Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391531 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 ... 62 B


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 07:44:33

As-Suyutiy zamonasining eng bilimdoni bo‘lib, hadis ilmini, roviylarini, matnini, sanadini undan yaxshiroq biladigan va yaxshiroq istinbot qiladigan olim yo‘q edi. O’zining e’tirof egishicha, ikki yuz ming hadisni yoddan bilgan.

Qirq yoshga to‘lganda odamlardan va dunyodan yuz o‘girib, dars va fatvo bershini to‘xtatgan, butunlay Allohga intiqol qilgan va ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan. Bu hakda o‘zining «At-Tanfis» kitobida yozgan va odamlardan uzr so‘ragan. Umrining oxirigacha «Ravzatul Miqyos» degan joyda yashagan, u yerdan chiqmagan va to‘qqiz yuz o‘n birinchi yilda Jumodil uvloning jum’a oqshomida vafot etgan.

Hayotlik paytida undan ko‘p karomatlar sodir bo‘lgani rivoyat qilinadi. Ilmiy foydalar va shari’at ahkomlari haqida yozgan turkum she’rlari ham mavjuddir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 07:45:49

As-Suyutiy o‘zining «Ad-durrul-mansur fit-tafsiyril ma’sur» kitobining yozilish sabablari haqida tafsirning muqaddimasida va «Al-Itqon» kitobining oxirida bayon etgan. U shunday yozadi: «Men Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan sanad bilan rivoyat qilingan tafsirni jamladim. Undagi marfu’ va mavquf hadislarning soni o‘n mingdan ortikdir, Allohga shukrki, to‘rt jildli kitob nihoyasiga yetdi va men uni «Tarjimonul-Qur’on» deb nomladim». ( As-Suyutiy. Al-Itqon, 2-j.  183-b)

«Men «Tarjimonul-Qur’on» tafsirini Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qilingan hadislar asosida yozdim. U bir necha jildli bo‘lib, unda men turli yo‘llar bilan rivoyat qilingan va turli kitoblarda mavjud bo‘lgan hadislarni jamlab tafsirimni tugatdim. Lekin «Tarjimonul-Qur’on» toliblarning himmatidagi qusurni ko‘rib, ularniig xohishlariga binoan roviylarning sanadini qisqartirdim va asosiy matnni qoldirdim. Hosil bo‘lgan asarni «Ad-Durrul-mansur fit-tafsiril-ma’sur» deb nomladim».

Yuqorida keltirilgan ikki iboradan ko‘rinib turibdiki, As-Suyutiy «Ad-Durrul-mansur»ni toliblarga malol bo‘lmasin deb, sanadlarini qisqartirib «Tarjimonul-Qur’on»dan muxtasar etgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 07:46:30

Yana As-Suyutiy «Al-Itqon» kitobi oxirida shunday yozadi: «Men tafsir borasida barcha ilmlarni — naqliy tafsirlar, aqliy fikrlar, istinbot, ishorot, lug‘at, balog‘at nuktalari, badi’ go‘zalliklarini o‘zida jamlagan, tolib qo‘liga olganda boshqasiga muhgoj bo‘lmaydigan bir kitob yozishni boshladim va uni «Majma’ul bahrayn va matla’ul badrayn» deb nomladim. Ushbu kitobim - «Al-Itqon» maqsadimdagi kitobning muqaddimasidir».

Bu iboratdan ma’lum bo‘ladiki, muallif Ibn Jarir tafsiri kabi mukammal, katta hajmli va keng qamrovli tafsir yozishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Ammo u ko‘zlangan tafsir As-Suyutiy tomonidan yozib tugatilganmi yoki yo‘qmi? Bu narsa noma’lum.

«Ad-Durrul-mansur» esa «Majma’ul-bahrayn» emas, unda balog‘at nuktalari, istinbot va boshqa narsalar yo‘q. Unda to‘g‘ridan-to‘g‘ri salaf ulamolari — Imom Al-Buxoriy, Muslim, An-Nasaiy, At-Termiziy, Ahmad, Abu Dovud, Ibn Jarir, Ibn Abu Hotim, Abd ibn Hamid va boshqalardan rivoyatlar keltirib, ularga aqalli munosabatlar ham bildirilmagan.
As-Suyutiy hadis sohasida ham, tafsir sohasida ham shunchalik yetuk ilmga ega bo‘lishiga qaramasdan rivoyat qilgan hadislarining sahih-nosahihligini ajratmasdan qanday bo‘lsa shundayligicha keltirgan.

Demak, muallifning olti jildli mazkur tafsiridagi hadislar ham alohida saralanishga muhtoj.

Lekin shuni ham unutmasligimiz kerakki, yuqorida zikr etilgan naqliy tafsirlar orasida muallifning fikri aralashtirilmagan sof naqliy tafsir ushbu «Ad-durrul- mansurdir».

Qayd etilgan


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 07:47:06

3. Ra’y so‘zining ma’nosi e’tiqod, ijtihod va qiyos deganidir. Ashobur ra’y — ashobul qiyosdir.

Demak, ra’ydan murod ijtihod bo‘lib, ra’y bilan qilingan tafsir deganda, mufassir arab kalomining mohiyatini, qoidalarini, johiliyat davri she’rlarini, oyatlarning sababi nuzulini, nosix va mansuxini va boshqa tafsir uchun lozim bo‘lgan ilm turlarini yaxshi bilgan holda ijtihod bilan qilgan tafsir tushuniladi yoki uni aqpiy tafsir deb atash ham mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 07:50:09

a) Birinchi guruh Qur’oni Karimning biror oyatini o‘z holicha tafsir qilishga ruxsat bermaydilar. Ular shunday deydilar: "Har qanday katta olim, adib, nahv, sarf, axbor va hadis ilmlarini yaxshi bilgan olim bo‘lganda ham Qur’oni Karimning biror oyatiga ma’no aytishi mumkin emas. U Payg‘ambarimiz (s.a.v.), sahobalar va tobi’iylardan eshitgani bilangina kifoyalanishi  kerak". (Muhammad Husayn Az-Zahabiy. "œAt-tafsir val-mufassirun". Qohira. 1381-hijriy. 1-juz’. 256-sahifa.)

Ular o‘z so‘zlarini bir necha dalillar bilan isbotlashga harakat qiladilar:

1-hujjat. Qur’onni ra’y bilan tafsir qilish Allohga tuhmat qilishdir. Allohga tuhmat qilishdan shariat qaytaradi.

Ra’y bilan tafsir qiluvchi Allohning aniq murodini bilmaydi, aniq bilmagandan keyin esa Alloh shunday degan deb qat’iy aytolmaydi. Nihoyat u gumon bilan gapiradi. Gumon bilan Allohning murodini gapirish Unga tuhmatdir. Alloh Ta’olo "A’rof" surasining 33-

قُلْ إِنَّمَا حَرَّمَ رَبِّيَ الْفَوَاحِشَ مَا ظَهَرَ مِنْهَا وَمَا بَطَنَ وَالإثْمَ وَالْبَغْيَ بِغَيْرِ الْحَقِّ وَأَنْ تُشْرِكُوا بِاللَّهِ مَا لَمْ يُنَزِّلْ بِهِ سُلْطَانًا وَأَنْ تَقُولُوا عَلَى اللَّهِ مَا لا تَعْلَمُونَ

"Ayting: "Rabbim faqat fahsh ishlarning oshkorayu pinhonasini, gunohni, nohaq gunoh va tajovuzkorlikni va Alloh hech qanday hujjat tushirmagan narsalarni Unga sherik qilishingizni hamda Allohning sha’niga o‘zingiz bilmagan narsalarni gapirishingizni harom qildi" (A’rof, 33) oyatida muharramotlar haqida bayon qilib turib, Allohning sha’niga bilmagan narsalarni gapirishni ham harom qildi.

"Al-Isro" surasining 36-

وَلا تَقْفُ مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ

"(Ey inson,) o‘zing aniq bilmagan narsaga ergashma!" (Al-Isro, 36)  oyatida esa, yanada qat’iyroq man etdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 07:52:29

2-hujjat. Alloh Ta’olo "An-Nahl" surasida:

بِالْبَيِّنَاتِ وَالزُّبُرِ وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ

"Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ahkom)larni bayon qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikr (Qur’onni) nozil qildik" (An-Nahl, 44) — deb, ahkomlarni bayon qilib berish faqat Rasululloh (s.a.v.) ga tegishli ekanligini xabar qilgan. Shunga ko‘ra, boshqa odamlarning Rasulullohdan o‘rganmay o‘z hollaricha tafsir qilishlari yoki biror hukmni aytishlariga ijozat yo‘q.

3-hujjat. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Qur’on haqida ra’y bilan gapirishni harom deganlar:

Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday dedilar: "Mendan eshitilmagan hadislarni (rivoyat qilishdan) saqlaninglar. Kimki menga yolg‘onni nisbatini bersa, u o‘ziga do‘zaxdan joy tayyorlabdi. Kimki Qur’onni o‘zicha tafsir qilsa, u o‘ziga do‘zaxdan joy tayyorlabdi". (At-Termiziy, Sunan, 2-j. 157-b)

Jundub (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dedilar: "Kimki Qur’ondan o‘z ra’yi bilan gapirsa, rost gapirsa ham xato qilgan bo‘ladi". ( O’sha manba, 2-j. 157-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 07:54:12

4-hujjat. Sahobalar va tobi’iylardan rivoyat qilinishicha, ular ham Qur’on tafsiri juda ulug‘ ish deb hisoblaganlar va biror oyatni o‘z hollaricha tafsir qilishdan ehtiyot bo‘lganlar.

Abu Mulaykadan rivoyat qilinadi: "Abu Bakr As-Siddiqdan ba’zi oyatlarni tafsir qilib berish so‘raldi. Abu Bakr: "Qaysi osmon menga soya beradi, qaysi yer meni ko‘taradi, qaerga boraman va nima qilaman, agar men Allohning murodi bo‘lmagan narsani gapirib qo‘ysam?!"— deb e’tiroz bildirdilar.

Said ibn Al-Musayyabdan agar halol va harom haqidagi masala so‘ralsa javob berar, agar Qur’on oyatlarining tafsiridan so‘ralsa o‘zini hech narsa eshitmagandek qilib ko‘rsatar edi.

Ash-Sha’biy: "Men o‘lgunimcha uch narsa: Qur’on, ruh va ra’y haqida gapirmayman",— degan.

Ibn Mujohid aytadi: "Bir odam kelib otamdan: "Siz Qur’onni ra’y bilan tafsir qilar ekansizmi?"— deb so‘radi. Otam yig‘lab: "Unda men tajovuzkor ekanmanda?! Allohga qasamki, men Qur’on tafsirini Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning o‘ntadan ortiq sahobalaridan o‘rganganman",— deb javob berdi.

Arab lug‘atining peshvo olimi Al-Asma’iy chuqur ilm sohibi bo‘lishiga qaramasdan, Qur’onni tafsir qilishdan juda ehtiyotlanardi. Undan biror oyatning mazmuni so‘ralsa, u: "Til nuqtai nazaridan mana bu ma’noni beradi, ammo Allohning murodi nima, buni bilmayman",— deb javob berardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 07:59:05

b) Ikkinchi guruhning tutgan maqomi aksincha bo‘lib, ular: "Ijtihod qilish darajasiga yetgan olim Qur’oni Karimni tafsir qilishi mumkin",— deydilar. Ular ham o‘z so‘zlarining to‘g‘riligiga hujjat keltirish bilan birga birinchi guruhning hujjatlarini inkor etadilar:

1-hujjatning raddiyasi. Ulamolarning ittifoq qilishlaricha, gumon ham ilmning bir nav’i, ya’ni quvvatli tarafini idrok qilishdir. Qachonki, masalaning yechimiga qat’iy ilmiy yoki aqliy dalil topilganda, ya’ni oyat va hadisda mazkur masalaning yechimi mavjud bo‘lsa, u holda gumonga o‘rin qolmaydi va u man etiladi.

Ammo qat’iy dalil topilmasa, gumon ham ilm va undan ham foydalaniladi. Chunki Alloh Ta’olo Qur’oni Karimda:

لا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلا وُسْعَهَا

"Alloh Ta’olo hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi" (Baqara, 286) —degan.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Alloh Ta’olo to‘g‘ri topgan mujtahidga ikki savob, xato qilganiga bir savob qildi"— dedilar.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Ma’oz ibn Jabalni Yamanga yuborayotib, u bilan shunday suhbatlashdilar:

— Ey Ma’oz, nima bilan hukm yurgizasan?
— Allohning kitobi bilan.
— Agar undan topolmasangchi?
— Alloh Rasulining sunnati bilan. 
— Undan ham topolmasangchi?
— U holda o‘z ra’yim bilan ijtihod qilaman.
— Rasululloh (s.a.v.) Ma’ozning ko‘ksiga urib turib: "Payg‘ambar rasulini Alloh Rasuliga muvofiq qilib qo‘ygan Zot — Allohga hamdu sanolar bo‘lsin!"
— dedilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 08:02:36

2-hujjatning raddiyasi. To‘g‘ri, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ummatlariga Qur’onni bayon qilib berishga) ma’mur edilar, hayotlik paytlarida uning uddasidan chiqdilar. Endi Payg‘ambarimiz (s.a.v.) vafot etdilar, Qur’onning hamma oyatlarini batafsil tushunishda esa muammolar ko‘payib bormoqda. Bu muammolarni tushunishda va bayon etishda Payg‘ambarning merosxo‘rlari bo‘lgan ahli ilmlarning ijtihodlariga ehtiyoj tug‘ildi. Ahli ilmlar Payg‘ambar aytgan tafsirlarni qiyos qilib, tafakkur va ijtihod qilib, Payg‘ambar aytmagan joylarini aniqlab beradilar. Alloh Ta’oloning o‘zi bunga:
 
وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ

"Shoyad ular tafakkur qilsalar" (An-Nahl, 44) deb oyatning oxirida ishora qilgan.


Qayd etilgan


Musannif Adham  11 Oktyabr 2008, 08:05:13

Ra’y bilan tafsir qilishni man etuvchi guruhning 3-hujjatini ruxsat beruvchi guruh bir necha javoblar bilan rad etganlar:

3-hujjatning raddiyasi:

a) Payg‘ambarimiz (s.a.v.) mazkur ikki hadisda Qur’onning tafsiri mushkul bo‘lgan va mutashobeh sanalgan, ma’nosi faqat Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan yoki sahobalardan eshitib bilinadigan oyatlarinigina ra’y bilan tafsir qilishdan qaytarganlar;

b) Payg‘ambarimiz (s.a.v.) man etgan ra’ydan murod hech qanday dalil-hujjatsiz raqibidan ustun kelishga urinadigan odamning ra’yidir. Bunday odamlar qatoriga

—  aslida oyatdan chiqadigan haqiqatni biladigan, ammo raqibidan ustun kelish va boshqalarni taajjubga solish uchun o‘z ra’yida turib oladiganlar,

—  oyatning haqiqatini bilmaydigan johil, ammo ko‘p ra’ylar orasida o‘zining ra’yiga muvofiq keladigan so‘zda turib oladiganlar,

—  oyatdan chiqadigan ma’no ochiq-oydin ma’lum bo‘lsa ham, o‘zining g‘arazini oldinga surish uchun Alloh kalomidan dalil keltirib o‘z so‘zini o‘tkazuvchilar (Masalan, Allohning: «Ey Muso, Fir’avn oldiga bor, u haddidan oshyapti» degan oyatidagi Fir’avndan Alloh nafsni iroda qilyapti, deyish ayni o‘zboshimchalik bilan tafsir qilishdir) kiradi.

v) Payg‘ambarimiz (s.a.v.) oyatning zohiriy arabchasidan tafsir qilishni man etganlar, ya’ni oyatlarni tafsir qilish uchun olimning bilishi zarur bo‘lgan ilmlarni bilmasdan faqat arab tilini bilishiga ishonib tafsir qilishdan qaytarganlar. Chunki, oyatning sababi nuzulini, hikmatini, voqeaning tafsilotini bilmasdan turib tafsir qilgan odam xato qilishi tabiiydir. Masalan:

وَآتَيْنَا ثَمُودَ النَّاقَةَ مُبْصِرَةً فَظَلَمُوا بِهَا

oyatining ma’nosi "Samud qabilasiga ochiq (mo'jiza sifatida) tuyani ato etganimizda, unga zulm etdilar", (Isro, 59) deganidir. Agar tuya Solih alayhissalomning payg‘ambarliklariga hujjat bo‘lgani va payg‘ambarlik mo‘‘jizasi sifatida yuborilganini, Samud qavmi esa unga zulm qilib, halok qilganini bilmagan odam arab lug‘atiga asosan tafsir qiladigan bo‘lsa, u holda oyatning ma’nosi: "Samud qabilasiga biz ko‘ruvchi tuyani ato etdik"— degan mubham ma’no chiqadi va oyatning davomi ham mubham bo‘lib, "kim zulm qilgani, nima bilan zulm qilgani" noma’lumligicha qoladi.

g) Yuqoridagi uch javobdan tashqari Jundub (r.a)dan rivoyat qilingan hadisning o‘zi sahih emasligini aytib raddiya berish mumkin. Chunki, bu hadis sanadidagi roviylarning biri bo‘lgan Suhayl ibn Abu Hazm ishonchli odam emas.

Muhaddislardan Abu Hotim, Imom Al-Buxoriy, An-Nasaiy, Ibn Mu’in, Imom Ahmad uning munkar hadislar rivoyat qilganini aytganlar.

Qayd etilgan