Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391480 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 ... 62 B


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 08:17:08

g) Insoniyatning hidoyati faqat Qur’on bilan bo‘lganini va bo‘lishini mufassir yaxshi tushunishi kerak. Buning uchun u johiliyat davridagi arablarning zalolati va shaqovati nimadan iborat bo‘lganini, ularga Qur’on nima berganini yaxshi anglashi kerak. Islomda yoki Islom davrida yashayotgan odam uchun Qur’onning ba’zi oyatlarining ta’siri kam bo‘lishi mumkin. Doim pokiza, hamma sharoiti muhayyo bo‘lgan uyda yashagan odam uchun "nazofat imondan ekanligi"ni, "misvok" ulug‘ sunnat ekanligini, Islom shunga da’vat qilishini  aytish ahamiyatsiz, bachkanalik, balki kulgili ko‘rinar. Ammo bu "kichkina ish"ning naqadar muhim ekanligini tushunish va tushuntirish uchun mufassir o‘sha paytdagi johil arablarning yashash tarzini yaxshi o‘rgangan bo‘lishi kerak.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 08:17:56

d)   Nihoyat, mufassir Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning siyratlarini to‘liq bilishi kerak. Buning ahamiyatini takrorlab o‘tirishning esa hojati yo‘q.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 08:19:40

3. Mufassir o‘z tafsirini elga maqbul qilaman desa, yuqorida aytib o‘tilgan zarur shartlar va ilmlarga ega bo‘lgandan keyin, tafsir yozishni boshlamasdan avval ham, ta’lif asnosida ham quyidagi masdarlarga murojaat qilishi zarur:

a) Qur’oni Karimni qayta-qayta varaqlab, unda mavjud bo‘lgan bir xil mavzuli oyatlarni bir yerga jamlash va ularni qiyoslash, mujmal ma’noli oyatlarni mufassal ma’noli oyatlar bilan to‘ldirish, uzluksiz ma’no kelib chiqqandan keyin uni sharhlash kerak. Bu usul ulamolar tilida "Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilish" deyiladi;

b) Qur’onning tafsirida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dan naql qilingan rivoyatlarni jamlash va ularning orasidan mavzu’ va zaiflarini chiqarib tashlash zarur. Hadislar Qur’on oyatlarining ma’nolarini to‘liq ochib bersa, undan yuz o‘girib, o‘z ra’yi bilan tafsir qilish man etiladi. Chunki, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning tafsirlari Alloh Ta’olo tomonidan quvvatlangan va u Zot Qur’onni tafsir qilib berishga buyurilganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qilingan sahih hadis turganda, mufassirning o‘z ra’yi bilan qilgan tafsiri mazmumdir;

v) Tafsir borasida sahobalardan rivoyat qilingan sahih gaplar ham mufassir tomonidan olinishi mumkin. Ammo sahobalarning ko‘pchiligi nomlariga bog‘lab to‘qilgan hadislar ko‘payib ketganligi uchun juda ehtiyotlik bilan hadis tanlash kerak. Sahobadan sahih rivoyat mavjud bo‘la turib, undan yuz o‘girishi va o‘z ra’yiga suyanishi mumkin emas. Chunki, sahobalar Qur’on nozil bo‘lishiga bevosita guvoh bo‘lganlari sababli Allohning kitobini, uning sirlarini biluvchiroqdirlar va ularning fahm-farosatlari ham, ilmlari ham mukammalroqdir. Xususan roshid xalifalar, Ubay ibn Ka’b, Ibn Mas’ud, Ibn Abbos (roziyallohu anhum)lar Qur’oni Karimning bilimdonlaridirlar;

g) Qur’onni tafsir qilishda uning lug‘ati taqozo qiluvchi zohiriy ma’noga tafsir qilgan avlodir. Uning uzoq ikkinchi ma’nosini qidirib, ta’vil qilib yurishga hojat yo‘q. Bunday ta’villar she’rlarga munosib, Qur’on oyatlari esa aniqlikni xohlaydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 08:21:25

4. Mufassir Alloh Ta’oloning ilmiga xos bo‘lgan narsalarga aralashib, o‘zi aniq bilmagan holda "Allohning murodi ayni shu" deb qat’iy xulosa chiqarishi man etiladi. Chunki Qur’ondagi ba’zi ilmlarni inson ham bilishi mumkin, ba’zilarini esa ilmi Allohga xos bo‘lib, unga mufassir tajovuz qilmasligi kerak. Shunga ko‘ra, aytib o‘tishimiz mumkinki, Qur’on ilmlari uch navdir:

Birinchi nav, Alloh Ta’olo hech kimni bu ilmdan xabardor qilmagan, Qur’on sirlaridan iborat ilm bo‘lib, u faqat o‘zi biladigan, ya’ni O’zining zoti va g‘ayb ilmidir. Bu ilmga tajovuz qilish, g‘aybga chang solish, Allohning zotini o‘zicha tushuntirishga urinish hech kimga ruxsat berilmagan.

Ikkinchi nav, Alloh Ta’olo faqat Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ga bildirgan ilm bo‘lib, u haqda yolg‘iz Payg‘ambarimiz (s.a.v.) gapira oladilar yoki U zot izn bergan odamgina gapirishi mumkin. Bundaylarga suralarning avvalida kelgan "muqatta’ harflar" misol bo‘la oladi.

Uchinchi nav, Alloh Ta’olo Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ga omonat qilib bergan va ashoblarga ta’lim berishga ham buyurgan ilmdir. Bu ilm ham o‘z navbatida ikkiga bo‘linadi:

Birinchisi, faqat eshitish orqali ilm hosil qilib gapiriladigan oyatlarning sababi nuzullari, nosix va mansux, qiroatlar, lug‘atlar, qissalar, bo‘lib o‘tgan hodisalar, mahshar, qiyomat singari xabarlardir.

Ikkinchisi, nazar, istidlol, ijtihod yo‘llari bilan olinadigan ilmlardir. Kimki bu ilmga ahl bo‘lsa, ya’ni ijtihod qilish malakasi butun shartlari bilan mavjud bo‘lsa, u odam Qur’oni Karimni ra’y-ijtihod bilan tafsir qilish huquqiga egadir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 08:22:42

Tayanch iboralar: Lug‘at ilmi, nahv ilmi, sarf ilmi, sarfi sag‘ir, sarfi kabir, "imom" so‘zini "um - ona" so‘zining ko‘pligi degan odam, ishtiqoq, balog‘at ilmi, ma’oniy, bayon, badi’, Qiroatlar ilmi, Usulud-din, Kalom ilmi, Usulul-fiqh, ijmol, taqyid, umum, xusus, amr va nahiyning dalolati, Asbobun-nuzul, Qissalar ilmi, Nosix va mansux, hadislar, Ilmul-mavhiba, laduniy ilm, ifoda qilgan ma’nosini va istilohini eshitish va xabar almashish malakasi, tarixning hamma turlarini bilishi kerak. Agar mufassir qadimgi xalqlarning holatini: quvvatli va kuchsiz, aziz va xor, ilmli va johil, imonli va kofirligini bilmasa, Qur’on xabarlarini tafsir qilishdan ojiz qoladi, Alloh Ta’olo Qur’onda dunyoning yaratilishi, qanday yaratilishi, Yeru osmonlarning, undagi maxluqotu mavjudotning yaratilishi, quyosh, oy, yulduzlarning harakati, holati to‘g‘risida ham oyatlar nozil qilganki, bularni ham faqat hay’at va tabiat ilmidan xabardor olimgina tushuntirib bera olishi mumkin, o‘zi aniq bilmagan holda "Allohning murodi ayni shu" deb qatiy xulosa chiqarish man etiladi, "muqatta’ harflar", nazar, istidlol, ijtihod yo‘llari bilan olinadigan ilmlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Oktyabr 2008, 08:25:37

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar

1. Qur’onni ra’y bilan tafsir qiluvchi mufassirlar bilishi zarur bo‘lgan ilmlar, deganda qaysi ilmlar nazarda tutiladi?
2. Mufassirlar yana qanday ilmlardan xabardor bo‘lishlari kerak?
3. Tafsirning masdarlari, deganda nimani tushunasiz?
4. Qur’oni Karimdan anglanadigan Allohning murodi necha nav bo‘ladi?
5. Mufassir Qur’oni Karimni tafsir qilish asnosida nimalardan saqlanishi lozim bo‘ladi?

Tavsiya etiluvchi va foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati

1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T. 2001.
2. Tafsiri Ibn Kasir. Bayrut. 1969. 1-j.
3. Yoqut. Mo‘‘jamul-udabo, 18-j. Bayrut. 1999.
4. Fatovo Ibn Taymiyya. 2-j. Bayrut. 1996.
5. Muhammad Tohir Ibn Ashur. At--tahrir vat-tanvir. Tunis. 1-15-t.
6. Al-Itqon. As-Suyutiy. 2-j.
7. Muqaddimatu Ibn Xaldun.
8. Tafsiri Al Bahrul muhit. 1-j.
9. Ar-Rog‘ib Al-Isfahoniy. Muqaddimatut-tafsir.
10. At-Termiziy. Sunan. 2-j.
11. Muhammad Husayn Az-Zahabiy. "œAt-tafsir val-mufassirun". Qohira. 1381-hijriy. 1-juz’.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 06:23:07

23-MAVZU. IJTIHODDA TARJIH  QILISh QONUNI

Dars rejasi:
1. Mufassir   rioya etishi kerak bo‘lgan qoidalar.
2. Ijtihodda tarjih qilish uchun dalilning   zarurligi.
3. Naqliy tafsir bilan aqliy tafsirning ziddiyati.
4. Ra’y bilan qilingan tafsirlarning ulamolar orasida eng mashhurlari.


Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 06:25:19

1. Mufassir barcha zaruriy ilmlarni hosil qilib, Qur’on tafsiriga kirishar ekan, tafsir kitobini yozishda bir necha qoidalarga rioya etishi lozim:

a) Tafsir, ya’ni mufassirning sharhi oyatning mazmuniga mutobiq bo‘lishi va uni ravshanlashtirib berishi kerak bo‘ladi. Bu sharhda maqsaddan uzoq bo‘lgan va maqomga munosib bo‘lmagan ortiqcha gap ham, ma’noi muroddan uzoqlashish ham bo‘lishi mumkin emas;

b) Har bir jumlaning haqiqiy ma’nosi va majoziy ma’nosi bor. Mufassir har ikki ma’noni ham nazarda tutib, kalomning siyoqiga muvofiq haqiqiy ma’noni iroda qilsa, majoziy ma’nosini unga bog‘lab, agar majoziy ma’noni iroda qilsa, haqiqiy ma’noni unga bog‘lab tafsir qilishi lozim;

v) Keyingi oyatning tafsirini avvalgi oyat tafsiri bilan bog‘liq holda davom ettirishi kerak, oyatlar bir-biridan uzilib qolmasin. Chunki, tolibning nazdida Qur’on oyatlari boshidan to oxirigacha bir-biri bilan bog‘liq degan tasavvur paydo bo‘lsin. Haqiqatan ham Qur’oni Karimning oyatlari "Fotiha" surasidan "Nos" surasigacha bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir;

g) Oyatlarning nozil bo‘lish sabablari mulohaza qilinishi kerak. Har bir oyatning nozil bo‘lishida biror sabab mavjud. O’sha sababni sharhga kirishishdan oldin ko‘rsatib o‘tilishi kerak.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 06:29:15

As-Suyutiy "Al-Itqon" kitobida Az-Zarkashiyning gapini keltirgan: "Mufassirlar o‘z odatlari bo‘yicha avval sababi nuzulni keltiradilar. Shu yerda bahs paydo bo‘ladiki, mufassir sababi nuzulni avval aytishi kerakmi yoki oyatga o‘zining munosabatinimi? Qaysi biri avlo? Mufassirning munosabati kalomning nazmini, ya’ni gapning oqimini tartibga soladi. Shunday ekan munosabat sababdan avval aytilishi kerakmi? Bu savolga javobni Allohning quyidagi oyatidan olishimiz mumkin:

إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُكُمْ أَنْ تُؤَدُّوا الأمَانَاتِ إِلَى أَهْلِهَا

"Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingizni buyuradi". (Niso, 58)

Oyatdagi "Allohning amri" sabab, "omonatni egalariga berishimiz" maqsad-munosabat. Alloh sababni munosabatdan avval keltirgan. Shuning uchun mufassir ham avval sababi nuzulni keltirsa, keyin munosabatni aytsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Lekin oyatda munosabat sababga bog‘liq bo‘lgani uchun avval keltirilgan. Agar bog‘liklik bo‘lmasa, u holda mufassir avval munosabatni, keyin esa sababi nuzulni keltirgani avloroqdir ". (As-Suyutiy. Al-Itqon. 2-j. 185-b.)

d) Mufassir munosabat va sababi nuzulni aytib bo‘lgandan keyin, lafzlarga taalluqli lug‘at, sarf va ishtiqoqni, keyin jumlaga taalluqli tarkib, e’rob, ma’oniy, bayon, badi’ haqidagi mulohazalarini, undan keyin esa ma’noi murodni aytib, oxirida shar’iy hukmlarni istinbot qilishi mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 06:31:35

2. Imom Az-Zarkashiy aytadi: "œQaysi bir lafzning ikki yoki undan ortiq ma’noga ehtimoli bo‘lsa, olim bo‘lmagan kishining, u lafz ustida ijtihod qilishi joiz emas. Ulamolar ham yolg‘iz ra’yning o‘zi bilan ish ko‘rmasdan, hujjat va dalillarga asoslanishlari kerak. Agar ikki ma’nodan biri oshkorroq bo‘lsa, o‘sha bilan kifoyalanish, agar ikkinchi maxfiyroq ma’no nazarga olinsa, dalillar bilan isbot qilish zarur".

Agar ikki ma’no ham barobar bo‘lib, ikkovining iste’moli ham haqiqat bo‘lsa, biri haqiqati lug‘aviy yoki urfiy, ikkinchisi haqiqati shar’iy bo‘lsa, shar’iy ma’nosini tanlash afzalroqdir. Ammo haqiqati lug‘aviyni tanlashga dalil bo‘lsa, shar’iyni tark etib, lug‘aviy ma’nosi olinadi. Masalan quyidagi oyatda:

وَصَلِّ عَلَيْهِمْ إِنَّ صَلاتَكَ سَكَنٌ لَهُمْ

"Ular haqqiga duo qiling! Albatta, duoingiz ularga taskin (tasalli)dir". (Tavba, 103. Ushbu oyatdagi «salot» so‘zining lug‘aviy ma’nosi duo, shar’iy ma’nosi esa namozdir. Bu yerda gapning oqimi duoni taqozo etadi. Musulmonlarning mollarini poklash uchun ulardan sadaqa— zakotni qabul qilib olib, ularning haqqiga duo qilish buyurilyapti)   

Agar ikki ma’noning biri lug‘aviy, ikkinchisi urfiy bo‘lsa, urfiy ma’noni tanlash afzal.

Agar ikki ma’noni birlashtirish mumkin bo‘lmasa, ya’ni bir lafzning ikki ma’nosi qarama-qarshi, masalan: "qar’un" so‘zining birinchi ma’nosi hayz ko‘rish, ikkinchi ma’nosi esa hayzdan poklanish, bo‘lsa, u holda mufassir dalillar asosida ijtihod qiladi, ma’nolardan birini tanlaydi. Ammo mana shu Allohning murodi, deb qat’iy hukm qilmaydi.

Qayd etilgan