Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391862 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 ... 62 B


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 07:37:01

Qozil-quzot Shahobiddin ibn Xalil Al-Xivaiy Ad-Dimashqiy ham Ar-Roziy tafsirining qolgan qismini oxiriga yetkazgan. Uning vafoti olti yuz o‘ttiz to‘qqizinchi hajriyda bo‘ldi.

"Kashfuz-zunun" ning guvohlik berishicha, Faxriddin Ar-Roziy o‘z tafsirini "Al-Anbiyo" surasigacha yetkazgan.

Ar-Roziyning tafsiri ulamolar orasida juda shuhrat topgan, chunki u boshqa tafsirlardan o‘zining bahslarga boyligi bilan ajralib turadi.

Ibn Xallikon uning tavsifida shunday degan: "Al-Faxr Ar-Roziy o‘z tafsirida ko‘p ajoyibotlarni jamlagan".

Ar-Roziy tafsirida oyat va suralarning o‘zaro bog‘liqligi va munosabati to‘g‘risida bir emas, bir necha dalillar keltirgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 07:41:43

3. Ar-Roziy tafsirda matematika va tabiat ilmlariga, xususan, astronomiyaga qattiq ahamiyat bergan, faylasuflarning fikrlariga raddiyalar keltirgan.

Muallifning ilohiyot bahslaridagi barcha raddiyalari aqliy dalillarga asoslangan bo‘lsa ham, bu boradagi ahli sunnat mazhabidan chetga chiqmagan.

Ar-Roziy bir e’tiqodli sunniy sifatida kalom masalalarida "ahli sunna"ning e’tiqodini qattiq himoya qiladi va fursat yetdi deguncha mo‘‘taziliylarning e’tiqodlarini gapirib, ularga raddiya berishga shoshiladi.

Ammo munaqqid ulamolar ArRoziyning raddiyalari juda bo‘sh ekanligini aytganlar. Masalan:

Al-Hofiz ibn Hajar "œLisonul-mezon" kitobida shunday deydi: "Ar-Roziy qattiq shubha bilan ayblaydi, hal qilishga kelganda esa quvvati kelmaydi. Hatto uning ba’zi raqiblari: "Shubhani naqd keltiradi, hal qilishni esa unutadi",— deb ayblaganlar". (Lisonul-mezon, 4-j. 427-b.)

Ibn Hajar yana deydi: "Men An-Najm At-Tavfiyning "Al-Iksir fiy ilmit-tafsir" ida ko‘rganman. U shunday yozadi: "Men tafsirlar orasida Al-Qurtubiyning va Ar-Roziyning tafsirlaridan jomi’roq va komilroq tafsirni uchratmadim. Lekin Ar-Roziyning tafsirida nuqson ko‘proq".

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 07:49:37

Al-Faxr Ar-Roziy Qur’oni Karimning biror hukm oyatini tafsir qilarkan, albatta bu haqda barcha fuqaholarning mazhablarini keltiradi. Nihoyasida o‘zi taqlid qiladigan Shofe’iy mazhabining afzalligini dalillar bilan tasdiqlashga harakat qiladi.

Shuningdek, tafsirda usuliy, nahviy, balog‘iy masalalar ham keng yoritilgan. Ammo olam va tabiat hamda kalom ilmlariga shu darajada keng o‘rin berilganki, go‘yo mufassir tafsir yozayotganini unutgandek, uni mutolaa qilgan tolibning xayoliga: "Men kalom ilmi haqidagi kitob mutolaa qilyapman",—degan fikr paydo bo‘ladi.

Shuning uchun, "Kashfuz-zunun"ning sohibi: "Imom Al-Faxr Ar-Roziy tafsirini faylasuflar va hakimlarning gaplari bilan to‘ldirgan",— deydi.

Abu Hayyon "Al-Bahrul muhit" da shunday degan: "Al-Imom Ar-Roziy tafsirida juda uzun va ko‘p, ammo tafsirga keraksiz narsalarni jamlagan. Shu sababli ba’zilar: "Ar-Roziyning tafsirida hamma gap bor, ammo tafsirning o‘zi yo‘q",— deb ta’na qilishadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 07:52:43

4. Al-Bayzoviyning to‘liq nomi qozil-quzot Nosiriddin Abul Xayr Abdulloh ibn Umar ibn Muhammad ibn Ali Al-Bayzoviy Ash-Shofi’iy bo‘lib, jinsi Fors mamlakatidandir.
Ibn Qozi Shahba "Tabaqot"ida shunday yozadi: "œAl-Bayzoviy ko‘p kitoblar muallifi, Ozarbayjon olimi va shayxi, Sherozning qozisi bo‘lgan".

As-Sabukiy ham u haqida: "Ulug‘ imom, saxovatli inson, ibodatli valiy edi",— deb guvohlik bergan.

Ibn Habib aytadi: "Barcha ulamolar uning asarlariga yuqori baho berganlar".

As-Sabukiy va Al-Asnaviyning yozishicha, Al-Bayzoviy olti yuz to‘qson birinchi hijriy yilda, Ibn Kasirning shohidlik berishicha, olti yuz sakson beshinchi hijriy yidda Tabrizda vafot etgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 07:58:07

5. Uning eng mashhur asarlaridan "œAl-Minhoj" va uning sharhi usulul-fiqhga doir, "œAt-Tavole’" usuluddin haqida, "œAnvorut-tanzil va asrorut-ta’vil" esa Qur’oni Karimning tafsiridir. Bu tafsir o‘rtacha hajmda bo‘lib, unda mufassir tafsir bilan ta’vilning o‘rtasini arab tili qoidalariga muvofiq jamlagan, dalillarni esa "ahli sunna val jamoa" e’tiqodiga muvofiq keltirgan.

Al-Bayzoviy mazkur tafsirining muqaddimasida shunday yozadi: "Men ko‘pdan sahobalarning ulug‘laridan va tobi’iylarning ulamolaridan menga yetib kelgan tafsir va o‘zim hamda mendan avval yashab o‘tgan ulamolar istinbot qilgan fikrlar, nuqtalarni o‘zida mujassam etgan, sakkiz qurrodan eshitilgan qiroat yo‘llarini ham o‘z ichiga olgan bir kitob yozishni orzu qilib yurardim. Ammo tayyorgarligim va to‘plagan manbalarim yetarli bo‘lmaganidan, men bu ulug‘ ishni boshlashdan andisha qilib yurardim. Alloh Ta’olo menga bu ishga kirishishim bashoratini berdi. Men niyat qilgan kitobimni "Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil" deb nomladim". (Al-Bayzoviy. Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil. 1-j. 6-b.)

Al-Bayzoviy o‘z tafsirini mukammal nihoyasiga yetkazgani haqida kitobning 5-jild,  204-betida ma’lumot bergan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 08:03:20

Al-Bayzoviyning mazkur tafsiri Az-Zamaxshariyning "Al-Kashshof" tafsiri muxtasaridir. Lekin Al-Bayzoviy mo‘‘taziliy e’tiqodiga aloqador narsalarni tark qilgan. Shunga qaramasdan, tafsirda Az-Zamaxshariyning fikrini tasdiqlab qo‘ygan joylari ham mavjud. Masalan, "Baqara" surasining 275-oyati:

الَّذِينَ يَأْكُلُونَ الرِّبَا لا يَقُومُونَ إِلا كَمَا يَقُومُ الَّذِي يَتَخَبَّطُهُ الشَّيْطَانُ مِنَ الْمَسِّ

"Sudxo‘rlar (qiyomat kuni qabrlaridan) jin chalib ketgan odam (Jin chalib ketgan odamning qiyofasi hayvonlardan, masalan, maymun, it yoki cho‘chqaga o‘xshab qoladi yoki yuz qiyofasi o‘zgarib, a’zolari qiyshayib, o‘zini tik tutolmaydigan holga tushib qoladi) kabi (holatda) qo‘padilar" (Baqara, 275)ning tafsirida shunday deydi: "...yuz qiyofasi o‘zgargan holda turadi. Ularning gumonicha, insonni jin chalsa, og‘zi-burni va boshqa a’zolari qiyshayib, asli holini yo‘qotadi". Muallif keyin "jin chalishni" jinnilikka tafsir qiladi va deydi: "Ularning yana bir gumonicha, "albatta jin odamni chalsa, u aqlini yo‘qotadi". (Az-Zamaxshariy. Al-Kashshof. 1-j. 267-b.)

Al-Bayzoviyning keyingi tafsiri Az-Zamaxshariyning fikriga mos, ya’ni mo‘‘taziliylar, jumladan, Az-Zamaxshariyning e’tiqodicha, jin insonga faqat vasvasa va ig‘vo qilish bilangina ta’sir o‘tkazadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 08:05:19

Shuningdek, Al-Bayzoviy "Kashshof"ning muallifi qilganidek, har bir suraning oxirida, shu suraning fazilati, uni qiroat qilgan kishiga beriladigan ajr-savoblar bayon etilgan hadisni ham rivoyat qilib keltiradi. Holbuki, barcha ulamolar bu hadislarning yolg‘onligiga ittifoq qilganlar. Tafsir va hadis ilmi bo‘yicha ulamolar nazdida katta martabaga ega bo‘lgan Al-Bayzoviydek olim uchun bunday yolg‘on hadislarga aldanish va Az-Zamaxshariyga ergashib, ularni har bir sura oxirida keltirish katta nuqson hisoblanadi.

Ammo Muhammad Husayn Az-Zahabiy o‘zining "At-tafsir val-mufassirun" kitobida "Kashfuz-zunun" sohibining iborasini keltirib, Al-Bayzoviyning ma’zur ekanligini aytadi: "Ammo suralarning oxirida keltirilgan hadislarga kelsak, bu narsa Al-Bayzoviyning qalb oynasi o‘ta sof, Parvardigorning tajalliysiga munosib ko‘rilgan inson bo‘lganini bildiradi. Shuning uchun u bag‘rikenglik qilgan, hadislarning sahih yoki zaifligidan qat’i nazar targ‘ib va ta’vilga astoydil bel bog‘lagan va mana shu amal tufayli biroz qilingan xatoni afv etilishiga umid bog‘lagan". (Muhammad Husayn Az-Zahabiy. At-tafsir val-mufassirun. Qohira. 1961. 303-b.)

Ammo Al-Bayzoviy o‘z tafsirida boshqa mufassirlar, masalan, Al-Faxr Ar-Roziy, Ar-Rog‘ib Al-Isfahoniyning tafsirlaridan ham foydalangan, ularga yana sahobalar va tobi’iylardan vorid bo‘lgan rivoyatlarni qo‘shgan. Buning ustiga aql va farosat bilan nozik latifalar, nuktalar va istinbotlarni tafsir orasiga kiritib yuborganki, bu ajoyib uslub tafsirning jozibasini oshirgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 08:08:23

Al-Bayzoviyning tafsirida mutavotir yoki shoz rivoyatligiga qaramasdan keltirilgan bo‘lsa ham qiroatlar, qisqa bo‘lsa ham nahviy qoidalar, ahkom oyatlarining tafsirida fiqqiy masalalar bayon etilgan. Ba’zi mufassirlarda kuzatilganidek, Al-Bayzoviy ham o‘zi taqlid qiladigan Shofe’iy mazhabining afzalligini aytib o‘tishga fiqhiy masalalarda ahamiyat bergan.

Al-Bayzoviy tafsirining ko‘p joyida "ahli sunna" mazhabi bilan bir qatorda "mo‘‘taziliy" mazhabini ham  astoydil taqrir qilganining guvohi bo‘lamiz. Masalan, "Baqara" surasining 2-3- oyatlari:

ذَلِكَ الْكِتَابُ لا رَيْبَ فِيهِ هُدًى لِلْمُتَّقِينَ (٢)الَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِالْغَيْبِ وَيُقِيمُونَ الصَّلاةَ وَمِمَّا رَزَقْنَاهُمْ يُنْفِقُونَ


"(Qur’on) taqvodorlar uchun hidoyat manbaidirkim, ular g‘oyib (diniy xabarlarga) imon keltiradigan, namozni mukammal o‘qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir". (Baqara, 2-3-oyatlar) tafsirida "imon" va "nifoq" haqida "ahli sunna val-jamoa", mo‘‘tazila va xorijiylarning fikrlarini to‘la keltirgan va "ahli sunna"ning mazhabini quvvatlab qo‘ygan". (Al-Bayzoviy. Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil. 1-j. 53-56-b.)

Mazkur oyatning: "Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladilar", — degan jumlasi tafsirida "rizq" haqidagi "ahli sunna" va mo‘‘tazila fikrlarini batafsil bayon etib, bu boradagi "ahli sunna" e’tiqodini tarjih qiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 08:10:35

Al-Bayzoviy o‘z tafsirida isroiliyotlarni juda kam rivoyat qilgan. Zarurat jihatidan rivoyat qilgan joylarida ham "rivoyat qilingan", "aytilgan" deb zaifligiga ishora qiladi. Masalan, "An-Naml" surasining 22-oyati:

فَمَكَثَ غَيْرَ بَعِيدٍ فَقَالَ أَحَطتُ بِمَا لَمْ تُحِطْ بِهِ وَجِئْتُكَ مِنْ سَبَإٍ بِنَبَإٍ يَقِينٍ

"So‘ng uzoq vaqt qolmay (hudhud kelib) dedi: "Men sen ogoh bo‘lmagan narsalardan ogoh bo‘ldim va senga Saba’ (shahri)dan ishonchli xabar keltirdim". (Naml, 22)

Mufassir ushbu oyatni tafsir qilib bo‘lgandan keyin, Sulaymon payg‘ambar haqida, u Baytul-muqaddasni qurib bitkazib, hajga tayyorgarlik qilgani haqida rivoyat keltiradi va unda keltirilgan odatdan tashqari ko‘ringan narsalar oddiy narsalar ekanligini aytib, bu rivoyatning sahihligiga o‘ta ishonch yo‘qligiga ham ishora qiladi: "Allohning qudratiga, uning ajoyibotlariga dalolat qiluvchi, Alloh tomonidan o‘zining xos bandalariga bergan bundan ham ulug‘ mo‘‘jizalar borki, uning guvohi bo‘lgan kishi ajoyibligini biladi, ko‘rmagan kishi esa inkor qiladi". (Al-Bayzoviy. Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil. 4-j. 115-b.)

Al-Bayzoviy o‘z tafsirida ko‘proq  Ar-Roziyning tafsiridan foydalangani uchun, olam va tabiat haqidagi oyatlariga duch kelganda, ularni befarq qoldirmasdan, juda keng sharhlagan.

Xulosa qilib aytganda, Qoziy Al-Bayzoviyning "Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil" nomli tafsir kitobi, shu uslubda yozilgan barcha tafsirlarning eng mo‘‘tabari, Allohning kalomini to‘g‘ri va mukammal tushunishni, uning sir-asrorini bilishni istagan har bir tolib uchun ajoyib manbadir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Oktyabr 2008, 08:11:20

Tayanch iboralar: Ar-Roziy, "œMafotiyhul-g‘ayb", Al-Bayzoviy, "œAnvorut-tanzil", Uning ma’ruzasi shunday ta’sirli ediki, butun eshituvchilar, hattoki o‘zi ham yig‘lardi, matematika va astronomiya ilmi, mo‘‘tazila firqasi, Al-Kamol As-Sam’oniy, Al-Majd Al-Jiyliy, "Tafsiru sura "Al-Fotiha", "Al-Matolibul oliya" va "Kitobul-bayon val-burhon" kalom ilmi haqida, "Al-Mahsul" usulul-fiqh haqida, "Al-Mulaxxas", "Sharhul-ishorot" va "Sharhu uyunul-hikma" hikmat haqida, "As-sirrul maknun" tilsimot haqida, "Ash-Sharhul vajiz" fiqh haqida, "Ad-durar al-komina fiy a’yon al-miatis somina", "Faxriddin Ar-Roziyning tafsirini nihoyasiga yetkazgan odam Ahmad ibn Muhammad ibn Abul Hazm Najmiddin Al-Maxzumiy Al-Qumuliy Al-Misriydir",  "imon"  va "nifoq" haqida "ahli sunna val jamoa", mo‘‘tazila va xorijiylarning fikrlari, olam va tabiat, ilohiyot bahslaridagi barcha raddiyalari, "Ar-Roziy qattiq shubha bilan ayblaydi, hal qilishga kelganda esa quvvati kelmaydi", Hatto uning ba’zi raqiblari: "Shubhani naqd keltiradi, hal qilishni esa unutadi",— deb ayblaganlar", "Al-Iksir fiy ilmit-tafsir", ba’zilar: "Ar-Roziyning tafsirida hamma gap bor, ammo tafsirning o‘zi yo‘q",— deb ta’na qilishadi.

Qayd etilgan