Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391891 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 ... 62 B


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 06:44:06

As-Sa’labiy o‘z tafsirida fiqhiy masalalarga ham haddan tashqari keng o‘rin berib yuborgan. Masalan: "Niso" surasining meros haqidagi 11-oyati

يُوصِيكُمُ اللَّهُ فِي أَوْلادِكُمْ

"Alloh fazandlaringizga (meros yuzasidan) vasiyat qiladi" tafsirida marhumdan qolgan meros to‘g‘risida, keyin merosxo‘rlar, ularning ulushlari to‘g‘risida batafsil tushuncha bergan.
                                 
Shu suraning 24-oyati

فَآتُوهُنَّ أُجُورَهُنَّ فَرِيضَةً

"œUlar (ayollar) bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilanoq belgilangan mahrni beringiz" tafsirida mut’a nikoh(vaqtincha nikoh) haqida ulamolarning turli fikrlarini, ularning dalil-hujjatlarini ko‘p keltirgan.

Shu suraning 31-oyati

إِنْ تَجْتَنِبُوا كَبَائِرَ مَا تُنْهَوْنَ عَنْهُ نُكَفِّرْ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَنُدْخِلْكُمْ مُدْخَلا كَرِيمًا

"Agar sizlar man etilgan gunohlarning kattalaridan saqlansangizlar, kichik gunohlaringizni sizlardan o‘chirurmiz va sizlarni shinam manzil(jannat)ga kiriturmiz" tafsirida turli kitoblardan olib, gunohi kabiralar, ularning soni haqida uzundan-uzun rivoyatlar keltirgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 06:45:25

As-Sa’labiyning tafsiri, unda turli mavzulardagi ilmiy bahslarning ko‘payib va cho‘zilib ketganligi tufayli, bu tafsir naqliy tafsirlar safidan chiqib qolishiga oz qolgan.

Buning ustiga tafsirda isroiliyotlar hech saralanmasdan rivoyat qilinganligi, bular orasida aql taqozo qilmaydigan g‘aroyiblari ham mavjud ekanligi tafsirning qiymatiga, biroz putur yetkazgan.

Shunday qilib har to‘kisda bir ayb deganlaridek, As-Sa’labiy tafsirida isroiliyotni ko‘paytirib yuborganligi va hadislarni tanlashda sanadga e’tibor qilmaganligi tufayli ulamolar tanqidiga va malomatiga uchradi. Ibn Taymiyya "Usulut tafsir" kitobining muqaddimasida shunday yozadi: "As-Sa’labiyning o‘zi shaxs sifatida juda yaxshi odam. Ammo uni kechasi o‘tin teruvchi odamga o‘xshatishimiz mumkin. Chunki u boshqa tafsirlarda uchragan har qanday xabarni sahihmi yoki zaif, haqiqatmi yoki mavzu’ligini ajratmasdan o‘z tafsiriga yig‘avergan".

Ibn Taymiyyaning "Fatovo"sida keltiriladi: "Ibn Taymiyyadan ba’zi tafsirlar haqida so‘raldi. U dedi: "Ammo Al-Vohidiyga kelsak, u As-Sa’labiyning shogirdidir. Uning rivoyatlarini arab tilida bayon etgan. Lekin As-Sa’labiy tafsirini boshqa tafsirlarga taklid qilib yozgan bo‘lsa ham, u turli bid’atlardan xoli bo‘lgan tafsirdir. Har ikki tafsir ham tolibga juda katta manfaat beradi". (Muhammad Husayn Az-Zahabiy. "œAt-tafsir val-mufassirun".Qohira 1381-hijriy.1-juz’. 2-jild.233-sahifa.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 06:46:30

As-Sa’labiy tafsirini mutolaa qilgan kishi, bu tafsir haqida Ibn Taymiyya nechog‘lik bor haqiqatni aytganining guvohi bo‘ladi.

Al-Kattoniy "Al-mustatrafa" nomli risolasida: "Al-Vohidiy va uning ustozi As-Sa’labiy hadis ilmini yuqori darajada bilmaydi. Xususan As-Sa’labiy tafsirida mavzu’ hadislar va botil qissalarni ko‘p rivoyat qilgan".

As-Sa’labiy juda ko‘p ulamolarning tanqidiga qaraganda, haqiqatan ham, hadis ilmidan uzoqroq ekanligi ma’lum bo‘ladi. Agar unda hadislarning sahih yoki zaifini ajratish uchun ilm yetarli bo‘lganda, shialarning Ali (r.a.) va "Ahli bayt" haqida to‘qigan, yolg‘onligi aniq va ularni rivoyat qilishdan ulamolar qattiq tahzir qilgan mavzu’ hadislarini rivoyat qilmagan bo‘lardi.

Xususan As-Sa’labiy o‘z tafsirining muqaddimasida tafsir va hadis ilmida mashhur va tengsiz bo‘lgan ulug‘ mufassir Ibn Jarir At-Tabariydek zotning tafsiriga ta’na yetkazib, uni aybladi, men hamma ayblardan xoli bo‘lgan tafsir yozishni maqsad qildim, deb va’da berdi-yu, ammo va’dasining ustidan chiqa olmagani achinarlidir.

Har holda As-Sa’labiyning "Al-Kashf val-bayon an tafsiril-Qur’on" nomli tafsiri juda qattiq mehnat evaziga bunyod bo‘lgan ilm va ijod hosilasidir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 06:47:43

Tayanch iboralar: "Imomul-hudo", "Bahrul-ulum", "An-Navozil", "Xizonatul-fiqh", "Tanbiyhul g‘ofilin" va "Bo‘ston" kitoblari, "ba’zilar aytganlar", tanoquzlar, "Mo‘‘jamul udabo", "Abu Isqoq As-Sa’labiy muqri’, adib, vo’iz va ishonchli roviy, "Al-Arois fiy qisasil anbiyo", "Al-Kashf valbayon an tafsiril-Qur’on" tafsiri, haq bilan botilning, qadim bilan yangining, sunnat bilan bid’atning, hujjat bilan shubhaning, "aralash" tafsirchi, gapning "oriq-semizi", kechasi o‘tin teruvchi odam.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 06:50:11

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar

1. Abul-Lays As-Samarqandiyning hayoti va asarlari haqida nimalarni bilasiz?
2. Mufassir "Bahrul-ulum" tafsirini yozishda asosan nimalarga e’tibor bergan?
3. As-Sa’labiyning hayoti, ijodi va uning "Al-Kashf val-bayon an tafsiril-Qur’on" tafsiri haqida ulamolar qanday baho berganlar?
4. As-Sa’labiy bayon qilgan bid’atchi firqalarni bilasizmi?
5. As-Sa’labiy tafsiriga ulamolar nima uchun ta’na yetkazganlar?

Tavsiya etilgan va foydalanilgan   adabiyotlar ro‘yxati

1. Tafsiri Ibn Kasir. Bayrut: 1969. 1-j.
2. Yoqut. Mo'jamul-udabo, 18-j. Bayrut. 1999.
3. Fatovo Ibn Taymiyya, 2-j. Bayrut. 1996.
4. Muhammad Tohir Ibn Ashur. At-tahrir vat-tanvir. Tunis. 1-15-t.
5. Al-Itqon. As-Suyutiy, 2-j.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 06:52:05

20-MAVZU. AL-BAG’AVIY. IBN ATIYYA

Dars rejasi:
1. Al-Bag‘aviyning hayoti va ijodi.
2. "Ma’olimut-tanzil" tafsirining ta’rifi va yozilish uslubi. Ulamolarning bu tafsirga bergan baholari.
3. Ibn Atiyyaning hayoti va ilmiy darajasi.
4. "Al-Muharrir Al-vajiz fiy tafsiril Qur’onil-aziz" tafsirining qiymati.
5. Ibn Atiyyaning tafsiri bilan Az-Zamaxshariyning "Al-Kashshof" tafsiri orasidagi bog‘liqlik. Ibn Atiyya tafsirining Az-Zamaxshariy tafsiridan afzallik jihatlari.


Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 06:54:19

1. "Ma’olimut-tanzil" tafsiri muallifining to‘liq nomi Abu Muhammad Al-Husayn ibn Mas’ud ibn Muhammad Al-Farro Al-Bag‘aviy Shofe’iy mazhabi faqihlaridan bo‘lib, ulug‘ muhaddis va mufassirlar qatoridan joy olgan, dinning ustuni, sunnatning tiriltiruvchisi unvonlariga sazovor bo‘lgan olim edi.

Al-Bag‘aviy nihoyatda taqvodor, sabrli bo‘lib, biror darsini ham betahorat aytmagan, nondan boshqa taom tanovul etmas, keyinchalik keksaygan vaqtida nonga yog‘ surib yegan zohid inson edi.

Al-Bag‘aviy besh yuz o‘ninchi hijriy yilida sakson yoshida vafot etdi va Marvning At-Talqon maqbarasiga ustozi Qozi Husaynning yoniga dafn etildi.

Shofe’iy ulamolaridan At-Toj As-Sabukiy Al-Bag‘aviyni shunday ta’riflaydi: "Al-Bag‘aviy ulug‘ imom, taqvoli faqih, ilm bilan amalni jamlagan obid, mufassir va muhaddis olimdir. U juda ko‘p kitob yozgan bo‘lib, "Ma’olimut-tanzil" nomli tafsir, "Sharhus sunna", "Al-Masobih" nomli hadis kitoblari, "Al-Jam’u baynas sahihayn", "At-Tahzib" nomli fiqh kitoblari mavjud. Uning kitoblari barakotli kitoblar va muallifining niyati yaxshi bo‘lgani uchun olimlar tomonidan yaxshi qabul qilingan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 07:01:53

2. Al-Bag‘aviyning tafsiri haqida "Kashfuz-zunun" muallifi shunday deydi: "Besh yuz o‘n oltinchi yilda vafot etgan Imom Al-Bag‘aviyning "Ma’olimut-tanzil" tafsiri o‘rtacha tafsirlardan bo‘lib, ulug‘ sahobalar, tobi’iylar va keyingi ulamolardan naqp qilingan. Uni sakkiz yuz yetmish beshinchi yilda vafot etgan Ash-Shayx Tojuddin Abu Nasr Abdulvahhob ibn Muhammad Al-Husayniy muxtasar qilgan.

Mufassirlardan Al-Xozin o‘zining tafsiri muqaddimasida shunday yozadi: "Al-Bag‘aviyning tafsiri shu ilm sohasidagi shubhadan xoli, rost so‘zlarni jamlagan, sahih hadislar bilan bezantirilgan, shariat ahkomlari bayon etilgan, ajoyib o‘tmish xabarlari va qissalari bilan o‘ralgan bebaho kitoblardandir".(Muhammad Husayn Az-Zahabiy. "œAt-tafsir val-mufassirun".Qohira 1381-hijriy.1-juz’. 2-jild. 236-sahifa.)

Ibn Taymiyyaning yozishicha, Al-Bag‘aviyning tafsiri As-Sa’labiyning tafsiridan qisqaroq, lekin mavzu’ hadislardan va bid’at fikrlardan xolidir. (Ibn Taymiyya. Usulut tafsir. 19-b.)

Ibn Taymiyyadan: "Tafsirlarning qaysi biri Qur’on va sunnatga yaqinroq? Zamaxshariynikimi, Qurtubiynikimi, Bag‘aviynikimi yoki boshqa mufassirnikimi?!"— deb so‘raldi. U: "So‘ralgan uch tafsirdan bid’atdan va zaif hadisdan xolirog‘i Bag‘aviynikidir. U Sa’labiyning tafsiridan bid’at va mavzu’ hadislar yo‘qligi uchun qisqaroqdir",— deb javob berdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 07:03:04

"Ma’olimut-tanzil" tafsiri Ibn Kasir tafsiri bilan, shuningdek "Tafsirul-Xozin" bilan ham bir muqovada   nashr etilgan.

Al-Bag‘aviy o‘z tafsirining muqaddimasida, hadislarni Ibn Abbos, Mujohid, Ato va boshqalardan rivoyat qilishini aytib, ularning sanadlarini ham tushuntirib, bu roviylarga boshqa yo‘llar bilan ham sanadlar borligini, lekin qisqa bo‘lish uchun ularni tark etishini ogohlantirib qo‘ygan. Agar zarurat yuzasidan boshqa sanad bilan hadis keltirilgan bo‘lsa, u sanadni to‘la keltirgan. Buning ustiga mufassir o‘zining hadis sohasidagi ilmini izhor etib, hadislarning sahihi va zaifi borasida bahslar ham qilgan.

Tafsirni o‘qish asnosida tolib mufassirning Al-Kalbiy singari zaif muhaddislardan ham hadis rivoyat qilganini, ba’zi qiroatlar haqida gapirib, ba’zi nuqtalarni kashf qilish orasida tafsir ilmiga aloqasi bo‘lmagan gaplarni ham aytib yuborganini, ba’zi oyat ma’nolarini tushuntirishda biroz nahviy qoidalarga ham sho‘ng‘ib ketganini, ba’zi isroiliyotlarni rivoyat qilib, unga munosabat bildirmaganini, rivoyatlardan birini tarjih qilib, ikkinchisining zaifligiga ishora qilmaganini sezishi mumkin. Lekin bu kamchiliklar Al-Bag‘aviy tafsirining qadr-qimmatini tushirib yuboradigan darajada emas.

Xulosa shuki, mazkur tafsir naqliy tafsirlar orasida eng yaxshisi, eng komili deyish mumkin. Shu sababli ham ulamolar bu tafsirni qo‘lma-qo‘l qiladilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 07:06:21

3. Ibn Atiyyaning to‘liq nomi Abu Muhammad Abdulhaq ibn G’olib ibn Atiyya Al-Andalusiy (Andalusiya hozirgi Ispaniyaning qadimgi nomi) Al-Mag‘ribiy Al-G’arnotiy bo‘lib, Andalusdagi Al-Marriyya shahrining qozisi bo‘lgan. Qozilik davrida haqiqat va adolatni o‘ziga kasb qilgan. Aytishlaricha, u Mag‘ribdagi Mursiyya shahri qoziligining ham da’vosida bo‘lgan, ammo Mursiyyaga kiritilmagan. U Mag‘ribning Lariqa shahriga kirgan va u yerda tajovuzkorona o‘ldirilgan.

Ibn Atiyya to‘rt yuz sakson birinchi hijriyda tavallud topib, besh yuz qirq oltinchi yilda Lariqa shahrida vafot etgan.

Ibn Atiyya ahli ilm oilasida tug‘ildi, yashadi va o‘sdi. Uning otasi Abu Bakr G’olib ibn Atiyya ulug‘ olim, imom va ko‘p olimlardan tahsil olgan faqih edi. Bobosi Atiyya ham fazlli, ilmli inson edi. Shuning uchun nabira Abu Muhammadning fazlu kamolda yetuklikka erishishi ajablanarli emas.

Qayd etilgan