Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391512 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 ... 62 B


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 07:09:12

Ibn Atiyya nihoyatda fahm-farosatli, zakiy, har qanday muammoni hal etishga qodir aql egasi edi. U ilmning deyarli barcha sohalarini: ahkomlar, hadis, tafsir, arab tilining nahvi va sarfi, lug‘at ilmlarini puxta egallagan adib, shoir ham edi.

Abu Hayyon Ibn Atiyyaning ta’rifida shunday degan: "U tafsir yozgan olimlarning eng buyugi, tahlil va tahrir qiluvchilarning eng afzali edi". (Abu Hayyon. Al-Bahrul muhit. 1-j. 9-b.)

Ibn Atiyya o‘z otasi, Ubay Ali Al-G’assoniy, As-Safdiydan rivoyat qilgan. Uning shogirdlari esa Abu Bakr ibn Abu Hamza, Abulqosim ibn Hubaysh, Abu Ja’far ibn Maddo va boshqalar edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 07:10:47

4. Ibn Atiyyaning eng katta va mashhur kitobi "Al-Muharrar Al-vajiz fiy tafsiri Al-Kitob Al-aziz" nomli tafsiridir. Bundan tashqari uning qilgan rivoyatlari va shayxlarining nomi tartiblangan hadis kitobi ham bor.

Ibn Atiyyaning ilmi keng qamrovli bo‘lgani uchun Ibn Farhun "Deboj" asarida Imom Molik mazhabining yetakchilari qatoriga qo‘shgan bo‘lsa, Imom As-Suyutiy "Bag‘iyyatul vu’ot" kitobida nahv ilmining ustuni deb ta’riflaydi.

Ibn Atiyyaning "Al-Muharrir Al-vajiz fiy tafsiri Al-Kitob Al-aziz" nomli tafsiri boshqa tafsirlar va barcha mufassirlar orasida oliy qimmatga egadir. Buning yagona sababi mufassir ilmiy fazilatining ortiqligida, tafsir yozishda butun diqqat, mas’uliyat va jiddu jahdini sarf qilganidir.


Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 07:12:17

Ibn Xaldun o‘zining "Muqaddima"sida yozishicha, Ibn Atiyya tafsirining sahihga yaqinligi uni Andalus va Mag‘rib ulamolarining qo‘llaridan tushmasligiga sabab bo‘ldi". (Muqaddimatu Ibn Xaldun. 491-b)

Ibn Atiyyaning bu tafsiri hozirgacha qo‘lyozma holida mashhur va saqlanmoqda. U katta-katta o‘n jilddan iborat. Misr kutubxonasida uning faqat to‘rtta jildi: uchinchi, beshinchi, sakkizinchi va o‘ninchi jildlari mavjud.

Muallif o‘z tafsirida avval Qur’oni Karim oyatini yozib, keyin shiringina, yengilgina tafsir qiladi. Undan keyin naqliy tafsirlardan qisqacha rivoyatlar keltiradi va bu naqlda asosan Ibn Jarirning tafsiridan foydalanadi. Mufassirlar bilan biroz yengil munoqasha-munozaralar qiladi. O’z so‘zlarini arab she’rlari bilan quvvatlaydi.

Oyatlarning nahviy tahliliga, qiroatlardagi nozik ixtiloflarga ham o‘z ahamiyatini qaratadi va ortiqcha cho‘zib yubormasdan kerakli fikrlarni bayon etadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 07:18:18

5. Abu Hayyon o‘z tafsirining muqaddimasida Ibn Atiyya va Az-Zamaxshariy tafsirlari orasida o‘zaro yaqinlik borligini aytib: "Ibn Atiyyaning tafsiri naql ko‘proq, keng qamrovli, xolisroqdir. Az-Zamaxshariyning tafsiri esa lafzi qisqa, ma’nosi shomilroqdir",— deydi. (Tafsiri Al-Bahrul muhit. 1-j)

Ibn Taymiyya ham mazkur ikki tafsir orasida yaqinlik borligini ta’kidlab "Fatovo"sida shunday yozadi: "Ibn Atiyyaning tafsiri Az-Zamaxshariyning tafsiridan yaxshiroq, naqli ham, bahsi ham sahihroq, bid’atlardan uzoqroqdir. Balki ko‘p jihatlari afzalroq, aytish mumkinki, tafsirlarning eng yaxshisidir". Xuddi shunday fikrni Ibn Taymiyya "Usulut-tafsir" kitobining muqaddimasida ham aytgan: "Ibn Atiyyaning tafsiri naql ko‘proq, keng qamrovli, xolisrokdir. Az-Zamaxshariyning tafsiri esa lafzi qisqa, ma’nosi shomilroqdir".



Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 07:20:28

"Ibn Atiyyaning tafsiri ahli sunna val jamoaga mosroq, Az-Zamaxshariyning tafsiriga nisbatan bid’atdan salomatroqdir. Agar naqliy tafsirlardan olingan gaplar qanday bo‘lsa shundayligicha keltirilganda yanada yaxshiroq bo‘lardi. Chunki Ibn Atiyya asosan Ibn Jarir At-Tabariydan naql qilgan. Ibn Jarir esa mufassirlarning eng ulug‘idir. Xolbuki, Ibn Atiyya salaf olimlaridan naql qilib, shundayligicha qoldirmagan. Balki, muhaqqiqlarning kalomi sifatida ba’zi mo‘‘tazila mazhabi ulamolarining izohlarini beradiki, bu izohlar Ibn Jarir naqliga ziynat emas, qusurga o‘xshab qolgan. Masalan: "Yunus" surasining 26-oyati

لِلَّذِينَ أَحْسَنُوا الْحُسْنَى وَزِيَادَةٌ

"Ezgu ish qilganlarga chiroyli (savob jannat) va ziyodalik (Allohning diydorini ko‘rishlik) bordir" tafsirida Ibn Atiyya shunday deydi: "Jumhuri ulamo aytadi: "Al-Husno"dan murod jannatdir. "Az-Ziyoda" dan murod Allohni ko‘rishdir".

Ibn Atiyya bu tafsirni quvvatlash uchun Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan Abu Muso Al-Ash’ariy orqali hadis rivoyat qiladi. Keyin yana so‘zida davom etadi: "Bir firqa esa, "Al-Husno"ni yaxshilik deb, "Az-Ziyoda"ni shu yaxshilikning yetti yuz barobar ko‘paytirilishi deb tafsir qilgan". Ibn Atiyya buning isboti uchun ham hadis rivoyat qiladi, hadisning matnidagi "yuzo’afu liman yashau" oyatiga ishora qilib: "Agar avvalgi tafsirni aytgan jumhur roviylarining ulug‘larining hurmati bo‘lmaganda, keyingi firqaning gapi quvvatlashga munosibroq edi",—deydi va ikkinchi gapni quvvatlashga o‘zining dalillarini keltiradi. Bu narsa Ibn Atiyyaning jumhurning hurmatidan ularning fikrini quvvatlagan bo‘lsada, oxiratda Allohni ko‘rish masalasida mo‘‘taziliylar bilan hamfikr ekanligini ko‘rsatadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 07:21:29

Tayanch iboralar: "Ma’olimut-tanzil", "Al-Muharrir Al-vajiz fiy tafsiril Qur’onil-aziz", dinning ustuni, sunnatning tiriltiruvchisi, "Sharhus-sunna", "Al-Masobih" nomli hadis kitoblari, "Al-Jam’u baynas sahihayn", "At-Tahzib", shayxlarining nomi tartiblangan hadis kitobi, "Bag‘iyyatul vu’ot", Ibn Atiyya tafsirining sahihga yaqinligi uni Andalus va Mag‘rib ulamolarining qo‘llaridan tushmasligiga sabab bo‘ldi, "Ibn Atiyyaning tafsiri naql ko‘proq, keng qamrovli, xolisroqdir, Az-Zamaxshariyning tafsiri esa lafzi qisqa, ma’nosi shomilroqdir", "Ibn Atiyyaning tafsiri ahli sunna val jamoaga mosroq, Az-Zamaxshariyning tafsiriga nisbatan bid’atdan salomatroqdir", "Al-Husno"dan murod jannat, "Az-Ziyoda"dan murod Allohni ko‘rishdir".

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Oktyabr 2008, 07:23:15

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar

1. Al-Bag‘aviyning hayoti va ijodi haqida nimalarni bilasiz?.
2. "Ma’olimut-tanzil" tafsiri uslub jihatidan boshqa tafsirlardan qanday farq qiladi?
3. Ibn Atiyyaning hayoti va ilmiy faoliyatini bilasizmi?
4. "Al-Muharrir Al-vajiz fiy tafsiril Qur’onil-aziz" tafsirining qanday fazilati bor?
5. Ibn Atiyyaning tafsiri bilan Az-Zamaxshariyning "Al-Kashshof" tafsiri orasidagi bog‘liqlik nimalardan iborat?

Tavsiya etiluvchi va foydalanilgan   adabiyotlar ro‘yxati

1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T. 2001.
2. Tafsiri Ibn Kasir. Bayrut. 1969. 1-j.
3. Yoqut. Mo‘‘jamul-udabo, 18-j. Bayrut. 1999.
4. Fatovo Ibn Taymiyya, 2-j. Bayrut. 1996.
5. Muhammad Tohir Ibn Ashur. At-tahrir vat-tanvir. Tunis 1-15-t.
6. Al-Itqon. As-SSuyutiy, 2-j.
7. Muqaddimatu Ibn Xaldun.
8. Tafsiri Al-Bahrul muhit. 1-j.

Qayd etilgan


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 07:05:15

Kitobning uchdan ikki qismi yakunlandi. Foydalanuvchilarga qulay bo'lishi uchun shu joygacha bo'lgan mavzularning mundarijasini keltirib o'taman:

MUNDARIJA
1-10-Mavzular mundarijasi

11-Mavzu. Sahobalardan chiqqan mufassirlar           
1.Sahobalardan chiqqan mufassirlar. Ularning tafsirdagi xizmatlari      
2. Ba’zi mufassirlarning tarjimai hollari          
a) Abdulloh ibn Abbos(r.a.)               
b) Abdulloh ibn Mas’ud(r.a.)           
v) Aliy ibn Abi Tolib(r.a.)             
g) Ubay ibn Ka’b(r.a.)   

12-Mavzu. Sahobalar tafsirining qiymati            
1. Sahobai kiromlarning tafsirlari haqida din ulamolarining fikrlari             
a) Musnad, sahih., mavquf, marfu’ hadislar. Imom As-Suyutiyning «At-Tadrib» kitobi. Marfu’ hukmini sahobiylar tafsiriga berilish qoidalari. Mavquf hukmini berilishi        
b) Tafsir va ijtihod. Payg‘ambardan naql qilinganida sanadning tekshirilishi. Sahobiydan naql qilinganida tafsirning tekshirilishi               
v) Az-Zarkashiyning «Burhon» kitobi. Hofiz ibn Kasirning tafsirlari          
2. Sahobalar tafsirining alomatlari 

13-Mavzu. Tobi’iylar zamonida Qur’oni Karim tafsiri           
1. Tobi’iylar zamonida Qur’oni Karim tafsiri            
2. Tobi’iylar davrida tafsir maktablari           
a) Makka tafsir maktabi              
Said ibn Jubayrning tarjimai holi              
Mujohid ibn Jabrning tarjimai holi         
Ikrimaning tarjimai holi                              
Tovus ibn Kaysoning tarjimai holi             
Ato ibn Rabohning tarjimai holi                 
b) Madina tafsir maktabi                               
Abul Oliyaning tarjimai holi                       
Muhammad Al-Quraziyning tarjimai holi 
Zayd ibn Aslamning tarjimai holi             
v) Iroq tafsir maktabi                                   
Alqama ibn Qaysning tarjimai holi           
Masruqning tarjimai holi           
Al-Asvad ibn Yazidning tarjimai holi             
Murra Al-Hamadoniyning tarjimai holi       
Omir Ash-Sha’biyning tarjimai holi              
Al-Hasan Al-Basriyning tarjimai holi                
Qatodaning tarjimai holi     

14-Mavzu. Tobi’iylar tafsirining qiymati              
1. Tobi’iylar tafsirining hujjat bo‘lishida ulamolarning fikri       
2. Tobi’iylar tafsirining alomatlari         
3. Tadvin asridagi tafsirlar                           
4. Qur’onni mukammal tafsir qilgan birinchi mufassir       
5. Tafsirning turlari           
           
15-Mavzu. Rivoyat asosida yozilgan tafsir. «At-tafsiyr Al-ma’sur»          
1. Tafsiri ma’sur vujudga kelishining ikki davri. Tadvin davri. Qur’oni Karim tafsirini hadisning bir bobi sifatida yozilishi. Hadisdan tafsirning ajratilishi. Ali ibn Abu Talhaning kitoblari. Abu Ravq va Muhammad ibn Savr tafsirlari. Ibn Jarir tafsiri          
2. Tafsiri ma’surning zaiflik alomatlari             
a) Tafsirda mavzu’ (rivoyatga asoslanmagan, to‘qilgan) gaplarning paydo bo‘lishi       
b) Isroiliyotlarning kirib qolganligi             
3. Tobiiylar davrida isroiliyotlarga berilish   

16-Mavzu. Isroiliyot roviylarining ulug‘lari           
1. Isroiliyot roviylarining mashhurlari             
a) Abdulloh ibn Salomning tarjimai holi         
b) Ka’bul Axborning tarjimai holi           
v) Vahb ibn Munabbahning tarjimai holi            
g) Abdulmalik ibn Abdulaziz ibn Jurayj           
2. Roviylarning sanadini tark etish

17-Mavzu. Tafsiri ma’surning mashhurlari              
1. Tafsiri ma’surning mashhurlari              
2. Ibn Jarir At-Tabariyning tarjimai holi             
3. Ibn Jarir tafsiriga ulamolarning baholari         
4. Ibn Jarirning tafsir qilish usuli           
5. Ibn Jarir tafsirida isroiliyotlarga munosabat         

18-Mavzu. Ibn Kasir va As-Sa’olibiy           
1. Ibn Kasirning tarjimai holi           
2. Ibn Kasir tafsirining ta’rifi       
3. Ibn Kasir tafsirida fiqh masalalari              
4. As-Sa’olibiyning tarjimai holi               
5. «Al-Javohir Al-hison fiy tafsiril Qur’on»           

19-Mavzu. As-Samarqandiy. As-Sa’labiy             
1. Abul Lays As-Samarqandiyning hayoti va asarlari            
2. «Bahrul-ulum» tafsirining ta’rifi              
3. As-Sa’labiyning hayoti va ijodi. Uning «Al-Kashf val-bayon an tafsiril-Qur’on» tafsiri yozilish tarixi             
4. As-Sa’labiy bayon qilgan bid’atchi firqalar           
5. As-Sa’labiy tafsiriga ulamolarning bergan baholari           

20-Mavzu. Al-Bag‘aviy. Ibn Atiyya             
1. Al-Bag‘aviyning hayoti va ijodi                 
2. «Ma’olimut-tanzil» tafsirining ta’rifi va yozilish uslubi. Ulamolarning bu tafsirga bergan baholari             
3. Ibn Atiyyaning hayoti va ilmiy darajasi          
4. «Al-muharrir Al-vajiz fiy tafsiril-Qur’onil aziz» tafsirining qiymati           
5. Ibn Atiyyaning tafsiri bilan Az-Zamaxshariyning «Al Kashshof» tafsiri orasidagi bog‘liqlik. Ibn Atiyya tafsirining Az-Zamaxshariy tafsiridan afzallik jihatlari 

Qayd etilgan


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 07:10:31

21-MAVZU. AS-SUYUTIY. RA’Y VA IJTIHOD BILAN  TAFSIR  QILISH

Dars rejasi:
1. Jaloliddin As-Suyutiyning tarjimai holi, shogirdlari, asarlari va ijod qilgan she’rlari.
2. "Ad-Durrul mansur fit-tafsiyril ma’sur" tafsirining ta’rifi va uslubi. Muallifning "Ad-Durrulmansur" kitobi "Tarjimonul Qur’on" kitobining muxtasari. As-Suyutiyning yana bir tafsiri "Majma’ul bahrayn va Matla’ul badrayn" haqida.
3.  Ra’y va ijtihod bilan tafsir qilish, bu haqda ulamolarning fikrlari:
a) Qur’on oyatlarini tafsir qilishda ijtihodni man etgan ulamolarning dalillari;
b) ijtihodga ruxsat bergan ulamolarning dalillari;
v) ixtilofning haqiqati.


Qayd etilgan


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 07:19:40

1. As-Suyutiyning to‘liq nomi Al-Hofiz Jaloliddin Abul Fazl Abdurrahmon ibn Abu Bakr ibn Muhammad As-Suyutiy Ash-Shofiiydir.

As-Suyutiy sakkiz yuz qirq to‘qqizinchi yil rajab oyida tavallud topgan va besh. yarim yoshligida otasidan yetim qolgan. As-Suyutiyning otasi vafotidan avval ulamo do‘stlariga o‘g‘lining tarbiyasi bilan shug‘ullanishni vasiyat qilgan edi. Ulardan biri Al-Kamol ibn Al-Hammom bo‘lib, As-Suyutiy shu olimning huzurida sakkiz yoshida Qur’oni Karimni to‘liq yodladi, boshqa ilmiy kitoblarni ham yod oldi.

Shogirdi Ad-Dovudiyning hikoya qilishicha, As-Suyutiy ellik bitta olimni o‘ziga ustoz bilib, ulardan ilm o‘rgangan. Yozgan asarlari esa besh yuztadan ham oshib ketgan va bu asarlar sharqu g‘arbda shuhrat topib, odamlar e’tiborini qozongan.

As-Suyutiy shunday tez va barakali yozar ediki, uning o‘tkazgan har kuni uchun o‘ttiz sahifadan to‘g‘ri kelar edi.

Qayd etilgan