Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391960 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 ... 62 B


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 06:46:28

2. "œJomi’ul-bayon fiy tafsiril-Qur’on" tafsirining muallifi Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir ibn Yazid ibn Kasir ibn G’olib At-Tabariy ulug‘ imom, mujtahid, ko‘plab mashhur asarlarning sohibi bo‘lib, 224 hijriyda Tabaristonda tug‘ilgan. 236 yilda, ya’ni 12 yoshida ilm istab shaharidan chiqib ketadi, ko‘p yurtlarni kezadi. Misr, Shom, Iroqda ilm o‘rganadi va ilm talabidagi safarini Bag‘dodda tugatib, umrining oxirigacha shu yerda istiqomat qiladi. Uning vafot etgan yili 310 hijriydir.

Ibn Jarir mashhur ulamolardan biri bo‘lib, hamasr-zamondoshlari orasida unga teng keladigan kishi yo‘q edi. Ma’rifatli, o‘tkir fikrli, Allohning kalomini yod olgan, mazmunini chuqur tushungan, hukmlarini yaxshi bilgan faqih, Payg‘ambar sunnatini, uning sahih va g‘ayri sahihini, roviylarining ishonchli yoki ishonchsizini yaxshi ajratadigan olim, tobi’iylarni va ularning hukmlardagi muxoliflarini ham farq qiladigan o‘ta farosatli kishi edi.

Ibn Jarir haqida Al-Xatib Al-Bag‘dodiy "ziyrak olim" deb baho bergan, Abul Abbos ibn Surayj esa "faqih olim" deb maqtagan edi. Chunki Ibn Jarir qiroat, tafsir, hadis, fiqh va tarix singari juda ko‘p ilm sohalarida qalam tebratgan, ijod qilgan. Uning asarlaridan: biz ko‘rib chiqayotgan tafsir, millatlar va podshohlar tarixi, qiroatlar kitobi, son va Qur’on, ulamolar ixtilofi kitobi, sahobiylar va tobi’iylar kitobi, Islom shariati hukmlari kitobi, usuli dinga chuqur nazar kitobi hamda boshqa asarlari Ibn Jarir ilmining naqadar chuqurligidan dalolat beradi. Biroq bu kitoblardan bizga yetib kelgani faqat Tafsir va Tarix kitoblaridir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 06:47:55

Olimlar orasida Ibn Jarir At-Tabariy tarixning otasi deb tan olinganidek, tafsirning otasi deb ham tan olingan.

Ibn Xallikon aytadi: "Shubhasiz, Tabariy mujtahid imomlardan edi. U hech kimga taqlid qilmagan". Shayx Abu Ishoq Ash-Sheroziy "Fiy tabaqotil-mujtahidin" kitobida Tabariyni mujtahidlar jumlasidan ekanini aytib, shunday yozgan: "Tabariyning o‘z mazhabi va unga ergashuvchilari bo‘lgan, u "Al-Jariyriya" deb nomlangan. Tabariy bu mazhabni uzoq bahslardan so‘ng tuzgan, odamlar orasidan uning mazhabini quvvatlovchilar ham topilgan, lekin ko‘plab Islom mazhablari singari bu mazhab bizning zamonimizgacha yetib kelmagan. Aytishlaricha, Ibn Jarir mujtahidlik darajasiga yetmasdan avval Imom Ash-Shofe’iy mazhabida bo‘lgan.

Ibn As-Sabukiy "At-tabaqotul kubro" kitobida yozishicha Ibn Jarir shunday degan: "Men boshqa mazhablardan Ash-Shofe’iy mazhabini afzal deb bildim va Bag‘dodda o‘n yil ushbu mazhab bo‘yicha fatvo berdim. Mendan bu mazhab ilmini Abul Abbos ibn Surayjning ustozi Ibn Bashshor Al-Ahval o‘rgandi".

Imom Suyutiy "At-Tabaqotul mufassirin" kitobida ham Ibn Jarirning avval Shofiiy mazhabida bo‘lganini, keyin o‘ziga mustaqil bir mazhab tuzganini, uning ham taqlidchilari va tobelari bo‘lganini, uning mazhabida ham tanlovlar va tagi bo‘sh masalalar bo‘lganini hamda Ibn Jarir shariat usullari va furu’lari xususida juda ko‘p kitoblar yozganini aytadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 06:49:16

3. Ibn Jarirning tafsiri naqliy tafsirlar orasida eng mashhuri va eng ishonchlisi bo‘lish bilan birga aqliy tafsirlar orasida ham eng mo‘‘tamad va mo‘‘tabar tafsir hisoblanadi, chunki, unda ham ijtihod qilish, gaplarning quvvatlisini kuchsizidan tarjih qilish, bahs qilish va fikrlar bayon etish singari aqliy tafsirlarda bo‘ladigan xususiyatlar mavjuddir.

Ibn Jarirning tafsiri 30 juz bo‘lib, juda katta hajmga egadir. Bu tafsir yo‘qolgan, yaqin vaqtgacha ham topilmagan edi. Alloh uni yana taqdir qildi. Najd amirlaridan Hamud ibn Al-Amir Abdurrashid davrida mazkur tafsirning mukammal qo‘lyozmasi topildi va kitob holida nashr etildi.

Agar biz Islom ulamolarining Ibn Jarir tafsiri haqidagi fikrlarini kuzatsak, Sharqu g‘arb olimlarining hammasi bu tafsirga yuksak baho berib, har qanday tafsir tolibi uni ko‘rmasa maqsadi hosil bo‘lmasligini aytganlar.

Imom Suyutiy (r.a.) mazkur tafsir haqida shunday degan: "Muhammad ibn Jarirning tafsir kitobi tafsirlarning eng ulug‘idir, chunki, unda tarjiyhotu tavjiyhot, e’robu istinbot mavjud bo‘lib, shu jihati bilan o‘zidan oldingi tafsirlardan ajrab turadi". (Al-Itqon, Suyutiy, 2-j. 190-b.)

Imom Navaviy: "Tabariyning tafsirlaridek boshqa tafsir yozilmaganiga ulamolar ittifoq qilganlar". (O’sha tafsir)

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 06:50:29

Abu Homid Isfaroyiniy: "Agar biror kishi Tabariy tafsiridan ortiqrog‘ini topaman deb Xitoygacha borsa ham, bu safar uning uchun ko‘p emas", (Mu'jamul-udabo, 18-j. 42-b.) — degan.

Shayxul Islom Ibn Taymiyya shunday deydi: "Odamlar qo‘lida mavjud bo‘lgan tafsirlarning eng yaxshisi Muhammad ibn Jarir At-Tabariyning tafsiridir. Unda salaf ulamolarining qavllari ishonchli sanadlar bilan keltirilgan, unda bid’at yo‘q. Muqotil ibn Bakir, Kalbiy singari muttahamlardan rivoyatlar naql qilinmagan". (Fatovo Ibn Taymiyya, 2-j. 192-b.)

"Lisonul-mezon" ning muallifi shunday rivoyat qiladi: "Ibn Xuzayma Ibn Xoluyadan Ibn Jarirning tafsirini so‘rab oladi va bir necha yildan keyin omonatni egasiga topshirayotib shunday deydi: "Men Ibn Jarirning tafsirini boshidan oxirigacha ko‘rib chiqdim va yer yuzida Ibn Jarirdan olimroq odam yo‘qligiga amin bo‘ldim".

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 06:52:25

Manbalarning shohidlik berishicha, Ibn Jarirning tafsiri hozir qo‘limizda mavjud bo‘lganiga nisbatan kengroq bo‘lgan, keyinroq muallifning o‘zi tomonidan muxtasar qilingan. Ibn As-Sabukiy "At-Tabaqotul kubro" (2-j. 137-b.) kitobida yozishicha, Abu Ja’far o‘z shogirdlaridan: "Qur’on tafsirini o‘qib chiqasizlarmi?"— deb so‘radi. Ular: "Bu tafsir necha varaq?",— deyishdi. Abu Ja’far: "O’ttiz ming varaq"— deganda, shogirdlari: "Bu kitobni tamom o‘qishga umrimiz yetmas ekan",— deyishdi. Abu Ja’far tafsirni uch ming varaqlik muxtasar holga keltirdi. Yana bir kun shogirdlaridan: "Odamning yaratilishidan to hozirgi kunimizgacha bo‘lgan olam tarixini o‘qib chiqasizlarmi?"— deb so‘radi. Ular qancha varaqligini so‘radilar. Abu Ja’far tarix kitobini ham o‘ttiz ming varaq ekanligini aytdi. Shogirdlar uni ham ko‘p deganlaridan so‘ng: "Inno lillahi, hammalaringda ham himmat o‘libdi", — dedi va tarixni ham tafsir hajmicha muxtasar qildi.

Demak, Ibn Jarirning tafsiri tarixiy jihatdan ham, ilmiy jihatdan ham birinchidir. Tarixiy jihatdan birinchiligi shundaki, bizgacha yetib kelgan va qo‘limizda mavjud bo‘lgan eng qadimgi tafsir ushbu tafsirdir. Bundan avvalroq tafsirlar yozilgan bo‘lsa ham, zamonlar o‘tishi bilan yo‘q bo‘lib ketgan, bizgacha yetib kelmagan. Ilmiy jihatdan birinchiligi shundaki, bu tafsir xalqchil yozilishi, badiiy go‘zalligi, mukammalligi bilan xalq e’tiqodini, muhabbatini qozona olgan.

Biz Ibn Jarirning tafsiri haqida ulamolar fikrini bildik. Endi o‘quvchiga bu tafsirning afzalligi, mufassiri esa mufassirlarning afzali ekanligi, barcha mufassirlar mazhablari boshqa, tanlagan yo‘llari turlicha bo‘lishiga qaramay unga takror-takror murojaat qilishlarining siri nimada ekanligi ma’lum bo‘lsin uchun Ibn Jarirning tafsir qilish uslubi haqida bayon qilamiz.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 06:56:16

4. Ibn Jarirning tafsiri o‘ziga xos aniqlik bilan yozilgan. Bu tafsirni asta varaqlasangiz birinchi bor ko‘zga tashlanadigan narsa tafsiriga kirishmoqchi bo‘lgan oyatni: "Alloh Ta’oloning bu-bu oyatlari ta’vili xususidagi gap" iborasi bilan tanishtirishidir. Undan keyin esa oyatning mazmunini sharhlashga o‘tadi va bu oyatlar xususida sahobiylardan, tobi’iylardan rivoyat qilingan naqliy tafsirlarni hujjat sifatida keltiradi.

Agar bir oyatning mazmunida ikki yoki undan ortiq fikr mavjud bo‘lsa, har birini alohida keltirib, bu fikrlarni tasdiqlovchi rivoyatlarni sahobalar va tobi’iylardan alohida-alohida rivoyat qiladi. Rivoyatlarning o‘zi bilan kifoyalanmasdan ularning har birini tahlil qilib, ikki fikrdan qaysi biri quvvatli ekanligini tarjih qiladi. Shuningdek, agar zarurat taqozo qilsa, ba’zi oyatlardan hukmlar va xulosalar ham chiqaradi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 06:59:52

Ibn Jarir mustaqil fikr bilan tafsir qiladigan "ashobur-ray" mufassirlar bilan doimiy muxosama va munozara qiladi. Uning fikricha har bir mufassir tafsirda sahobiy yoki tobi’iyning ilmiga, undan naql qilingan rivoyatlarga albatta murojaat qilishi shart. Sahih tafsirning alomati yolg‘iz shudir. Masalan: "Yusuf" surasining 49-oyati, ya’ni

ثُمَّ يَأْتِي مِنْ بَعْدِ ذَلِكَ عَامٌ فِيهِ يُغَاثُ النَّاسُ وَفِيهِ يَعْصِرُونَ

"So‘ngra, o‘sha (qahatchilik yillari)dan keyin bir yil kelurki, unda odamlar yog‘ingarchilik ostida qolurlar va (turli mevalardan) sharob tayyorlab olurlar" —oyatining tafsirida Ibn Jarir salaf ulamolaridan tavjiyhotlar rivoyat qilib, qiroatlar to‘g‘risida zarur bo‘lgan fikrlarni aytib bo‘lgandan keyin, oyatni o‘z rayi bilan tafsir qiladigan, lug‘atni bilishidan boshqa narsaga e’timod qilmaydigan mufassirga raddiya berib, uning fikrini butunlay botil qiladi va shunday deydi: "Arab tilini bilishiga asoslanib o‘z ra’yi bilan Qur’onni tafsir qiladigan va ahli ta’vil salaf ulamolarining ilmlaridan bexabar bo‘lgan ba’zi kishilar yuqoridagi oyatning "œsharob tayyorlab oladilar" jumlasi ma’nosini "œyomg‘ir sababi bilan qahatchilik va qurg‘oqchiliqdan najot topadilar" degan ma’noga buradilar va " يَعْصِرُونَ" ning o‘zagi "siqish" ma’nosidagi "usur, asur, usr" masdaridan emas, balki "najot" ma’nosidagi "asar" masdaridan olingan, deb gumon qiladilar. Oyat ma’nosining bunday ta’vili sahobiylar va tobi’iylardan naql qilingan ma’noga butunlay xilofdir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 07:03:42

Ba’zida Ibn Jarir Mujohid yoki Zahqok singari mufassirlar, hatto Ibn Abbosdan naql qilgan mufassirlar rivoyatlariga ham o‘z munosabatlarini bildirib, raddiya bergan. Masalan: "Baqara" surasining 65-oyati:

وَلَقَدْ عَلِمْتُمُ الَّذِينَ اعْتَدَوْا مِنْكُمْ فِي السَّبْتِ فَقُلْنَا لَهُمْ كُونُوا قِرَدَةً خَاسِئِينَ

"Orangizdan shanba kunida haddan oshgan kimsalarni bildingiz. Bas, biz ularga: "Badbaxt maymunlarga aylaningiz", dedik" oyatining tafsirida shunday deydi: "Menga Al-Musanno Abu Huzayfadan, u Shibldan, u Ibn Abiy Najihdan, u Mujohiddan rivoyat qilgan hadisda Mujohid mazkur oyatni tafsir qilib, dedi: "Ularning o‘zlari maymunga aylangan emaslar, qalblari maymunnikidek (behis, beimon) qilingan. Allohning bu so‘zi zarbi masal bo‘lib, "ustiga kitob ortilgan eshak"ning zarbi masalidekdir". Keyin Ibn Jarir Mujohidning tafsiriga raddiya berib, shunday deydi: "Mujohid aytgan gap Allohning kalomidan ochiq-oydin anglashilgan ma’noga butunlay xilofdir" (Tafsiri Ibn Jarir, 1-j. 252-253-b).

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 07:05:26

"Baqara" surasining 229-oyati:

تِلْكَ حُدُودُ اللَّهِ فَلا تَعْتَدُوهَا وَمَنْ يَتَعَدَّ حُدُودَ اللَّهِ فَأُولَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ

"Bu Allohning qonunchegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilib o‘tmangiz! Kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilib o‘tsa, ana o‘shalar zolimlardir" — oyatining tafsirida Ibn Jarir mufassir Zahhoqdan: "Kimki idda muddatini rioya qilmasdan xotinini taloq qilsa, u tajovuz qilgan va o‘z nafsiga zulm qilgan bo‘ladi, kimki Allohning hadlaridan tajovuz qilsa, ular ayni zolimlardir" jumlalarini rivoyat qiladi va keyin o‘zi bu tafsirni quyidagicha izohlaydi: "Zahhokning ushbu gapiga bu yerdagi oyat ma’nosining hech qanday aloqasi yo‘q. Oyatda taloqni iddada qilish kerakligiga va mana shu Allohning haddi ekanligiga hech qanday ishora yo‘q. Bu yerda taloq qiluvchi erning yana o‘z xotiniga qaytishi necha taloqda mumkinu, necha taloqda mumkin emasligi haqida aytilyapti, iddada taloq qilish hukmi haqida emas" (Tafsiri Ibn Jarir ("œJomiul-bayon"), 1-j. 252-253-b).

Ko‘rib o‘tilganidek, Ibn Jarir o‘z tafsirining juda ko‘p o‘rinlarida mufassirlar va roviylarning asossiz va dalilsiz fikrlariga o‘z raddiyasini berib o‘tadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  07 Oktyabr 2008, 07:07:19

Ibn Jarir har bir rivoyatini roviylar sanadi bilan keltirsa ham, aksar hollarda roviylarning sahih yoki zaif ekanligi to‘g‘risida hech narsa demaydi. Chunki, hadis usulini yaxshi bilgan muhaddis sifatida uning fikricha, kimki senga sanad bilan rivoyat qildimi, roviylarning adolatli yoki nuqsonli ekanligini qay daraja bilishda seni bahsga tortgan bo‘ladi. Shunga qaramasdan, Ibn Jarir ba’zi hollarda o‘zining o‘ta hassos munaqqid ekanini namoyon etadi, roviylarning adolatlisi yoki nuqsonlisini ochiq bayon etadi, rivoyatlarning ishonchsizini rad etadi va o‘zining munosib fikr-mulohazasini bildiradi. Masalan: "Kahf" surasining 94-oyati:

قَالُوا يَا ذَا الْقَرْنَيْنِ إِنَّ يَأْجُوجَ وَمَأْجُوجَ مُفْسِدُونَ فِي الأرْضِ فَهَلْ نَجْعَلُ لَكَ خَرْجًا عَلَى أَنْ تَجْعَلَ بَيْنَنَا وَبَيْنَهُمْ سَدًّا

"œBiz bilan ularning o‘rtasiga bir to‘g‘on qurib berurmisan?" (Kahf, 94.) tafsirida Ibn Jarir shunday deydi: "Bu haqda — ya’ni sin harfining zamma va fatha holida "saddan", "suddan" o‘qilishida Ikrimadan shunday rivoyat qilingan: "Bizga Ahmad ibn Yusuf Qosimdan, Qosim Hajjojdan, Hajjoj Horundan, Horun Ayyubdan, u esa Ikrimadan rivoyat qilishicha, Ikrima: "Odam farzandi qo‘li bilan qurilgan narsa fathalik sin bilan "saddan" ko‘rinishida, Alloh qudrati bilan bino bo‘lgan narsa esa zammalik sin bilan "suddan" ko‘rinishda o‘qiladi",— degan. Ikrimadan rivoyat qilingan ushbu hadisning roviysi Ayyub Horun ishonchsiz odam, chunki, undan birorta ham roviylari ishonchli bo‘lgan hadis rivoyat qilinmagan". (Tafsiri Ibn Jarir ("œJomiul-bayon"),  2-j.  290-291-b.)

Qayd etilgan