Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391848 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 ... 62 B


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 07:41:43

3) Sarf ilmi: Bu ilm bilan so‘zlarning tuzilishi va turlanishi o‘rganiladi.

Ibn Foris aytadi: "Kimki sarf ilmini o‘rganmagan bo‘lsa, ilmning eng asosiy qismidan bebahra qolgan bo‘ladi. Chunki har bir arabcha so‘z mubham ma’noga ega bo‘lib, uni sarfi sag‘ir (Sarfi sag‘ir — ma’nosi mubham bo‘lgan masdarning har biri alohida ma’no beradigan 12 siyg‘aga solinishidir. Masalan: «zarb» «urmoq» masdarini zaraba, yazribu, zoribun, mazrubun, lam yazrib, lo yazribu, izrib, liyazrib, lo tazrib, mazribun, mizrobun, azrabu siyg‘alarga solinishi kabi) yoki sarfi kabir (Sarfi kabir — mazkur 12 siyg‘aning har birini birinchi shaxs, ikkinchi shaxs, uchinchi shaxs, birlik, ko‘plik, muzakkar, muannas va boshqa ko‘rinishdagi 14 siyg‘aga solinishidir)ga solingandagina kerakli ma’no hosil bo‘ladi".

As-Suyutiy rivoyat qilishicha, Az-Zamaxshariy aytadi: "Tafsirdagi eng yomon bid’at ushbu
 
يَوْمَ نَدْعُو كُلَّ أُنَاسٍ بِإِمَامِهِمْ


"Biz barcha odamlarni o‘z kitoblari (nomai a’moli) bilan chaqiradigan kun (Qiyomat)ni eslangiz!" (Isro, 71) oyatdagi "imom" so‘zini "um—ona" so‘zining ko‘pligi degan odamning gapidir. Bu gap o‘ta xato va mufassirning sarf ilmiga johil ekanligini ko‘rsatuvchi dalildir". (Az-Zamaxshariy iborasining matni shunday: «Albatta «imom» «um»ning jam’idir va Qiyomatda odamlar onalarining nomlari bilan chaqiriladilar. Ularning onalari nomi bilan chaqirilishining hikmati Iso (a.s.)ning haqlarini ri’oya qilish, Imom Hasan va Imom Husaynning sharafini ulug‘lash, zinodan tug‘ilgan bolalarni sharmanda qilmaslikdir», — deyish tafsirlarning eng yomon buzilganidandir. Qur’on lafzini buzmasdan ma’noni to‘g‘ri aytish yaxshimi yoki lafz buzilsa ham, chiroyli ma’no berish yaxshimi?».)

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 07:44:08

4) Ishtiqoq: so‘zning o‘zagini aniqlash ilmidir. Agar bir ismning o‘zagi ikkita bo‘lsa, undan chiqadigan ma’no ham o‘zagiga qarab ikki xil bo‘ladi. Masalan: "Masih" so‘zi "mash — silamoq " va "sayohat" o‘zaklaridan olinadi. Qaysi ma’no murodligini esa mufassir ismning o‘zagiga muvofiq aniqlashi mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 07:47:52

B. 1) Balog‘at ilmi: Bu ilm o‘z navbatida uchga bo‘linadi:

a) Ma’oniy: Bu ilm bilan ma’no ifoda qilish uchun jumlalar tuzishda so‘zlarning xossalari o‘rganiladi.

b) Bayon: Bu ilm bilan jumlalarning tuzilish xossalari o‘rganiladi.

v) Badi’: Bu ilm bilan jumlalarni go‘zal ko‘rinishda tuzish san’ati o‘rganiladi. Mana shu uch ilm mufassirning bilishi lozim bo‘lgan asosiy arkonlaridan hisoblanadi. Qur’oni Karimning mo‘‘jizligi shu ilmlar bilan bog‘liq va mufassir ularni yaxshi bilsa, Qur’on sirlari unga ochilishi mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 07:49:54

2) Qiroatlar ilmi: Mufassir qiroatlar ilmini yaxshi bilsa, oyatning mazmunlaridagi jihatlardan birini ikkinchisidan tarjih qilishi mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 07:54:11

V. 1) Usulud-din: Bu ilm kalom ilmi ham deyiladi. Mufassir kalom ilmini yaxshi bilsagina, Allohning zoti, sifatlari, Unga nima loyiq, nima loyiq emas, dalillar bilan gapirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

2) Usulul-fiqh: Mana shu ilm bilan oyatlardan ahkomlarni chiqariladi, dalillarni keltiriladi. Ijmol, taqyid, umum, xusus, amr va nahiyning dalolati va boshqa zaruriy narsalar shu ilm bilan hal qilinadi.

3) Asbobunnuzul: Bu ilm bilan oyatlardagi Allohning murodi tushuniladi.

4) Qissalar ilmi: Bu ilm bilan Qur’on oyatlaridagi mujmal ma’nolar ravshanlashadi.

5) Nosix va mansux: Bu ilm bilan Qur’on oyatlarining muhkam yoki yo‘qligi o‘rganiladi. Mufassir agar nosix va mansux oyatlarini bir-biridan ajratmasa, mansux oyat asosida hukm chiqarib qo‘ysa, o‘zi ham, tobe’lari ham zalolatga ketadi.

6) Hadislar: Mufassir oyatlarning mujmali va mubhamini aniqlab beruvchi hadislarni yaxshi bilishi kerak.

7) Ilmul-mavhiba: Bu ilm laduniy ilm bo‘lib, Alloh Ta’olo tomonidan bilganiga amal qilgan kishilarga ato qilinadigan sovg‘adir. Alloh Ta’olo oyati karimada shu ilmga ishora qilgan:

وَاتَّقُوا اللَّهَ وَيُعَلِّمُكُمُ اللَّهُ


"Allohdan qo‘rqingiz! Alloh sizlarga ta’lim beradi ". (Baqara, 282)

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham: "Kim bilgan ilmiga amal qilsa, Alloh unga bilmagan ilmini nasib etadi",— degan so‘zlari bilan ilmi laduniyga ishora qilganlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 07:58:27

Imom As-Suyutiy aytadi: "Tolib ilmul-mavhiba" ni mufassir bilishi lozim bo‘lgan ilmlar qatorida sanalganini ko‘rib, bu narsa insonning o‘z ixtiyori va imkoniyatida emasku?!"— deb ajablanishi mumkin. Holbuki, bu ilmni qo‘lga kiritish uni jalb qiluvchi amallarni bajarish, masalan: amal, taqvo bilan bo‘larkan, hech ajablanadigan joyi yo‘q.

"Al-Burhon" kitobining muallifi shunday deydi: "Bilginki, agar insonning qalbida bid’atga moyillik, kibr, dunyo muhabbati, muntazam gunohkorlik, haqiqiy imondan uzoqlashish, ilmsiz odamlarning fatvosiga ergashish mavjud bo‘larkan, bular Qur’oni Karim ma’nolarini tushunishdan, sirlarini fahmlashdan to‘suvchi mone’lardir. Qur’onning quyidagi oyati shu ma’noni tasdiklaydi:

سَأَصْرِفُ عَنْ آيَاتِيَ الَّذِينَ يَتَكَبَّرُونَ فِي الأرْضِ بِغَيْرِ الْحَقِّ


"Yer yuzida nohaqlik bilan kibrlanib yuruvchilar (ongi)ni oyatlarimiz (idroki)dan chetlatib qo‘yamiz". (A’rof, 146)

Ibn Uyayna mazkur oyatning tafsirida: "Undaylardan Qur’onni tushunish qobiliyati tortib olinadi" — deydi. (As-Suyutiy. Al-Itqon. 2-j. 180-182-b.)

Yuqorida sanab o‘tilgan o‘n besh ilm mufassirning bilishi lozim bo‘lgan va Qur’onni tafsir qilishida asqotadigan zarur ilmlardir. Bu ilmlarsiz biror oyatga ma’no aytish mumkin emas.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 08:04:31

2. Bulardan tashqari yana mufassir e’tibor qilishi zarur bo‘lgan masalalar bor. Bularni ham bayon etamiz.

Tafsirning ikki darajasi bor. Birinchisi oddiy daraja bo‘lib, u Qur’onni Allohni taniydigan, poklaydigan, o‘zini yomonlikdan saqlaydigan, yaxshilikka odat qiladigan darajada bilish. Bu daraja har bir odamga muyassar bo‘lishi mumkin. Allohning ushbu oyati shunga dalolat qiladi:

وَلَقَدْ يَسَّرْنَا الْقُرْآنَ لِلذِّكْرِ فَهَلْ مِنْ مُدَّكِرٍ


"Haqiqatan, biz Qur’onni zikr(eslatma) uchun oson qilib qo‘ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!". (Qamar, 17)

Ikkinchisi oliy daraja bo‘lib, unday tafsir muallifi yana bir necha nozik ilmlar sohibi bo‘lishi kerak.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 08:08:18

a) Qur’on oyatlaridagi har bir so‘zni tahlil va tadqiq etish nuqtai nazaridan qarab, o‘sha so‘zning avvalgi va hozirgi holatini, ifoda qilgan ma’nosini va istilohini yaxshi bilishi kerak. Bu so‘zning ma’nosini falonchi mufassir bunday degan, anovisi unday degan deb ketish bilan bo‘lmaydi. Chunki Qur’onning ba’zi lafzlari nozil bo‘lgan davrida bir ma’noni ifoda qilsa, hozirda butunlay boshqa ma’noga o‘zgarib ketgan. Masalan: Qur’onning bir necha joyida "ta’vil" so‘zi turlicha ma’nolarda kelgan. Hozirda esa bu so‘z "tafsir" ma’nosini beradi. Quyidagi oyatni ko‘raylik:

هَلْ يَنْظُرُونَ إِلا تَأْوِيلَهُ يَوْمَ يَأْتِي تَأْوِيلُهُ يَقُولُ الَّذِينَ نَسُوهُ مِنْ قَبْلُ قَدْ جَاءَتْ رُسُلُ رَبِّنَا بِالْحَقِّ


"Ular esa uning aniq ma’nolari qolib, ta’vilini kutadilar. Ta’vili kelgan kuni (Qiyomatda) uni (Qur’onni ilgari unutgan) mensimaganlar aytadilar: "Rabbimizning elchilari haqiqatni keltirgan ekanlar". (A’rof, 53)

Oyatda keltirilgan "ta’vil" so‘zi qanday ma’noni bildiradi? Uni tafsir ma’nosida tarjima qilinsa, butunlay boshqa mazmunga aylanib ketadi. Shuning uchun mufassir arab tilini bilish bilan birga, ular orasida joriy bo‘lgan istilohlarni, har bir so‘zning qadimgi va hozirgi ma’nolarini ajratib olishi kerak. Qur’on nozil bo‘lgan paytdagi so‘zlarning istilohi qanday bo‘lgan bo‘lsa, u so‘zlar har qachon ham o‘sha zamon tushunchasi bo‘yicha tafsir qilinishi lozim.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 08:10:13

b) Ma’lumki, arab tili o‘zining balog‘ati va fasohati bilan boshqa tillardan ajrab turadi. Bu tidda bir jumlaning bir ko‘rinishdan ikkinchi ko‘rinishga o‘tishi o‘sha jumlaning ma’nosini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Buni uslub deyiladi. Arablar qadimdan, hali olimlar tomonidan grammatik qonun-qoidalar ishlab chiqilmasdan avval o‘sha uslublarni qo‘llaganlar, balki qonun-qoidalar ham o‘sha uslubga asoslanib ishlangan. Lekin bu uslub tabiiy ravishda emas, eshitish va xabar almashish malakasi tufayli hosil bo‘lgan. Uslublarni tartibga solgan fan "balog‘at ilmi" deb ataladi. Kitobdan balog‘at ilmini yaxshi o‘zlashtirgan olim, agar u xalq orasiga kirib, istilohiy uslubni o‘rganmas ekan, Qur’onni to‘g‘ri tafsir qilishga qodir bo‘lmaydi. Chunki, Qur’oni Karimning mo‘‘jizligi uning istilohiy uslublarning eng qiyomga yetganini o‘zida mujassam etganidadir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 08:14:33

v) Mufassir dunyoda yashab o‘tgan qadimgi xalqlarning e’tiqod, ibodat, urf-odat va turmush sohasidagi holatlaridan xabardor bo‘lishi, ya’ni tarixning hamma turlarini bilishi kerak Alloh Ta’olo Qur’onda o‘tmish xalqlar, qabila-qavmlar, millatlar haqida, ularning madaniyati, ma’naviyati haqida ko‘plab qissalarni keltirgan. Agar mufassir qadimgi xalqparning holatini: quvvatli va kuchsiz, aziz va xor, ilmli va johil, imonli va kofirligini bilmasa, Qur’on xabarlarini tafsir qilishdan ojiz qoladi.

Tarixdan bexabar mufassir Alloh Ta’oloning quyidagi:

كَانَ النَّاسُ أُمَّةً وَاحِدَةً فَبَعَثَ اللَّهُ النَّبِيِّينَ مُبَشِّرِينَ وَمُنْذِرِينَ


"Odamlar bir millat (bir xil dinda, ya’ni Islomda) edilar. (So‘ng ular buzilib ketgach,)Alloh ham xushxabar beruvchi, ham ogohlantiruvchi payg‘ambarlarni yubordi". (Baqara, 213.) (Bu oyatdagi «bir millat» iborasiga turli xil tafsirlar aytilgan. Birinchisi — Idris va Nuh (a.s.)lar zamonida odamlar bir xil kofir edilar. Ikkinchisi — Ibrohim (a.s.) zamonlarida ko‘pchilik odamlar bir millat, ya’ni Islom dinida edilar. Yana boshqa tafsirda Odam (a.s.) davrida hamma musulmon edi. O’g‘li Qobil o‘z birodari Hobilni o‘ldirib qo‘yganidan keyin kofirlar safi ko‘paya boshlagan. A.Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T. 2001. 33-b.) oyatini qanday tafsir qilishi mumkin. Odamlar qachon bir millat bo‘lgan, nimaga birlashgan, nimaga ajrashgan, ularga payg‘ambarlarning yuborilishi foyda bo‘ldimi yoki zararmi?— buni bilmagan odam oyatga qanday tafsir aytadi.

Alloh Ta’olo Qur’onda dunyoning yaratilishi, qanday yaratilishi, Yeru osmonning, undagi maxluqotu mavjudotning yaratilishi, quyosh, oy, yulduzlarning harakati, holati to‘g‘risida ham oyatlar nozil qilganki, bularni ham faqat hay’at va tabiat ilmidan xabardor olimgina tushuntirib bera olishi mumkin.

Qayd etilgan