Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391463 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 ... 62 B


Musannif Adham  16 Oktyabr 2008, 08:49:05

Al-Xozin tafsirining avvalida beshta bob bergan:

1.  Qur’onning fazli, uning tilovati va ta’limiga beriladigan ajr-mukofot;

2. Qur’onni ilmsiz holda o‘z ra’yi bilan tafsir qilgan va Qur’onni avval yodlagan, keyin uni esdan chiqargan va butunlay tark qilgan odamning jazosi;

3.  Qur’onning nozil bo‘lishi va jam qilinishi;

4.  Qur’onning   yetti harfda nozil bo‘lishi va u haqdagi turli fikrlar;

5.  Tafsir va ta’vilning ma’nosi.

Keyin tafsirga kirishgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  16 Oktyabr 2008, 08:51:57

Al-Xozinning tafsirida isroiliyotlar juda ko‘p. Ular isroiliyotga juda berilgan mufassirlar, masalan: As-Sa’labiy va boshqalardan rivoyat qilingan. Bundan tashqari Al-Xozin o‘z tafsirida juda ko‘p qissalarni keltirgan, bu qissalarning yolg‘onligi ochiq ko‘rinib turgan, hatto ular payg‘ambarlarning obro‘siga ham putur yetkazayotgan bo‘lishiga qaramay, muallif bu isroiliyotlarga munaqqid nazari bilan qaramagan, ularga o‘z munosabatini bildirmagan, zaifini yoki yolg‘onini ajratmagan. Masalan: "Kahf" surasining‘ 10-oyati

إِذْ أَوَى الْفِتْيَةُ إِلَى الْكَهْفِ

"Qaysiki yigitlar g‘orga panoh istab bordilar..."  tafsirida imonlarini saqlash uchun zolim podshoh ta’qibidan qochib borib g‘orga yashiringan yigitlar haqida Muhammad Ibn Ishoq va Muhammad ibn Yasor tomonidan shunday uzun hamda aqlga sig‘maydigan qissalar keltirilganki, muallif bu qissalarga biror so‘z bilan o‘z fikrini, raddiyasini bermagan. Bu narsa, muallif haqida ba’zi bir gumonlarni ham paydo qilishi mumkin. Chunki, "As-sukut alomatur-rizo".

Qayd etilgan


Musannif Adham  16 Oktyabr 2008, 08:53:43

Juda kam yerda munosabat bildirgan joylari ham bor. Masalan: "Sod" surasining 21-oyati

وَهَلْ أَتَاكَ نَبَأُ الْخَصْمِ إِذْ تَسَوَّرُوا الْمِحْرَابَ


"(Ey Muhammad,) Sizga da’vogar (ikki jamoat) xabari keldimi? O’shanda ular (Dovud) ibodat qilayotgan mehrobga chiqishdi" (Sod, 21) tafsirida Al-Xozin xurofotga o‘xshash qissalarni, masalan: shaytonning patlari turli rangda, ikki qanotining biri dur, ikkinchisi zumrad, o‘zi esa oltin rang bo‘lgan qush timsoliga kirib, Dovudning sajdagohiga tushgani va uning namozini buzgani, Dovudning cho‘milayotgan yalang‘och ayolga ko‘zi tushgani, uning husniga oshiq bo‘lib, erini to o‘lguncha qayta-qayta urushga yuborgani va shu tariqa maqsadiga yetgani va boshqa shunga o‘xshash qissalarni rivoyat qilgan. Rivoyatlarning ketidan esa: "Dovud (a.s.) ga nisbat berilgan noloyiq narsalardan u kishini poklash"— deb nomlangan alohida bir fasl ajratadi va unda Dovud (a.s.) haqlaridagi isroiliyotlarning aksariyat fikrlari xato ekanligini aytadi.

Al-Xozinning tafsirida Qur’oni Karim ishora qilgan ko‘pgina g‘azavotlar, xususan "Xandaq" g‘azoti, "Bani Qurayza" g‘azoti barcha tafsilotlari bilan bayon qilingan.

Shuningdek, bu tafsirda fiqhiy masalalar ham keng yoritilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  16 Oktyabr 2008, 08:58:47

5. Al-Xozin o‘z tafsirini yozishida uning tasavvuf ahlidan ekanligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Shuning natijasi bo‘lsa kerak, tafsir asnosida mav’izalarga ko‘p o‘rin bergan. Masalan: "œSajda" surasining 16-oyati

تَتَجَافَى جُنُوبُهُمْ عَنِ الْمَضَاجِعِ

"Ularning yoiboshlari o‘rindiqlardan ajrab turar (oz uxlaydilar)" (Sajda, 16) tafsiridan forig‘ bo‘lganidan keyin, alohida "Kechasi ibodat qilishning fazilati va unga targ‘ib qilish" degan nom bilan bir fasl ajratgan va unda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qilingan hadislarni Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Termiziy kitoblaridan olib jamlagan va hadislar asosida ko‘p ibodat qilishga da’vat etgan.

Shunday qilib, Al-Xozinning tafsiri juda ko‘p ilmni o‘zida mujassam etgan bo‘lishiga qaramasdan, undagi ishonchsiz qissalarning va isroiliyotlarning ko‘pligi ulamolarning e’tiborini bu tafsirdan uzoq qilib qo‘ygan. Ehtimolki, kelajakda toliblar orasidan yetishib chiqadigan olimlar bu tafsirga e’tiborlarini qaratsalar, unga tahlil va tanqid nazari bilan qarab, ishonchlisini ishonchsizidan ajratib, tozalasalar, muxtasar va tarjima qilsalar, aslida tayyor pishirib qo‘yilgan oshdan boshqalar ham bahramand bo‘lar edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  16 Oktyabr 2008, 08:59:56

Tayanch iboralar: An-Nasafiy, "Madorikut-tanzil va haqoiqut-ta’vil", far’iy masalalar, "Matnul-vofiy" va uning sharhi "Al-Kofiy", "Kanzud-daqoiq", "Al-Manor", "Al-Umda", Shamsulaimma Al-Kurdiy, oyatning tafsiri asnosida go‘yo yashirin savol paydo bo‘lgan-u, yozilayotgan tafsir o‘shanga javob bo‘layotgandek uslub tanlangan, An-Nasafiy tafsirini Ash-Shayx Zayniddin Abu Muhammad Abdurrahmon ibn Abu Bakr ibn Al-Ayniy muxtasar qilgan va unga ba’zi narsalarni qo‘shgan", mutavotir yetti qiroat va ularning qurrolari, "Ammo uzuk va shayton hamda Sulaymon (a.s.) ning uylarida qandaydir narsaga ibodat qilinishi haqidagi rivoyatlar yahudiylar tomonidan to‘qilgan botil rivoyatlardir, Al-Xozin, "Lubobut-ta’vil fiy ma’onit-tanzil", "Imom Buxoriyning "sahih"idan olingan hadisni rivoyat qilishda, sahobiyning nomidan avval  خharfini Imom Buxoriyga, Imom Muslimning "sahih"idan olingan hadis oldidan م harfini Imom Muslimga, ikkovlari ittifoq qilgan hadis oldidanق harfini ikkovlariga alomat qildim", "Al-Bag‘aviy o‘z sanadi bilan rivoyat qilgan", "Al-Bag‘aviy As-Sa’labiy sanadi bilan rivoyat qilgan", "Xandaq" g‘azoti, "Bani Qurayza" g‘azoti, "Kechasi ibodat qilishning fazilati va unga targ‘ib qilish".

Qayd etilgan


Musannif Adham  16 Oktyabr 2008, 09:00:32

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar

1. An-Nasafiyning tarjimai holi. Uning ustozlaridan kimlarni bilasiz?
2. "Madorikut-tanzil va haqoiqut-ta’vil" tafsirining yozilish uslubi qaysi mufassirning uslubiga o‘xshaydi?
3; Al-Xozinning tarjimai holi. Nima uchun unga "Al-Xozin" laqabi berilgan?
4. "œLubobut-ta’vil fiy ma’onit-tanzil" tafsiri qaysi mufassirning tafsiridan muxtasar qilingan va qaysi uslubda yozilgan?
5.  Mazkur tafsirni ulamolar nima uchun mav’iza uchun yozilgan deb baholashadi?

Tavsiya etiluvchi va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T. 2001.
2. Ad-Dovudiy. Tabaqotul-mufassirin.
3. An-Nasafiy. Madorikut-tanzil va haqoiqut-ta’vil. 4-jild.
4. Al-Bag‘aviy. Ma’olimut-tanzil.
5. Al-Itqon. As-Suyutiy, 2-j.
6. Al-Hofiz ibn Hajar. Lisonul-mezon. 4-j.
7. Al-Xozin. Lubobut-ta’vil fiy ma’onit-tanzil.
8. Ar-Rog‘ib Al-Isfahoniy. Muqaddimatut-tafsir.
9.  Imom Al-Buxoriy. Al-Jome’ As-Sahih. 1-4-jildlar. T.1998.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 06:38:14

26-MAVZU. ABU HAYYON. "AL-BAHR AL-MUHIYT". AN-NAYSOBURIY. "G’AROIBUL-QUR’ON VA RAG’OIBUL FURQON»
       
 
Dars rejasi:
1. Abu Hayyonning tarjimai holi. Uning fazilati to‘g‘risida ulamolarning fikrlari.
2. "Al-Bahrul muhiyt" tafsirining ta’rifi va yozilish uslubi. Unda Az-Zamaxshariy va Ibn Atiyyaning tafsirlaridan foydalangani. Abu Hayyonning Az-Zamaxshariyga bildirgan e’tirozlari.
3. An-Naysoburiyning tarjimai holi. Uning muallafotlari.
4. "G’aroibul-Qur’on va rag‘oibul-Furqon" tafsirining ta’rifi. An-Naysoburiyning Az-Zamaxshariy va Ar-Roziyga bo‘lgan munosabati.
5. Bu tafsirda muallifning uslubi. Muallif o‘z tafsirida Kalom ilmiga, astronomiya va falsafaga keng o‘rin bergani. Tafsirda tasavvufga e’tibor.


Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 06:41:16

1. Abu Hayyonning to‘liq nomi Asiriddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Ali ibn Yusuf ibn Hayyon Al-Andalusiy Al-G’arnotiy Al-Jayyoniy bo‘lib, u olti yuz ellik to‘rtinchi hijriyda tug‘ilgan va ulamolar orasida "Abu Hayyon" laqabi bilan mashhur.

Abu Hayyon qiroatlar ilmida mashxur, ulug‘ ustozlar huzurida tahsil olgan hofiz edi. U avval qiroatni Al-Xatib Abdulhaq ibn Ali huzurida, keyin Al-Xatib Abu Ja’far ibn At--Tabbo’ huzurida, undan so‘ng esa Al-Hofiz Abu Ali ibn Abul Ahvas huzurida o‘rganib, qiroat ilmining mashhur va mashhur bo‘lmagan usullarini ham egalladi. Andalus va Afriqoning boshqa hofizlari darslariga ham quloq tutdi. Keyin Iskandariyaga keldi va u yerda qiroat ilmidan Abdunnasir ibn Ali Al-Marbutiy huzurida, Misrga kelib esa Abu Tohir Ismoil ibn Abdulloh Al-Maliyjiy huzurida ta’lim oldi. Ustoz Ash-shayx Bahouddin ibn An-Nahqosni uchratgandan so‘ng, uning etagidan mahkam ushlab, uning huzurida juda ko‘p adabiy kitoblarni o‘qidi.

Abu Hayyonning o‘zi guvohlik berishicha, u ta’lim olgan ustozlarining soni to‘rt yuz elliktadan oshgan.

As-Safadiy aytadi: "Men Abu Hayyonni qachon ko‘rmayin, u birovdan ta’lim olayotgan yoki yozayotgan yoki biror kitobni mutolaa qilayotgan holda bo‘lardi, hech bekor o‘tirmasdi".

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 06:42:46

Shuningdek, Abu Hayyon she’r va muvashshah (Muvashshah — biror odamning ismidagi qarflar tartibida yozilgan bag‘ishlov g‘azal)lar yozardi, lug‘at, nahv, sarf ilmlarida ustozi mutlaq edi.

Uning ilmda benazirligi, ustozlarining ko‘pligidan tashqari ilmning turli sohalarini egallagan shogirdlari ham ko‘paydi.

Abu Hayyondan juda ko‘p ilmiy meros qolgan. Ulardan "Al-Bahrul muhiyt" nomli tafsir, bir jildli "G’aribul Qur’on", "Sharhut-tashil", "Nihoyatul-e’rob", "Xulosatul-bayon" nomli kitoblarini sanab o‘tishimiz mumkin. Qur’on tajvidi haqida Ash-Shotibiyning mazmumasi singari unga nisbatan qisqaroq bo‘lgan mazmuma (she’riy kitob)si ham bor.

Abu Hayyon avvalda hech bir mazhabda bo‘lmagani, keyinroq Ash-Shofe’iy mazhabini qabul etgani haqida ulamolardan rivoyat bor. U falsafadan va e’tizoldan yiroq, salaf ulamolari yo‘lini mahkam ushlagan kishi edi.

Abu Hayyon yetti yuz qirq beshinchi hijriy yilda Misrda vafot etdi. (Ad-durar Al-komina. 4-j. 302-310-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 06:45:57

2. "Al-Bahrul muhiyt" tafsiri sakkizta kitobdan iborat, ulamolar, xususan, qiroat usullari va kalimalarning tarkiblanishi bilan qiziqqan toliblar bu kitobga ko‘p murojaat qiladilar.

Muallif ushbu nahv qoidalarini yozayotgan paytda hali juda yosh edi. Shunga qaramasdan, Alloh bergan iste’dod sababli, nahviy olimlar o‘rtasidagi ixtilofni shu qadar batafsil yoritib berganki, uning bayonlariga qaraganda kitob tafsirdan ko‘ra nahv kitobiga yaqinroq bo‘lib qolgan. Lekin Abu Hayyon nahv qoidalari dengiziga shunchalik sho‘ng‘ib ketganiga qaramasdan, tafsirning boshqa sohalariga beparvo bo‘lgan emas. Uning tafsirida lug‘at ilmi ham, sababi nuzul, nosix-mansux, qiroat, balog‘at, fiqq ilmlari borasida ham me’yoriga yetkazib fikrlar aytilgan va tafsir qilingan. Bu haqda muallifning o‘zi tafsir muqaddimasida shunday deydi:

 "Mening bu kitobni yozishdagi tartibim shunday, ya’ni men avval oyatning har bir so‘zi haqida, uning tafsiri, lug‘aviy ma’nosi, jumlada egallagan o‘rni-tarkibi, ikki yoki undan ko‘p ma’noli so‘z bo‘lsa, oyatning tafsiriga muvofiq ma’noni tanlab olish uchun hamma ma’nolarini keltirib, keyin oyatning tafsiriga o‘taman. Tafsirda esa, tartib bilan oyatning sababi nuzuli, nosix yoki mansuxligi, yuqoridagi oyatga bog‘liqligi munosabati, shu oyat ustida qurrolarning mashhur yoki kam eshitilgan qiroatlari haqida to‘xtalib, keyin oyatning ma’nosini tushunishda yordam beradigan salaf va keyingi ulamolarning fikrlarini bayon etaman. Lekin takrordan qochgan holda, biror oyat yoki biror kalima haqida avval gapirgan bo‘lsam,uni qaytarmaslikka harakat qilaman va takrorlash  zarur bo‘lgan joyda avvalgi mavze’ga havola qilaman.

Biror fiqqiy masala haqida gapirsam, bu masala borasida to‘rt mazhabning fikrlarini bayon etish bilan birga, qaysi manbadan olinganini ham ko‘rsatib o‘taman.
Shuningdek, nahv qoidalarini bayon etganimda uning tahlilini batafsil qilib, keyin nahviy olimlarning kitoblaridan ham dalil sifatida iqgiboslar keltiraman va u manbalarga ham ishora qilaman.

Oyat tafsirini hamma tomondan mukammal bayon qilib bo‘lganimdan keyin ushbu oyatning ma’nosini tasdiklovchi naqliy rivoyat keltiraman-da, ana shunga suyanib, gapni unchalik cho‘zib yubormagan holda mazkur oyatni sharhlayman. Mendan keyin biror kishi shu ishni qilaman (tafsir yozaman) desa, mening uslubim unga namuna bo‘lsin. Ba’zi oyatlarning tafsirida tasavvuf ahlining kalomlarini ham kiritganman. Lekin ulardan ba’zilarining aqldan uzoq gaplaridan qochganman. Men tafsirda botiniylarning Alloh, Hazrat Ali va u kishining avlodlari haqidagi botil fikrlarini keltirmadim". (Abu Hayyon. Al-Bahrul muhiyt. 1-j. 45-b.)

Qayd etilgan