Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391742 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 B


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 08:01:34

4. Alloma Tojiddin As-Sabukiy o‘zining «Mu’idun-ni’am va mubidun-niqam» kitobida shunday yozadi: «Bilingki, albatta «Al-Kashshof» tafsiri ulug‘ kitobdir, uning muallifi o‘z fanida imomdir. Lekin u bid’atchi odam bo‘lib, o‘z bid’atini oshkora qiluvchidir. Payg‘ambarning qadrini tushirishdan, «ahli sunna»ga beadablik qilishdan tortinmaydi.

As-Sabukiyning otasi Ash-Shayx Taqiyuddin As-Sabukiy «Al-Kashshof»ni mutolaa qilib o‘tirgan edi. «At-Takvir» surasining 19-oyati

إِنَّهُ لَقَوْلُ رَسُولٍ كَرِيمٍ

«Albatta, u (Qur’on) bir ulug‘ elchi (Jabroil)ning so‘zidir» (Takvir, 19.) tafsiriga kelganda, darhol kitob sahifasidan yuz o‘girdi va bir varaq oq qog‘oz olib unga: «Al-Kashshof»ni o‘qishdan voz kechganligimning sababi» — degan ogohnoma yozdi. Unda shunday deyiladi:

«Men Az-Zamaxshariyning tafsirida har qancha foydalar bo‘lmasin, uning «Alloh sizni afv etdi» (Tavba, 43.) oyati, «At-Tahrim» surasi va boshqa joylardagi oyatlarning tafsirida butun maxluqotning sarvari bo‘lgan Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga qilgan beadabchiliklarini ko‘rib, Payg‘ambarimiz (s.a.v)dan uyalganimdan uning tafsirini o‘qishdan butunlay yuz o‘girdim».

Hamyurtimiz, tafsir sohasining ulug‘ shayxi Jorulloh az-Zamaxshariyning «Al-Kashshof» tafsirini e’tiqod nuqtai nazaridan emas, uslub nuqtai nazaridan mutolaa, tahlil va xulosa qilishni toliblarga havola etamiz.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 08:02:36

Tayanch iboralar: «Jomi’ut-ta’vil li muhkamit-tanzil», «Bag‘iyyatul vu’ot fiy tabaqotun nuhot», «Qozil-quzot(qozilar qozisi)», oqil va mukallaf insonlar, shaytonning ta’siri, vasvasa bilan qilinadigan ta’sir, «bor, Alloh bilan qo‘l berib so‘rash, quchoqlash, silash!», Allohda shakl va rang yo‘q ekan, uni ko‘z bilan ko‘rish mumkin emas, «savoblarining ko‘pligidan yuzlari yashnaydi», «Momaqaldiroq Allohga qanday tasbeh aytadi?», ashaddiy mutaassib olim, Qozi Abduljabbor, «Al-Muhojot», «Al-Mufassal», «Al-mufrad val-murakkab», «Al-Foiq», «Asosul-balog‘a», «Ruusul-masoil» «Vafayotul a’yon» muallifi shunday yozadi: «Az-Zamaxshariyning e’tiqodi mo‘‘taziliydir. U o‘zining e’tiqodini yashirmasdan, aksincha faxrlanib yurgan. Aytishlaricha, u biror kishining huzuriga borsa, eshik qorovuliga: «Abul Qosim mo‘‘taziliy kelib, eshik oldida kirishga izn so‘rayapti, deb aytgin»,  deb buyurar ekan, U «Al-Kashshof»ni yozish asnosida hamdu sano xutbasini: «Qur’onni yaratgan Allohga hamd bo‘lsin!» — deb boshlagan ekan, Odamlar undan butunlay yuz o‘girishgan, ziyoratiga kelmay qo‘yishgan, Keyin u «xolaqo» (yaratdi) so‘zini «ja’ala» (qildi) so‘ziga almashtirgan, xolbuki, mo‘‘taziliylarning nazdida bu so‘z ham «yaratdi» ma’nosidadir, «firqai nojiya» deb ataluvchi «ahli sunna val-jamoa» haqida juda fahsh gaplarni gapiradi, Ularga hatto «mulhid», «kofir»lik nisbatlarini beradi, Bunday jur’at qalbi pok, imoni bebok ulamolarning emas, balki beadab, esi past odamlarning ishidir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  06 Noyabr 2008, 08:03:58

O’tilganlarni takrorlash uchun savollar:

1. Mo‘tazila firqasi e’tiqodi bo‘yicha tafsir yozgan olimlardan kimlarni bilasiz?
2. Qozi Abduljabborning tarjimai holi va yozgan asarlarini bilasizmi?
3. Uning «Tanziyhul Qur’on anil-matoin» tafsiri qanday uslub bilan yozilgan?
4. Az-Zamaxshariyning tarjimai holi. Uning «Al-Kashshof» nomli tafsiridan boshqa yana qanday asarlarini bilasiz?
5. Az-Zamaxshariyning tafsiriga ulamolar qanday baho berganlar?

Tavsiya etiluvchi va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. T. 2001.
2. Ad-Dovudiy. Tabaqotul-mufassirin.
3. Az-Zamaxshariy. Al-Kashshof.
4. Ibnul Qayyim Al-Javziy. E’lomul-muvaqqiniyn.
5. Al-Itqon. As-Suyutiy, 2-j.
6. Al-Hofiz ibn Hajar. Lisonul-mezon. 4-j.
7. Ibn Taymiyya. Muqaddimatu usulut-tafsir.
8. Ar-Rog‘ib Al-Isfahoniy. Muqaddimatut-tafsir.
9. Imom Al-Buxoriy. Al-Jome’ As-Sahih. 1-4-jildlar. T. 1998.
10. Muhammad Husayn Az-Zahabiy. "œAt-tafsir val-mufassirun". Qohira. 1381-hijriy. 1-juz’.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:20:41

31- MAVZU. SHIY’ALAR TAFSIRI

Dars rejasi:
1.  Shiy’alar toifasining uch guruhga bo‘linib ketishi.
2.  Shiy’alar tafsirining «ahli sunna val jamoa» tafsiridan farqi.
3.  Shiy’a ulamolarining mashhur tafsirlari.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:23:31

1. Islomning dastlabki davrida Islom olami hokimiyat uchun kurashuvchilar tomonidan guruhlarga bo‘lingan bo‘lsa, keyinchalik bu bo‘linish diniy ta’limotdagi tafovut shaklida barqarorlik tusini oldi. Hozirgi davrda Islom olami katta-katta ikki yo‘nalishga ajragan bo‘lib, birinchisi ahli sunna val-jamoa deb nomlansa, ikkinchisi shiy’a(Z. Husniddinov. Islom: yo‘nalishlar, mazhablar, oqimlar. Toshkent. «Movarounnahr», 2000 y. 26-b.) deb ataladi.

Shiy’alar xuddi sunniylar kabi Qur’oni Karimni ilohiy deb e’tirof etsalarda, dastlabki uch xalifa davrida uning ayrim qismlari tushirib qoddirilgan deb hisoblaydilar. Payg‘ambar hadislarining esa hammasini e’tirof etmaydilar, balki faqat Hazrat Ali (r.a.) va u kishining tarafdorlari tomonidan rivoyat qilingan hadislarnigina tan oladilar. Ular shunday hadislardan iborat to‘plamlar tuzganlar va bu to‘plamlarni «Axbor» deb ataydilar.

Tarix olimlarining ta’kidlashlaricha, shiy’a.lar uch toifaga: Az-Zaydiyya, Al-G’oliyya va Al-Botiniyyaga bo‘linganlar.( Z. Husniddinov. Islom: yo‘nalishlar. mazhablar, oqimlar. Toshkent: «Movarounnahr», 2000 y. 27-b.) Ularning har biri yana oltitadan firqalarga bo‘lingan bo‘lib, jami shiy’a firqalari o‘n sakkiztani tashkil qiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:26:24

Az-Zaydiya toifasi Zayd ibn Ali ibn Husayn ibn Ali (r.a.)ga nisbat beriladi. Bu toifa bir-biridan mustaqil olti firqa: Al-Jorudiya, Al-Muxtari’iya, Al-Mutrifiya, As-Solihiya, As-Sulaymoniya va Al-Ya’qubiyaga bo‘linib ketganlar. Az-Zaydiya toifasining imomlari Abu Al-Jorud, Ziyod ibn Al-Munzir, Ja’far ibn Muhammad, Al-Hasan ibn Solih, Muqotil ibn Sulaymon, Ad-Do’iy Nosirul-haq Al-Hasan ibn Ali ibn Al-Hasan ibn Zayd ibn Umar ibn Ali ibn Al-Husayndirlar.(Shiy’alarning uch toifaga bo‘linishi Abdul Qohir ibn Tohir At-Tamimiyning «Al-farq baynal-firaq» kitobida boshqacharoq talqin etilgan, ya’ni u shunday deb yozadi: «Biz avvalda aytib o‘tganimizdek, rofiziylarning Az-Zaydiyya guruhi uch firqaga, Al-Kaysoniyya guruhi ikki firqaga, Al-Imomiya guruhi o‘n besh firqaga bo‘linadi». Shiy’a rofiziylarining bo‘lingan uch guruhi nomlarini Az-Zaydiyya, Al-Kaysoniyya, Al-Imomiyya deb ataydi. Bunda hech ajablanarli jihat yo‘q. Chunki, avvalgi manbada Al-G’oliyya firqasi asosiy firqa deb sanalib, Al-Kaysoniyya undan ajralgan firqalar qatorida, Al-Botiniyya asosiy deb sanalib, undan chiqqan firqa yoki uning ikkinchi nomi deyilgan bo‘lsa, At-Tamimiy firqalarning nomini almashtirib zikr etgan.

Bunday ixtiloflar boshqa olimlarning kitoblarida ham mavjud. Masalan, Abu Iso Muhammad ibn Horun Al-Varroq o‘z kitobida Az-Zaydiyya toifasini sakkiz firqaga bo‘linganini aytgan bo‘lsa, Abul Hasan Al-Ash’ariy «Maqolotul Islomiyyin» kitobida Az-Zaydiyya toifasi olti firqaga bo‘linishini aytgan. Abdul Qohir ibn Tohir At-Tamimiy. «Al-farq baynal-firaq». 29-b.)


Bu imomlarning hammasi mo‘‘taziliylarning Al-Qadariyya firqasi e’tiqodi (ya’ni, Allohning qazo va qadarini tan olmaslik, Qur’onning maxluq ekanligi, o‘lgan kishiga qabr azobining va munkar-nakir savollarining bo‘lmasligi, shafoat va mag‘firat qilingan osiylarning do‘zaxdan chiqarilmasligi, ahli jannatlarning Allohni ko‘rolmasliklari)ni to‘la tasdiq etadilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:31:34

Az-Zaydiyya toifasining ko‘p firqalari far’iy masalalarda Imom Abu Hanifa mazhablariga muvofaqat qilsalarda, ba’zi masalalarda ixtiloflari ham mavjud. Lekin bu firqalarning o‘zaro ixtiloflari bor bo‘lib, ular bir firqani ikkinchisidan ajratib turadi.

«Az-Zaydiya firqasi ulamolari tomonidan Qur’on tafsiri borasida juda ko‘p asarlar yozilgan bo‘lsa-da, ular hozirgacha saqlanmagan. Faqat Ash-Shavkoniyning «Fathul qodir» nomli tafsirini va Shamsuddin Yusuf ibn Ahmadning «As-Samarotul yoni’a» nomli tafsirigina mavjud. Ammo Ibn An-Nadimning fehristida quyidagi tafsirlarning nomlari uchraydi.

Az-Zaydiya firqasiga tegishli Muqotil ibn Sulaymon ikki tafsir yozgan, biri «Kitobut-tafsirul kabir», ikkinchisi «Kitobu navodirut-tafsir», Imom Zayd ibn Alining «Tafsiru g‘ariybil Qur’on»i, Ismoil ibn Ali Al-Bustiyning «Tafsir»i, Muhsin ibn Muhammadning «At-Tahzib»i, Atiya ibn Muhammad(vafoti 665-h.)ning tafsiri, Hasan ibn Muhammad As-San’oniy (vaf. 791-h.)ning «At-taysir fit-tafsir»ining ro‘yxatini topdim». (Muhammad Husayn Az-Zahabiy. At-tafsir val-mufassirun. Qohira. 2000 y. 7-nashr. 1-j. 207-208-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:33:23

Shiy’alarning ikkinchi toifasi Al-G’oliyya deb nomlanadi. Ularning Hazrat Ali (r.a.) xususlarida haddan ortiq g‘uluvga ketganlari, hatto ba’zilari Hazrat Alini iloh, ba’zilari payg‘ambar deyishlikkacha borganlari sababli shu nom bilan atalgan. Bu toifa ham olti firqaga: Al-Xitobiyya (O’sha manba, 45-b.), Al-Bayoniyya (O’sha manba, 45-b.), Al-Mufavviziyya (O’sha manba, 47-b.) (As-Sahhobiyya), Al-Mug‘iyriyya (O’sha manba, 47-b.), Al-Mansuriyya (O’sha manba, 48-b.), As-Sabboiyya (O’sha manba, 48-b.) bo‘linadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:34:22

Shiy’alarning uchinchi toifasi Al-Botiniyadir. Bu toifani «Qaromita», «Ta’limiya», «Xurramiya» degan laqablar bilan ham aytiladi.

Al-Botiniyya toifasi ham olti firqaga bo‘linadi. Bu firqalar: Al-Kaysoniya, An-Nusayriya, Al-Jariyriya, At-Tariyqiya, Al-Imomiyya va Al-Ismoiliya, deb nomlanadi. Bu olti firqa bilan shiy’alarning umumiy firqalari soni ham xorijiylar va mo‘‘taziliylar singari o‘n sakkiztani tashkil etadi.

Abu Homid Al-G’azzoliyning aytishicha, botiniylar toifasining sakkizta laqabi bor: Al-Botiniya, Al-Qaromita, Al-Xurramiya, Al-Ismoiliya, As-Sab’iya, At-Tobikiya, Al-Muhmarra, At-Ta’limiya.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:41:58

Al-Botiniyya deyilishiga sabab, ularning fikricha, har bir mevaning tashqi po‘stlog‘i va ichki mag‘zi bo‘lganidek, Qur’on oyatlarining ham zohiriy ma’nosi va har bir oyatdan tushuniladigan botiniy ma’nosi ham borki, zohiriy ma’nolari johillar va farosatsiz kishilarning nazdida ulug‘lik kasb etsa, botiniy ma’nolari aqlli, farosatli kishilarga yashirin haqiqatlar yo‘lini ochadi. Kimki Qur’onning botiniy ma’nolariga chuqurroq kirib borib tushunishdan, uning sir-asrorlarini fahmlashdan uzoq bo‘lsa va zohiriy ma’nolari bilangina kifoyalansa, og‘ir riyozatlar, mashaqqatlar va boshqa shar’iy vazifalar tagida qoladi. Qur’onning botiniy ma’nolarini tushunish darajasiga yetgan kishidan esa barcha majburiyatlar olib tashlanadi, ularning mas’uliyatidan ham qutuladi. Al-Botiniyya o‘z fikrini ushbu oyati karima ma’nosi bilan quvvatlaydi:

وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ وَيَضَعُ عَنْهُمْ إِصْرَهُمْ وَالأغْلالَ

«Nopok narsalarni ularga harom qiladi hamda ularning yuklarini va ustilaridagi kishan(qiyinchilik) larini olib tashlaydi». (A’rof, 157)

Holbuki, bu oyati karimaning to‘liq ma’nosi botiniylarnint foydasiga emas, aksincha zarariga hujjat ekanligi ko‘rinib turibdi.

Qayd etilgan