Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391236 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 ... 62 B


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 08:21:52

Tafsirda muallif o‘zining va’dasiga muvofiq qiroatlarning faqat mutavotirini oldi. Hadislarning ham sahihini tanlab olib rivoyat qildi, zaif va mavzu’larini tark etdi. Shu sababdan ham u tafsir asnosida Az-Zamaxshariy va Al-Bayzoviyni, o‘z tafsirlarida har bir suraning oxirida suralarning fazilatini bayon qilish maqsadida zaif va mavzu’ hadislardan foydalanganliklari uchun, qattiq tanqid ostiga oladi. Masalan: "Oli Imron" surasining oxirida shunday deydi:

"At-Tabariy rivoyat qilgan: "Kimki juma kuni "Oli Imron" surasini qiroat qilsa, unga Alloh va farishtalar to kun botguncha salavot aytadilar",—degan hadisning isnodi zaifdir".

Al-Bayzoviy, Az-Zamaxshariy va Ibn Odillar Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga nisbat berib rivoyat qilgan:

"Kimki "Oli Imron" surasini qiroat qilsa, uning har bir oyati evaziga jahannam ko‘prigidan amonlik beriladi",— degan mazmundagi hadis esa Ubay ibn Ka’b ustiga to‘qilgan yolg‘on hadisdir. Har bir mufassir va tolib ogoh bo‘lishi kerak". (Ash-Sharbiyniy. As-Sirojul munir. 1-j. 265-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 08:24:17

"Al-A’rof" surasining oxirida muallif shunday deydi: "Al-Bayzoviy va Az-Zamaxshariy rivoyat qilgan: "Kimki "Al-A’rof" surasini qiroat qilsa, Alloh Ta’olo qiyomat kunida u bilan shayton o‘rtasiga to‘siq qiladi, Odam (a.s.)ni unga shafi’ qiladi",— degan mazmundagi hadis mavzu’—yolg‘on hadisdir". (O’sha manba, 3-j. 568-b.)

"Al-Josiya" surasining oxirida ham: "Al-Bayzoviy Az-Zamaxshariyga ergashib rivoyat qilgan: "Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dedilar: "Kimki, "Ho-mim Al-Josiya" surasini qiroat qilsa, qiyomat kunida Alloh Ta’olo uni sharmandalikdan saqlaydi va qalbiga taskin beradi",— degan hadis mavzu’dir". (Ash-Sharbiyniy. As-Sirojul munir. 3-j. 568-b.)

Muallif o‘z tafsirida oyatlarning o‘zaro bog‘liqligiga katta ahamiyat bergan va uni ba’zi joyda dalillar bilan ham isbotlashga harakat qilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 08:27:06

5. Shuningdek, fiqhiy masalalarda, garchi furu’lar keng yoritilmagan bo‘lsa ham, hukmlar va ular haqida mazhablarning mavqifi batafsil bayon etilgan. Masalan:

"Baqara" surasining 225-oyati:

لا يُؤَاخِذُكُمُ اللَّهُ بِاللَّغْوِ فِي أَيْمَانِكُمْ

"Alloh sizlarni (faqat tilingiz uchida aytgan) behuda qasamlaringiz uchun javobgar qilmaydi" (Baqara, 225) tafsirida "behuda qasam" haqida ulamolarning fikrlarini keltiradi. Keyin "tanbeh!" ishorasini qo‘yib, o‘z fikrini aytadi: "Qasam nima bilan bog‘lanadi? Qasamini buzgan kishiga kafforat vojib bo‘ladimi? Imom Shofe’iy mazhabida kafforat vojib bo‘ladi. Boshqa olimlar nazdida qasam ham boshqa kabira gunoxlar qatorida sanaladi va kafforat vojib bo‘lmaydi. Qasam faqat Allohning nomi bilangina bog‘lanadi. Allohdan boshqa, masalan: Ka’ba, Payg‘ambar, Qur’on, ota ruhi, non va boshqa ashyolar nomi bilan ichilgan qasam shar’iy qasam hisoblanmaydi".

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 08:30:09

Lekin "har to‘kisda bir ayb" deganlaridek, Ash-Sharbiyniyning tafsirida ham kamchilik mavjud, ya’ni shunchalik mudaqqiq olim bo‘lishiga qaramasdan, uzundan-uzun isroiliyotlarni keltirib, ularning sahih yoki zaifligiga munosabat bildirmagan. Masalan: "An-Naml" surasining 16-oyati tafsirida turli qushlarning nima deb sayrashi haqida Ka’bul Axbordan uzun rivoyat keltirgan.

Mazkur suraning 34-oyati tafsirida ham Vahb ibn Munabbahdan isroiliy rivoyat keltirilgan. "As-Soffot" surasining 123-oyati tafsirida axbor va siyar kitoblari, g‘aroyib rivoyatlar keltirgan. Lekin muallif rivoyatlarning birortasi haqida o‘z fikru-mulohazalarini bayon etmaydi.

Ammo rivoyatlar biror payg‘ambarni maqomiga xalal bersa, obro‘sining to‘kilishiga sabab bo‘lsa, Ash-Sharbiyniy unga darhol o‘z raddiyasini berganini ko‘ramiz. Masalan: "Sod" surasining 21-24-oyatlari tafsirida Ar-Roziydan isroiliy rivoyat qilib, bu rivoyatlarning botilligini aytib o‘tadi.

Tafsir asnosida yana shunga ishonchimiz komilki, muallif o‘z tafsirini yozishda Ar-Roziyning tafsirini o‘ziga asos qilib olgan, shuning uchun ham aksar naqllari uning  tafsiridan olingan.

Ash-Sharbiyniyning "œAs-Sirojul munir" nomli tafsiri to‘rt jildlik katta kitob holida nashr etilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 08:32:32

Tayanch iboralar: Jaloliddin Al-Mahalliy At-Taftazoniy, "Tafsirul-jalolayn", Al-Xatib Ash-Sharbiyniy, "As-Sirojul munir", "Husnul-muhozara", "Al-Mahalliyning zehni olmosdan ham o‘tkirroq", "Mening yodlash. qobiliyatim pastroq bo‘lsa ham, zakovatim xatoni qabul qilmaydi", "Al-Muayyadiyya", "Al-Barquqiyya", "Sharhu jam’ul-javomi’", "Sharhul-varaqot", "'Sharhul-minhoj", "Tafsirul-jalolayn", Jaloliddin As-Suyutiy: "Ulug‘ imom Jaloliddin Al-Mahalliy yozgan Qur’oni Karimning tafsiridan qolib ketgan joyini to‘ldirib qo‘yishga rog‘iblarning ehtiyoji meni majbur etdi", "tafsirning oxirini", "tafsirning qolib ketgan joyini", "Shu bilan ulug‘ mufassir Jaloliddin Al-Mahalliy tomonidan ta’lif etilgan "Qur’oni Karimning tafsiri" nihoyasiga yetdi", As-Suyutiyning mahorati, Ruhning latif jism ekanligi, "Sobi’iylar yahudiylarning bir firqasidir", "Nasroniylarning ham", Al-Xatib Ash-Sharbiyniy, masjidda e’tikof, toliqmaguncha markabga minmas edi, butunlay gumnomlik, "Sharhul-minhoj", "Kitobut-tanbih", "As-Sirojul munir", istixora, "Falonchiga ayt, Qur’on tafsiriga kirishsin!", tafsir shayxi, Ash-Sharbiyniy ana shu zarurat va ehtiyojni qondirdi, "œQasam nima bilan bog‘lanadi?"

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Oktyabr 2008, 08:36:19

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar

1. Jaloliddin Al-Mahalliy At-Taftazoniyning tarjimai holi. Uning zehnini ulamolar qanday baholaganlar?
2. "Tafsirul-jalolayn" ning nisbati nima uchun ikki kishiga beriladi?
3. Al-Xatib Ash-Sharbiyniyga Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dan qanday bashorat bo‘ldi?
4. "As-Sirojul munir" tafsirida Al-Bayzoviy va Az-Zamaxshariy tafsirida keltirilgan suralarning fazilati haqidagi mavzu’ hadislarga, muallif qanday munosabat bildirgan?
5.  Ash-Sharbiyniy tafsirida shar’iy qasam shartlari haqida nimalar deyilgan?

Tavsiya etiluvchi va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T. 2001.
2. Ad-Dovudiy. Tabaqotul-mufassirin.
3. An-Naysoburiy. G’aroibul-Qur’on va Rag‘oibul-Furqon. 30-j.
4. Ash-Sharbiyniy. As-Sirojul munir. 1-4-j.
5. Al-Itqon. As-Suyutiy. 2-j.
6. Al-Hofiz ibn Hajar. Lisonul-mezon. 4-j.
7. Al-Xozin. Lubobut-ta’vil fiy ma’onit-tanzil.
8. Ar-Rog‘ib Al-Isfahoniy. Muqaddimatut-tafsir.
9. Imom Al-Buxoriy, Al-Jome’ As-Sahih. 1-4-jildlar. T. 1998.



Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 04:21:23

28-MAVZU. ABUS-SA’UD. "IRSHODUL AQL AS-SALIM ILA MAZOYA Al-KITOB AL-KARIM". AL-OLUSIY. "RUHUL-MA’ONIY".

Dars  rejasi:
1.  Abus-Sa’udning tarjimai holi.
2. "Irshodul-aql As-salim ila mazoyo Al-Kitob Al-Karim" tafsirining ta’rifi va usuli.
3.  Al-Olusiyning tarjimai holi.
4.  "Ruhul-ma’oniy" tafsirining ta’rifi va uslubi.


Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 04:33:38

1. Abus-Sa’udning to‘liq nomi Abus-Sa’ud Muhammad ibn Muhammad ibn Mustafo Al-Amodiy Al-Hanafiy bo‘lib, hijriy sananing sakkiz yuz to‘qson uchinchi yilida Qustantaniya shahari atrofidagi bir qishloqda dunyoga kelgan. Uning tug‘ilgan uyi ilm va fazl bilan tanilgan xonadon edi. Shuning uchun ba’zilar Abus-Sa’udning ta’rifida shunday deganlar: "U ilmning bag‘rida tarbiya topdi va fazlning ko‘ksini emib yayradi, natijada sharafli ilmlar uchun xizmatda qoim bo‘ldi, obro‘si baland va olamga mashhur bo‘ldi".

Abus-Sa’ud qo‘p ilmiy kitoblarni o‘z otasi qo‘lida o‘rgandi. Keyin boshqa olimlarga ham shogird bo‘lib, ulardan ko‘p foydalandi, o‘zining ilmiy bisotini kengaytirdi. Uning ilm yo‘lidagi shuhrati Turkiyaning ko‘p madrasalarida dars berish-ustoz bo‘lish ne’matiga noil qildi. Keyin Ravsa qoziligi, birozdan so‘ng Qustantaniya qoziligi, undan keyinroq esa Rumaylo viloyati qoziligiga tayinlandi va shu lavozimda sakkiz yil ishladi. Undan so‘ng fatvo ishiga tayinlandi va umrining oxirigacha qariyb o‘ttiz yil muftiylik maqomini tark etmadi.


Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 04:48:59

Aytishlaricha, Abus-Sa’ud fatvo so‘rab yozilgan savollarga javobni so‘rovchining tabiati va darajasiga mos qilib, agar savol she’riy usulda yozilgan bo‘lsa, javobni ham she’riy usulda, agar savol nasriy usulda bo‘lsa, javobni ham nasriy usulda, agar savol arab tilida bo‘lsa, javobni ham arab tilida, agar savol turk tilida bo‘lsa, javobni ham turk tilida yozib qaytarar ekan.

Abus-Sa’udning shuhrati, uning turli madrasalarga ko‘chib yurib dars berishi, qozilik, muftiylik bilan band bo‘lishi biror asarni ta’lif etishiga imkon bermas edi. Shunga qaramasdan u bandlik orasidan fursat topib, o‘zidan ilmiy meros qoldirish, oxiratga zaxira qilish baxtiga muyassar bo‘ldi. Uning yozgan asarlaridan qo‘limizdagi ushbu "Irshodul-aql as-salim ila mazoyo Al-Kitob Al-Karim" nomli tafsiri, "Al-Kashshof" tafsiriga yozgan hoshiyasi, "Al-Hidoya"ning kitobul-bay’ qismiga yozgan hoshiyasidir. Abus-Sa’ud hijriy sananing to‘qqiz yuz sakson ikkinchi yilida Turkiyaning Qustantaniya (Konstantinopol) shahrida vafot etdi va Abu Ayyub Al-Ansoriyning yonlariga dafn etildi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 04:50:22

2. Yuqorida aytib o‘tilganidek, Abus-Sa’ud juda band bo‘lishiga qaramasdan, fursat topib, kitob ta’lifiga, xususan tafsirga kirishdi. Tafsir ta’lifi "Sod" surasiga kelganda, Abus-Sa’udning mashg‘uloti ko‘payib ketib, tafsir to‘xtab qoldi. Darhol qoralamalarini oqqa ko‘chirib, to‘qqiz yuz yetmish uchinchi yilda saroyga yubordi. Sulton Sulaymonxon Abus-Sa’udning tafsirini ko‘rib juda xursand bo‘ldi va uning oylik maoshiga qo‘shimcha tarzda har kun besh yuz dirham miqdorida mablag‘ berishni tayinladi. Abus-Sa’udga tafsirini tezroq nihoyasiga yetkazish uchun imkon tug‘ildi. Bir yildan so‘ng Abus-Sa’ud tafsirini tugatib, komil holda yana Sulton huzuriga yubordi. Sulton bu safar ham muallifdan o‘z in’omini ayamadi va uning maoshini ikki barobarga oshirdi.

Haqiqatan ham mazkur tafsir shirin tili, go‘zal iborasi bilan boshqa tafsirlardan ajralib turadi. Muallif unda Qur’onning balog‘iy tushunchalarini hech kim qilmagan uslub bilan ochib bergan.

Bu tafsirning fazilati haqida "œAl-aqdul manzum fiy zikri afozilir-Rum" kitobi muallifi shunday yozadi: "œBu tafsirda hech bir zamonda misli ko‘rilmagan va quloqlar eshitmagan narsalar bayon etilgan".

"œAl-favoidul bahiyya fiy tarojimil hanafiyya" kitobining muallifi shunday deydi: "œMen u tafsirni mutolaa qildim. Undan ko‘p foyda oldim. Kitobxonni zeriktiradigan darajada uzun, tushunmovchilik paydo qiladigan darajada qisqa emas, latifa va nuqtalar bilan bezatilgan, foyda va ishoralarni o‘zida mujassam qilgan kitobdir".

Qayd etilgan