Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391532 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 ... 62 B


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:26:00

Mo‘‘taziliylar tarixda doim bir-biri bilan mubohasada bo‘luvchi bir necha guruhlarga bo‘linganlar. Ularning eng katta va kuchlisi Bag‘dod va Basra maktablari edi. Bag‘dod maktabi boshida Bishr ibn Al-Mo‘‘tamar, Basra maktabi boshida esa Vosil ibn Ato turardi. Mazkur ikki maktab ahllari orasida kuchli bahslar bo‘lganki, ularning mazmunini bu yerda batafsil keltirish kitobxonga unchalik foyda bermaydi.

Mo‘‘taziliylar besh tamoyilga amal qiladilar va bu tamoyillar shubhasiz Qur’oni Karim tafsirida ham o‘z aksini topgan:

1. At-tavhid. Bu ular mazhabining asosi, mag‘izidir. Mana shunga muvofiq oxiratda Allohni ko‘rish mumkin emasligi, Allohning sifatlari hech narsa emasligi, Qur’oni Karimning maxluqligi aqidalarini tuzganlar.

2. Al-adl. Bu asosga binoan: «Alloh Ta’olo butun koinotni yaratishni xohlamagan, U bu ishlarga qodir emas, bandalar o‘z fe’llarini o‘zlari yaratadilar, uning yaxshiligini ham, yomonligini ham Alloh yaratgan emas, Alloh faqat shar’an buyurgan narsasinigina iroda qiladi, boshqa narsalar uning xohishisiz ham amalga oshaveradi», — degan aqidalarni tuzganlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:28:02

3. Al-va’d val-va’id. Buning ma’nosi shuki, Alloh Ta’olo yaxshilik qilgan odamni yaxshilik bilan, yomonlik qilgan odamni yomonlik bilan jazolaydi. Gunohi kabira qilgan kishi agar tavba qilmasa, Alloh uni kechirmaydi. Gunohi kabira qiluvchilarning shafoati qabul qilinmaydi. Biror kishi do‘zaxdan chiqarilmaydi.

Ularning fikrini yanada ravshanlashtirsak, Alloh Ta’olo yaxshilik qilganga mukofot, yomonlik qilganga jazo berishga majbur. Kabira qiluvchi tavba qilmasdan vafot etsa, Alloh uni kechirishi joiz emas. Agar uni jazolamasa, o‘zi qilgan va’idiga xilof ish qilgan bo‘ladi. Savob amalga mukofot va gunoh amalga jazo vojib bo‘lib, Alloh uni bajarishi majburiydir. Allohning yagonaligini tan olib imon keltirgan, Payg‘ambar sunnatiga amal qilayotgan bo‘lsa ham, gunohi kabira qildimi, u abadiy do‘zaxga tushadi. So‘zlarining isboti sifatida «Al-Baqara» surasining 81-oyatini dalil qilib keltirishadi. Unda shunday deyilgan:

بَلَى مَنْ كَسَبَ سَيِّئَةً وَأَحَاطَتْ بِهِ خَطِيئَتُهُ فَأُولَئِكَ أَصْحَابُ النَّارِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ

«Yo‘q, aslo! Kimki yomonlik kasb etsa va o‘z gunohlariga botsa, bas, ana o‘shalar do‘zax ahlidirlar va ular u yerda abadiy qoluvchilardir». (Baqara, 81)

4. Al-manzila baynal manzilatayn. Bu haqda Ash-Shayx Al-Hasan Al-Basriy bilan uning shogirdi Vosil ibn Ato o‘rtasida bo‘lib o‘tgan munozarada batafsil aytildi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 05:29:03

5. Al-amru bil ma’ruf van-nahyi ‘anil-munkar. Bu masalaning farzligi «ahli sunna val-jamoa» firqasida ham e’tirof etiladi. Ammo ularga xilof ravishda mo‘‘taziliylar haddan oshirib yuborishadi, ya’ni: Amru ma’ruf va nahiy munkar agar kifoya qilsa, qalb bilan, kifoya qilmasa, til bilan, u ham bo‘lmasa, qo‘l bilan, u ham kifoya qilmasa, qilich bilan bajariladi», — deyishadi.

Bundan tashqari mo‘‘tazila firqasi Allohning qazo va qadarini inkor etib: «Inson o‘z taqdirini o‘zi yaratadi», deganlari uchun, ularni «Qadariyya» deb ham nomlanadi.

Mo‘‘taziliylarning eng buzuq e’tiqodga mubtalo bo‘lgan o‘n sakkiz firqasi bor. Bular Allohning ilm, qudrat, hayot, eshitish, ko‘rish, gapirish, iroda singari subutiy sifatlarini inkor qiladilar. Shuningdek, qadarga va mo‘minlar uchun ru’yat (qiyomatda Allohni ko‘rish)ga, shafoatga, payg‘ambarlik mo‘‘jizalariga va karomatlarga ishonmaydilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 06:47:44

4. Ma’lum bo‘ldiki, mo‘‘tazila o‘zining mazhabini besh usulga binoan qurgan. Bu usullar o‘zlariga xasum hisoblagan «ahli sunna val jamoa» mazhabiga aslo muvofiq kelmaydi. Shuning uchun xasumlariga g‘olib kelish maqsadida har bir usulga Qur’oniy hujjat tayyorlagan. Buning uchun Qur’on oyatlariga o‘z aqidasi nuqtai nazaridan qarab, o‘ziga hujjat bo‘ladigan ma’noda tafsir qilgan.
Shubha yo‘qki, bunday tafsirni yozish uchun naqldan ko‘ra aqlga qattiq e’timod qiladigan kuchli mahorat talab qilinadi. Toki mufassir oyatlarning ma’nosini o‘z tarafiga burish va xasumiga qarshi yo‘naltirishga imkoni bo‘lsin. Mo‘‘tazila firqasining tafsirini mutolaa qilgan kishi, bu tafsir asosan mutlaq tanzih, adl va fikr erkinligiga qurilganini fahmlash mumkin. Oyatlarning zohiri bir-biriga zid, ammo uni aql bilangina hukm qilinadiganlariga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Ilgari mutashobih oyatlar kelganda, sahoba va tobi’iylardan qilingan naql bilan kifoyalangan bo‘lsa, endi mutashobehlar kelganda sukutni afzal bilingan va ilmini Allohga havola qilingan.

Mo‘‘tazilaning yana bir tajovuzkorligi shundaki, ular aqlga berilib ketib, o‘z e’tiqodlariga zid keladigan sahih hadislarni ham inkor etadigan bo‘ddi. Demakki, ularning tafsirida aql hokimi mutlaq maqomiga chiqib oldi. Hattoki mo‘‘tazila firqasi o‘z e’tiqodiga muoriz bo‘lgan hadislarni rad etishgacha bordi.

Biz mo‘‘tazilani, u hadislardan butunlay chiqqan va naqliy tafsirlarni tan olmaydi, deb ayblamoqchi emasmiz. Chunki uning naqliy tafsirga munosabatini An-Nazzomning mufassirlarga haddan ortiq erk bermaslik to‘g‘risidagi hukmidan ham bilishimiz mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 06:52:19

Al-Johiz ustozi An-Nazzomning mufassirlar to‘g‘risida aytgan gapini shunday rivoyat qiladi: «Al-Johiz aytadi: «Abu Ishoq shunday derdi: «Mufassirlar garchi odamlar orasida o‘zlarini yuqori tutsalar va ularning ko‘plab savollariga javob bersalar ham, ularga juda erkinlik berib yubormanglar. Chunki, ularning ko‘pchiligi asossiz, naqlga suyanmasdan gapiradi. Odamlar nazdida olimning mahbubrog‘i hozirjavobrog‘idir. Sizlarning huzuringizda Ikrima, Al-Kalbiy, As-Sadiy, Az-Zahhok, Muqotil ibn Sulaymon, Abu Bakr Al-Asam bir yo‘ldadir. Men qanday qilib u mufassirga ishonayki, Alloh Ta’oloning

وَأَنَّ الْمَسَاجِدَ لِلَّهِ

«Va annal masajida lillahi» (Tarjima: Albatta barcha masjidlar Allohnikidir) (Jin, 18) degan oyati karimasini «Alloh Ta’olo bu oyat bilan biz namoz o‘qiydigan masjidlarni aytayotgani yo‘q, balki peshona, qo‘l, burun va sajdada yerga tegadigan boshqa a’zolar» deb tafsir qilsa,

أَفَلا يَنْظُرُونَ إِلَى الإبِلِ كَيْفَ خُلِقَتْ

«Afala yanzuruna ilal-ibili kayfa xuliqot» (Tarjima: Axir ular tuyaning qanday yaratilganiga qaramaydilarmi?)( G’oshiya, 17) degan oyati karimasini «Alloh Ta’olo erkak yoki urg‘ochi tuyani nazarda tutayotgani yo‘q balki bulutni nazarda tutyapti» deb tafsir qilsa,

وَطَلْحٍ مَنْضُودٍ

«Va tolhim manzud» (Tarjima: Tizilgan bananzorlarda) oyatini «banan» deb tafsir qilsa, va hokazo». (Al-Johiz. Al-Hayvon. 1-j. 168-170-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 07:00:00

Mo‘‘tazilaning eng ulug‘ mufassirlaridan bo‘lgan Az-Zamaxshariy ham Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan va boshqa salaf ulamolaridan juda ko‘p tafsirni rivoyat qilgan va unga e’timod qilgan.

Mo‘‘tazila mufassirlarining e’tiqodlaricha, har bir mufassir oyatdan chiqargan ma’no ayni Allohning murodidir. Bu fikr «ahli sunna val-jamoa» mazhabi e’tiqodiga zid. Chunki, ularning e’tiqodicha, oyatning ma’nolaridan faqat bittasi Allohninng murodi, qolganlari esa muhtamal ma’nolar hisoblanadi. Allohning murodini topgan mufassir ikki ajrga, topolmagani esa bir ajrga ega bo‘ladi.

Mo‘‘tazila mufassirlari Qur’on oyatlaridagi har bir so‘zning lug‘aviy ma’nosiga qattiq ahamiyat berib, ularning sinonimlaridan o‘z mazhablarini quvvatlash va noqulay vaziyatlardan qutilish yo‘llarini qidiradilar. Masalan: «Al-Qiyomat» surasining 22-23- oyatlari:

وُجُوهٌ يَوْمَئِذٍ نَاضِرَةٌ (٢٢) إِلَى رَبِّهَا نَاظِرَةٌ

«U kunda ba’zi yuzlar yashnovchi, Pavardigoriga boqib turuvchidir». (Qiyomat, 22-23.)

va  «Al-Mutoffifin» surasining 23-oyati:

عَلَى الأرَائِكِ يَنْظُرُونَ

«Ular so‘rilarda (ne’matlarga) boqurlar». (Mutoffifun, 23) tafsirida mo‘‘taziliylar «ahli sunna val-jamoa» boqqan ko‘zlar bilan emas, boshqacha ko‘zlar bilan boqishlarini iddio qilishadi. Ularning e’tiqodicha, Allohga nazarning ma’nosi uning rahmatiga umid va ne’matining kelishini kutib turmoqdir. Masalan: «Men falonchiga qarab turibman», — degani «uning kelishini kutib turibman» deganidir, deb Qur’on oyatlari ochiq-oydin bildirib turgan ma’nolarni o‘z e’tiqodlariga moslab ta’vil qiladilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 07:08:17

«Al-Furqon» surasining 31-oyati:

وَكَذَلِكَ جَعَلْنَا لِكُلِّ نَبِيٍّ عَدُوًّا مِنَ الْمُجْرِمِينَ

«Biz (sizdan oldingi) har bir payg‘ambar uchun ham jinoyatchi kimsalardan mana shunday dushmanlar qilganmiz». (Furqon, 31) tafsirida, oyatdagi «ja’alna(qilganmiz, yaratganmiz)» so‘zining ma’nosi ularning e’tiqodiga mos kelmagani uchun, mo‘‘taziliylar ulamolardan bo‘lgan Al-Jubboiy uni «bayyanna(bayon qilganmiz)» ma’nosiga ta’vil qilgan. U holda oyatning ma’nosi: «Albatta, Alloh Ta’olo har bir payg‘ambarga ehtiyot bo‘lsin uchun dushmanini aytib bergan», — degan ma’noga o‘zgarib ketadi. (Al-Faxr Ar-Roziy. Mafotiyhul-g‘ayb. 6-j. 471-b.) Ammo mo‘‘taziliylarning: «Har bir inson o‘z taqdirini o‘zi yaratadi, ularning ishlari avvaldan yozib qo‘yilgan emas», — degan e’tiqodlariga esa dalil topiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 07:12:46

Mo‘‘tazila mufassirlari shuningdek, o‘z aqidalarini himoyalash maqsadida, Qur’on oyatlarining mutavotir qiroatlarini ham bekor qilib, mutavotir bo‘lmagan yoki Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan vorid bo‘lmagan rivoyatlarni qabul qiladilar. Masalan: «An-Niso» surasininng 164-oyati:

وَكَلَّمَ اللَّهُ مُوسَى تَكْلِيمًا

«Alloh Muso bilan (bevosita) gaplashdi» (Niso, 164) tafsiridan ko‘rinib turibdiki, Alloh Ta’olo Muso (a.s.) bilan Tur tog‘ida ovoz orqali gaplashdi. Oyatdan chiqadigan ma’noni hech qanday majozga ehtimolini qoldirmaslik uchun oxirida «takliyma» masdarini ham keltirdiki, bu masdar jumlaning ma’nosini tasdiqlash va ta’kidlash uchun kelgan. Oyatdagi bunday ma’no esa, mo‘‘taziliylar e’tiqodiga to‘g‘ri kelmaydi. Darhol ular oyatning barcha qurrolar qiroat qilgan mutavotir yo‘lini bekor qilib, uning qiroatiga o‘zgarish kiritishdi va gapiruvchi bilan eshituvchining o‘rnini almashtirishdi. Natijada, Alloh emas, balki Muso gapirgan bo‘lib qoldi.

Mo‘taziliy mufassirlarning ba’zilari esa, oyatning mutavotir qiroatiga tegishmadi, balki «kallama(gapirdi)» so‘zining uzoq ma’nosi(jarohatladi)ni ta’vil qilishdi, natijada, oyatning ma’nosi: «Alloh Ta’olo Musoni mehnat-mashaqqat va fitnalar tirnog‘i bilan jarohatladi», — degan ma’noga o‘zgardi.

Oyatga bunday ma’no berishning naqadar bema’no ekanligini mo‘‘taziliy mufassirlarning eng ulug‘i hisoblangan Az-Zamaxshariy ham e’tirof etadi: «Ibrohim va Yahyo ibn Vassob oyatdagi «Alloh» lafzini nasb(maf’ul, eshituvchi) qilib o‘qiganlar. Kimki, «kallama» so‘zini «kalm(jarohat)» ma’nosida tafsir qilsa va oyatga «Alloh Ta’olo Musoni mehnat-mashaqqat va fitnalar tirnog‘i bilan jarohatladi» deb ma’no bergan bo‘lsa, u bid’atchilarning eng kattasidir». (Az-Zamaxshariy. Al-Kashshof. 1-j. 397-398-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 07:17:59

«Al-Baqara» surasining 88-oyati:

وَقَالُوا قُلُوبُنَا غُلْفٌ

«Dillarimiz (Islom) uchun berk», — deydilar» (Baqara, 88) tafsirida mo‘‘taziliylar bu oyatning ochiq-oydin «Islomni qabul qilmaydigan qalbni ularga(yahudiylarga) Alloh tabiiy yaratib bergan» ma’nosi o‘zlarining aqidasiga mos emasligini bilib qolishdi. Oyatdagi «(Islom) uchun berk» deb tarjima qilinadigan «g‘ulf» so‘zini «g‘uluf(idish)» so‘ziga o‘zgartirishdi. Natijada oyatning ma’nosi: «Dillarimiz ilmning idishi-konidir. Biz Muhammad (s.a.v.) singari payg‘ambarlar olib kelgan narsalar (Qur’on, shariat, ilm)ga muhtoj emasmiz», — degan ma’noga o‘zgardi.

Mazkur oyatdagi «g‘ulf» so‘zining ta’vilini Az-Zamaxshariy ham, Ar-Roziy ham e’tirof etgan.

Az-Zamaxshariy aytadi: «Ba’zilar «g‘uluf» so‘zini «g‘ulf», ya’ni «g‘ilof» ning ko‘pligi tarzida qiroat qilganlar. Uning ma’nosi: «Dillarimiz ilmning idishidir. Biz o‘zimiz bilgan narsa bilan boshqalar keltirgan narsadan behojatmiz», — deganidir. Abu Amrdan esa ikki zamma bilan«g‘uluf» lafzida qiroat qilingani aytilgan». (Az-Zamaxshariy. Al-Kashshof. 1-j. 224-b.)

Ar-Roziy aytadi: «Al-Asamning rivoyat etishicha, ularning dillari ilmning idishi, hikmat bilan to‘ladir. Ular o‘zlaridagi ilm-hikmat tufayli, Muhammad (s.a.v.) olib kelgan shariatga muhtoj emaslar». (Al-Faxr Ar-Roziy. Mafotiyhul-g‘ayb. 1-j. 615-b.)

Oyat lafzini mutavotir qiroatdan o‘zgartirib, shoz qiroatga asoslangani va ta’vil qilganini ko‘rib turib ham ikki ulug‘ mufassir e’tiroz va munosabat bildirmadi. Shundan ma’lum bo‘ladiki, mo‘‘taziliy olimlar o‘z aqidalariga Qur’onni muvofiqlashtirish uchun hech narsadan qaytishmaydi va hamma usullarni qo‘llab ko‘rishadi. Ular Qur’oni Karim yo‘liga yurishni emas, balki Qur’on ularning yo‘llariga, mazhablariga yurishni istashadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Oktyabr 2008, 07:45:26

5. Mo‘‘tazila ulamolari «ahli sunna val-jamoa» jumhuri tomonidan tasdiq etiladigan haqiqiy diyniy narsalarning mavjudligini butunlay inkor etadilar. Masalan «ahli sunna» sehrni va uning ta’sirini, jinning mavjudligi va u insonga yetkazishi mumkin bo‘lgan zararni, avliyolarning karomatlari ham haqligini e’tirof etadilar.

Mo‘‘taziliylar esa bularning barchasini xurofot, tabiat ashyolarining xossasiga muxolif bo‘lgan narsalar deb hisoblaydilar.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ning sehrlanganliklari to‘g‘risidagi hadisni yo inkor etadilar yoki ta’vil qiladilar. «Al-Falaq» surasining tafsirida esa Az-Zamaxshariyning «Al-Kashshof» tafsirida bayon etgan ta’vilini keltirib qutulib ketishga urinadilar.

Mo‘‘taziliylarning shayxlaridan An-Nazzom jinning mavjudligini butunlay tan olmasa, Az-Zamaxshariy jinning o‘zini e’tirof etgan holda, uning ta’sir quvvatini inkor etadi. Jinlar haqidagi Qur’on oyatlarini, Payg‘ambarimiz (.s.a.v.)dan rivoyat qilingan sahih hadislarni ta’vil qiladi.

Qayd etilgan