobidagi quyidagi oyatlar nozil bo‘lgan:

وَشَهِدَ شَاهِدٌ مِنْ بَنِي إِسْرَائِيلَ عَلَى مِثْلِهِ فَآمَنَ وَاسْتَكْبَرْتُمْ

"Baniy Isroil qavmidan bo‘lgan guvoh (Tavrot ilmini bilgani uchun oxirgi zamon payg‘ambariga) guvohlik berdi va o‘zi imon keltirdi, sizlar esa takabburlik qildingiz". (Ahqof, 10.)

قُلْ كَفَى بِاللَّهِ شَهِيدًا بَيْنِي وَبَيْنَكُمْ وَمَنْ عِنْدَهُ عِلْمُ الْكِتَابِ

"Ayting, ey Muhammad (s.a.v.), men bilan sizlarning o‘rtangizda va muqaddas kitoblarni bilgan ulamolar oldida Alloh guvohliqda kifoya qiladi". (Ra’d, 43)

Allohning qilichi qinida turibdi. Rasululloh (s.a.v.) tushgan bu shaharga Allohning farishtalari qo‘shnichilik qilib turibdilar. Ushbu odamni (Hazrat Usmonni) o‘ldirishda Allohdan qo‘rqinglar! Agar uni o‘ldirsalaringiz farishtalar sizlardan yuz o‘girib ketadilar. Allohning qilichi ham qinidan chiqadi (iloho qiyomatgacha ham chiqmasin!)".

Lekin johil va adovatli kishilar: "Yahudiyni ham o‘ldiringlar!" — deb, uning ustiga bostirib keldilar va ichkari kirib Hazrat Usmon (r.a.)ni o‘ldirdilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Oktyabr 2008, 07:46:34

Abdulloh ibn Salom Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan rivoyatlar qilgan. Undan esa ikki o‘g‘li Yusuf va Muhammad, Avf ibn Molik, Abu Hurayra, Abu Burda ibn Abi Muso, Ato ibn Yasor va boshqalar rivoyat qilishgan.

Abdulloh ibn Salom Hazrat Umar (r.a.) bilan birga Baytul Muqaddas va Al-Jobiyah (Damashqning g‘arbida joylashgan Suriya qishloqlaridan biri)ning fathida qatnashgan. Hijratning qirq uchinchi yilida Madinada vafot etgan.

Ba’zi Islom tarixchilari Abdulloh ibn Salomni Badr jangi ishtirokchilari qatoriga qo‘shganlar, ba’zilari esa uni uchinchi tabaqa qatoriga, ya’ni Xandaq g‘azoti va undan keyingi g‘azotlar ishtirokchilari qatoriga qo‘shadilar.

Abdulloh ibn Salomning ilmi to‘g‘risida Imom Al-Buxoriy rivoyat qilgan yuqoridagi hadis aniq ma’lumot beradi. Madina yahudiylari uning eng olimroq ekanligini tan olganlar. Yana rivoyat qilinadiki, Muoz ibn Jabal (r.a.) ning vafotlari yaqinlashganda, yaqinlari unga: "Ey Abu Abdurrahmon, bizga vasiyat qiling!"— deyishdi. Muoz ibn Jabal: "Meni o‘tirg‘izib qo‘yinglar!"— dedilar. Keyin so‘zlarida davom etib: "Shubhasiz imon va ilm to‘rt kishining huzuridadir; Ular — Uvaymir Abid Dardo, Salmon Al-Forsiy, Abdulloh ibn Mas’ud va Abdulloh ibn Salomdirki avval yahudiy edi, keyin musulmon bo‘ldi. Men Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan, Abdulloh ibn Salom o‘nta jannati sahobaning o‘ninchisi ekanini eshitganman",— dedilar.

Tavrotni yaxshi bilishini yahudiylar, Qur’onni yaxshi bilishini musulmonlar tan olgan, uning haqiga Qur’on oyati nozil bo‘lgan va jannatiyligiga Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bashorat bergan kishi haqida, uning ilmi, ishonchliligi va adolatiga ta’na yetkazishga hech kimning haddi va haqqi yo‘qdir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 06:11:57

b) Ka’bul   Axborning   tarjimai   holi.

Uning to‘liq ismi Abu Ishoq Ka’b ibn Moti’ Al-Humayriy bo‘lib, Ka’bul Axbor nomi bilan mashhurdir. Uning asli Yaman yahudiylaridan, johiliyat davrini ko‘rgan, Abu Bakr As-Siddiq yoki Hazrat Umar xalifalik davrlarida Islomga kirgan. Ba’zilarning aytishicha, Ka’b Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hayotlik paytlarida Islomni qabul qilgan, ammo Madinaga hijrati kechikkan. Ibn Hajar "Al-Fath" nomli kitobida: "Ka’bning Islomga kirishi Hazrat Umarning xalifalik davrlarida bo‘lgani haqidagi gap mashhurroq. Musulmon bo‘lganidan keyinoq Madinaga hijrat qilgan, Rum g‘azotida ishtirok etgan. Hazrat Usmonning xalifalik davrlarida Shomga qaytib kelgan va Himsda yashagan. Hijriy sananing o‘ttiz ikkinchi yilida Himsda vafot etgan" deyilgan.

Ibn Sa’d Kabni shomlik tobi’iylarning birinchi tabaqasidan hisoblaydi. Uning aytishicha, Ka’bul Axbor yahudiy dinida bo‘lgan, keyin Islomni qabul qilgan va Madinaga kelgan. U yerdan Shomga borib, Himsda yashagan va shu yerda bir yuz qirq yoshida olamdan o‘tgan.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan mursal hadislarni rivoyat qilgan, Hazrat Umar (r.a.), Suhayb va Oisha (r.a.)lardan ham rivoyatlar qilgan.

Ka’bdan esa Muoviya (r.a.), Abu Hurayra (r.a.), Ibn Abbos (r.a.), Ato ibn Abiy Raboh va boshqalar rivoyat qilganlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 06:13:50

Ka’bning ilmi juda chuqur edi. U Tavrot va Qur’on ilmlarini jamlagan edi. Shuning uchun ham uni "Ka’bul-hibr va Ka’bul Axbor (Donishmandlarning oliysi) deb atashar edi. Ka’bul Ahbor Vahb ibn Munabbah singari rivoyatlarni yozmagan, balki hamma shogirdlari undan og‘izma-og‘iz o‘rganishar edi.

"At-Tabaqot ul-Kubro" kitobida hikoya qilinishicha, "Bir odam masjidga kirdi. U yerda yahudiy Omir ibn Abdulloh ibn Qays o‘tirgan bo‘lib, uning oldida Tavrot sahifalari ochiq turar, Ka’b esa unga Tavrotni qiroat qilib berardi". (Fajrul Islom, 198-b)

Bu hikoya dalolat qiladiki, Ka’bulAhbor Islomga kirgandan keyin ham Tavrot o‘qishni va uni shogirdlariga o‘rgatishni davom ettirgan.

Muoviya (r.a.) aytadi: "Bilingki, Abud Dardo hukamolarning biri, Amr ibn Al-Os ham hukamolarning biri, Ka’bul Axbor esa ulamolarning biridir. Uning ilmi tayyor pishgan hosil, ammo biz undan foydalana olmayapmiz".

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 06:15:02

Abdulloh ibn Az-Zubayr aytadi: "Men o‘zimning hokimligimda nimani qo‘lga kiritgan bo‘lsam, uni avvaldan Ka’b menga xabarini bergan edi". (Tahziybut-tahzib, 8-j. 438-440-b)

Ka’bul Axbor nomiga ba’zilar ta’na va malomat toshini otganlar. Lekin, martabalari qanchalik yuqori bo‘lishiga qaramay Ibn Abbos (r.a.) ham, ilmlari qanchalik yetuk bo‘lishiga qaramay Abu Hurayra (r.a.) ham va boshqa ko‘plab sahobiylar ham Ka’bul Axbor rivoyatlarini qabul etganlar va o‘zlari ham rivoyat qilganlar. Imom Muslim, Abu Dovud, At-Termiziy va An-Nasaiylar ham o‘zlarining sahihlarida Ka’bul Axbordan hadislar rivoyat qilib, yozganlar. Mana shular Ka’bning nihoyatda ishonchli roviy ekanligini va unga ta’na toshlar otuvchilarining so‘zlari ochiq tuhmat ekanligini isbotlaydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 06:17:51

v) Vahb ibn Munabbahning   tarjimai holi.

Uning to‘liq ismi Abu Abdilloh Vahb ibn Munabbah ibn Siyj ibn Ziy Kanoz Al-Yamoniy As-San’oiy bo‘lib, qissalar sohibi va tobi’iylarning eng yaxshi ulamolaridan edi.

Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbalning aytishiga qaraganda, Vahb ibn Munabbah fors bolalaridan edi. Uning otasi Munabbah Xurosonning Hirot shahridan bo‘lib, uni Kisro mamlakatdan Yamanga chiqarib yuborgan edi. Vahb ibn Munabbah Payg‘ambarimiz (s.a.v) ning zamonlarida Islomga kirdi. U San’oda qozilik vazifasida ishladi.

Ishoq ibn Ibrohim ibn Abdurrahmon Al-Haraviyning aytishicha, Vahb ibn Munabbah hijriy sananing o‘ttiz to‘rtinchi yilida, Hazrat Usmonning xalifalik davrida dunyoga kelgan.

Ibn Sa’d va boshqa bir necha olimlarning aytishicha, Vahb ibn Munabbah hijriy sananing bir yuz o‘ninchi yilida  vafot etgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 06:19:44

Vahb ibn Munabbah Abu Hurayra (r.a.), Abu Sa’id Al-Xudriy (r.a.), Ibn Abbos (r.a.), Ibn Umar (r.a.), Ibn Amr ibn Os (r.a.), Jobir (r.a.), Anas (r.a.) va boshqalardan rivoyat qilgan.

Undan esa ikki o‘g‘li — Abdulloh va Abdurrahmon, Amr ibn Diynor va boshqalar rivoyat qilgan.

Vahb ibn Munabbahning rivoyatlari Imom Al-Buxoriy, Muslim, An-Nasaiy, At-Termiziy va Abu Dovudning sahihlarida keltirilgan.

Vahb ibn Munabbah chuqur ilmli, qadimiy kitoblarni ko‘p o‘qigan, olamning yaratilishi haqidagi o‘tmish xabarlar va tarixiy qissalarni ko‘p biladigan olim edi. Undan "Fil Mag‘oziy" nomli asar ham qolgan.

Ibn Xallikonning guvoxlik berishicha, Vahb ibn Munabbahning yana bir kitobi bo‘lib, uvda Himyarda podshohlik qilgan kishilarning qissalari, tarixlari, qabrlarining o‘rni va she’rlari yozilgan. (Vafayotul A’yon, 2-j. 180-b)

Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: "Hijriy yuzinchi yidda barcha faqih olimlar hajga bordilar. Vahb ibn Munabbah ham ular orasida bor edi. Xufton namozi o‘qilgandan keyin Vahbning oldiga taqdir masalasi to‘g‘risida munozara qilish uchun Ato va Al-Hasan kelishdi. Buni sezgan Vahb ibn Munabbah esa Allohga hamd aytish to‘g‘risida shunchalik uzoq ma’ruza qildiki, shu bilan tong otdi va taqdir to‘g‘risida savol berishga imkon qolmadi.

Qayd etilgan