Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391528 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 ... 62 B


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:10:47

Tayanch iboralar: Abus-Sa’ud, "Irshodul-aql as-salim ila mazoyo Al-Kitob Al-Karim", "U ilmning bag‘rida tarbiya topdi va fazlning ko‘ksini emib yayradi, natijada sharafli ilmlar uchun xizmatda qoim bo‘ldi, obro‘si baland va olamga mashhur bo‘ldi", ilmiy bisoti, ilm yo‘lidagi shuhrati,   Ravsa qoziligi, Qustantaniya qoziligi, Rumaylo viloyati qoziligi, Qur’onning balog‘iy tushunchalarini hech kim qilmagan uslub bilan ochib bergan,   Abus-Sa’udning tafsiriga ikki kishi: Ash-Shayx Ahmad Ar-Rumiy Al-Oq Hisoriy (vafoti 1041) "Ar-Rum" surasidan "Ad-Duxon" surasigacha, Ash-Shayx Raziyuddin ibn Yusuf Al-Quddusiy tafsirning salkam yarmiga ta’liq-ilova yozgan, tahzir qilgan, "Ulamolar Al-Kalbiyni yolg‘onchi sanaganlar,   U kasal bo‘lganda: "Men Abu Solih nomidan keltirgan hadislarimning barchasi yolg‘ondir",— deb e’tirof etgan, Al-Olusiy, "Ruhul-ma’oniy", "Alloh Ta’olo biluvchiroq", bir xil taom yedirar, bir xil libos kiydirar, ularning istiqomat qiladigan joyini o‘zi yashaydigan joydan balandroq qilib berar edi, "Al-Qitr" kitobiga yozgan sharhi, "Sharhus-sullam", "Lohuriy savollariga iroqiyning javoblari", "Eroniy savollariga iroqiyning javoblari", "G’avvoslar duri xoslar fahmida", "An-Nafaxotul qudsiyya fil mabohisil-imomiyya", "Al-favoidus saniyya", "Ruhul-ma’oniy fiy tafsiril Qur’onil azim vas-sab’ul masoniy".

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:11:38

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar

1. Abus-Sa’udning tarjimai holi haqida nimalarni bilasiz?.
2. Muallif "Irshodul-aql as-salim ila mazoyo Al-Kitob Al-Karim" tafsirini yozishga turtki bo‘lgan narsa nima?
3. Al-Olusiyning tarjimai holi. Uning ilm borasidagi fikri qanday edi?
4. Al-Olusiyning mo‘tazila, shia mazhablariga munosabati "Ruhulma’oniy" tafsirida qanday aks etgan?
5. Al-Olusiyning isroiliyotlarga va ishoriy tafsirga munosabati qanday edi?

Tavsiya etiluvchi va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T. 2001.
2. Ad-Dovudiy. Tabaqotul-mufassirin.
3. An-Naysoburiy. G’aroibul-Qur’on va Rag‘oibul-Furqon. 30-j.
4. Al-Olusiy. Ruhul-ma’oniy. 28-j.
5. Al-Itqon. As-Suyutiy, 2-j.
6. Al-Hofiz ibn Hajar. Lisonul-mezon. 4-j.
7. Al-Xozin. Lubobut-ta’vil fiy ma’onit-tanzil.
8. Ar-Rog‘ib Al-Isfahoniy. Muqaddimatut-tafsir.
9.  Imom Al-Buxoriy. Al-Jome’ As-Sahih. 1-4-jildlar. T. 1998.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:12:54

29-MAVZU. BID’ATCHI FIRQALAR TAFSIRI. Al-MU’TAZILA

Dars rejasi:
1. Bid’atchi firqalarning paydo bo‘lishi. Islom olamida mashhur bo‘lgan asosiy firqalar beshta: ahli sunna, mo‘tazila, murjia, shiy’a, xavorij. Boshqa o‘nlab firqalar shu asosiy besh firqadan ajralib chiqqan.
2. Bid’atchi firqalar tafsiri. Ular ta’lif etgan tafsirlarning paydo bo‘lish tarixi.
3. Mo‘‘tazila firqasining paydo bo‘lishi. Uning Qadariyya, Muattala deb nomlanishi. Mo‘‘tazilaning e’tiqodiy usuli beshta—tavhid, adl, va’d val-va’id, ikki manzil orasi, amru ma’ruf va nahiy munkar.
4. Bu firqaning Qur’on tafsiridagi o‘rni. Tafsirda besh narsaga rioya etilishi. Mo‘‘tazila firqasining aqlga muvofiq kelmagan sahih hadislarni inkor etishi. Ular aql bilan qanday ma’no chiqarsalar mana shu Allohning murodi deb da’vo qilishlari. Qur’onga faqat lug‘aviy jihatdan yondoshishlari. O’z mazhablariga muvofiq kelmagan mutavotir qiroatlarni o‘zgartirishlari.
5. Mo‘‘taziliylarning tafsirida «ahli sunna» tomonidan haqiqiy diniy sanalgan narsalarni inkor etilishi. Abul Hasan Al-Ash’ariy va Ibn Taymiyyaning mo‘‘taziliylar tafsiri ustidan chiqargan hukmlari.


Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:14:53

1. Payg‘ambarimizning zamonlarida Islom ummati dinning usuli va furu’sida yagona e’tiqod va bir xil ibodatda mustaqim edilar. Ularning o‘rtalarida ixtilof chiqishi va firqalarga bo‘linish «sarvari koinot»ning vafotlaridan so‘ng boshlandi. Payg‘ambarimiz vafot etgan kunlari eng dahshatli, qora kun bo‘lib, musulmonlar o‘zlarini yo‘qotib qo‘ydilar va ba’zilar payg‘ambarimizning vafotlariga ishongan bo‘lsalar, boshqa birovlar payg‘ambar o‘lmagan, balki Alloh Ta’olo Iyso (a.s.)ni osmonga ko‘targandek, U zotni ham osmonga ko‘targan, deb da’vo qildilar. Qachonki, Abu Bakr Siddiq (r.a.):

إِنَّكَ مَيِّتٌ وَإِنَّهُمْ مَيِّتُونَ

«Shubhasiz, siz ham o‘luvchisiz, ular ham o‘luvchidirlar» (Zumar, 30.) — mazmundagi oyati karimani o‘qib: «Kimki Muhammadga ibodat qilgan bo‘lsa, Muhammad o‘ldi. Kimki uning rabbiga ibodat qilgan bo‘lsa, Muhammadning rabbisi hayot — o‘lmaydi», — deganlaridan so‘ng, bu ixtilof barham topdi.


Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:15:28

Keyingi ixtilof Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning jasadlarini dafn etish masalasida boshlandi. Makkaliklar: «Payg‘ambarimizning jasadi muboraklarini Makkaga olib borib dafn etamiz, chunki bu zotning tug‘ilgan, payg‘ambar bo‘lgan yerlari va Islomning qiblasi Makka, bobolari Ismoil (a.s.)ning qabrlari ham o‘sha yerda», — dedilar.

Madinaliklar: «Payg‘ambarimizni Allohning amri bilan hijrat qilgan va nusratga erishgan yerlari-Madinaga dafn etamiz», — dedilar.

Uchinchi guruh esa: «Payg‘ambarimizni Quddusga olib borib, bobolari Ibrohim (a.s.)ning yonlariga dafn etamiz, barcha payg‘ambarlar ham o‘sha yerga dafn etilganlar»,  deb da’vo qildilar. Bu ixtilof ham Abu Bakr Siddiq (r.a.)ning Payg‘ambarimizdan eshitgan: «Albatta payg‘ambarlar jonlari olingan yerga dafn etiladilar», — degan hadislari bilan to‘xtadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:16:00

Uchinchi ixtilof Payg‘ambarimiz (sav)dan keyin kim imom(xalifa) bo‘lishi borasida paydo bo‘ldi. Madinaliklar Sa’d ibn Ubodaga bay’at qilishga chaqirdilar. Makkaliklar imom Quraysh qabilasidan boshqa qabiladan bo‘lmasligini aytdilar va Payg‘ambarimizning: «Imomlar Qurayshdan bo‘ladi», — degan hadislarini bunga dalil qilib keltirdilar. Boshqa musulmonlar esa xalq saylagan har qanday kishi imom bo‘lishi mumkinligini aytdilar. Ushbu ixtilof hozirgacha ham davom etib kelmoqda.

To‘rtinchi ixtilof Fadak (Xaybardagi yahudiy qishloqlaridan biri. Bu qishloq suvli, xurmozor bog‘li, obod joy bo‘lib, Rasululloh (s.a.v.)ga tegishli bo‘lgan) qishlog‘i merosligi borasida zohir bo‘ldi. Rasululloh (s.a.v.)ning hayotliklarida ul zotning ixtiyorlarida edi. Vafotlaridan so‘ng hazrat Ali (r.a.) Abu Bakr Siddiqning oldilariga kelib: «Mazkur qishloq Fotimaga atalgan, unga bering», — deb talab qildilar. Abu Bakr Siddiq (r.a.) esa: «Albatta payg‘ambarlar mol-dunyo meros qoldirmaydilar», — degan hadisni eslatib, qishloqni Fotima ixtiyoriga bermaslikka hukm chiqardilar. Abu Bakrning vafotlaridan so‘ng Hazrat Umar (r.a.) Fadak qishlog‘ini Ali va Abbosning ixtiyoriga, «foydalanish mumkin, ammo butunlay mulk emas», degan shart bilan topshirdilar.

Beshinchi ixtilof zakot to‘g‘risida bo‘lib, ba’zi musulmonlar zakotning vojibligini inkor eta boshladilar. Sahobiylar esa zakot bermaganlarga qarshi Abu Bakr Siddiq boshchiligida urush e’lon qildilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:17:52

Oltinchi ixtilof Tulayha (Tulayha ibn Xuvaylid. Avval sahoba bo‘lgan edi. Keyin dindan qaytdi, payg‘ambarlik da’vosini qilib, Shomga qochib ketdi) tomonidan bo‘ldi. Musulmonlar unga qarshi yurishlar qildilar. Hazrat Umarning xalifalik davrlarida Tulayha tavba qilib, yana qaytib keldi, musulmonlar bilan bir necha jihodlarda qatnashib, Nihovand jangida shahid bo‘ldi.

Yettinchi ixtilofning sababchilari Yamomadan payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan Musaylama Al-kazzob (Abu Sumoma Musaylama ibn Bakir ibn Habib. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hayotlik paytlaridayoq payg‘ambarlik da’vosini qilgan va payg‘ambarlikka sherik bo‘lishni talab etgan edi. Unga «Al-Kazzob» degan laqabni Payg‘ambarimiz berganlar), Sajjoh (Ummu Sodir Sajjoh binti Al-Horis ibn Suvayd, yamomalik ayol, Payg‘ambarimiz hayotlik paytlarida payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan va Musaylama Al-Kazzobga erga tekkan.  Musaylama o‘ldirilgandan keyin Islomga kirgan), Al-Asvad ibn Zayd Al-Anasiy (Uning ismi Ayhala ibn Ka’b. Payg‘ambarimiz hayotliklarida yamanliklardan tarafdor to‘plab, payg‘ambarlik da’vosini qilgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uni «San’oning kazzobi» deb ataganlar. 12-hijriyda Firuz Ad-Daylamiy nomli sahoba tomonidan o‘ldirilgan) bo‘ldilar.

Sakkizinchi ixtilof dindan qaytganlar — «ahli ridda» tomonidan chiqdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:22:00

To‘qqizinchi ixtilof Hazrat Usmon (r.a.)ga qarshi bo‘lgan guruxdan chiqdi va ulug‘ sahobiy xalifani o‘ldirilishi bilan to‘xtadi. Usmonning qotillari haqidagi ixtilof esa hozirga qadar to‘xtamagan.

O’ninchi ixtilof Hazrat Ali (r.a.) haqlarida, «Jamal voqeasi ishtirokchilari» (Hazrat Usmonning qotillarini topib jazolamagani uchun Madina ahli Hazrat Oisha Siddiqa boshchiliklarida Hazrat Ali (r.a.) ga qarshi Shomga yurish qilganlar. Hazrat Oisha va ko‘pchilik madinaliklar tuya minib safar qilganlari uchun «Jamal-tuya voqe’asi» deyiladi) haqida, sahoba Mu’oviya (Muoviya ibn Abi Sufyon. Mu’oviya otasi bilan Makka fath etilgan yili Islomga kirgan, Payg‘ambarimizga kotib bo‘lgan, Hazrat Umar davrlarida Shom mamlakatiga hokim etib tayinlangan) haqida, Siffin ishtirokchilari haqida (Siffin-Suriyaning shimolida, Furot daryosi sohilidagi joy. Bu yerda Ali va Muoviya tarafdorlaridan iborat bo‘lgan ikki guruh musulmonlar o‘rtasida qattiq jang bo‘lgan), ikki hakam Abu Muso Al-Ash’ariy (Ismi Abdulloh ibn Qays, amir, qiroat peshvosi, ulug‘ sahobiy. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uni Adanga amir qilib yuborganlar. Hazrat Umar (r.a.) esa Kufa va Basraga amir etib tayinlaganlar. Abu Musoning boshchshshgida juda ko‘p shaharlar fath etilgan) va Amr ibn Os (Abu Abdulloh Amr ibn Os ibn Voil As-Sahmiy, ulug‘ sahoba. Hudaybiyyada Islomga kirgan. Quraysh qabilasining dohiylaridan sanaladi. Madinaga hijrat qilgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uni Zotis-salosil askarlariga amir qilganlar. Hazrat Umar uni Misrga hokim qilib yuborganlar, Muoviya davrida ham shu lavozimda qolgan va 43 hijriy yilida Misrda vafot etgan) chiqargan hukmlar borasida bo‘lib, hanuzgacha davom etib kelmoqda.

Ammo bu ixtiloflarga sabab kishilardan ba’zi xatolar o‘tgan bo‘lsa ham, lekin barchalarining aqidalari yagona, ibodatlari bir xil, imonlari mustahkam edi.

Sahobalarning oxirgi davrlariga kelib, ba’zi toifa taqdir to‘g‘risida ixtilof qila boshladi, keyinroq esa turli e’tiqodlarni zohir etishib, musulmonlar turli firqalarga bo‘linib keta boshladilarki, natijada Payg‘ambarimiz (sav) avvaldan tashvishlanib ogoh qilgan yetmish uch firqa yuzaga keldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:23:23

2. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning asrlarida Allohning kalomini hamma bir xil qiroat qilardi, eshitardi va Qur’onning ruhini hamma birdek fahmlardi.

Musulmonlar orasida diniy va siyosiy jihatdan tafriqalanish sodir bo‘lgandan keyin, har bir firqa Qur’onga o‘z aqidasi nuqtai nazaridan qaray boshladi va uning tafsirida o‘z mazhabi yo‘nalishlarini quvvatlashga kirishdi. Mo‘‘tazila Qur’on tafsirini o‘z e’tiqodidagi ixtiyor, sifot, tahsin, taqbih masalalariga moslay boshladi. Shiy’alar o‘z mazhablariga muvofiqlashtirdilar. Bo‘linib ketgan hamma firqalar ham Qur’onni o‘z yo‘llariga, o‘z e’tiqodlariga bo‘ysundirishga harakat qilganlari shubhasizdir. Islomda bunday firqalar ko‘p va ularning yo‘llari xilma-xil, ammo barcha firqalarning aqidalariga moslangan tafsirlarni topish mushkil. Shuning uchun ixtiyorimizda mavjud bo‘lgan tafsirlarga asoslanib, ba’zi firqalar haqidagina fikr bildirishimiz mumkin.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, ra’y bilan qilingan tafsir ulamolar o‘rtasida ikki xil —mamduh va mazmum sanaladi. Biz ko‘rib o‘tgan o‘nta mufassirning tafsiri mamduh tafsirlar jumlasidan bo‘lib, ular «ahli sunna val-jamoa» firqasining tafsirlaridir. Biz u haqda takrorlamaymiz.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:25:00

3. Mo‘‘taziliylarning kelib chiqishi uning asosiy rahbarlaridan bo‘lgan Vosil ibn Ato (80 h.-131h.) nomi bilan bog‘liq.

Umaviy xalifa Hishom ibn Abdulmalik davrida Shayx Al-Hasan Al-Basriy huzuriga bir odam kelib: «Ey dinimizning peshvosi, zamonamizda bir jamo’a paydo bo‘lgan, ular kabira gunoh qiluvchilarni kofir hisoblaydilar. Yana bir jamo’a esa, kofirga toat foyda qilmaganidek, mo‘minga ham gunoh zarar qilmaydi, deydilar. Ular haqida siz nima deysiz?», deb so‘radi.

Al-Hasan Al-Basriy fikrga cho‘mib, javob berishga ulgurmay Vosil ibn Ato o‘rnidan turib, masjid ustuniga suyanib dedi: «Men kabira gunoh qilganni mutlaq mo‘min demayman, mutlaq kofir ham emas, ikkovining o‘rtasidagi manzilatdadir. Mo‘minlik maqtov ismdir, fosiq esa maqtovga loyiq emas, demak mo‘min emas. Uni kofir ham deb bo‘lmaydi, chunki shahodat kalimasini aytgan. Agar tavba qilmay o‘lsa, abadiy do‘zaxga tushadi, chunki oxiratda faqat ikki fariq — jannatga tushuvchilar va do‘zaxga tushuvchilargina bo‘ladi. Lekin fosiqning azobi kofirning azobidan yengilroq bo‘ladi», dedi. Hasan Al-Basriy: «Vosil bizlardan ajradi» — dedilar. Shundan buyon bu toifa «mo‘‘tazila»(ajralgan) deb nomlanadi. (Muhammad Husayn Az-Zahabiy. "œAt-tafsir val-mufassirun". Qohira. 1381-hijriy. 1-juz’. 368-b.)

Qayd etilgan