Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391230 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 ... 62 B


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 06:34:12

3. Ra’y bilan qilingan tafsir ikki xil bo‘ladi. Birinchisi g‘ayri maqbul, mazmum va mardud. Ikkinchisi maqbul va mamduh. Tafsirning g‘ayri maqbuli ustida mubohasa qilish va uni naqliy tafsirlarga qiyoslab o‘tirish o‘rinsizdir.

Ammo ra’y bilan qilingan tafsirlarning maqbulini naqliy tafsirlar bilan qiyoslash, o‘zaro ziddiyatlar, yutuq va kamchiliklar ustida munozara va mubohasa qilish joiz.

Ikki tur tafsir o‘rtasidagi ziddiyat shundan iboratki, agar naqliy tafsir isbot qilgan narsani aqliy tafsir man etsa yoki aksincha bo‘lsa, ikkovining o‘rtasini jamlash mumkin bo‘lmasa, ana shu ixtilofni ziddiyat deyiladi. Agar bu ixtilof bir-birini inkor qilmasa va ikkovini jamlash mumkin bo‘lsa, u holda ziddiyat yo‘q. Masalan:  الصِِّرَاطَ الْمُسْتَقِيمَ ning ma’nosini tafsirlarda "Qur’on", "Islom", "bandalik yo‘li", "Alloh va Rasuliga itoat" deb tafsir qilingan. Bu so‘zlar talaffuz jihatidan turlicha bo‘lsa ham, ma’no jihatidan bir xildir. Islom Qur’on yo‘lidir. U yo‘l bandalik yo‘li, bandalik yo‘li esa Alloh va Rasuliga itoatdir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 06:44:40

Allohning quyidagi oyati karimasi:

فَمِنْهُمْ ظَالِمٌ لِنَفْسِهِ وَمِنْهُمْ مُقْتَصِدٌ وَمِنْهُمْ سَابِقٌ بِالْخَيْرَاتِ بِإِذْنِ اللَّهِ

"Bas, ularning orasida (unga amal qilmay) o‘z joniga jabr qiluvchi ham bor, ularning orasida o‘rtacha amal qiluvchi ham bor va ularning orasida Allohning izni bilan mudom yaxshiliklarda o‘zib ketuvchi ham bordir" (Fotir, 32.) tafsirida ham mufassirlar turli iboralarni qo‘llaganlar, ya’ni "as-sobiq" namozni avval vaqtda o‘quvchi, "Al-muqtasid" o‘rta vaqtda o‘quvchi, "az-zolim" qazo qilib o‘quvchi. "As-sobiq" zakotni boshqa sadaqalar bilan birga beruvchi, "al-muqtasid" zakotning o‘zinigina beruvchi, "az-zolim" zakotni ham, sadaqani ham bermovchi.

Bu yerda ikki mufassirning tafsiri zohirda ikki xil bo‘lsa ham, ma’naviy jihatdan ularning orasini jamlash mumkin, ya’ni "as-sobiq" barcha farzu vojiblarni ado qilish bilan birga, qo‘shimcha hasanotlarni qilib, Allohga yaqin bo‘luvchi, "al-muqtasid" vojibotlarni bajarib, muharramotlarni tark etuvchi, "az-zolim" esa vojibotlarni tark etib, muharramotlarga mayl qiluvchi odamdir.

Agar ikki tafsirning orasini jamlash mumkin bo‘lmasa, masalan: biri qat’iy hukm qilgan narsani ikkinchisi zanniy hukm qilsa, albatta, qat’iy hukm olinadi.

Agar ikkovi ham hukmda teng bo‘lsa, ammo ular orasini jamlash mumkin bo‘lmasa, shubhasiz, naqliy tafsirning hukmi olinadi, shu shart bilanki, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan yoki sahobalardan qilingan sahih naql bo‘lsa.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 06:55:00

4. Tadvin davri boshlanganda, boshqa ilmlar qatori tafsir ham juda ko‘p ulamolar tomonidan yozildi. Xususan bu tafsirlarning yozilish uslubi va mazmuni birbirini takrorlamasdan, turli soha bilimdonlari o‘z sohalarini ko‘proq yoritganlari diqqatga sazovordir.

Mufassir qaysi ilm yo‘nalishi bo‘yicha olim bo‘lsa, tafsirda ham asosiy e’tiborni o‘sha yo‘nalishga qaratgan. Masalan: Nahv, sarf olimlari Az-Zujoj, Al-Vohidiy "Al-Basit"da, Abu Hayyon "Al-Bahrul Muhit"da asosan nahv bo‘yicha e’roblar bayoniga ahamiyat bergan bo‘lsa, aqliy ilm egasi Al-Faxr Ar-Roziy "Mafotiyhul g‘oyb" tafsirida hukamolar fikri va falsafaga, fiqq ulamolari Al-Jassos va Al-Qurtubiy o‘z tafsirlarida fiqhiy hukmlarga, tarix olimlari As-Sa’labiy va Al-Xozin tarixiy qissalar va rivoyatlarga, mo‘‘taziliylardan Ar-Rummoniy, Al-Jubboiy, Al-Qoziy Abdul Jabbor, Mahmud Az-Zamaxshariy, Imomiylardan At--Tabriziy, Mullo Muhsin Al-Koshiylar o‘z mazhablari da’vatiga, tasavvufning Ibn Arabiy va Abu Abdurrahmon singari olimlari tasavvufiy ishorotlarga qattiq urg‘u berganlar.

Shunday qilib, Qur’oni Karimning ko‘plab, xilma-xil tafsirlari yuzaga kelganki, ularni sanab, ko‘pligidan va nihoyatda kattaligidan kishi hayajonga tushadi. Ibn Xallikon "Vafayotul-a’yon" kitobida yozishicha, mo‘‘taziliylarning shayxi Amr ibn Ubayd Al-Hasan Al-Basriydan rivoyat qilib Qur’onga juda katta tafsir yozgan. "œTabyiynu kizbil-muftariy" kitobi muallifining yozishiga qaraganda, Abul Hasan Al-Ash’ariy "Al-Muxtazan" nomli tafsir yozgan bo‘lib, uning hajmi yetmish mujalladdir. Ibn Arabiyning rivoyatiga ko‘ra, "Al-Muxtazan" besh yuz mujalladdir. (Al-Muqriziy, Tabyiynu kizbul muftariy, 133-136-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 06:57:25

Al-Juvayniyga nisbat berilgan tafsir ham juda katta hajmda bo‘lib, Qur’oni Karimning har bir oyatiga o‘n xildan ma’no berilgan. (O’sha manba, 257-b.)

Al-Qushayriy ham juda katta hajmli kitob yozgan. (O’sha manba, 273-b.)

Abu Hilol Al-Askariy "Kitobul-mahosin" nomli tafsir yozgan, uning hajmi besh mujalladdir. (At-tafsir «Ma’olimu hayotihi», 15-b.)

Ammo tabiiyki, bu tafsirlarning hammasi bizning davrimizgacha yetib kelmagan. Mavjudlarining ham barchasini mutolaa qilish imkoniyatiga ega emasmiz. Shuning uchun quyida har bir mufassir o‘z bilimini ko‘rsatgan bir necha tafsirlarning ro‘yxatini berib, ular haqida mulohaza bayon etamiz:

1. "œMafotiyhul-g‘ayb". Muallifi Al-Faxrur Roziy.
2. "œAnvorut-tanzil va asrorut-ta’vil". Al-Bayzoviy.
3. "œMadorikut-tanzil va haqoiqut-ta’vil". An-Nasafiy.
4. "œLubobut-ta’vil fiy ma’onit-tanzil". Al-Xozin.
5. "œAl-Bahrul muhit". Muallifi Abu Hayyon.
6. "œG’aroibul Qur’on va Rag‘oibul Furqon". An-Naysoburiy.
7. "œTafsirul Jalolayn". Al-Jalol Al-Mahalliy va Al-Jalol As-Suyutiy.
8. "œAs-Sirojul munir". Al-Xatib Ash-Sharbiyniy.
9. "œIrshodul aqlis-salim". Abus Sa’ud.
10. "œRuhul-ma’oniy fiy tafsiril Qur’onil-azim vas-sab’ul masoniy". Al-Olusiy.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 07:03:21

Tayanch iboralar: Ijtihodda tarjih qilish, Naqliy tafsir bilan aqliy tafsirning ziddiyati, mufassirning sharhi, ma’noi muroddan uzoqlashish, jumlaning haqiqiy ma’nosi va majoziy ma’nosi, Qur’oni Karim  oyatlari "Fotiha" surasidan "Nos" surasigacha bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir, Har bir oyatning no.zil bo‘lishida biror sabab mavjud, munosabat va sababi nuzul, Qaysi bir lafzning ikki yoki undan ortiq ma’noga ehtimoli bo‘lsa", olim bo‘lmagan kishining u lafz ustida ijtihod qilishi joiz emas, haqiqati lug‘aviy yoki urfiy, ikkinchisi haqiqati shar’iy, "qar’un" so‘zining birinchi ma’nosi hayz ko‘rish, ikkinchi ma’nosi esa hayzdan poklanish, g‘ayri maqbul, mazmum va mardud, maqbul va mamduh, ikki tur tafsir o‘rtasidagi ziddiyat, "Qur’on", "Islom", "bandalik yo‘li", "Alloh va Rasuliga itoat", "as-sobiq" namozni avval vaqtda o‘quvchi, "al-muqtasid" o‘rta vaqtda o‘quvchi, "az-zolim" qazo qilib o‘quvchi, "as-sobiq" zakotni boshqa sadaqalar bilan birga beruvchi, "al-muqtasid" zakotning o‘zinigina beruvchi, "az-zolim" zakotni ham, sadaqani ham bermovchi, qat’iy hukm, zanniy hukm, naqliy tafsir, "Vafayotul-a’yon", "Tabyiynu kizbil-muftariy", Qur’oni Karimning har bir oyatiga o‘n xildan ma’no berilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 07:05:25

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar

1. Mufassir Qur’onni tafsir qilish asnosida qanday qoidalarga ri’oya etishi kerak?
2. Ijgihodda tarjih qilish uchun mufassir nimaga suyanishi zarur?
3. Naqliy tafsir bilan aqliy tafsir orasida paydo bo‘ladigan ziddiyatni qanday bartaraf etiladi?
4. Ra’y bilan qilingan tafsirlar bir-biridan nimasi bilan farqlanadi?
5. Ra’y bilan qilingan tafsirlardan qaysilarini bilasiz?

Tavsiya etiluvchi va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T. 2001.
2. Tafsiri Ibn Kasir. Bayrut. 1969. 1-j.
3. Yoqut. Mo‘‘jamul-udabo, 18-j. Bayrut. 1999.
4. Fatovo Ibn Taymiyya, 2-j. Bayrut. 1996.
5. Muhammad Tohir Ibn Ashur. At-tahrir vat-tanvir. Tunis. 1-15-t.
6. Al-Itqon. As-Suyutiy, 2-j.
7. Muqaddimatu Ibn Xaldun.
8. Abu Hayyon. Tafsiri Al-Bahrul muhit. 1-j.
9. Ar-Rog‘ib Al-Isfahoniy. Muqaddimatut-tafsir.
10. At-Termiziy. Sunan. 2-j.
II. Imom Al-Buxoriy. Al-Jome’ As-Sahih. 1-4- jildlar. T. 1998.
12. Al-Muqriziy. Tabyiynu kizbil-muftariy.
13. At-tafsir "Ma’olimu hayotihi".
14. Muhammad Husayn Az-Zahabiy. "œAt-tafsir val-mufassirun". Qohira. 1381-hijriy. 1-juz’

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 07:08:03

24-MAVZU. AR-ROZIY. MAFOTIYHUL-G’AYB. AL-BAYZOVIY. ANVORUT-TANZIL.

Dars rejasi:
1.  Ar-Roziyning tarjimai holi.
2. "Mafotiyhul-g‘ayb" tafsirining ta’rifi va uning yozilish uslubi. Bu tafsirning Najmiddin Qumuliy tomonidan oxiriga yetkazilishi. Ar-Roziy tafsirida oyatlar va suralarning bir-biriga munosabati.
3. Ar-Roziy tafsirida matematika va astronomiya ilmiga ahamiyat. Ar-Roziy tafsirida mo‘‘tazila firqasiga salbiy munosabat. Unda fiqh, usul, nahv va balog‘at ilmlari.
4. Qoziy Al-Bayzoviyning tarjimai holi.
5. "Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil" tafsirining ta’rifi va uslubi. Bu tafsir Az-Zamaxshariyning "Al-Kashshof" tafsirining muxtasaridir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 07:22:39

1. Mufassirning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Al-Husayn ibn Al-Hasan ibn Ali At-Tamimiy Al-Bakriy At-Tabaristoniy Ar-Roziy bo‘lib, laqabi Faxruddin, Ibn Al-Xatib Ash-Shofi’iy nomi bilan mashhur. U hijriy sananing besh yuz qirq to‘rtinchi yilida tavallud topgan.

Ar-Roziy zamonasining ilmda yagonasi, ko‘p ilm to‘plab, ko‘pchilikni bahramand ham qilgan ustoz edi. Ulamolar uni tafsir va kalomda, aqliy ilmlarda, lug‘atda beqiyos bo‘lib, butun olamga dovrug‘i ketgan edi, uzoq yerlardan uni qora tortib ziyoratiga va ilmidan bahra olishga keluvchilar ko‘p edi, deb ta’rif berishgan.

Ar-Roziy avval otasi, Ray shahrining xatibi nomi bilan tanilgan Ziyouddindan, keyin esa Al-Kamol As-Sam’oniy, Al-Majd Al-Jiyliy va boshqa ko‘p ulamolardan ta’lim oldi. U ham arab tilida, ham ajam tilida ma’ruza qilish bilan shuhrat topdi. Uning ma’ruzasi shunday ta’sirli ediki, butun eshituvchilar, hattoki o‘zi ham yig‘lardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 07:25:58

Ar-Roziy turli mavzu’larda juda ko‘p kitob tasnif qilgan, uning kitoblari ko‘p mamlaqatlarga tarqalgan.

Uning yozgan kitoblaridan eng muhimlari quyidagilardir:

1. "Mafotiyhul-g‘ayb" tafsiri.
2. "Tafsiru sura "Al-Fotiha".
3. "Al-Matolibul oliya" va "Kitobul bayon val-burhon" kalom ilmi haqida.
4. "Al-Mahsul" usulul-fiqh haqida.
5. "Al-Mulaxxas", "Sharhul-ishorot" va "Sharhu uyunul-hikma" hikmat haqida.
6.  "As-sirrul maknun" tilsimot haqida.
7. "Ash-Sharhul vajiz" fiqh haqida va boshqalar.

Ar-Roziy hijriy sananing olti yuz oltinchi yilida Ray shahrida vafot etdi. Uning vafoti haqida shunday rivoyat mavjud, ya’ni Ar-Roziy bilan rofiziylarning Al-Karromiyya firqasi o‘rtasida qattiq ixtilof bor edi. Bu ixtilof adovatga aylandi va ular Ar-Roziyni zaharlab o‘ldirdilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 07:35:58

2. Ar-Roziyning "Mafotiyhul-g‘ayb" nomli tafsiri katta-katta sakkiz jilddan iborat va u nashr etilgan, ulamolar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lgan mo‘‘tabar asardir.
Ammo Ibn Qoziy Shahbaning aytishicha, Ar-Roziy mazkur tafsirini tugata olmagan. Xuddi shunday ma’lumotni Ibn Xallikon "Vafayotul-a’yon" kitobida ham yozgan. U holda: "Ar-Roziy tafsirini qaysi joyida to‘xtatgan? Uning tafsirini kim nihoyasiga yetkazgan?"— degan savol tug‘iladi.

Ibn Al-Hajar Al-Asqaloniy "Ad-durar al-komina fiy a’yon al-miatis-somina" kitobida shunday yozadi: "Faxruddin Ar-Roziyning tafsirini nihoyasiga yetkazgan odam Ahmad ibn Muhammad ibn Abul Hazm Najmiddin Al-Maxzumiy Al-Qumuliy Al-Misriydir". (Ad-durar al-komina. 1-j. 304-b.)

"Kashfuz-zunun" kitobi sohibining yozishicha, Ar-Roziyning tugallanmagan tafsirini Najmiddin Ahmad ibn Muhammad Al-Qumuliy nihoyasiga yetkazgan va yetti yuz yigirma yettinchi hijriy yilda vafot etgan.

Qayd etilgan