Abul Fazl Al-Marisiy ilmiy tafsir haqida shunday deydi: «Qur’on avvalgilar va oxirgilarning ilmlarini o‘zida jam qilgan, shu ma’nodagi, Qur’ondagi ilmning haqiqati avvalo, Allohda jam bo‘lgan, keyin muayyan qismi Rasululloh (s.a.v.)da jam bo‘lgan, undan ba’zisiga esa to‘rt xalifa, Ibn Mas’ud, Ibn Abbos (r.a.) kabi sahobalar ega bo‘lganlar. (As-Suyutiy. Iklil. 2-bet.)
Tobe’iylar ham ana shu komil ilmdan nasibador bo‘lganlar. Keyin esa odamlarning himmati kamayib, sahobalar va tobe’iylar ko‘targan ilm yukini ko‘tara olmay qoldilar. Har kim ilohiy ilmni o‘z yo‘llariga burib olishga harakat qilib, o‘zlarining mazhablari va e’tiqodlariga munosibini olib, qolganini tark eta boshladilar. Natijada Qur’oni Karimning ilm dengizidan har kim o‘zi uchun ariq qazib oldi. Buning oqibatida bir-biridan farq qiladigan ilm tarmoqlari yuzaga keldi va qurrolar (Ibn Abbos(r.a.) shunday deganlar: «Men tuyamning ipini yo‘qotib qo‘ysam ham, uni Qur’oni Karimdan topardim. (Qur’onda aytilmagan gap qolmaganligiga kinoya), nuhotlar (Qur’onni yod olgan va tajvid bilan, o‘ziga xos ohang bilan o‘qiydigan kishilar), mufassirlar, usulchilar, faqihlar, furu’chilar, tarixchilar, voizlar yoki xutabolar, faroizchilar, munajjimlar, balog‘atchilar (Qur’on oyatlari tarkibini, so‘z tuzilishini tahlil qiluvchi tilshunoslar), ishoratchilarga bo‘linib, bitta Qur’onning turli mutaxassislari paydo bo‘ldi. Undan tashqari Qur’on oyatlarida ochiq yoki ishora bilan zikr etilgan so‘zlardan tib, mantiq, astronomiya, handasa, matematika, turli kasb-hunar, masalan, tikuvchilik, temirchilik, duradgorlik, yigiruvchilik, to‘quvchilik, bo‘yoqchilik, dehqonchilik, ov qilish, g‘avvoslik, oyna yasash, sopol ishi—kulolchilik, kemachilik, yozuvchilik, novvoylik, oshpazlik, kir yuvuvchilik, qassobchilik, tijoratchilik, tosh yo‘nuvchilik, merganlik ilmlari avj oldiki, bu ilmlarning masdari ham Qur’on bo‘ldi, ya’ni shu kasblar Qur’oni Karimda zikr etilgan.
Demak, xulosa qilib aytganda, Qur’oni Karim barcha ilmlarning majma’i bo‘lgani uchun ham, Qur’on tafsirlarida ulamolar turli mavzularni ko‘targanlar va ilmlar tarmog‘ini rivojlantirganlar.