Rahmatulloh Obidov. Qur'on va tafsir ilmlari  ( 391836 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 B


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:46:11

2. Imom Al-G’azzoliy aytadi: «Bu mal’un toifaning maqsadi shariatni buzish, e’tiqodni aynitish, odamlarni diniy qonun-qoidalardan, unga tez-tez murojaat qilishdan chalg‘itishdir».

Botiniylarning Al-Jariyriya firqasi Jarir ibn Sulaymon Ar-Riqqiyning tobe’laridir. Ularning e’tiqodiga ko‘ra, har bir erkak to‘rttadan ortiq xotinga ega bo‘lishi mumkin. Birovning joriyasini(cho‘risini) vaqtincha olib, u bilan aloqada bo‘lish mumkin. Hajga ehrom kiygan kishi e’romdan chiqish uchun butun badani(boshi, oyoq-qo‘li, soqoli)ning yungini oldirishi lozim bo‘ladi. Kitning go‘shtini yeyish harom qilingan. Holbuki, bunday e’tiqod Qur’oni Karim oyatlariga butunlay xilofdir. Allohning oyati karimalarida:

وَإِنْ خِفْتُمْ أَلا تُقْسِطُوا فِي الْيَتَامَى فَانْكِحُوا مَا طَابَ لَكُمْ مِنَ النِّسَاءِ مَثْنَى وَثُلاثَ وَرُبَاعَ فَإِنْ خِفْتُمْ أَلا تَعْدِلُوا فَوَاحِدَةً أَوْ مَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ ذَلِكَ أَدْنَى أَلا تَعُولُوا

«Agar yetimlarga adolatli bo‘lolmaslikdan qo‘rqsangiz, sizlarga halol bo‘lgan ayollardan ikkita, uchta, to‘rttasiga uylanaveringlar. Bordi-yu ular o‘rtasida odil bo‘la olmaslikdan qo‘rqsangiz bir ayolga (uylaning) yoki qo‘l ostingizdagi cho‘rilar bilan kifoyalaning». (Niso, 3.)

أُحِلَّ لَكُمْ صَيْدُ الْبَحْرِ وَطَعَامُهُ مَتَاعًا لَكُمْ وَلِلسَّيَّارَةِ وَحُرِّمَ عَلَيْكُمْ صَيْدُ الْبَرِّ مَا دُمْتُمْ حُرُمًا

«O’zingiz va sayyohlar foydalanishligi uchun sizlarga dengiz ovi va taomi(baliqlari) halol qilindi. Biroq, modomiki, ehromda ekansizlar, sizlarga quruqlik ovi harom qilindi», (Moida, 96) deb hukm qilingan. Bu oyatlarning mazmunidan mazkur firqaning e’tiqodi botil ekanligi ochiq ko‘rinib turibdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:49:36

Botiniylarning e’tiqodicha, Qur’oni Karim «Allohning kalomi emas, balki undan oldingi insonlar qo‘li bilan buzib yozilgan «muqaddas kitoblar» singari payg‘ambarlar yozgan kalomdir. Har bir payg‘ambar o‘z millatini o‘zi xohlagan narsaga ibodat qilishni talab etganidek, Muhammad (s.a.v.) ham arablarni shunga da’vat qilgan. Uning da’vati kuchli bo‘lgani uchun atrof mamlakatlarga va boshqa millatlarga ham keng yoyilgan, uning obro‘si yuqorilashib, viloyatlari kengayib, bizning ota-bobolarimiz yerlarini ham bosib olgan. Biz u bilan tenglashishga ojizmiz. Bizning vazifamiz, Muhammad ummatlaridan ba’zi bir toifani, masalan: aqli zaifroq, fikri sayozroq, bizning aqidamizni va maqsadimizni chuqurroq tushunishdan ojiz bo‘lganlarini yo‘ldan uramiz», — deydilar va shariatni inkor qiluvchi, payg‘ambarlarni takzib qilib, qiyomat, hisob-kitob, jannat, do‘zaxni yo‘q, deb o‘rgatuvchi kitoblar yozadilar. Bularning asosiy maqsadi faqat musulmonlardan o‘ch olish, musulmonlar ustidan hokimlikni qo‘lga olishdan iborat. Xususan mazkur firqalarning orasida musulmonlarga nisbatan adovati eng kuchlisi botiniylardir».

Yuqorida sanab o‘tilgan firqalarning aqidaviy buzilganligi shundaki, ular ham o‘zlarini musulmon deb xisoblaydilar, ta’nalar yetkazsalar-da, Muhammad (s.a.v.)ni payg‘ambar deb tan oladilar. Lekin ba’zi masalalarda «kuraqda turmaydigan» fikrlar aytadilar va o‘z e’tiqodlarini isbotlash uchun Qur’on oyatlarini noto‘g‘ri tarjima qilishdan toymaydilar hamda o‘z ra’ylariga burib oladilar. Masalan «As-Saba’iyya» firqasi Qur’ondagi «ra’d»-momaqaldiroqni Alining ovozi deb tarjima qiladilar. «Qasos» surasidagi

إِنَّ الَّذِي فَرَضَ عَلَيْكَ الْقُرْآنَ لَرَادُّكَ إِلَى مَعَادٍ

«(Ey Muhammad), albatta, Sizga (ushbu) Qur’onni farz qilgan Zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir»(Qosos, 85.) degan oyatning ma’nosini «Muhammad (s.a.v.)ni Alloh Ta’olo yaqinda hayoti dunyoga qaytaradi» — deb ta’vil qilishadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:55:25

«Al-Bayoniya» firqasining boshlig‘i «Oli Imron» surasining 138-oyati

هَذَا بَيَانٌ لِلنَّاسِ وَهُدًى وَمَوْعِظَةٌ لِلْمُتَّقِينَ

«Bu (Qur’on) odamlar uchun bayonot hamda taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat (manbai)dir»ni «Alloh Qur’onda mening nomimni ochiq yozgan. Men Bayonman, men hidoyatman va mav’izaman» deb ta’vil qilgan.

«Qasos» surasining 88-

لا إِلَهَ إِلا هُوَ كُلُّ شَيْءٍ هَالِكٌ إِلا وَجْهَهُ

«Undan o‘zga iloh yo‘qdir. Uning «yuzi»dan boshqa barcha narsa halok bo‘luvchidir» oyati (Insonning yuzi barcha a’zosiga dalolat qiladi. Masalan: «Falonchining yuzidan o‘tolmasdan» degan gap «uning o‘zining hurmatidan» degan ma’noni ifodalaydi)dan chiqadigan ma’noni «Alloh nurdan bo‘lgan erkak qiyofasidadir, Uning yuzidan boshqa barcha a’zolari yo‘q bo‘lib ketadi» deb ta’vil qiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:58:15

«Al-Mug‘iyriya» firqasi yetakchisi «A’lo» surasining 1-

سَبِّحِ اسْمَ رَبِّكَ الأعْلَى

«(Ey Muhammad), eng oliy Zot bo‘lgan Rabbingizga tasbeh ayting!»oyatini ta’vil qilib: «Men Allohning ismi a’zamini bilaman. U hamma narsani yaratishdan oldin O’zining ismi a’zami bilan gapirgan. Ismi a’zam uchib, mening tojim ustiga qo‘ngan», — deb da’vo qiladi.

Shiy’alarning boshqa firqalari, masalan, Al-Mansuriya, Al-Xitobiya, Al-Ubaydiya kabilar ham Qur’on oyatlariga daxl qiladilar va o‘z e’tiqodlariga moslab ta’vil qiladilar. (Muhammad Husayn Az-Zahabiy. At-tafsir val-mufassirun. Qohira. 2000 y. 7-nashr. 2-j. 11-18-b.)

Ularning orasida «Al-Imomiya Al-Isno ashariya» toifasi boshqa firqalardan alohida ajralib turadi. Bu firqaning boshqalarga o‘xshamaydigan o‘ziga xos e’tiqodlari bor. Ular o‘z e’tiqodlarini Qur’onga moslab tuzganlar. Raqiblari bilan ham munozarani Qur’on oyatlariga suyangan holda qiladilar.

Ular o‘zlari e’tiqod qiladigan o‘n ikki imomni hamma narsadan yuqori qo‘yadilar. Ularning fikrlaricha, imomlar Yerning ustunidirlar. Allohning bandalariga yuborgan hujjatidirlar. Ular o‘z imomlarini payg‘ambarlar bilan teng maqomda ko‘radilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:59:18

Qur’on oyatlarini tafsir qilishda imomiyalar bilan mo‘‘taziliylarning fikrlari bir xildir. Bu bir xillik bir-birlarining shayxlariga shogird tushishga ham olib kelgan. Shiy’a ulamolaridan Al-Hasan Al-Askariy, Ash-Sharif Al-Murtazo, Abu Ali At-Tabriziy va boshqa ulamolar o‘zlarining tafsirlarida e’tizoliy fikrlarni to‘la quvvatlaganlar. Hatto Ash-Sharif Al-Murtazo Hazrat Ali(r.a.)ni mo‘‘tazila mazhabida ekanliklarini, balki mo‘‘tazilalarning boshlig‘i ekanliklarini isbotlashga uringan.

Imomiyalar Qur’oni Karimning zohiriy va botiniy ma’nolari bor ekanligida ahli sunna val-jamoaga muvofaqat qiladilar. Ammo ular bu fikrda g‘uluvga ketib, Qur’oni Karimning yetmish yettita botini bor. Qur’oni Karimning zohiriy ma’nolari da’vat uchun Payg‘ambarga berilgan, botiniy ma’nolari esa imomlarga berilgan, deb haddan oshadilar. (O’sha manba, 22-23-bet.)

Qur’oni Karimning «Baqara» surasi, 57-oyati va «Moida» surasi, 55-oyatlari ayni imomlar haqida nozil bo‘lgan, oyatlarda kelgan «jalolat», «iloh», «rab» so‘zlaridan murod imomlardir, deyishadi. Oyatlardagi Alloh Ta’olo o‘zining nomiga nisbat bergan «itoat», «rizo», «g‘ino» va «faqr» sifatlarini imomiyalar: «Bu sifatlar imomga aloqador, Alloh Ta’olo o‘ziga emas, balki imomga itoat qilishni murod qilyapti», — deyishadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 08:59:55

Imomiyalar o‘zlariga beriladigan turli savollar, masalan: «Agar Qur’oni Karim asosan imomlarning sha’ni haqida, ularning dushmanlari yoki muxoliflari haqida vorid bo‘lgan bo‘lsa, Alloh Ta’olo nima uchun bu ma’nolarni ochiq-oydin bayon qila qolmasdan, botiniy ma’nolar bilan ishora qildi?» — degan savoldan qo‘rqishib, undan qutulish yo‘lini izladilar va Qur’oni Karim aslidan tahrif etilgan, buzilgan, degan da’voni chiqardilar. Ularning da’vo qilishlaricha, Hazrat Ali (r.a.) jamlagan va keyinchalik imomlarga meros bo‘lib qolgan Qur’onni hech kim o‘zgartira olmagan. Ammo boshqalar jamlagan Qur’on esa buzilgan, o‘zgartirilgan bo‘lib, «Oli bayt», ya’ni Hazrat Alining nasablari haqidagi oyatlar va Oli bayt dushmanlarining ayblari bayon etilgan oyatlar butunlay o‘chirib tashlangan.

O’z da’volarini isbotlash uchun rivoyatlar ham keltirishadi. Masalan: «Al-Kofiy Ja’far As-Sodiqdan rivoyat qilishicha, Jabroil (a.s.) Muhammad (s.a.v.)ga nozil qilgan Qur’oni Karim o‘n yetti ming oyatdan iboratdir. Qo‘limizdagi mushaflarda bor-yo‘g‘i olti ming ikki yuz oltmish uch oyat bor xolos. Qolganlari esa Oli baytning huzurida Hazrat Ali jamlagan mushafda mavjuddir. (Muhammad Husayn Az-Zahabiy. At-tafsir val-mufassirun. Qohira. 2000 y. 7-nashr. 2-j. 27-b.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 09:01:06

Imomiyalar aytadilar: «Lam yakun» surasida Qurayshdan yetmish kishining nomi va nasabi keng bayon etilgan edi. «Ahzob» surasi kattalikda «An’om» surasi bilan teng edi. Undan Oli baytning fazilatlari bayonini olib tashlangan. Yana Qur’onda «Viloyat» degan sura bor bo‘lib, u ham butunlayin olib tashlangan». (Al-Vashiy’ah, 23-bet.)

Imomiyalar o‘z da’volarini isbotlashga berilib ketib, Alloh Ta’oloning:

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ

«Qur’onni biz nozil dildik va uni biz saqlovchidurmiz» (Hijr, 9.) oyati karimasidan chiqadigan ochiq-oydin ma’noni ham inkor qilishadi va: «Qur’onni Alloh imomlar huzuridagina to‘g‘ri saqlaydi», — deb ta’vil qilishadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 09:02:11

3. Imomiya ulamolarining tafsir borasida qoldirgan meroslari juda kattadir. Ulardan bir nechtasining nomlarini eslab o‘tamiz:

1. Al-Hasan Al-Askariy (vafoti 245 h.);
2. Ali ibn Ibrohim Al-Qummiy (vafoti IV h. asr);
3. Muhammad ibn Mas’ud Al-Ma’ruf Bil-Iyoshiy;
4. Abu Ja’far At-Tusiy (vafoti 460 h.);
5. Al-Fazl ibn Al-Hasan At-Tabriziy (vafoti 538 h.);
6. Muhammad ibn Murtazo(laqabi Mullo Muhsin Al-Koshiy);
7. Hoshim ibn Sulaymon Al-Husayniy (vafoti 1107 h.);
8. Mavlono Abdullatif Al-Kozaroniy;
9. Muhammad Murtazo Al-Husayniy (davri XI asr);
10. As-Sayyid Abdulloh ibn Muhammad Rizo Al-Alaviy (1242);
11. Sulton ibn Muhammad Al-Xurosoniy (davri XIV h. asr);
12. Muhammad Javod An-Najafiy (vafoti 1352 h.) (Muhammad Husayn Az-Zahabiy. At-tafsir val-mufassirun. Qohira. 2000 y. 7-nashr. 2-j. 33-b.)

Yuqorida nomlari keltirilgan mufassirlar Shiy’alarning Imomiya firqasidan bo‘lib, ularning yozgan tafsirlari Misr kutubxonasida mavjud. Bu tafsirlarda mualliflarning qay darajada g‘uluvga ketganlarini ularni mutolaa qilgan toliblar osongina tushunib olishlari mumkin. Chunki mazkur tafsirlar musulmonlarni Qur’on oyatlari ma’nosidan xabardor qilishdan ko‘ra ahli sunna val jamoa fikrlariga raddiya uchun g‘araz bilan yozilgani yaqqol namoyon bo‘lib turadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 09:02:54

Shiy’alarning «Al-Botiniya» toifasidan yangi ajralib chiqqan «Al-Bobiya» va «Al-Bahoiya» firqalari haqida ham alohida to‘xtalib o‘tish zarur. «Al-Bobiya» firqasining asoschisi Mirza Ali Muhammaddir. U bir ming ikki yuz o‘ttiz beshinchi (1235) hijriyda tug‘ilgan. Shiy’alarning nazdida «Bob» deb «Mahdiyning noibi»ga aytiladi. Mirza Ali o‘zini 1260 yilda Bob deb e’lon etdi. Podshoh Sulton Nosiriddin davrida Bob bilan muxoliflari o‘rtasida kelishmovchilik kuchaydi. Natijada fitna bostirilishi uchun «Bob»ni Tabriz shahrida dorga osib, o‘q bilan otib o‘ldirildi. (O’sha manba, 189-b.)

«Al-Bahoiya» firqasining asoschisi Bahoulloh Mirza Husayn Ali 1233 hijriyda tug‘ilgan. Uning mazhabi mashhur bo‘la boshlaganda, Sulton Nosiriddin Shohga suiqasd uyushtirishda ayblanib, qamalgan va to‘rt oydan so‘ng Iroqning Bag‘dod shahriga surgun qilingan. U yerdan Suriyaning Ako qishlog‘iga quvilgan va o‘sha yerda vafot etgan.

Har ikki firqa boshlig‘i ham o‘zlarining shari’atlari Islom shari’atini nosix qiluvchi ekanligini da’vo qiladilar. Shuning uchun ular Qur’oni Karimda kelgan barcha ahkomlarni buzib, yangi hukmlar joriy qilganlar. Hatto «Bob» o‘zi yozgan «Al-Bayon» kitobidan boshqa diniy kitoblarni o‘qish va o‘rganishni harom qilgan. Bahoulloh esa o‘zining «Al-Aqdas» kitobida «Bob»ning fatvosini bekor qiladi va shunday yozadi: «Alloh sizlardan «Al-Bayon» da nozil etilgan «boshqa kitoblarni o‘qimaslik» hukmini afv qildi. Biz sizga o‘zingiz foydalanadigan barcha ilmlarni o‘qishga ijozat beramiz». (Bahoulloh. Rasoilul isloh. 3-j. 100-bet.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Noyabr 2008, 09:03:43

Ularning e’tiqodicha, Alloh goh-gohida olimlarga tushib turadi. Bahoulloh o‘z kitobida shunday yozadi: «Bizlar uchun Alloh Ta’olo bilan shunday holatlar borki, bu holatlarda biz Allohmiz, Alloh esa bizdir». (O’sha manba, o‘sha sahifa.)

«Al-Bob» va Al-Bahoiya» firqalari ahli sunna val-jamoa fikrlariga eng ashaddiy dushmanlarcha munosabatda bo‘ladilar. Ammo ularning tafsir sohasida mukammal yozilgan birorta kitoblari mavjud emas. Ahli sunna val-jamoa bilan munozara uchungina zarur bo‘lgan oyatlar yoki suralarni tafsir qilishib, maqsadlarini Botiniylar e’tiqodiga burib olib keladilar.

Bahoulloh Qur’onda kelgan «sirot», «zakot», «siyom», «haj», «ka’ba, «baladul harom» singari so‘zlarni ta’vil qilib, ularning baridan murod imomlardir, deydi. Abu Ja’far At-Tusiy Abu Abdulloh Bahoga: «Siz Allohning kitobidagi sirotmisiz? Siz zakotmisiz?, Siz Hajmisiz?» — deb so‘raganda, Abu Abdulloh shunday degan: «Ey birodar, biz Allohning kitobidagi sirotmiz, hajmiz, zakotmiz, harom oylarmiz, harom shaharmiz, Ka’batullohmiz, qiblatullohmiz va biz Allohning yuzimiz!» — deb javob bergan.

Qayd etilgan