Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391663 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 ... 62 B


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 06:49:02

Abu Hayyon o‘z tafsirida Az-Zamaxshariy, Ibn Atiyya tafsirlaridan foydalangan va ulardan iqtiboslar keltirgan. Shu bilan birga nahv qoidalari borasida ikki mufassirning gaplariga juda ko‘p raddiyalar bergan. Abu Hayyonning tafsirida mazkur ikki olimning fikrlariga munosabati va raddiyalari nihoyatda ko‘pligidan, uning shogirdi Tojiddin Ahmad ibn Abdulqodir ibn Ahmad ibn Maktum (u yetti yuz qirq to‘qqizinchi hijriyda vafot ettan) muxtasar qilib, undan ustozining Az-Zamaxshariyga va Ibn Atiyyaga nahv borasida bergan raddiyalarini olib tashlagan. Muxtasarning nomi "Ad-durrul laqit minal Bahril-muhit" bo‘lib, "Al-Bahrul muhit" kitobining hoshiyasida chop etilgan va uning bir qo‘lyozma nusxasi Al-Azhar kutubxonasida mavjud.

Ash-Shayx Yahyo Ash-Shoviy Al-Mag‘ribiy esa Abu Hayyonning Az-Zamaxshariyga qilgan e’tirozlarini jamlab, katta bir kitob qilgan. Bu kitobning qo‘lyozmasi ham Al-Azhar kutubxonasida saqlanmoqda.

Abu Hayyon o‘z tafsirining 2-jildi 276-bet va 7-jildi 85-betida Az-Zamaxshariyning e’tizoliy fikrlari uchun qattiq qoralash bilan birga, insofli olim sifatida uning "Qur’on balog‘atlarini mohirlik bilan tushuntirishi" haqida gapirib, hatto: "Alloh Ta’olo unga (Az-Zamaxshariyga) Qur’on ilmini mukammal bergan, u Qur’on lafzlarini yaxshi tushunish bilan birga, uning ma’nolarini ochib berishda ham benazir olimdir",—deydi. (Abu Hayyon. Al-Bahrul muhiyt. 7-j. 85-b.)

Abu Hayyon o‘z tafsirida keltirgan naqllarning barchasini ustozi Jamoliddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Sulaymon ibn Hasan ibn Husayn Al-Maqdisiyning "Kitobut-tahrir vat-tahbir li-aqvoli aimmatit-tafsir" kitobidan olgan. "Ibn An-Naqib" laqabi bilan mashhur bo‘lgan ustozning yozgan kitobi ulumul-Qur’on borasida yozilgan eng katta asar bo‘lib, yuz jilddan iboratdir. (O’sha manba,  1-j. 11-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 06:56:40

3. An-Naysoburiyning to‘liq nomi Al-Imom Ash-Shahir, Al-Alloma Al-Xatir Nizomiddin Al-Hasan ibn Muhammad Al-Husayn Al-Xurosoniy An-Naysoburiy bo‘lib, uning kelib chiqishi Qum shahridan, unib o‘sgan joyi esa Naysobur shahridir.

An-Naysoburiy barcha ilmlarni, xususan arab lug‘ati, ta’vil va tafsir ilmlarini batafsil o‘rgangan, Xurosonda mashhur hofiz (Hofiz — Qur’onni mukammal yod oluvchi, muqri’ —Qur’onni tajvid bilan yaxshi qiroat qiluvchi) va muqri’lardan biri sanaladi. Shunchalik mashhur bo‘lishiga qaramasdan, o‘ziga taqvoni, zohidlikni, tasavvufni tanlagani uchun, uning tafsirida shu ruh aks etib turadi.

An-Naysoburiydan bir necha asarlar qolgan. Ulardan biri Imom Ibn Al-Hojibning nahv ilmi bo‘yicha yozilgan "Al-Kofiya Ash-Shofiya" asariga sharhi "Sharh An-Nazzom" deb ataladi. Xoja Nasirul milla vad-din At-Tusiyning astronomiya sohasida yozgan tazkirasiga sharhi "Tavzihat-tazkira" dir. Yana hisob ilmi borasida "Rasoil fiy ilmi hisob", Qur’ondagi vaqflar haqida bayon etuvchi "Kitobu fiy avqofil-Qur’on" asarlari ham ahamiyatga molik. Uning tasnifotlari orasida Qur’on tafsiri alohida o‘rin tutadi va muallif bu kitobini "G’aroibul-Qur’on va Rag‘oibul-Furqon" deb atagan.

An-Naysoburiyning vafot etgan yili ulamolar orasida ma’lum emas. Ammo uni As-Sayyid Ash-Sharif, Al-Mavlo Jaloliddin Ad-Davoniy, Ibn Hajar Al-Asqaloniy va boshqa jumhur ulamolar safiga qo‘shib, to‘qqizinchi asr allomalaridan biri deb tan olinadi. Muallifning mazkur tafsiri taxminan sakkiz yuz elliginchi yillarda nihoyasiga yetkazilgan. Ba’zi olimlar An-Naysoburiyni shialikka nisbat berganlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 07:08:50

4. An-Naysoburiy "G’aroibul-Qur’on va Rag‘oibul-Furqon" tafsirini Al-Faxr Ar-Roziyning "At-Tafsirul kabir"idan muxtasar qilgan, unga Az-Zamaxshariyning "Al-Kashshof"idan va boshqa tafsirlardan olgan iqtiboslarini hamda uning o‘ziga Alloh berib qo‘ygan fahm-farosati tufayli paydo bo‘lgan fikrlarini qo‘shgan. Sahobalar va tobi’iylarning tafsirlaridan olgan rivoyatlarni ham o‘z o‘rni kelganda tafsirga kiritib yuborgan.

U tafsir asnosida o‘zini juda erkin tutgan va qaysi tafsirdan iqtibos olarkan, unga o‘sha onda munosabat bildirib, fosid joyini ogohlantirgan va isloh qilgan, nuqsonini tuzatgan va komil qilgan. Agar "Al-Kashshof"dan naql qilsa: "Al-Kashshofda shunday deydi" yoki "Jorulloh shunday deydi",—degan jumlalar bilan boshlaydi. Avval Az-Zamaxshariyning fikrini, keyin Ar-Roziyning unga qilgan e’tirozini keltiradi, undan keyin esa ikki muxolif orasidagi adolatli hakamdek o‘z fikrini bayon etadi. Masalan: "Zumar" surasining 67-oyati

وَالأرْضُ جَمِيعًا قَبْضَتُهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ

"Butun Yer qiyomat kunida Uning uchun bir siqimdir" (Zumar, 67) tafsirida An-Naysoburiy shunday naql qiladi:

 "Jorulloh aytadi: "Bu oyatdan murod Alloh Ta’olo o‘zining qudratini, ulug‘ligini tasvirlab berish bilan insonlarni tafakkurga chorlashdir. Ammo "qabza", "qo‘l" tushunchalarining haqiqiy ham, majoziy ham ma’nosining bu yerda ahamiyati yo‘q. Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)dan rivoyat qilingan hadis ham shu ma’noni tasdiqlaydi: "Ahli kitoblardan bir odam kelib Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ga dedi: "Ey Abul Qosim, Alloh Ta’olo qiyomat kunida osmonlarni bir barmog‘ida, Yerni yana birida, tog‘ni yana birida, daraxtlarni yana birida, tuproqni yana birida, boshqa maxluqotni yana bir barmog‘ida tutib, siqadi va: "Men podshohman!"— deydi". Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uning gapidan ajablanib kuldilar. Alloh Ta’olo ushbu oyatni nozil qildi.

Pag‘ambarimiz (s.a.v.) ahli kitobning gapidan kulganlariga sabab shuki, U zot arablarning afsahi bo‘lganlaridan, barmoqni o‘z ma’nosida, ushlashni o‘z ma’nosida, siqishni o‘z ma’nosida emas, balki balog‘at va fasohat ulamolari tushungandek, xulosani, ya’ni Allohning qudratini tushunganlari uchun uning johilligidan ajablanib kulgan edilar".

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 07:12:34

Az-Zamaxshariy keyin yana uzundan-uzun gaplarni aytadi. Uning tafsiriga, daliliga va uzun gaplariga Al-Faxr Ar-Roziy shunday e’tiroz bildiradi: "Bu yerda gapni cho‘zishning keragi yo‘q. Axir, Qur’on oyatlarining ma’nosini haqiqatga hukm qilamizmi, yo‘qmi? Aks holda Qur’on butunlay hujjatlikdan chiqib qoladi-ku! Har kim istagancha ta’vil qilaversa, kimning fikrini "Qur’onning haqiqiy ma’nosi shu deb", hukm qilinadi.

Keyin ushbu oyatda ikki majoz bo‘lsa, ikkisidan birining ta’yiniga dalil bo‘lishi lozim. Shubhasiz, "ushlash", "qo‘l" so‘zlari Allohda ham inson a’zolariga o‘xshash a’zolar mavjudligiga ishora qiladi. Aqliy dalillar esa Allohning bunday a’zolar e’tiyojidan mustag‘niy, pok ekanligiga ishora qiladi. Oyatning ma’nosini bunday tushunmovchilikdan xalos etish uchun, uni "Allohning tadbiri, tasxiri murod" deb ta’vil qilinishi kerak. Masalan urfda ham: "Falonchi falonchining qo‘lida ishlaydi",— deyilsa, "qaramog‘ida" degan ma’no tushuniladi. Qur’ondagi oyatda ham

وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَانُهُمْ


"Qo‘l ostidagi cho‘rilari..." (Ahzob, 50) deyishlik bilan Alloh Ta’olo "ixtiyoridagi" degan ma’noni iroda qiladi. "Falonchining qo‘li uzun" degani "tadbirkor" degan ma’noni bildiradi va hokazo... (Muhammad Husayn Az-Zahabiy. "œAt-tafsir val-mufassirun". Qohira. 1381-hijriy. 1-juz’. 324-b.)

Bu munozaradan keyin An-Naysoburiy o‘z fikrini bayon etadi: "Ar-Roziy aytgan gap usul yo‘li, Jorulloh aytgan gap bayon yo‘li bo‘lib, ikkovi biroz qizishib ketgan bo‘lsa ham, aslida ikkovining gapi bir-biriga zid emas. Mazkur oyat "mutashobih" oyatlardan bo‘lib, bunday oyatlar haqida salaf olimlari tutgan yo‘l eng to‘g‘ri yo‘ldir".

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 07:15:04

5. An-Naysoburiy o‘z tafsirini yozishda o‘ziga xos uslubni qo‘llagan. Avval Qur’on oyatini keltirgan, keyin u oyatning o‘qilgan turli qiroatlarini va qurrolarini bayon etgan. Keyin har bir vaqf va uning alomatlari haqida tushuncha bergan. Undan keyin esa tafsirni boshlab, oyatlarning o‘zaro munosabatini gapirib, so‘ng chiroyli uslub: maxfiyliklarni ochish, mutashobihlarni ta’vil qilish, kinoyalarni aniklash, majoz va istioralarning haqiqatini tushuntirish, fiqhiy mazhablarning yo‘nalishini tafsil va har bir mazhabning dalilini tavjih qilib berish orqali tolibning e’tiborini turli mavzularga ustalik bilan tortadi.Masalan: "Moida" surasining 38-oyati

وَالسَّارِقُ وَالسَّارِقَةُ فَاقْطَعُوا أَيْدِيَهُمَا جَزَاءً بِمَا كَسَبَا نَكَالا مِنَ اللَّهِ

"O’g‘ri erkak va o‘g‘ri ayolning qilmishlariga yarasha jazo va Allohdan azob sifatida qo‘llarini kesinglar!" (Moida, 38) tafsirida shunday deydi: "Bilingki, o‘g‘irlik haqidagi gap o‘g‘irlangan narsaning atrofidagi jismlarga, o‘g‘irlikning o‘ziga va o‘g‘riga bog‘lanadi",— deb, keyin mana shu uch jihat borasida fiqhiy xulosalarini batafsil bayon etadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 07:19:31

Tafsirda kalom ilmiga ham muallif biroz sho‘ng‘igan. "Ahli sunna" mazhabi va boshqa mazhablarning fikrlarini hamda dalillarini xam mukammal keltirib, boshqalarning fikrlarini rad etish va "ahli sunna" fikrini quvvatlashga harakat qiladi. Masalan: "An’om" surasi 25-oyatning

وَمِنْهُمْ مَنْ يَسْتَمِعُ إِلَيْكَ وَجَعَلْنَا عَلَى قُلُوبِهِمْ أَكِنَّةً أَنْ يَفْقَهُوهُ وَفِي آذَانِهِمْ وَقْرًا

"Ular ichida (Qur’on o‘qiganingizda) Sizga quloq soladiganlari ham bor. Uni fahmlamasliklari uchun qablariga parda, quloqlariga og‘irlik paydo qildik". (An’om, 25) tafsirida shunday deydi: "Oyatning ma’nosi dalolat qiladiki, imonning tasarrufoti Allohning qo‘lidadir. Inson va uning qalbi o‘rtasini Alloh boshqaradi, ya’ni mo‘min bo‘lish yoki bo‘lmaslik bandaning ishi emas, balki Allohning hukmidir.

Mo‘‘taziliylar aytadi: "Oyatning zohiriga ma’no berib bo‘lmaydi, aks holda kofirlarning foydasiga hujjat bo‘lib qoladi va Allohning taklifi ojiz odamga qilingandek bo‘ladi, natijada kofirning kofirligida o‘zi aybdor emas, degan tushuncha paydo bo‘ladi. Shuning uchun ta’vil shart va uning bir necha vajhlari bor". An-Naysoburiy mo‘‘taziliylarning beshta vajhini bayon etadi, keyin unga o‘zi munosabat bildirib, raddiya berib "ahli sunna" mazhabini quvvatlaydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 07:22:56

An-Naysoburiy tafsirda astronomiya va falsafa masalalariga ham ahamiyat bergan. Masalan: "Baqara" surasining 189-oyati

يَسْأَلُونَكَ عَنِ الأهِلَّةِ

"Sizdan (ey Muhammad,) hilollar (yangi oylar) haqida so‘raydilar" (Baqara, 189) tafsirida avval oyatning nozil bo‘lish sababi, keyin esa so‘rovchilarga berilgan javobning hikmatini gapiradi. Keyin osmonda xilolning qanday zohir bo‘lishi, kundan-kunga uning kattalashib, to‘lin oyga aylanishi, yana orqaga qaytib asli holatidek ingichkalashuvi sabablarini tushuntiradi.

"Zumar" surasining 42-oyati

اللَّهُ يَتَوَفَّى الأنْفُسَ حِينَ مَوْتِهَا وَالَّتِي لَمْ تَمُتْ فِي مَنَامِهَا

«Jonlarni o‘lgan vaqtida, o‘lmaganlarni esa uxlayotgan paytlarida Alloh olur" (Zumar, 42) tafsirida muallif shunday deydi: "Islom hukamolari aytadilar: "Insonning joni nurli va nur taratuvchi javhar bo‘lib, u badanda turgan paytda barcha a’zolarning zohiriga ham, botiniga ham uning ta’siri bo‘ladi va buning natijasida jismda muntazam tiriklik hamda uyg‘oqlik alomatlari zohir bo‘ladi. Ammo inson uxlagan paytida jonning ta’siri tananing botinida mavjud, ammo zohirida yo‘qoladi. Shuning uchun insonda ichki quvvat saqlanib qolsa ham, aql va sezgi to‘xtaydi. Agar ushbu quvvat butunlay to‘xtasa, bu o‘limdir". (An-Naysoburiy. G’aroibul-Qur’on va Rag‘oibul-Furqon. 24-j. 78-b.)

An-Naysoburiy Qur’on oyatlarining tafsiridan forig‘ bo‘lgach, oyatlardan ahli tasavvuflar o‘zlari uchun chiqaradigan ishorotlarning ta’viliga kirishadi. Chunki, u mashhur va ulug‘ so‘fiylardan biri bo‘lgani uchun, uning tafsiridan pokiza so‘fiylik tarovati anqib turadi va tafsir asnosida eshituvchini eritib, yig‘lashga majbur qiladigan ta’sirli, hikmatli mav’izalar ham bayon etilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 07:27:34

Yuqorida An-Naysoburiyni ba’zi olimlar shialikka nisbat berganligini aytib o‘tgan edik. Muallifning tafsirini ko‘zdan kechirgan kishi, bu nisbatni noto‘g‘ri ekanligining guvohi bo‘ladi.

U o‘z tafsirining xotimasida shunday yozadi: "Men Allohning fazlini umid qilaman. Allohning vajhini, qurayshiy Payg‘ambarini va Payg‘ambarning valiysini O’zi uchun vasila qilaman". (O’sha manba, 30-j. 228-b.)

To‘g‘ri, "Payg‘ambarning valiysi" degan jumla Hazrat Alining valoyatlariga ishora bo‘lsa ham, uni e’tirof etish shialikni qabul qilish degani emas. Chunki, An-Naysoburiy tafsirning hamma joyida shia mazhabi ulamolariga raddiya berib, "ahli sunna" mazhabini quvvatlab kelgan.

"Moida" surasining 55-oyati

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا مَنْ يَرْتَدَّ مِنْكُمْ عَنْ دِينِهِ فَسَوْفَ يَأْتِي اللَّهُ بِقَوْمٍ يُحِبُّهُمْ وَيُحِبُّونَهُ

"Ey imon keltirganlar! Sizlardan kimki dinidan qaytsa, Alloh shunday bir qavmni keltirurki, ularni Alloh sevadi va ular ham Allohni sevadilar" (Moida, 55) tafsirida ushbu oyatlarni Ali (r.a.) ning Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan keyin xalifa bo‘lishiga dalil qilgan shialarga qattiq  raddiya beradi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 07:30:07

An-Naysoburiy Az-Zamaxshariyning "Al-Kashshof"ini muxtasar qilish sabablari va iqtiboslarni qaysi kitoblardan olganini tafsirining oxirida bayon etadi: (Muallifning so‘zi qisqartirib berildi) "œMening ushbu tafsirim ulamolar o‘rtasida qo‘lma-qo‘l bo‘lgan va barcha tafsirlarda mavjud bo‘lgan ilm sohalarini o‘zida jam qilgan "Al-Kashshof" kitobining muxtasaridir.

Unda keltirilgan hadislar "Jomi’ul usul", "Al-Masobih", "Al-Kashshof" kitoblaridan naql qilingan. Ammo "Al-Kashshof"da har bir suraning oxirida "suralarning fazilati" haqidagi rivoyat qilingan hadislar butunlay olib tashlandi.

Vaqflar (Qur’ondagi to‘xtash alomatlari) haqida Imom As-Sajovandiy kitobi, oyatlarning nozil bo‘lish sabablari "Jomi’ul usul", mazkur ikki tafsir va "Tafsirul Vohidiy", lug‘atlar bayoni ham mazkur tafsirlar va "Sihohul Javhariy", ma’oniy, bayon va va boshqa adabiy masalalar tafsirlar va boshqa arab kitoblari, fiqhiy masalalar esa faqihlar huzurida mo‘‘tabar kitoblar va Ar-Rofiiyning "Sharhul-vajiz" kitobi asosida yozildi". (An-Naysoburiy. G’aroibul-Qur’on va Rag‘oibul-Furqon. 30-j. 222-225-b.)

An-Naysoburiyning "G’aroibul-Qur’on va Rag‘oibul-Furqon" tafsiri Ibn Jarir At-Tabariy tafsirining hoshiyasida chop etilgan va ulamolar hamda toliblar huzurida mo’’tabar sanaladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 07:32:55

Tayanch iboralar: Abu Hayyon, "Al-Bahrul muhiyt", qiroat ilmining mashhur va mashhur bo‘lmagan usullari, "Men Abu Hayyonni qachon ko‘rmayin, u birovdan ta’lim olayotgan yoki yozayotgan yoki biror kitobni mutolaa qilayotgan holda bo‘lardi, hech bekor o‘tirmasdi", ilmiy meros, "G’aribul-Qur’on","Sharhut-tashil", "Nihoyatul-e’rob", "Xulosatul-bayon", mazmuma (she’riy kitob), lug‘at ilmi, sababi nuzul, nosix-mansux, qiroat, balog‘at, fiqh ilmlari, tartib bilan, oyatning sababi nuzuli, nosix yoki mansuxligi, yuqoridagi oyatga bog‘liqligi, munosabati, shu oyat ustida qurrolarning mashhur yoki kam eshitilgan qiroatlari, salaf va keyingi ulamolar, avvalgi mavze’, "Ad-durrul laqit minal Bahril muhit", "Qur’on balog‘atlarini mohirlik bilan tushuntirishi", "Kitobut-tahrir vat-tahbir li-aqvoli aimmatit-tafsir", o‘ziga taqvoni, zohidlikni, tasavvufni tanlagani uchun, uning tafsirida shu ruh aks etib turadi, "Al-Kofiya Ash-Shofiya", "Sharh An-Nazzom", Xoja Nasirul milla vad-din At-Tusiyning astronomiya sohasida yozgan tazkirasiga sharhi "Tavzih at-tazkira", "Rasoil fiy ilmi hisob", "œKitobu fiy avqofil-Qur’on" "G’aroibul-Qur’on va Rag‘oibul-Furqon", "Al-Kashshofda shunday deydi", "Jorulloh shunday deydi", "œQur’on oyatlarining ma’nosini haqiqatga hukm qilamizmi, yo‘qmi? Aks holda Qur’on butunlay hujjatlikdan chiqib qoladiku! Har kim istagancha ta’vil qilaversa, kimning fikrini "Qur’onning haqiqiy ma’nosi shu deb", hukm qilinadi", "Allohning tadbiri, tasxiri murod", "Falonchi falonchining qo‘lida ishlaydi", deyilsa, "qaramog‘ida" degan ma’no tushuniladi, uning tafsiridan pokiza so‘fiylik tarovati anqib turadi, "Payg‘ambarning valiysi", "Jomi’ul usul", "Tafsirul-Vohidiy", "Sihohul Javhariy", "Sharhul-vajiz".

Qayd etilgan