Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)  ( 125534 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 23 B


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 05:55:18

Qachonki, nadomat alami kuchaysa, gunohlarga kafforat umidi ko‘payadi. Sog‘lom nadomatning alomati ko‘ngilning yumshashi, ko‘z yoshining‘ mo‘lligidir.

Xabarda keladi: "Tavba qiluvchilar bilan majlis quringlar. Chunki, ular eng ko‘igilchan kishilardir" (Ibn Abu Dunyo rivoyati). Agar qalbda gunohning halovati emas, achchig‘i hukmron ekan, gunohga maylning o‘rnini gunohni yomon ko‘rish, gunohga rag‘batning o‘rnini gunohdan qochish egallagan ekan, bu ham nadomatning alomatlaridandir.

Isroiliyyotda keladi: "Payg‘ambarlardan biri ko‘p yillar ibodatga jahd etsa ham, tavbasi qabul bo‘lmayotgan bandaning tavbasi qabul bo‘lishini so‘rab, Allohga iltijo qildi. Shunda Alloh taolo dedi: "Buyukligim va ulug’ligimga qasamki, gunohining halovati hanuz qalbidan ketmagan ekan, yeru osmon ahli unga shafoat tilasalar ham, minba’d tavbasini qabul qilmagayman".

"Gunoh inson tabiati xohlagan amal bo‘lsa, qanday qilib uning achchiqligini sezish mumkin?" deb so‘rayapsan. Bu savolingga shunday misol bilan javob beramiz: ichiga zahar qo‘shilgan asalni iste’mol qilgan kishi, dastavval zahar ta’mini sezmaydi, balki faqat asalning lazzatini tuyadi. Keyinroq o‘zini noxush his etadi. Isitmasi ko‘tarilib, o‘qchiydi. Bo‘g‘inlarda og‘riq zo‘rayib, holsizlanadi, tuklari to‘kilib, a’zolari falaj bo‘lib qoladi. Endi bitta savol: agar shu kishiga yana asal uzatishsa, garchi o‘lguday och, shirinlikka "tashna" bo‘lsa-da, asaldan o‘zini olib qochadimi yoki yo‘q? Albatta, bunday holatda uning "ichida zahari bor" degan shubha bilan asaldan qochish ehtimoli ko‘proq. Kamdan-kam holatda, ya’ni bir totib ko‘rish yoki zarurat tufayligina asalga qo‘l cho‘zishi mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 05:56:32

Tavba qiluvchi ham gunohning achchiqligini xuddi shunday sezadi. Chunki u gunohning toti asaldek bo‘lsa ham, ta’siri zahardek ekanini biladi. Faqat mana shunday iymon bilangina tavba sahih va rost bo‘ladi. Bunday iymon nodir bo‘lgani uchun bunday tavba va tavba qiluvchi ham nodir, kamyobdir. Chunki, aksar tavba qiluvchilarga qarab, ularni Allohdan yuz o‘girgan, gunohlarga e’tiborsiz, gunohlardan qaytmagan holda ko‘rasiz.

Demak, mana shular nadomatning mukammal bo‘lish shartlaridir. Nadomat umr oxirigacha davom etishi, uning achchiqligi, xoh ilk bor sodir bo‘lgan, xoh takroriy bo‘lsin, barcha gunohlarda his etilishi lozim. Bamisoli, zahar qo‘shilgan asalni iste’mol qilgan kishi ichiga zahar solinganini bilgach, sovuq suvdan ham hazar qilgani kabi. Chunki. u asaldan emas, uning ichidagi zahardan zarar ko‘rgan edi. Ha, o‘g‘irlik yoki zino qiluvchiga yetadigan zarar gunohning o‘g‘irlik yoki zino deb nomlangani uchun emas. Balki bu qilmishlar Alloh taoloning amriga xilof bo‘lgani uchun ham zararlidir. Bu qarash barcha gunohlarga taalluqli.

Qasd, ya’ni "xatoimni o‘nglayman" degan maqsad, xohish ham nadomat tufayli yuzaga keladi. Makoni qalb bo‘lgan "qasd"ning zamoniy jihatidan hozir, o‘tmishi va kelajakka bog‘liqligi bor. Kim xatosini o‘nglashni maqsad qilgan ekan, shu zahoti, hoziroq gunohdan to‘xtashi va hozir, ayni payt oldida turgan farzlarni ado qilishga kirishmog‘i lozim. Banda xatoni tuzatishni diliga tukkan ekan, niyatining amalida qat’iy bo‘lsa, o‘tmish xatosi ham o‘nglanadi. Tavbani qasd etgan kishi doimo Allohning itoatida bo‘ladi, gunohini tark etish ham hayotining so‘ngigacha, davom etadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:09:50

Qilgan tavbasi sahih bo‘lishini xohlagan inson fikrini balog‘atga yetgan ilk davriga qaratmog‘i, umrini yilma-yil, oyma-oy, kunba-kun, boringki, har nafasigacha taftish etmog‘i, toatlarda yo‘l qo‘yilgan nuqsonlarni, tavbadan uzoqlashtiruvchi gunohlarii bir-bir eslab, ibratlanmog‘n zarur. O‘tmishga bog‘liqligi jihatidan tavbaning sahih bo‘lish shartlari mana shulardir.

Deylik, o‘tmishda bir namozni tark etgan yoki namozni najas kiyimda ado qilgan yoxud niyat shartini bilmagani uchun namozni noto‘g‘ri niyat bilan o‘qiganu, lekin haligacha xatolarini tuzatmagan. Ya’ni bu namozlarni qaytadan o‘qimagan. Demak, tavbasi sahih bo‘lishi uchun u kishi bu namozlarning qazosini o‘qishi shart. Agar qaytadan o‘qilishi lozim bo‘lgan qazo namozlarining sonida adashsa, balog‘atga yetgan davridan boshlab, to xatosini aniq bilgan davrgacha bo‘lgan namozlarning qazosini o‘qiydi. Hisobda gumon qaysi tarafga ko‘proq bo‘lsa, taxmin va ijtihod yo‘li bilan shu olinadi.

Agar safarda ro‘zani qoldirgan yoki ro‘zasini atayin ochgan yo saharda niyat qilishni unutganu, haligacha bu ro‘zalarning qazosini ado qilmagan bo‘lsa, barchasini hisob-kitob qilib, taxmin va ijtihod yo‘li bilan qazo ro‘zalarini tutib beradi.

Zakot va haj ibodatlari ham shunday e’tibor bilan tekshiriladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:13:15

Gunohlarga kelsak, tavbasi sahih bo‘lishini xohlagan inson balog‘at davrining ilk kunlaridan to hozirgacha barcha a’zolari sodir etgan gunohlarini taftish bilmog‘i, so‘ngra o‘tgan barcha kunlari, soatlarini ko‘ngildan o‘tkazib, gunohlar daftarini ko‘zdan kechirmog‘i, sodir etgan katta-kichik gunohlarni bir-bir eslamog‘i, keyin bandalar haqqiga bog‘liq bo‘lmagan, Alloh va o‘zi o‘rtasidagi gunohlarga diqqat qilmog‘i vojib. Nomahramga qarash, junub holida masjidda o‘tirish, mushafni betahorat ushlash, bid’atlarga e’tiqod qilish, mast qiluvchi ichkilik ichish, musiqa tinglash va shu kabi boshqa ishlar bandalarning haqqiga bog‘lanmagan gunohlardir. Ulardan tavba qilishi nadomat va hasrat bilan, har bir gunohga muvofiq keladigan yaxshilikni yuzaga chiqarish bilan amalga oshadi. Lekin qilinadigan savob ishlar qilingan gunohlar miqdoridan kam bo‘lib qolmasin!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Qaerda bo‘lsang qam, Allohdan qo‘rq! Gunohning izidan uni ketkazadigan yaxshilik qil" (Termiziy rivoyati).

Alloh taolo deydi:

إِنَّ الْحَسَنَاتِ يُذْهِبْنَ السَّيِّئَاتِ

"Albatta, yaxshi amallar yomonlik — gunohlarni ketkazur" (Hud surasi, 114).

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:17:02

Musiqa tinglash gunohiga Qur’onni tinglash va zikr majlislari, masjidda junub holida o‘tirish gunohiga — masjidda ibodatlar bilan mashg‘ul bo‘lib, e’tikof o‘tirish savobi kafforat bo‘ladi. Mushafni betahorat ushlashga  Qur’ondan ko‘p qiroat qilish, uni o‘pib hurmatlash, vaqfga tarqatish kafforatdir. Mast qiluvchi ichimlik ichish gunohiga esa halol, pok ichimliklarni sadaqa qilish kafforat bo‘ladi.

Hamma gunohlarni sanab chiqish imkoni yo‘q. Maqsadimiz — ziddiyatdagi o‘zaro muvofiqlikni izohlash. Ma’lumki, har qanday dardga uning ziddi davo bo‘ladi. Gunoh tufayli qalbga o‘rlagan zulmatni faqatgina uning ziddi bo‘lgan nur qalbdan ketkaza oladi. Qalbda nur paydo bo‘lishiga esa, Alloh yo‘lida qilingan yaxshilik sababchi. Ziddiyat mutanosiblikdir. Shuning uchun har qanday yomonlikni yomonlik jinsidan bo‘lgan, lekin unga zid yaxshilik bilan ketkazish lozim. Zero, oq qora bilan ketkaziladi, issiq yoki sovuq bilan emas. Gunohni yuvish yo‘lidagi bu tadrij va tahqiq Alloh taoloning biz bandalarga ato etgan lutfu marhamatidir. Bu yo‘lda eng sodiq va ishonchli hamrohimiz — umid!

Demak, Alloh va bandasi o‘rtasidagi gunohning kafforatiga oid ushbu hukm har bir narsa o‘zining ziddiga kafforat bo‘lishiga dalolat qiladi. Albatta, dunyoni sevish barcha xatoning boshi, dunyoga tobe’likning qalbdagi alomati esa, dunyo uchun quvonish va butun borlig‘i bilan dunyoni xohlashdir. Shak yo‘qki, musulmonga yetadigan har bir ozor uning qalbini dunyodan bezdiradi. Qalb g‘am va qayg‘ular sabab g‘amxonadan uzoqlashadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam deydilar:

"Shunday gunohlar borki, faqat g‘am-qayg‘ular ularga kafforat bo‘lur" (Tabaroniy rivoyati).

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:19:14

Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar: "Agar bandaning gunohlari ko‘p bo‘lib, ularga kafforat bo‘ladigan amali bo‘lmasa, Alloh taolo unga g‘am-qayg‘ular yuboradi va bu g‘am-qayg‘ular uning gunohlariga kafforat bo‘ladi".

Shunday savol tug‘ilishi tabiiy: "Insonlar ko‘pincha mol-dunyo, bola-chaqa, martaba uchun qayg’uradi, g’am chekadi. Lekin bunday qilish noto‘g‘ri. Bas, xato ish qanday kafforat bo‘lishi mumkin?".

Ha, o‘rinli savol. Bilgil, dunyo va undagi narsalarga muhabbat qo‘yish xato, bu muhabbatdan yuz o‘girish kafforat. Dunyo va uning matohlari bilan lazzatlanish xatoni to‘ldiruvchi sabablardan biridir.

Rivoyat qilinadi: "Jibril alayhissalom zindonga Yusuf alayhissalom oldiga kirdilar. Yusuf alayhissalom so‘radilar:

- G’amlarga cho‘kib qolgan cholning (otalari Yoqub alayhissalom) ahvoli qanday?

- Farzandi dog‘ida kuygan yuzta onaning qayg‘usi nechog‘li bo‘lsa, shuncha hasrat bilan senga qayg‘uryapti.

-  Alloh huzurida unga ajr bormi?

- Yuzta shahidning ajri bor, - deb javob berdilar Jibril alayhissalom.

Demak, g‘am-qayg‘ular ham Allohning haqlariga kafforat bo‘ladi

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:22:05

Bandalarga nisbatan qilingan zulmlarga kelsak, ularda ham Alloh taoloning haqqiga ma’siyat va jinoyat mavjud. Negaki, Alloh taolo bandalarga zulm qilishdan qaytargan. Bu zulmning Alloh taolo haqqiga taalluqli qismi — nadomat va hasrat bilan xatolarini tuzatish, kelajakda ularni takrorlamaslik, gunohning ziddi bo‘lgan savob ishlarii ko‘paytirish. Odamlarga yetkazgan ozoriga ularga qilgan ehsoni, bosqinchilik bilan olgan mollariga halol mulkidan qilgan sadaqalari kafforat bo‘ladi. G’iybat va qo‘pol so‘zlar bilan kimlarningdir obro‘sini to‘kkan bo‘lsa, bu gunohiga din ahlini maqtashi, yaqinlari, birodarlaridagi yaxshi xislatlarni oshkor qilishi kafforat bo‘ladi.

Jonga nisbatan qilingan gunohning ham o‘ziga xos kafforati bor. Agar birovni bilmasdan o‘ldirib qo‘ysa, qotil o‘z mulkidan yo yaqinlari mulkidan haqdorga, ya’ni o‘likning egasiga xun haqqini bermog‘i vojib. Shu bilan qotilning tavbasi tamomiga yetadi. Haq haqdorga yetib borishi bilan mas’uliyat zimmasidan tushadi. Agar biror jonni qasddan, qasosga sabab bo‘ladigan tarzda o‘ldirsa, qasos bilan tavba tamomiga yetadi. Lekin qatl qasddan bo‘lsa ham, qasosga yetarli asos topilmasa yoki sabablar noma’lum bo‘lgani uchun buni bilishning umuman imkoni bo‘lmasa, bu holat o‘likning egasiga bildiriladi va qotilning taqdiri uning hukmiga havola qilinadi. Xohlasa, qotilni kechiradi, xohlasa, o‘ldiradi. Ushbu holatlar so‘ngiga yetganidan keyingina mas’uliyat qotildan soqit bo‘ladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:23:20

Xoh qasddan. xoh bilmasdan bo‘lsin, inson o‘limi bilan bog‘liq gunohni yashirish joiz emas. Chunki, odam o‘ldirish gunohi zino, o‘g‘irlik, yo‘lto‘sarlik, mast qiluvchi ichkilik ichish yoki Alloh taoloning jazosiga sabab bo‘luvchi boshqa gunohlardan tubdan farq qiladi. Negaki, bu gunohlardan tavba qilinganida aybni oshkor etish shart emas. Balki, bunda tavba qiluvchi kishi Alloh taoloning rahmat pardasi bilan to‘silmog‘i, turli azob va mashaqqatlar bilan o‘z nafsiga Alloh taolning jazosini joriy etmog‘i lozim. Zero, afv - Allohning haqqi. Nadomat ichra yonayotgan tavba qiluvchini Alloh taolo albatta kechiradi.

Lekin shunday bo‘lsa ham, gunohini oshkor tan olib, voliyga murojaat etgan kishiga jazo tatbiq qilinadi va Alloh taolo huzurida uning tavbasi sahih, maqbuldir. Hadisda rivoyat qilinishicha, "Mo’iz ibn Molik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib:

— Ey Allohning rasuli, zino qilib, nafsimga zulm etdim. Meni gunohdan poklang, — dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni rad etdilar. Mo’iz ertasiga yana Nabiy alayhissalom huzurlariga kelib:

—Ey Allohning rasuli, zino qilib, nafsimga zulm qildim. Meni gunohdan poklab qo‘ying, — dedi.

Payg‘ambar alayhissalom ikkinchi marta ham uni rad etdilar. Uchinchi marta kelganidagina uni jazoga hukm etdilar. Zinokor uchun chuqur qazildi, keyin toshbo‘ron qilishga amr etildi. Jazodan so‘ng kimlardir: "Mo’iz gunohga botdi, oxirati kuydi", desa, kimlardir: "U haqiqiy tavba sohibidir, uning tavbasidan sodiqroq tavba yo‘q", deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

— Mo’iz shunday tavba etdiki, agar uning tavbasi butun ummatga taqsim qilinsa, tavba barchani qamrab olajak" (Muslim rivoyati).


Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:25:28

"G’omida qabilasidan bitta ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib:

— Ey Allohning rasuli, gunohga botdim, meni poklang,  dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni rad qildilar. Ertasiga u ayol yana keldi va:

— Ey Allohning rasuli! Xuddi Mo’izga qilganingizdek, meni ham rad qilib, qaytarmoqchimisiz? Allohga qasamki, men homiladorman, - dedi.

— Endi bor, to tuqquningcha sabr qil, - dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.

Ma’lum muddatdan so‘ng ayolning ko‘zi yoridi. Ayol darhol chaqaloqni bir bo‘zga o‘rab, Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga shoshildi. Xabarni yetkazgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:

— Bor, endi to sutdan chiqquncha uni emiz,  dedilar. Bolasi sutdan chiqqanidan so‘ng ayol uni ko‘tarib, Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga keldi. Bolaning qo‘lida bir parcha non bor edi. Ayol:

— Ey Allohning rasuli! Bolani ko‘krakdan ajratdim, mana non yeyapti, - dedi...

Bola ayolning qo‘lidan olinib. musulmonlardan birining qo‘liga topshirildi. Zoniya ayol jazoga hukm etildi. Chuqur kavlab, uni ko‘kragigacha ko‘mishdi. Keyin toshbo‘ron qilishga amr bo‘ldi. Tosh ota boshlashdi. Xolid ibn Valid otgan tosh ayolning boshiga tegib, qon sachrab ketdi. Xolid yuziga sachragan qondan jirkanib, ayolni so‘kdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolidning so‘kkanini eshitib:

— Ey Xolid, o‘zingni bos! Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, agar soliq yig‘uvchi ham mana shu ayoldek tavba qilganida edi, gunohlari kechirilar edi.

Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhumaning janozasini o‘qib, dafn qilishni buyurdilar" (Muslim rivoyati).


Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:42:23

Kimki bosqinchlik yo xiyonat yoki turli aldov yo‘llari bilan to‘plangan mol-dunyoga ega bo‘lsa, balog‘atga yetgan paytidan emas, balki mol qo‘liga kirgan dastlabki kundan boshlab topganlarini taftish qiladi. Chunki, yosh bolaning molidagi haq, agar qarovchisi (valiy) berolmagan bo‘lsa, bola balog‘atga yetganidan so‘ng berishi vojib. Agar bermasa, gunohkor bo‘ladi. Negaki, sabiy (yosh bola) va bolig‘ (balog‘atga yetgan kishi) mulkiy huquqda tengdir.

Shunday ekan, har bir tavba qiluvchi hayotining ilk kunidan, to tavba kunigacha olgan hadyalaru pullarning hisobini Qiyomatdagi so‘roqdan oldin nafsidan so‘rasin, muhokamaga tortilishdan avval o‘zini muhokama qilsin. Kim bu dunyoda nafsini so‘roqqa tutmas ekan, oxiratdagi so‘rog‘i og‘ir bo‘ladi. Iymon borida xoh aniq asoslarga, xoh taxmin va ijtihodga suyanib, sendan zulm ko‘rgan kishilarni xotirla, ularning ismlarini bittama-bitta yoz, takror yoz. Agar dunyoning bir chekkasida bo‘lsa ham, ularni izlab top, ulardan qilgan zulming tufayli qoraygan yuzingni poklashlarini so‘ra, haqlarini ado qil. Bunday tavba, ayniqsa, zolimlarga va savdogarlarga mashaqqat tug‘diradi. Chunki ular qanchalik yelib-yugurmasin, topg‘anlarining borini sochmasin, o‘zlari muomala qilgan kishilarni yoki ularning vorislarini birma-bir izlab topmoqlari amri mahol. Lekin iloji boricha, shu yo‘lda harakat qilmoqlari kerak. Agar bunga ojiz bo‘lsalar, savob ishlardan to‘xtamasinlar, savoblarni ko‘p-ko‘p yig‘sinlar. Hali savoblari olinib, mazlumlarga beriladigan kunlar keladi. Demak, zulm o‘tkazgan mazlumlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, savoblar ham shunga muvofiq bo‘lmog‘i lozim. Aks holda, bergani savob topolmasdan, mazlumlarning gunohini yelkasiga ortib oladi, o‘zganing gunohi bilan chohga qulaydi.

Har bir tavba qiluvchining mazlumlar haqqini qaytarishdagi yo‘li mana shudir.

Buning uchun insonning umri savob ishlarga ko‘milishi zarur, qachonki umr zulm muddati kabi uzoq bo‘lsa, albatta. Lekin umrning qanchaga cho‘zilishi noma’lum. Ajal esa kutilmaganda keladi. Bas, vaqt juda oz, savobga yeng shimarmoq kerak! Afsus, juda ko‘p vaqtimiz gunohlarga yeng shimarib o‘tdi.

Zimmaga ortilgan zulmning hukmi mana shudir.

Qayd etilgan